ЖАМИЯТ

KAMBAG‘ALLIKNI KAMAYTIRISH G‘OYASI

«PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEV KAMBAG‘ALLIKNI KAMAYTIRISH G‘OYASINI ASOSCHISI»

Samarqand davlat universiteti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Muslihiddin MUHIDDINOV bilan suhbat

Amerikaning 16-prezidenti Avraam Linkoln 1862 yilda «Ozodlik to‘g‘risidagi praklamatsiya»ni imzolaydi. Mazkur tarixiy hujjatga muvofiq qullarni 1863 yilning 1 yanvaridan boshlab ozod qilish belgilangan edi. Linkoln praklamatsiyani e’lon qilar ekan shunday degan: «Vaqti kelib, mening nomim tarixga yoziladigan bo‘lsa, mana shu ishim uchun yoziladi. Chunki, men butun umrimni qullikni bekor qilishga bag‘ishladim».

— Linkolnning ushbu qarori kuchga kirgach, 200 000 ga yaqin negr qullikdan qutiladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kambag‘allikni kamaytirish dasturini yaratish borasidagi fikrlari menga Linkolnning jasoratini eslatdi…

— Prezident Murojaatnomasini tinglab, ayniqsa, Kambag‘allikni kamaytirish borasidagi fikrlarini eshitib, juda ta’sirlandim. Men mustabid tuzum bilan mustaqillikni, mustaqillik yillarining 26 yili bilan keyingi 3 yilni bemalol taqqoslash yoshidaman. To‘g‘risini tan olish kerak, kambag‘allik balosi na mustabid tuzum davrida, na mustaqillik yillarida bartaraf etilmadi. Nafaqat bartaraf bo‘lmadi. Balki, biz yillar davomida bu haqiqatdan ko‘z yumib keldik. Bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Uzoq yillar davomida bizda kambag‘allar bo‘lmagan, bugun ham yo‘q, degan qarash hukmronlik qildi. Yon qo‘shnimiz, yaqin qarindoshimiz, mahalladoshimiz, qishloqdoshimiz nochorligini, ro‘zg‘orini bazo‘r tebratayotganligini, qarzga botib ketganini ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib-bilmaslikka oldik. Bu aslida o‘sha kambag‘al odamlarga nisbatan mudhish jinoyat edi. Eng achinarlisi shundaki, kambag‘allik avloddan-avlodga o‘tib kelayotganligi, ularning qalbida yaqinlaridan norozilik, davlatga ishonchsizlik yashashini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Chunki, dunyoga kelgan har bir odam yaxshi yashashga, ishlashga, oilasi bilan farovon turmush kechirishga haqli. To‘g‘ri, shu o‘rinda kambag‘al odamlarning o‘zlarida ham intilish yo‘q, beparvo, loqayd, yalqov, degan ayblar ilgari suriladi. Qaysidir ma’noda bu bilan o‘zimizni oqlamoqchi bo‘lamiz.

Prezidentimiz Murojaatnomada ta’kidlaganidek: «Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham kam ta’minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu o‘rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda». Mana shu so‘zlarni eshitar ekanman, vijdonim qiynaldi. Aslida, o‘ziga to‘q odamlarni, butun xalqimizni ushbu ma’lumot uyg‘otishi kerak, deb o‘ylayman. Faqat Prezident emas, boshqa amaldorlar ham, boy-badavlatlar ham kambag‘allikni kamaytirish ishiga o‘z hissasini qo‘shishi kerak.

— Kambag‘allik nima? Turmush darajasi past bo‘lgan aholining dunyoqarashi qanday shakllanadi? Nima uchun biz shu kungacha kambag‘allik haqidagi ma’lumotlarni bilmas edik? Mana shu savollar bugun barchamizni qiynamoqda. Siz ko‘pni ko‘rgan inson, taniqli olim sifatida bu haqda nima deysiz?

— Kambag‘allik so‘ziga «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da shunday izoh beriladi: «Muxtojlikda yashovchi, tirikchilik uchun kerakli narsasi yetarli bo‘lmagan; qashshoq; faqir; bechora…». Demak kambag‘allik nima ekanligini bildik, angladik… Bu boradagi haqiqatni sir saqlanishiga kelsak, to‘g‘risi, bu adolatni hamma ham tan olavermaydi. Chunki, tan olgandan keyin bartaraf ham etish kerakku. Buning uchun insonda juda ulkan qalb, xalqiga cheksiz mehr, sadoqat bo‘lishi zarur. Buning uchun inson o‘zini o‘sha kambag‘al odamlarning o‘rniga qo‘ya olishi, ularning hayot mashaqqatini, iztirobini yurak-yuragidan his eta olishi lozim. Bunday jo‘mardlik hammaning qo‘lidan kelavermaydi.

Endi, kambag‘al odamni dunyoqarashiga keladigan bo‘lsak, biz xohlaymizmi-yo‘qmi, qanday yashasak, o‘shanday fikrlaymiz. Atrofga, odamlarga, kerak bo‘lsa davlatga ham turmush darajamizdan kelib chiqib munosabatda bo‘lamiz. Bu achchiq haqiqat balki, kimgadir yoqmas, qulog‘imizga xunuk eshitilar, balki chet ellardagi ba’zi birovlar buni dastak qilib olar. Bular muhim emas. Eng muhimi nima? Mening nazarimda Prezidentimiz juda mushkul, juda zalvorli, juda mashaqqatli, juda azobli bir yukni yelkasiga oldi. Bu yuk asrlar davomida o‘rnidan siljimagan, asrlar davomida tilga olinmagan, asrlar davomida tan olinmagan, kambag‘allar borligi haqidagi haqiqat edi. Prezident Shavkat ¬Mirziyoyev kambag‘allikni kamaytirish g‘oyasining asoschisi sifatida tarixda qolishiga ishonaman.

— 2019 yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlarda targ‘ibotchi sifatida ishtirok etdim. Mazkur jarayondagi uchrashuvlarda nochor, ehtiyojmand odamlarga ham duch keldik. Ayniqsa, bu holat qishloqlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Meni tashvishga solgani, o‘ylantirgani ularning muammolari qachon hal bo‘ladi, qachon odamlar nimadir yetishmayotganidan shikoyat qilmaydi, degan armonli, azobli o‘y bo‘ldi. Bir kun kelib bu masalalar davlat miqyosida hal etilmasa, bu mushkulotni na hokim, na deputat yecha olmaydi. Murojaatnomada Prezidentimiz mana shu muammoning yechimini bizga ko‘rsatdi. To‘g‘risi, yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi.

— Siz suhbatimiz boshida AQShning 16-prezidenti Avraam Linkolnning tarixiy jasorati haqida eslatdingiz. Linkoln Kongressdagi chiqishlarida «Qullik yovuzlik bo‘lmasa, u holda dunyoda yovuzlik umuman yo‘q ekan», «Sizlarni bilmadimu, lekin men yarim qullik va yarim tenglik tarafdorlari bo‘lgan jamiyatda yashay olmayman. Ammo, ishonchim komilki, jamiyatda adolat va tenglik bugun bo‘lmasa, ertaga albatta qaror topadi… », degan edi. Demak, oramizda kambag‘allar bor ekan tinch, xotirjam, to‘kin yashashga haqqimiz yo‘q. Bu balandparvoz gap emas. Prezidentimiz Murojaatnomada: «Xalqaro me’yorlar asosida chuqur o‘rganishlar o‘tkazib, kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullarini qamrab olgan yangi metodologiyani yaratish lozim»ligiga alohida e’tibor qaratdi. Bu mas’uliyatli vazifa eng avvalo olimlar zimmasiga tushishini unutmaslik kerak. Mening nazarimda, mazkur yo‘nalishda oliy ta’lim muassasalarida ilmiy izlanishlar olib borishni yo‘lga qo‘yish vaqti allaqachon keldi. Bu borada biz jahon tajribasini o‘rganishimiz kerak. O‘shanda Prezident ta’kidlagan metodologiyani yaratish va hayotga tatbiq qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Universitetimizda Murojaatnomani o‘rganishga bag‘ishlangan yig‘ilishda SamDU rektori professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov iqtisodiyot fakulteti olimlariga Metodologiya bo‘yicha takliflar, tavsiyalar ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Prezidentimiz g‘oyatda savobli, xayrli, insonparvarlikka yo‘g‘rilgan g‘oyani — kambag‘allikni tugatish masalasini ilgari surmoqda. Bu muammoni bartaraf etish uchun butun millat birlashishi zarur. O‘shanda hayot darajasi hamma uchun birxillashadi. Hammaninng dunyoqarashi yuksalib boradi. Xalqimizda bir-biriga nisbatan hurmat, mehr-oqibat tushunchalari mustahkamlanadi. Mana shunday faraxbaxsh kunlar tezroq kelishini Yaratgandan so‘rayman.

Farrux HAMROYEV suhbatlashdi

Показать больше?
Кнопка "Перейти наверх" (Go To Top)
Близко
Биз сайтни энг яхши намойиш этиш учун cookie-файллардан фойдаланамиз. Ушбу сайтдан фойдаланишда давом этиб, Сиз cookie-файллардан фойдаланишга розилик билдирасиз.
Қабул қилиш
Рад этиш