Adashgan sms

ADASHGAN SMS

Muhabbat maktublari 

Bugun Shuhratning ishi chapasiga ketdi. Birinchi mijozni manziliga yetkazaman deganida mashinasining balloni teshilib qoldi. O‘zi yangi edi. Yarim yo‘lda bir chaqa ham olmay  uni  tushirib ustaxonaga ketdi.

Yamoqchi 10 daqiqada bitadigan ishini yarim soatga cho‘zdiyov. Aksiga olgandek  telefonining hisobini to‘ldiraman deganida paynetchi ayol pulni adashib boshqa raqamga tashlab yuborsa-ya. Yana aybini tan olmay “Men sizga raqamingizni tekshirib ko‘ring, deb ko‘rsatdim”, — deydi bezrayib. Bu ayol bilan pachakilashish befoyda. Bir kelsa qo‘sh-qo‘sh degani shu bo‘lsa kerak.

Yo‘lda puli adashib tushgan  raqamni terdi.  Juda o‘xshash raqam ekan. Shuhratniki   17,  uniki esa 11 bilan tugarkan…  Uzoq chaqiruvdan keyin ofatijon  qizning  “keyinroq qo‘ng‘iroq qiling” degan javobini eshitdi. O‘zi shunaqa bo‘ladi. Tasodifan tushgan pulni ko‘rgan ko‘pchilik  begona raqamlarga javob bermay turadi. Ammo Shuhrat bu bilan “aldanmadi”.  Egasini ogohlantirish uchun “pul tushdimi ”degan xabar jo‘natdi. Insofli ekan, 5 daqiqa o‘tmay o‘sha raqamdan sms keldi. “Darsdaman. Bir soatlarda bo‘shayman… O‘n ming uchun rahmat”.  Bu ham aldovning bir turi. Rahmat aytishini qara .  Soat bir bo‘ladi, ikki bo‘ladi, xullas    ertasi kuni  “mening raqamimga pul tushmagan ” deb jahl bilan tugmacha bosiladi.  U pulidan umidini uzgan bo‘lsa-da, yana ichki bir qiziqish bilan  yozishga tushdi. “Birdan keyin ko‘zim to‘rt bo‘lib sizni kutaman”.

Ish bitgach Shuhratning kayfiyatidek  havoning ham avzoyi buzila boshladi. Yoz kelganiga hafta bo‘lyaptiki, quyoshlisidan  yomg‘irli kuni ko‘p.  Bunday boshlangan kunda baraka bo‘lmaydi. Qaysi tomonga yurishga boshi qotib turgan ham ediki, bekat yonida  qo‘l ko‘tarib mashina to‘xtatmoqchi bo‘layotgan qizni ko‘rdi.

— Ey xudo, ilohim shu mening nasibam bo‘lsin-da!

Shuhrat buni dilidan o‘tqazishga ulgurmay ikkinchi yo‘ldan kelayotgan  “Neksiya” shartta yo‘lini kesib o‘tdi-da, g‘iyqillab qizning  yonida to‘xtadi. Ko‘lmak suvchor- atrofga sachrab ketdi. Bundan qiz g‘azablanib:

— Ko‘zing ko‘rmi?!. — deganicha Shuhratning mashinasi  tomonga yurdi.

Shuhrat ich-ichidan quvondi. Shunaqa bo‘ladi birovning nasibasiga burun tiqish.

— Metrogacha…

— O‘tiring…

“Neksiya” signal berganicha qolaverdi.

“Battar bo‘l”, degan ma’noda Shuhrat ham signal chalib  notanish hamkasbi bilan xayrlashdi.

Odatda u bunday paytda “Necha pul berasiz?”, deb so‘rardi. Biroq tomchilay boshlayotgan yomg‘ir ostida qoldirib ketgisi kelmadi. Yana. Qiz  oq ko‘ylagiga ko‘lmak suv qoldirgan qora  dog‘larini mashinaga o‘tirgandan keyin ko‘rdi shekilli, jig‘ibiyroni chiqdi.

— Voy iflos, endi qanday metroda ketaman?

Shuhrat o‘z-o‘ziga gapirayotgan qizga salondagi oynachadan qaradi. E’tibor bermagan ekan, sochlari chiroyli turmaklangan, qo‘lida chiroyli gulqog‘ozga o‘ralgan sovg‘a. Demak, u biror bayramga ketyapti. So‘ramoqchi bo‘ldi-yu, biroq qizning telefoni jiringlab ichidagi tiliga chiqmay qoldi.

— Endi umuman telefon qilmang. Ha, men shunaqaman…

U yana beixtiyor qizga qaradi. Ko‘ylagining dog‘larini ro‘molchasi bilan artyapti-yu, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi. “Bechora qiz, o‘yladi Shuhrat bitta ko‘ylagi kir bo‘lganiga buncha kuyinmasa. Yoki hali qo‘ng‘iroq qilgan odam uning qalbiga shikast yetkazdimi?”

— Yig‘lamang, — dedi yigit va qizning ko‘z yoshlarini artish uchun shunchaki, mashina saloni chiroyi uchun olib qo‘ygan  salfetkadan yulib unga  uzatdi. U qarshilik qilmay oldi.

Metroga yaqin qolganida qiz tilga kirdi.

— Taksimisiz, iltimos,  uyimgacha olib borib qo‘ying, pulini to‘layman.

U shunchalar yoqimli gapirdiki, Shuhrat pulini to‘lamasa ham qizni uzo-oqqa olib borib tashlashga rozi edi.

— Qayerda turasiz?

Qiz manzilni aytdi. Yigit roziligini sukut bilan bildirdi.

Qiz esa javobni ham eshitmay qo‘l telefonini titkilab nimalarnidir yozardi.

—  Kipriklari juda quyuq ekan. O‘qirmikan? Institut oldidagi bekatdan chiqdi-ku…

Shu payt Shuhratning xayollarini buzib  telefoniga sms keldi. Yana o‘sha bahonachidan “o‘n besh daqiqalardan keyin qo‘ng‘iroq qilaman, kimsiz?” Ana endi bu yog‘i ertakka aylanadi. “Kimsiz , qayerdansiz, qayerda ishlaysiz?” Endi bu savollardan bezor bo‘lmasa edi.  Kayfiyatini buzgan  bir bo‘ldi-yu, svetoforning qizil chirog‘i yonganida unga javob sms yozdi: “Kimligimni so‘raguncha 10.000 so‘m pulimni  tashla”.  U tugmachani bosishi bilan qizning telefoni mashhur xonandaning qo‘shig‘ini takrolay boshladi… Shuhrat o‘g‘rincha nigoh bilan qizga qaradi. U qovog‘i solig‘ holda shunchalar chiroyli bo‘lsa, kulganida qanday bo‘larkan? Unga ham xabar kelgan ekan. Muhim emas shekilli, bir ko‘z yugurtirdi-yu, o‘chirib qo‘ydi. “Bu qanaqasi bo‘ldi? — o‘yladi Shuhrat. — Endi yo‘l-yo‘lakay uni nima qilgani, kim bilan gaplashiganini muhokama qilib ketamanmi?” O‘zidagi bu o‘zgarishlar uni ikkita odamga aylantirib qo‘ygan edi. Biri unga qara desa, yana biri teskarisini aytardi. U o‘zini chalg‘itish, to‘g‘rirog‘i, qiz bilan yaqinroq tanishish uchun bahona axtarib gap boshladi:

— Tug‘ilgan kunga ketayotganmidingiz?

— Yo‘q … bir ishni oxiriga yetkazishim kerak edi. Aslida o‘ylab ko‘rsam bugun menga juda ko‘p yordamingiz kerak ekan.

-Xizmatingizga tayyorman, —  bu so‘z  soxtalik bilan chiqqan bo‘lsa-da, Shuhrat shunday qilishni juda istayotgandi.

— Sizga rahmat,- dedi qiz tabassum bilan. — Malol kelmasa mana shuni yo‘limizdagi  axlatga tashlab yuborsangiz.

Qiz qo‘lida ushlab turgan chiroyli o‘ralgan sovg‘ani unga uzatdi.

— Iya…

— Endi u kerak emas, bemalol tashlayvering.

Qizning bunday qichig‘iga yigit qoyil qoldi.

— Bekor qildingiz, — dedi sovg‘ani uloqtirib qaytarkan.

— Endi menga paynet kerak. — Xuddi shu sovg‘a bilan bor g‘ami tashlab yuborilgandek qiz xandon otib kuldi. — Birovning adashgan pullarni qaytarish uchun.

Shuhrat yalt etib qizga qaradi.

— Siz mening smsimni o‘qidingizmi?

— Qanaqa sms?

— Hozirgina yo‘llaganimni.

— Men faqat mana buni o‘qidim, — deya qiz unga telefonini uzatdi. Mashinanani yo‘l chetiga to‘xtatgan Shuhrat qizga qaradi.

— Ertalabdan buyon  siz ekansiz-da… —  Uning gaplariga hayron qolayotgan qizga o‘zining telefonidagi smslarni ko‘rsatdi.

***

— Aslida xolam o‘zi bilan birga ishlaydigan Ixtiyor degan yigitga meni ko‘rsatgan ekan. Bir-ikki marta o‘qishimgacha keldi. Ikkimiz ham qashqadaryolik bo‘lganimiz uchun, hecham qattiq gapirmadim. Bugun tug‘ilgan kunim ekanligini eshitib  sovg‘a ko‘tarib kelibdi. Ungacha telefonimga 10.000 so‘m tushgani haqida xabar oldim. Keyin “pul tushdimi” degan. Buni Ixtiyor menga syurpiriz qilgandir, deb o‘ylabman. Ishoning necha yildan buyon telefon ishlatayotgan bo‘lsam, biror marta menga birovning puli tushib qolmagandi. Unga bu haqda gapirgandim, “Qanaqa pul?”, “Qanaqa sms?”, “Senga birovlar shunchaki pul tashlayveradimi?” deb meni haqorat qila ketdi. Dugonalarim oldida uyalganimdan yugurib ko‘chaga chiqdim. Jahlim chiqqanidan sumkam bilan Ixtiyor bergan  sovg‘ani ham ko‘tarib  chiqibman.  Bekatdagi o‘rindiqqa sekin qo‘yib ketmoqchi edim, bir ayol “singlim narsangiz qolib ketdi” deb orqamdan olib keldi. Nima qilarimni bilmay taksi to‘xtatishga tushdim. “Neksiya”da menga loyqa suvni sachratib ketgan ham o‘sha Ixtiyor edi…

Shuhrat qizning oldida uyalishni ham, xursand bo‘lishni ham bilmasdi.

Faqat mashina salonidan ham otilib atrofga  barra eshitilayotgan shu so‘zlarni qayta-qayta takrorladi:

— Yaxshiyam paynetchi ayol adashibdi-ya!..

Laylo  KARIMOVA

Hamisha xushkayfiyat Sizga hamrox bo‘lsin!

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga va oilangizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik, baxtli hayot kechirish hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Sizga hikoya manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing!

Adabiyot bo‘stonidan bahra olish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan asarlar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Shuningdek, Laylo Karimovaning qalamiga mansub bo‘lgan asarlar Sizni qiziqtirsa, mazkur sahifada ularning biri bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Hikoyaga munosabat bildirib, o‘z sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman. Oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman!

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

Iltijo (sheriyat) - miniatyura

Iltijo (sheriyat)

ILTIJO   Bu ko’hna olamda orimsiz otam. Shul olam shodligi ziyoyim onam Sizga nelar qilsam, …

Биз сайтни энг яхши намойиш этиш учун cookie-файллардан фойдаланамиз. Ушбу сайтдан фойдаланишда давом этиб, Сиз cookie-файллардан фойдаланишга розилик билдирасиз.
Қабул қилиш
Рад этиш