Домой >> ҲОРДИҚ >> ҲАЖВИЯ >> Ichuvchilarga maslahat

Ichuvchilarga maslahat

HAJVIYA

–Keling, – dedi shifokor, qabuliga kirgach, menga joy ko‘rsatib. – Sizni nima bezovta qilyapti?

–Ichishni tashlamoqchiman!

– Ichishni tashlash uchun ikki usulni qo‘llash kerak. Birinchisi dori-darmon bilan davolash. Ikkinchisi oddiy usul, ya’ni maslahat berish yo‘li bilan. Dori – dorida! Biror joyga foyda qilsa, boshqasiga zarar. Pand-nasihat berib ichkilikni tashlash ma’qul.

–Doktor menga maslahat berib bo‘lishgan. Lekin kor qilmayapti.

Ichuvchilarga maslahat-1

– Bizning «maslahat» boshqacharoq, – dedi doktor jiddiy, – xo‘sh har kuni ichishga sizni nima majbur qiladi?

– Hech kim! Men qalb amri va o‘z ixtiyorim bilan ichaman.

– Unda nega ichishni tashlamoqchisiz?

– Xotinim kunimni bermayapti, alkashsan deydi. O‘qlov o‘qtaladi.

– Xotinning og‘ziga qarab o‘tirasizmi? Ichmang desa, bo‘kkuncha iching! Yoki ichgandan keyin to‘polon ko‘tarasizmi?

– Ichgandan keyin qizlarga tegajog‘lik qilaman. Yaqinda bittasiga gap otgandim «durrak» deb tepib yubordi.

–«Durrak» desa deyversin. Yana gap otish kerak. Ko‘p yillik «staj»ingizni kuydirmang.

– Ichishni tashlashga yordam bering desam yana ichishga maslahat berayapsizmi?

–Boya aytdim-ku mening «maslahatim» boshqacharoq deb.

– Ichishga pul topa olmay qiynalayapman. Ishimdan ayrildim.

– Hozir pul topish muammo emas. Ish topilmasa bozorda arava haydang. Bir-ikkita sho‘x qo‘shiq xirgoyi qilib, «to‘ylar muborak»ka boring. Bahonada ichkilikdan orttirib aqcha ham ishlaysiz.

– Bu ish qo‘limdan kelmaydi.

– Unday bo‘lsa xotinni eritish kerak. Ayol zoti xushomadning quli.

– Mening zolim xotinim erimas «jism»ga o‘xshaydi. Pul topsa faqat kiyinadi. Yarimta puliga qiynaladi.

– Ko‘proq ichib janjal ko‘taring.

– O‘qlovdan qo‘rqaman. Oldingi xotinim yaxshi edi. Ichib kelsam ham uyga kirgizardi.

– Yana oldingisiga uylaning!

– Boshqasiga erga tegib ketdi-da!

– Boradigan boshpanam yo‘q deng. Ko‘prik ostida, istirohat bog‘lari, yangi qurilishlar… Hammasi tekin joylar. Bu yerlarda yashasangiz ro‘zg‘or tashvishlaridan qutulasiz. Kommunal to‘lovlar to‘lamaysiz. Pulingiz ekonom bo‘ladi.

– Bitta o‘zim qo‘rqaman-da.

– Qo‘rqmang, nima ko‘p daydi itlar ko‘p. Sizni yalab-yulqab qoravullik qilib turishadi.

– Shunaqa ham «maslahat» bo‘ladimi doktor?

– Jahlingiz chiqmasin. Sizdan battarlarga ham ichkilikni tashlatganmiz. Xo‘sh, yana nima demoqchisiz?

– Rostakamiga kasallansam nima bo‘ladi?

Ichuvchilarga-maslahat-2

– Ko‘rinishingizdan adoyi tamom bo‘lgansiz. Siz mayda-chuyda kasal bo‘lmasdan tez kunda biror joyda gup etib yiqilasiz.

Shundan keyin boshimga zarb bilan bir nima urilgandek bo‘ldi. Ko‘zim oldi qorong‘ulashib, bir ozdan keyin ko‘zimni ochsam «jonlantirish» bo‘limida yotibman. Tepamda doktor. U menga qarab beo‘xshov ishshaydi.

– «Maslahat» pulini to‘lamay qayoqqa ketyapsiz?.. Endi sizni yaxshilab davolaymiz.

– Rahmat doktor! Agar kasalxonadan sog‘ayib chiqsam, ichkilikka yo‘lamaganim bo‘lsin!

Muallif: B. JUMANIYOZOV

Hamisha xushkayfiyat Sizga hamrox bo’lsin!

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga va oilangizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik, baxtli hayot kechirish hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Mazkur hajviya Sizga manzur kelgan bo’lsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan o’rtoqlashing! Hajviyaga munosabat bildirib, o’z sharhingizni yozib qoldirsangiz bag’oyat hursand bo’laman. Oldindan o’z minnatdorchiligimni izhor qilaman!

О программе Қобилжон Атаханов

Биз сайтни энг яхши намойиш этиш учун cookie-файллардан фойдаланамиз. Ушбу сайтдан фойдаланишда давом этиб, Сиз cookie-файллардан фойдаланишга розилик билдирасиз.
Қабул қилиш
Рад этиш