Домой >> МУТОЛАА >> АДАБИЁТ >> Asrandi bola nolasi

Asrandi bola nolasi

Asrandi bola nolasi

qissa

Yomg‘ir yog‘ayapti. Ko‘ngilga umid, hayotga ishonch, atrofga muhabbat uyg‘otadigan bahor yomg‘iri emas, iztirobli, mahzun xotiralarni esga soladigan izg‘irin kuz yomg‘iri. Deraza oldida yomg‘irni kuzatishni yaxshi ko‘raman. Aslida bu hissiyot qalbimga qachon o‘rnashganini bilmayman, to‘g‘risi. Balki bolaligimdan ko‘zimdagi yoshlarni birovga ko‘rsatmagani uchun yomg‘irni yaxshi ko‘rib qolganmidim. Yomg‘ir yoqqan kunlar bola ko‘nglim allanechuk iztirobga to‘lar, osmonga qo‘shilib men ham yig‘lagim kelardi. Yig‘lardim. Maktabdan qaytishda yo‘l bo‘yi qalbim bilan yig‘lab uyga kelardim. Sochlarimdan tomayotgan tomchilar yuz-ko‘zimni ho‘l qilar, o‘ksib-o‘ksib yig‘laganimni birov bilmasdi. Balki yomg‘irdan vafo ko‘rganim uchun uni bu qadar yaxshi ko‘rib qolganmidim?..

Bolaligim deymanu, aslida men tug‘iliboq ulg‘ayganman. Qismatim ulg‘ayishga majbur qilgan. Bolaligimda yomg‘ir men uchun dard va sog‘inch, iztirob va qayg‘u, xo‘rlik va alam tomchilari edi. Shunday bo‘lsa-da, yomg‘ir yog‘ishini intiq kutardim. Ba’zan uzoq kutganim yomg‘ir yog‘masa o‘zimni butkul yetim hisoblardim. Butkul…

Darvoqe’, men ota-onasiz yetim edim. Yetimlik va asrandilik… Qo‘sh dard mushtakkina yuragimning ikki yonini to‘ldirib, o‘rtasida faqat armonga juda tor bo‘lgan joy qoldirgandi. Buni yoshligimdan bilganim boismi, menga juda og‘ir bo‘lgan. Bilganimdan bilmaganim yaxshi edi, biroq afsuski, bilardim va iztirob chekardim. Atrofimdagilar meni xafa qilib qo‘ymaslikdanmi yo boshqa sababdanmi yetim, asrandi ekanimni menga bildirmaslikka harakat qilishardi. O‘zim ham birovga bu haqida bildirishni istamasdim. Biroq murg‘ak ruhim bilan o‘zim qolganimda yuragim yonardi, ichimni alam achitib, kemtiklik kuydirardi. Bu iztirobni yetimlikda o‘sganlar his etadilar. Hech qachon baxtli bo‘lolmasam kerak deb o‘ylardim. Nima qilay, bola edim, g‘o‘r edim-da, inson to‘kis baxtga erishmog‘i uchun faqat ota-onali, butun oilada tug‘ilib ulg‘ayishi kerak deb o‘ylardim. Men keyin angladim, hayot haqiqatini, umr mohiyatini keyin angladim. Bu dunyo va oxiratda to‘liq baxtli bo‘lish uchun Alloh taologa ibodat qilib, Uning roziligiga erishmoq kerak. Inson uchun faqatgina Robbisining roziligiga erishish saodat ekanini, bu saodatga solih va komil fe’l, husnu xulq, go‘zal amali borlar erishmog‘i mumkinligini keyinchalik angladim. Va yana angladimki, yetimlik men o‘ylaganchalik baxtsizlik va musibat emas, balki Parvardigorning sinovi ekan. Muso alayhissalom yetim va tashlandiq bo‘lgani bilan Alloh taolo u zotni ulug‘ payg‘ambarlardan qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vassalom ham yetim emasmidilar? Ne-ne buyuk avliyolar, allomalar, komilu fuzalolar yetimlik jafosini tortganlar. Biz husnu xulqlari, ilmu iymonlariga havasda bo‘lganimiz ko‘p daholar yetimlik iztiroblarini chekkanlar. Balki Alloh bu kemtiklikni O‘zining oldida darajasi ulug‘ va axloqi mukammal insonlarga ravo ko‘rgandir?

Yetim o‘sgan bolaning har bir ohi, nigohi shu bir savolga qadalgan va bir o‘y atrofida aylangan bo‘ladi: “Mening ota-onam kim?” “Nega men birovlarning qo‘lidaman?” “Nega bunday? Nega aynan men?” Albatta, bularning hammasi taqdirda raqam qilingani, hatto payg‘ambarlar ham yetim o‘sganligini keyinchalik, Islomni tanib bila boshladim, qalbim xotirjamlik chashmasini topgandek bo‘ldi. Qiyomat muhaqqaqligining yaxshi tarafi shu ekanki, bu dunyoda sir bo‘lib qolgan narsalar ochilar ekan. Haqiqiy diydor o‘shanda bo‘ladi, ota-onasini ko‘ra olmaganlar qiyomatda ko‘rishadi, inshaalloh. Bu haqiqatlardan xabar topgan onimdan boshlab, yetimlar qiyomatga ko‘proq intizor yashasalar kerak, deya o‘ylayman. Qiyomat kunining podshohi — Alloh taolo har bir bandaning zarracha amallarini ham qoldirmay hisob-kitob qiladi. Birovning haqqi birovda qolib ketmaydi. Sinovni O‘zi beradi, biz uni taqdir deymiz va taqdirga tan beramiz. U Zot mehribonligini ko‘rsatib, og‘ir qismatning yukini yengillatish uchun sabru jamil ham ato etadi. Va oxiratda mukofot bilan ham siylaydi…

Aytishlaricha, tug‘ilganimdan bir necha kun o‘tib, onam rahmatlik tug‘uruqxonada vafot etgan ekan (Alloh taolo shahodatlarini husni qabul aylasin!). Otamiz esa tushkunlik vajidanmi yo boshqa biror ro‘kach bilanmi, meni tug‘ruqxonadan olib chiqmagan ekanlar. Bir oycha tug‘ruqxonada farzand ko‘rgan ayollarning suti bilan oziqlanib yashagan ekanman. So‘ng yaxshi odamlar boqib olishgan… Keyinchalik bilsam, otamiz ikki katta akamizni maktab-internatga bergan ekanlar. Opam va endi ikki yoshga to‘lgan kichik akamni rahmatlik onamizning ota-onalari o‘zlariga olishgan ekan. Onamizning o‘limi bilan katta bir oila parchalanib ketgan ekan. Keyinroq esa otamiz boshqa turmush qilgan ekanlar. Albatta, onasiz qolgan bolalarning dodini, oh-nolasini kim ham eshitar edi? To‘g‘ri, otamizning uylanishga to‘liq haqlari bo‘lgan. Otamni sadoqat, vafo va mehrdan yuz o‘girdi, deb ayblay olmayman. Bunga haqqim ham yo‘q. O‘zlari nimani to‘g‘ri deb bilgan bo‘lsalar, shuni qilganlar. Har kim qilganiga yarasha o‘zi javob beradi. Aytganimday, har bir sirning ochiladigan kuni, mavridi bor — Ro‘zi mashhar. Otam nega bunday qilganlari men va jigarlarimga o‘sha Kundan ochiqlanadi.

Asrandi-bola-nolasi-1

Bolaligimda ko‘p yig‘lardim. Ayniqsa, mana shunday yomg‘irli kunlar bo‘lsa menga Xudo berardi. Xo‘rsinib-o‘ksinib yig‘lardim. Ba’zan oyoqlarimni yerga urib, ba’zida esa so‘zsiz ko‘z yosh to‘kardim. Keyinroq, yoshim o‘ndan oshgach, yig‘i ham qolmadi, yig‘lash nimaligini unutib ham yubordim. Ko‘z yoshsiz, ich-ichimdan yig‘laydigan, hasrat chekadigan bo‘ldim. G‘am-qayg‘ularimni o‘zgalarga ko‘rsatmaslikka harakat qilardim. Ammo har doim, hamma vaqt ota-onamni qo‘msar, sog‘inar, ular bilan diydor ko‘rishishni istar edim. Bu ilinj meni bir soniyaga bo‘lsin tark etmagan.

Ularni topsam, diydor nasib etganida aytmoqchi bo‘lgan dil so‘zlarimni o‘zimcha puxta o‘ylab, gap-so‘zlarni ich-ichimdan tayyorlar, kuniga tayyorlangan so‘zlarni ichimda takrorlardim. Vaqt esa shafqatsiz tarzda tez o‘tar, men hanuz hijron o‘tida yonar edim. Ko‘rmasdan sevganlarimning diydorlariga yetishish hech nasib qilmasdi. Yoshim qirqni qoralab, keksalik ostonasiga yaqinlashganim sari umid uchqunlari ham so‘nib borayotir edi.

Go‘daklikdan yetimlikning og‘ir yukini ko‘targan bo‘lsam ham, Alloh taolo O‘z rahmatiga olgan edi. Yaxshi odamlar qo‘lida o‘sib-ulg‘aydim, o‘qidim. Uylantirib qo‘yishdi. Uylik-joylik, bola-chaqalik ham bo‘ldim. Biroq chidab bo‘lmaydigan, shiddatli olov kabi kuydirayotgan, yetib bo‘lmaydigan armonim qalbimni asir etgan edi: “Men ham o‘z ota-onamni ko‘ramanmi? Ular kim? Nega bunday bo‘lgan?”, “Mendek g‘arib, qalbi o‘ksiklar ham mendek azob chekadilarmi?”…

***

Men kabilar kam emasligiga umr yo‘limning har bekatida amin bo‘lib boraverdim. Ahror ismli tanishim bo‘lardi. Badavlat xonadonning yagona farzandi bo‘lgan bu yigitga ko‘pchilik tengdosh do‘stlari havas bilan qarar, to‘kin hayot ilinjidagi qizlar esa oshkora unga moyillik bildirardilar. O‘sha paytlarda bizga g‘alati tuyulgani shuki, Ahror badavlat oila farzandlariga xos bo‘lgan mutakkabirlik va manmanlikdan uzoq, tirishqoq, ilmga ishtiyoqi baland edi. O‘qishni tugatib, hamma o‘z yo‘lidan ketgan edi. Bir kuni ilmiy ishim yuzasidan Ahror bilan uchrashishga to‘g‘ri keldi. U ham o‘qishni xorijdagi nufuzli ta’lim dargohlaridan birida davom ettirib, yurtga qaytib ilm bilan shug‘ullanayotganidan xabarim bori edi. Kunduzi ish bilan bandroq ekanmi, kechqurun uyiga o‘tishimni qayta-qayta takrorladi. Oqshomga yaqin manzil bo‘yicha aytilgan joyga bordim. Eshikni oq libos kiyib, oppoq ro‘mol o‘ragan, yoshi ulug‘ munisgina onaxon ochdilar. Salom-alikdan so‘ng, mehmonxonaga chorlab, tuzoqliq dasturxonga da’vat qildilar. Bu orada eshikda quchoq ochgan Ahror ko‘rindi. Do‘stim bilan ish, hayot, bola-chaqalarimiz haqida uzoq suhbatlashdigu xayolim meni eshik oldida qarshilagan ayolda bo‘ldi. Bir ko‘nglim “Qaynonasimikan?” degan o‘yga ham bordi. Biroq ayolning yuz-ko‘zi do‘stimga o‘xshar, har zamonda “Bolaginam” deb bizga choy olib kirayotgan ayolning samimiyati yuragimda mudrab yotgan onamga bo‘lgan sog‘inchni uyg‘otardi. O‘yga botganimni Ahror sezibdi, chog‘i kulimsirab gap boshladi:

— Bular onam bo‘ladilar…- Sobiq kursdoshimning ota-onasi taniganim uchun hayratimni tilimga ko‘chirgani ulgurmay qo‘shib qo‘ydi: — O‘z tuqqan onam…

AHROR HIKOYASI

Men asrandi bola edim. Boqib olgan ota-onam — amakim va kelinoyim o‘n besh yil farzand ko‘rishmagan. Bu orada ota-onam turmush qurib, to‘rt farzandli bo‘lganlar. Onam beshinchi farzandlari — menga yukli bo‘lganlarida qaynonalari – buvim bolani dunyoga keltirib, onam- kelinoyimga berishlarini, shunday qilmasalar, to‘rt boli bo‘lishlariga qaramay, ajratib yuborishrini aytib tahdid qiladilar. Onam boyaqish to‘rt aka-opam va oilalarini o‘ylab, yuraklari qaqshasa ham bu shartga ko‘nadilar. To‘qqiz oy homila ko‘tarib, tug‘ruqxonaga borib, farzand dunyoga keltiradilar-da, chaqaloqlarini ovsinlariga qo‘sh qo‘llab berib o‘zlari quruq qo‘l bilan uyga qaytadilar. U kezlarda ikkala ota-onam ham qo‘shni yashashgan ekan. Onam kechalari ko‘kraklariga sut to‘lib, shishib qiynalab chiqar, yarim tunlari bizning hovlimizga o‘tib ochlikdan chirqirrab yig‘layotgan mening ovozimni eshitib ho‘ng-ho‘ng yig‘lar ekanlar. Bir-ikki marta onamni bizning hovlida ko‘rgach, ota-onam shaharga ko‘chib kelishga majbur bo‘lishadi. Otam — amakim rahmatli:

— Qishloqda sening asrandi ekaningni, bizga Alloh tirnoq bermaganini hamma bilardi. Maktabga borganingda, ko‘cha-ko‘yda biror kim aytib qo‘ymasin, deb shaharga ko‘chib keldik,- degandilar. Otamning ishlari yaxshi edi. Biz yaxshi yashardik. Lekin negadir ota-onam qishloqqa ko‘p borishmasdi. O‘sha paytlarda men buning sababini tushunmasdim. Keyinchalik, meni o‘z ota-onamdan qizg‘anib qishloqqa borishdan tiyilganlarini angladim. Bu orada maktabni bitirib, talaba bo‘ldim. O‘z ota-onamga “amaki”, “kelinoyi” deb murojaat qilardim. Birinchi kursda o‘qib yurgan kezlarimiz, momom — otamning onalari betob bo‘lib qoldilar. Xastaliklari oxirat safari oldidan taraddud ekanini anglagan momo menga haqiqatni aytishga qaror qilibdilar…

O‘sha kundagi holatim bir umr esimdan chiqmaydi. Men ota-onasi tirik bo‘la turib, begona xonadonda ulg‘ayganman. O‘sha kezlarda ota-onamni hech kechirolmasdim. Onam yig‘ladilar, otamning boshlari quyi solindi. Momom rahmatli o‘shandan ko‘zlagan maqsadlarini ochiq-oydin tan oldilar:

— Bolam, har qancha ayblov bo‘lsa menga qo‘ygin. Chunki, onang mening zulmimga qarshi borolmay seni ovsiniga tutqazgan bo‘lsa, otang onasining gapini ikki qilishga jur’at qilolmagani uchun zurriyotini jigariga farzandlikka berdi. Seni berishmaganida ham ota-onang bola asrab olishi kerak edi. “Det dom”dan begona, nasl-nasabining tayini yo‘q bolani asrab olib, og‘iz-burnini qon qilmasin dedim. Bolamning yig‘ib-tergani, molu davlati o‘z jigarining zurriyotiga qolsin dedim…

To‘g‘ri, o‘sha paytlarda bu gaplarning mohiyatini tushunmasdim. Baribir o‘z ota-onamdan ham, asrab olgan ota-onamdan ham ranjib yurdim. Bu orada o‘qishni tamomlab uylandim. O‘qishimni xorijda davom ettirish uchun ketdim. Kutilmaganda otam — amakim vafot etdilar. Yurtga qaytdim. Onam yolg‘iz qolganlar uchun o‘qishimni kechiktirishimga to‘g‘ri keldi. Afsuski, otamning vafotlariga olti oy to‘lib to‘lmay onam — kelinoyim ham vafot etdilar. Undan keyin oilamni ham xorijga olib ketib, o‘qishni davom ettirdim. Qaytganimdan so‘ng, o‘z ota-onamni Haj ziyoratiga jo‘natdim. Dunyodan o‘tgan ota-onam — amakim va kelinoyimga “hajji badal” atadim. Onam tez-tez uyimizga keladilar.

— Bolaligingda bermaganim, berishga imkonim bo‘lmagan mehrimni berishga ulgurayin,- deydilar.- Avvallari ota-onamdan juda xafa bo‘lardim. Ulg‘ayib, o‘zim ota bo‘lib ota-onamga juda qiyin bo‘lganini, o‘zing tirik bo‘la turib, bolangni birovga berish va qo‘l-oyog‘ing bog‘liq bo‘lib, bolangni bag‘ringga bosishdan mahrumlik ta’riflashga qiyin uqubat ekanini endi his qilyapman…

Ahrorning hikoyasini jimgina eshitdim. Sukutda… Men ham ayni shu iztirobdan bebahra ekanimni bildirmadim, albatta. Ammo baribir Ahror mendan ko‘ra ancha saodatli va hech nima yo‘qotmagandek tuyuldi dardim oldida. U haqiqatdan xabar topgan, yaqinlari, jigarlari bilan aloqa o‘rnatgan va o‘z amakisining tarbiyasida ulg‘aygan. Men bo‘lsam… To‘g‘ri, ota-onam hech qachon mendan biror narsani qizg‘anmaganlar. Mehr, go‘zal tarbiya, odob, ilm olishimga imkon. Balki o‘z ota-onam bag‘rida ulg‘ayganimda bular menda hozirgidek bo‘lmasligi va yoki bugungidek yaxshilar, olimu fuzalolar davrasida bo‘lmasligim mumkin edi, deb ko‘p o‘z-o‘zimga taskin berishga urinaman. Biroq ko‘ngil yaralar jarohatiga yetarli malham bo‘lolmaydi bu taskinlar… Axir, men otam, onam, jigarlarimni bir martagina bo‘lsa-da ko‘rmaganman. Ba’zan bu diydor Qiyomatga qolganmikan, degan o‘ydan ko‘nglim tirnaladi…

****

Asrandi bo‘lganim uchunmi, har doim meni asrandi va yetim bolalar, ularning hayoti, qismati qiziqtiradi. Aksariyat hollarda asrab olingan bolalardan haqiqat — nasl-nasabi sir tutiladi. Bu ularga nisbatan qilingan juda katta adolatsizlik hisoblanadi. Hattoki, zulm darajasida! Manbalarni titib, bir yilda o‘n mingga yaqin bola onasi tomonidan tug‘ruqxonalarda tashlab ketar ekan. Bolalar shifoxonalarida ota-onalari tashlab ketgan qirq mingga yaqin chaqaloqlar qayd etilgani esa nihoyatda iztirobli. Juda ko‘p bolalar Sovet ittifoqi davrida tug‘ruqxona yoki bolalar uyining o‘zidan asrab olingan. Hozir ushbu bolalarning yoshlari o‘ttizdan ellikka borib qoldi. Ishonchim komilki, ularning ichida dindoshlarim ham bor. Bolalarni asrab olish jarayonida ushbu bolalarning eng muhim va aziz narsasini – o‘zi haqida bilish huquqi tortib olingan. Men bola asrab olish sirini nazarda tutyapman, ya’ni bunga ko‘ra, bolaning haqiqiy ma’lumotlari sir saqlanadi; yana o‘zlari tasodifan haqiqiy farzandlari emasligini bilib qolganlar haqida. Hatto, asrandi bolalarga asrab olgan odamlarning o‘zlari aytgan bo‘lsa ham. Ular qanday qilib haqiqatni bilgani muhim emas. Haqiqiy ism-shariflari, tug‘ilgan joylari, tavallud topgan kunlari va qanday tug‘ilganlarini bilmaydigan, o‘zlarining haqiqiy ota-onalari, aka-ukalari va opa-singillarini bilmaydigan asrandi bolalar ulg‘ayib, voyaga yetib qoldi. Kattalar o‘zlarining ixtiyorlariga ko‘ra qaror chiqarib qo‘ygan bolalar. Kimdir tashlab ketgan, kimdir esa joylab qo‘ygan, kimdir esa boshpana bergan. Biroq, bu bolalar uchun qilingan xayrli ishlar — ularning haqiqiy ota-onalarining ismlarini yashirish uchun sabab bo‘la oladi-mi, axir?

Asrandi bola nolasi

Bola asrab — asrab oluvchi va asrab olingan o‘rtasida ota-ona va farzandlarga xos bo‘lgan huquqiy munosabatlarning o‘rnatilishi. Jamiyatimizda aksar odamlarning fikriga ko‘ra, o‘zlarining biologik (haqiqiy) ota-onalarini izlayotgan bolalar noshukr hisoblanadi. Jamiyat ularning holatini his qilib ko‘rishni istamaydi. Aksincha, ulardan o‘zlari haqida haqiqatni bilishni istaganlari uchun tavba qilishlari kerakligini talab qiladi, ajabo. O‘z tomirlarini izlayotgan, asrab olinganlar nimalarni eshitmagan deysiz: “Sen hech kimga kerak bo‘lmaganingda, seni oilaga olishdi, endi bu qilganing nimasi?”, “Alkashlardan boshqa, kimni ham topa olar eding?”, “Hali shundaymi, bolalar uyida yashab ko‘rganingda seni asrab olganlarning qadriga yetgan bo‘larding!”. Bu malomatlarning eng ommabopi: “Tuqqan emas — boqqan ona!” degan maqolnamo ibora. Balki qaysidir ma’noda bu gap ham o‘z isbotini topar, lekin bu degani asrandi bolani asliyatidan ayirish degani emas-da. Jamiyat oldindan uni tarbiya qilib olgan oilaga yomon munosabatda bo‘lgani uchun yoki uning yaxshiliklarini inkor qilish uchun asrandi bola o‘z qarindoshlarini izlamoqda, deb o‘zicha xulosa chiqarib qo‘ygan. Bu xulosasiga “Yetim qo‘zi boqsang og‘iz burning moy bo‘lar, yetim bola boqsang og‘iz-burning qon bo‘lar!” deya nisbatlaydi. Kim uchundir bu iboralar qofiyasi kelishgan maqol bo‘lib tuyular, ammo asrandi, yetim bolalarning yurak-bag‘riga nashtarday botib, jarohatining qonini ko‘zlaridan oqizadi. G‘ofil bandalar Alloh yarim qilgan ko‘ngilni tili bilan chil-chil sindirishdan hayo qilmaydilar. Go‘yoki, ming yil yashash vakolati qo‘llarida. Go‘yoki, Allohning sinovlari, musibatlaridan to‘la himoyalanganlar…

Jamiyat o‘zining haqiqiy ota-onalarini asrab oluvchilarning roziligi bilan izlayotganlar haqida nima deydi? Bir tanish qizning o‘lim to‘shagida yotgan asrab olgan onasi haqiqiy qarindoshlarini topishga rozi bo‘lgan edi. Qo‘lida haqiqiy ota-onalari haqida ma’lumot izlashga ruxsati bo‘lgan qiz rasmiy ravishda hech bir natijaga erisha olmadi. O‘zi tug‘ilgan tug‘ruqxonada ishlaydigan oddiy odamlar yordam berishdi. Eng yomoni, haqiqiy ota-onasini izlashga kirishgan asrandi farzand, bu yo‘ldagi har qanday natijaga tayyor turishi kerak. Qanday ota-ona topilishi ahamiyatga ega emas. Jamiyat sening taqdiringga xo‘jayin bo‘lishni istaydi, ehtimol, shunday bo‘lishi hammaga yaxshi bo‘lsa kerak deb o‘ylasa kerak: senga – oilaga, oilaga – bolaga. Biroq jamiyat sendan unutib yuborish, xotirangdan o‘chirib yuborish mumkin bo‘lmagan narsani talab qilishi — adolatsizlikdir. Jamiyat sendan o‘zingni, tomirlaringni bilish uchun qilayotgan harakatlaringdan voz kechishga majbur qiladi. Jamiyat “Mana, asrab ol, so‘ng ular o‘zining haqiqiy onasini izlashga tushadi!”, — deya hayqiradi. Shunga o‘xshash so‘zlardan so‘ng, sen o‘zingni aybdor hisoblashni boshlaysan.

Haqiqiy ota-onalarini izlashga qarshi bo‘lganlarning fikricha, asrab olish holati yuz berganda oila bu muruvvat, bola esa muruvvat ko‘rsatilgan taraf. Biroq, qandaydir bir oila bola asrab olmoqchi bo‘lganida ular ikki sabab ila bu ishni amalga oshiradilar: ular bolaga yordam berish uchun yoki o‘zlariga yordam qilish uchun bola asrab oladilar. Yolg‘izlik, farzandsizlikdan, ba’zilar qandaydir moddiy yordam uchun ham bola asrab olish uchun (ba’zi mintaqalarda asrab oluvchilar uchun nafaqa beriladi yoki kimlargadir uy olish uchun sertifikat beriladi). Kimlargadir ro‘zg‘or uchun qo‘shimcha yordamchi qo‘llar kerak (bu qishloq joylar uchun juda dolzarb). Men bola asrab olganlarning bolalarini qayta bolalar uyiga topshirib yuborganlar haqida lom-mim demayapman. Qaytarib bergan bundan asrab oluvchilar haqida nima ham deyish mumkin? Ular kimga muruvvat ko‘rsatishdi?..

Bu haqida menga internetdagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri yozdi. Sahifamda qismatim bilan bog‘liq post qo‘ygandim. Shaxsiy xabarlar sahifasiga maktub keldi. Maktub muallifining roziligi bilan uni chop etishga qaror qildim:

YULDUZ HIKOYASI

“Assalomu alaykum! Sahifangizga joylashtirilgan blogpostni o‘qidim. Janob, o‘zingiz bilmagan holatda ko‘ngil yaralarimga teginib qo‘yibsiz. Men ham yetimmman. Asrandiman. Eng yomoni, ikki marta, ikki oila tomonidan asrab olinganman. Meni esa birinchi oila yetti yoshimda asrab olishgan. O‘sha voqea hech esimdan chiqmaydi. Bolalar uyining direktorini “oyijon” derdik. O‘zi biz bolalar uyida katta bo‘lgan bolalar turmushga chiqqan, chiqmagan barcha tarbiyachilarimizni “Oyi” deymiz. Xuddi o‘z onamizdek mehrimizni qo‘yganimiz uchun bizni asrab olishlarin ham istamasdik. Lekin tarbiyachi-oyilarimiz:

— Sizlar bu yerda vaqtida o‘qib, ko‘nglingiz tusagan ovqatlarni yeb, toza choyshablarda uxlab, yayrab yashashingiz mumkin. Lekin erta bir kuni ulg‘ayib jamiyatga qo‘shilganingizda “Detdomning bolasi!” degan tavq bilan yurishingizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun bolaga muhtoj oila asrab olmoqchi bo‘lsa, borishingiz, o‘sha oilaga singib, o‘z farzandiday bo‘lishingiz kerak. Ayniqsa, qiz bola uchun hayot juda murakkab. Qiz bola uzatilishi, bir oilaning bekasi bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham oilaviy muhitni ko‘rishingiz kerak,- deyishardi. Siz bilasiz, janob, yetimlik, ota-onasizlik, tashlandiqlik bolani yoshidan avval ulg‘aytiradi. Yetti yoshimda 10-12 yoshli boladek fikrlar edim. Bola asrab olmoqchi bo‘lganlar meni farzandlikka tanlashganida direktor oyimga yopishib qattiq yig‘lagandim. Negadir, meni borayotgan oilada meni mehr-muhabbat emas, malomat va jaholat kutayotganini bola ko‘nglim bilan his qilganmidim. Xullas, direktor oyim meni erkalab, “Yulduz qizim, o‘z oilang, onang, dadang bo‘ladi. Sen yaxshi qizsan-ku, yig‘lamaysan. Aqlli qiz bo‘lib, meni, oyilaring, o‘rtoqlaringni ko‘rgani kelasan”, deb qayta-qayta yupatdilar. Yig‘laganimda menga qo‘shilib asrab olmoqchi bo‘lgan ayol ham yig‘lagandi. Meni ovutishga urinib, o‘pib-suygandi. Balki shundanmi, mehrim tushib ular bilan ketdim. Uzoqda turishar ekan. Viloyatning chekka qishloqlaridan birida. Baland qurilgan, darvozasi katta, hashamdor uyga keldik. Boshida menga rosa mehribonlik qilishdi. Xuddi bolalar uyidagidek alohida xona ajratishdi. Mazali ovqatlar, yeguliklar. Deyarli, har kuni mehmonga olib borishardi. Uylariga mehmon chaqirib meni ko‘rsatishardi. Oradan bir oylarcha vaqt o‘tib men maktabga chiqa boshladim. Birinchi sinfga. Maktabga chiqqunimgacha bolalar uyini, tarbiyachi, o‘rtoqlarimni sog‘inmagan edim. Maktabga chiqqan birinchi kunimda ularning o‘rni bilindi. O‘qituvchi meni bir qiz bilan bir partada o‘tirg‘izgandi, onasi janjal ko‘tarib qizini boshqa bilan o‘tqizdi. Meni asrab olgan onam ayoldan jahli chiqib urishib ketishdi. Xullas, qishloq joyi shunaqa ekan-ki, ota-onalar bolasiga “Falonchi bilan o‘ynama, u asrandi”, “Falonchining qizi bilan gaplashma, u haromi” degan gapni bemalol gapirishar, bolalar ham ma’nisini o‘zlari tushunib-tushunmay: “Sen haromisan!”, “Sen asrandisan!” deb malomat qilaverishadi. U yerda ikki yil yashadim. Maktabda o‘qituvchim ham, o‘quvchilar ham meni kamsitishar, meni asrab olgan oila buni bilsa-da, himoya qilishmasdi. Aytgancha, ularning bir o‘g‘li ham bor edi. Menimcha, o‘g‘lidan keyin boshqa farzand ko‘rmagan bo‘lishsa kerak. Chunki u bola mendan ancha katta, allaqayerda litseyda o‘qir, dushanba kuni ketib, shanba kuni tushdan keyin kelardi. Oilaning o‘g‘li mendan jirkanar, meni juda yomon ko‘rardi. Bir kuni onasi menga:

— Akangning paypoqlarini yuvib qo‘y!- degandi, shiddat bilan kelib qo‘limdan paypoqlarini tortib olib, onasiga:

— Yuvsangiz o‘zingiz yuving, bu meni narsalarimga tegmasin!- deb baqirdi. Meni birinchi marta asrab olgan ayol hech qachon meni bola o‘rnida ko‘rmagan. Unga tayyor xizmatkor edim. Hatto qo‘limdan kelmaydigan, kuchim yetmaydigan ishlarni ham buyurardi. Eplolmasam kaltaklab xo‘rlardi. Garchi o‘ziga to‘q xonadon bo‘lsa-da, menga hech qachon yangi kiyim kiydirishmas, allaqayerdan eski-tuski kiyimlarni olib kelib kiydirardi. O‘qishga qiziqardim. Kitob o‘qirdim. Asrab olgan onamning jahli chiqib:

— Sen tashlandiq kitob o‘qib nima qilasan, tovuqlarga qara, qo‘ylarga o‘t yulib kelgin!- deb uydan haydab solardi. Kechalari uxlab qolgunimcha yig‘lardim. Kunduzlari bir pana joy topsamu to‘yib yig‘lab olsam, derdim. Bolalar uyini qo‘msardim. U yerdagi mehr-muruvvat, beminnat e’tibor, g‘amxo‘rlikka zor edim. Xo‘rlik va tahqirlar go‘dak jonimni shu nechalik uydan bezdirdiki, bir kuni onamning sumkasidan pul o‘g‘irlab uydan qochib ketdim. Bolalar uyining soni esimda qolmagandi. Lekin direktor oyim bilan va tarbiyachilarning ismlari yuragimga yozilgan edi. Uydan hech kimga bildirmay chiqdimu, mahalla boshidagi bekatdan avtobusga o‘tirmadim. Qo‘ni-qo‘shni bilib qolib, tutib uyga olib keladi deb qo‘rqdim. Piyoda bir qancha yo‘l yurdim. O‘sha paytdagi holatimni eslasam qo‘rquvdan yuragim tars yoriladi. 9-10 yashar qizcha qo‘rqmay uydan qochib, bolalar uyini izlab ketishi men uchun hozir qo‘rqinchli holat. Charchab qolgandim, bir joyda o‘tirdim. Qo‘rqdimmi, qornim ochdimi, negadir yig‘lagim keldi. Ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladim. Eshak mingan bir bobo o‘tib ketayotib menga ko‘zi tushdi. Gapga solgandi yig‘lab bolalar uyini qidirib ketayotganimni, yo‘lda adashib qolganimni aytdimu, asrab olingan uyimdan qochganimni aytmadim. Bobo “kimning qizisan, bolam?” deb so‘rayveradilar. “Ota-onam yo‘q, bolalar uyiga ketyapman” deb yig‘layveraman. Oxiri, yo‘ldan o‘tib ketayotgan mashinalarning birini to‘xtatib nimalarnidir gaplashishdi. So‘ng meni o‘sha mashinaga chiqarib yubordi. “Mashinada bolalar uyiga yetib olaman” deb rosa quvondim. Lekin afsuski, u odam meni tuman ichki ishlar idorasiga olib bordi. Bir kecha o‘sha yerda yotdim. Menga o‘xshagan uch-to‘rtta uyidan qochgan, adashgan bolalar bor ekan. Bizga ovqat, yotoq berishdi. Lekin men ularga faqat bolalar uyini qidirayotganimni aytdim. Asrab olgan ota-onamnikiga qaytishni istamasdim. Ularning qo‘liga tushsam meni ayamay do‘pposlashlaridan qo‘rqardim. Bir necha marta onam kaltaklagan, otam tomoshabin bo‘lib o‘tirgan edi. Biribir ichki ishlar xodimlarining o‘zlari ma’lumot topishibdi. Ota-onamni chaqirtirishdi. Ular yetib kelganin ko‘rib dahshatdan chinqirib bir militsiya formasidagi opaga yopishib yig‘ladim. O‘sha yerda qayerdan kuch berdi, Xudoyim, bilmayman, opaga yopishib yig‘lagan ko‘yi:

— Men bular bilan bormayman, Saida oyim(bolalar uyining direktori)ga boraman, bular meni urishadi, har kuni ish buyurishadi, kitob o‘qisam uradi,- deb baqirdim. Shu bilan nimalardir bo‘lib, kun bo‘yi yana o‘sha yerda qolganmiz. Bu gal asrab olgan ota-onam, bolalar uyimizning direktori Saida oyim ham kelganlar. Oyimga yig‘lab yopishdim. Shu o‘tgan ikki yarim yil ichida meni bir marta ham bolalar uyiga, oyim, o‘rtoqlarimn ko‘rgani olib borishmagandi. Ularni juda sog‘ingan edim. Xullas, men yana bolalar uyiga qaytdim. Va boshqa hech kimga farzand bo‘lmaslikka ahd qildim. O‘qidim. Sport to‘garaklariga qatnashdim. To‘qqizinchi sinfni tamomlash arafasidaligimda yana odamlar kelib, farzandlikka bola olishmoqchi ekanini, ularga yoshi kattaroq bola kerakligini aytishibdi. Guruhimizda boshqa millat bolalari ko‘p, o‘zbeklar oz edi. Yana o‘sha oila meni tanlamoqchi bo‘ldi.

Asrandi bola nolasi

— Bormayman!- dedim keskin.- Menga ota-onaning keragi yo‘q. Saida oyim ham otamiz, ham onamiz. Men o‘qiyman, o‘qishga kiraman. Qishloqda yashamayman!

— Bular qishloqdan emas, qizim,- dedilar Saida oyim.- Sendan katta qizlari, o‘g‘illari bor ekan. Bolalari Universitetlarda o‘qir ekan. Agar bolasi bo‘lsang seniyam o‘qitishmoqchi…

— Men bir oilaga borgandim, tinimsiz ish buyurishadi, kitob o‘qisam urishardi,- dedim mehmon ayolga qarab. – Meni biror marta qizim demagan, men “onajon” derdim. Ular “anavi” deyishardi. Siz ham shunaqa qilasiz!

— Yo‘q, qizim,- dedi ayol mahzun ohangda.- Biznikida sizga o‘xshagan opa-akalaringiz bor. Ularni ham “bolam”, “qizim” deyman. Siz men bilan yuring, bir haftacha yashab ko‘ring, uyimiz, opa-akalaringiz sizga ma’qul bo‘lsa, bizga farzand bo‘lasiz, yo‘qsa, qaytib kelasiz…

Bu taklif Saida oyimga ham, menga ham ma’qul tushdi. Er-xotinlarga ergashib uyiga bordim. Shaharda turisharkan. Yo‘l-yo‘lakay gaplashib keldik. Erkak rulda, ayol orqa o‘rindiqda mening qo‘llarimni tutgancha keldik. Ikki qiz, ikki o‘g‘li bor ekan. (Ular ham asrandi ekanini, uchinchi ota-onam farzand ko‘rmagan, badavlat odamlar bo‘lgani uchun yetmilarni savob yo‘liga boqqanini keyinchalik bildim). Qizlar yugurgilab oldimga kelishdi. Xonalariga olib kirib, kitoblarini, o‘ziga tegishli narsalarini menga berib ko‘nglimni olishga urinishdi. Bir o‘g‘il, bir qizlari Universitetda o‘qirkan. Qolgan ikkitasi maktabda. Ikkinchi qizlari men bilan tengdosh ekan. Bu uyda samimiyat, muhabbat va iliqlik tafti bor edi. Onamiz juda muloyim ayol, mehribon. Otamizning har bir so‘zlari hikmat, Alhamdulillah. Men shu oilada tarbiyalandim. Oila muqaddasligini, insonlarga rahm-shafqat bilan munosabatda bo‘lishni, muhimi, islomni tanidim, alhamdulillah. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdim. Tahsilning ilk yillari onam meni izlab topdi. O‘shangacha haqiqiy ota-onam qanday odamlar bo‘lgan ekan, degan o‘y menga orom bermasdi. Bolalar uyidaligimda tarbiyachilarimdan so‘ragandim. Otam vafot etganini, onam qayerdangi noma’lumligini aytishgandi. O‘ylardim, ezilardim, “O‘z onam, o‘z otam, o‘z oilam bo‘lsa men ham baxtli bo‘lardim, hech qachon yig‘lamasdim” deb armon qilardim, lekin hech qachon ularni qidirib topishni o‘ylamagan ekanman. Onam meni izlab uyimizga kelganida uni ko‘rib avvaliga bag‘riga intiqqan bo‘lsam-da, bir zumda bu intilish o‘rnini sovuqqonlik egalladi. Onam yig‘ladi. O‘ksinib-o‘ksinib yig‘ladi. Chaqaloqligimda avtohalokatga uchrab otam vafot etgan ekan. Onam esa men va uch yoshar akamni bolalar uyiga joylashtirib, tirikchilik uchun xorijga ish izlab ketadi. Onamning onalari ancha yil oldin o‘tib ketgan, onam o‘gay ona qo‘lida o‘sib, uzatilgan ekanlar. Dadamning vafoti bilan oilamiz parchalanib ketadi. Buvim — dadamning onasi onam bilan ikki bolasini uydan haydab chiqaradi. Turgan gapki, onamning o‘gay onasi ikki bola bilan turmushi buzilgan o‘gay qizini uyda xushlamaydi. Xullas, biz yetim bo‘lamiz va onam O‘zbekistonni tark etadilar. Ba’zan bu achchiq qismatda onamni aybdor qilishni istamayman. Majbur bo‘lgan-da, ishi bo‘lmasa, qaynonasining uyiga sig‘magan, ota uyidan badarg‘a bo‘lgan ayol ikki bolani qanday boqardi, bolalar uyida moddiy jihatdan kam-ko‘stsiz yashadik-ku, deb onamni oqlashga urinaman. Ammo bizni bolalar uyiga joylashtirayotganda onam farzandlikka oluvchilar bolalarimni asrab olishsa ham mayli, men bezovta qilmayman, degan mazmunda tilxat bergan ekanlar. Xullas, akamni besh yoshida bir oila asrab olib ketgan ekan. Besh yoshli go‘dak qizaloq singlisini qayerdan bilsin? Onam chet elda turmush qurgan, u yerda hayoti yaxshiligini, ikki o‘g‘li borligini, moddiy imkoniyati yaxshi, turmush o‘rtog‘i badavlat odamligini aytdi.

— Akamni izlab toping,- dedim.- Qayerda, kim bilan bo‘lsalaringiz ham sog‘-omon bo‘linglar, faqat mening ham jigarlarim, onam borligini bilsam bo‘ldi. Sizlardan hech qachon hech narsa ta’ma qilmayman…

Onam uzoq yig‘ladi. Negadir men yig‘lamadim. Toshga aylangan ekanmanmi yo ko‘z yoshimning bari to‘kilib bo‘lgan ekanmi…

Onamga qo‘shilishib akamni ham topdik. Akam mendan ko‘ra onamga ko‘proq mehribon ekan, ikki kun ko‘z yoshini tiymadi. Uylangan ekan. Farzandsiz oila asrab olishgan ekan, yolg‘izgina bola ekan, qo‘shni viloyatda, qishloqda yashar ekan. Hozir akamning ikki qiz, bir o‘g‘li bor. Onam xorijda yashaydi oilasi bilan. Borib –kelib yuribmiz. O‘zim rus tili o‘qituvchisiman. Oilaliman. Ikki farzandim bor. Yetimlik, oilaga ehtiyoj shu qadar tinkamni quritganki, turmush o‘rtog‘imga boshimni ko‘tarib tik gapirmayman. Sal oramizda xafachilik bo‘lsa «Bolalarim qiynaladi» deb yuragim o‘rtanadi. Aytmoqchimanki, asrandilik iztiroblari achchiq, buni hech kimga ravo ko‘rmayman, lekin ba’zida o‘z oilamda, o‘z ota-onam bag‘rida hozirgidek odob-axloq o‘rganmasligim, bugungidek mavqega ega bo‘lmasligim mumkin edi. Alloh meni shunday xulq va siyratda ko‘rishni istagani uchun yetimlik sinovi bilan imtihon qilgan, deb o‘ylayman. Siz haqingizda ham mulohazam shunday. Meni tinglaganingiz, vaqtingizni ajratganingiz uchun Alloh sizdan rozi bo‘lsin! Hurmat bilan…”

Bu maktubni o‘qib ayol bardoshining naqadar kuchli ekaniga yana bir marta guvoh bo‘ldim. Allohning marhamati, muhabbati shuki, inson boshiga kelgan va kelayotgan sinovlarni musibat emas, ne’mat deb biladi. Va hech kimga shikoyat qilmaydi. Zotan, dardingni yaratilganga aytsang ko‘payadi, Yaratganga aytsang kamayadi. Hamma gap mana shunda — ya’ni, inson boshiga tushayotgan savdolar haqida faqat Robbisiga shikoyat qilishi va Undan najot so‘rab topinishida. Najot, yengillik, hikmat O‘zida. Unga yaqinlashganing sari dunyoviy iztiroblar o‘z qiymatini yo‘qotib boraveraradi. Bu men hayotda anglagan eng oliy haqiqat bo‘ldi…

***

Aldab kelinayotgan asrandi bolalarning yashashlari naqadar og‘ir ekani haqida qandaydir tasavvurga egamisiz? Bunday bola doim unga yolg‘on so‘zlanayotganini bilib turadi. Bola ruhiyatini tasavvur qilavering. O‘zini tarbiyalayotgan, unga ibrat bo‘lib izidan qadam tashlashga undayotgan insonining yolg‘onchi, munofiq ekanini qalban his qilib turgan bola qanday qilib u insonga ergashadi? Undan tarbiya oladi? Ishonmagan insoningdan qay tarzda ibrat olasan?..

Tug‘ruqxonadan asrab olingan bir qiz ota-onasi haqiqiy emasligi haqida tush ko‘radi, bunday shubhaga borishga hech qanday sabab yo‘q edi, biroq oradan ko‘p yillar o‘tgach, haqiqatdan ham u asrab olingan qiz ekani ma’lum bo‘ladi. Alloh taolo unga ushbu yo‘l bilan haqiqatni bildirgan. Bu qo‘shnilar, yangi qarindoshlar yoki ko‘chadagi odamlardan eshitgandan ko‘ra qalbga kamroq shikast yetkazsa kerak. Afsuski, aksar holatlarda shunday ham bo‘ladi, shundan so‘ng bolaning dili ranjib, xafa bo‘ladi, hatto asrab olgan oila bilan aloqasi buzilishi ham mumkin.

Asrandilik qismatim bo‘lgani yo mutaassil shu masala bilan qiziqib, haqiqiy ota-onam, jigarlarimni izlash hayotiy maqsadim bo‘lgani uchunmi, asrandi bolalar qismati bilan bog‘liq holatlar, voqealarga ko‘p guvoh bo‘lganman. Jamiyat asrandi bolalaga past nazar bilan qarab, unga hatto o‘zining nasl-nasabi haqida bilishni taqiqlab qo‘ysa, Islom asrandi bolaga bunday munosabatni qattiq qoralaydi. Bola uchun shunchalik murakkab vaziyatni inobatga olgan hamda bolani asrab olgan ota-ona tomonidan bolaga manfaatli bo‘ladi deb o‘ylayotgan hollarda ham yolg‘on gapirishni ta’qiqlagan shariat qanchalik adolatli, a! Shariat bolaning otasi ismini o‘zgartirishni, unga o‘z familiyasini berishni, uni o‘zining haqiqiy farzandiga huquq jihatidan teng qilishni taqiqlaydi. Shariat, bolani asrab olgan ota-onaga uning haqiqiy ota-onasi to‘g‘risida ma’lumot berishlarini majburiy qilib belgilaydi.

Bolalar huquqi haqidagi konvensiyada bola “o‘z ota-onasini bilish haqqiga egadir” deya ta’kidlanadi. Qonunlarda esa bolani asrab olish siri himoya qilinadi, uni oshkor qilish uchun esa jinoiy javobgarlikka tortilishi ko‘zda tutilgan.

Asrab olingan bolalar xayolidagi tasavvurlari to‘liq bo‘lish uchun o‘zining haqiqiy ota-onalarini izlashadi. Tomirlari kim ekanini bilmay qanday yashash mumkin? Kimligingni qayerdanligingni bilmasang — bundan og‘ir nima bor? “O‘zingnikilar ichida — begona bo‘lib qanday yashash mumkin?” Seni hali tanimasdan turib, seni tashlab ketishga sabab bo‘lgan holatlarni bilmaysan. Juda ko‘p asrab olingan bolalar o‘zlarining haqiqiy ota-onalari qanday ko‘rinishga ega ekanligini uzoqdan bo‘lsa ham ko‘rishni orzu qilishadi. Kimdir nasliy kasalliklarini bilishni istaydi. Shariat bo‘yicha, nega asrandi bola o‘zining haqiqiy ota-onasini bilishi kerak bo‘lgan sabablar bor. Jamiyatda hamma narsa aralash-quralash bo‘lib ketgan, shuning uchun ham bunday bolalar beixtiyor o‘zining haqiqiy akasi yo ukasi hamda opa yoki singlisi bilan turmush qurib qo‘yishi mumkin. Ular o‘zlarining haqiqiy ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va qarindoshlari kim ekanligini bilishmaydi. Haqiqatni yashirish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin ekanini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Yaqin qarindoshlar bir-birini bilmagan holda nikohdan o‘tishlari mumkin. Bu juda qo‘rqinchlidir hamda buni keyin o‘zgartirib, to‘g‘rilash mumkin emasligi esa yanada qo‘rqinchlidir. Asrandi bola uni farzandlikka qabul qilganning merosidan HECH NARSA olishga haqli emas. Har qanday holatda ham, u ularning merosidan umuman hech narsa ola olmaydi. Meros faqat tug‘ishgan farzandlar orasida bo‘linadi. Shunday qilib, asrandi bola oldida quyidagi tanlov qoladi: yoki qonunga amal qilish va merosning o‘ziga tegishli qismidan voz kechish yoki huquqiy hiyla ishlatish va uni asrab olgan oila bilan kelishib, o‘z merosini hadya sifatida olish. Asrandi farzand o‘zini asrab olgan oiladan hadya qabul qila oladi. Ota-ona o‘z asrandi farzandiga boyligining 1/3 qismidan oshmagan qismini hadya qilishi mumkin. Shariatga ko‘ra, o‘z ota-onasining merosiga to‘la haqli bo‘la turib, bu huquqdan mahrum bo‘lishadi. Bu bilan bunday bolalar faqat meros olish uchun yoki qandaydir boshqa mulkka talab qilish uchun o‘zining haqiqiy ota-onalarini izlaydi degan xayolga borish noto‘g‘ri. Qandaydir tushunarsiz muallaq holat bor, bizga tegishli bo‘lmagan narsani olishga majbur qilishadi, qonunan o‘zimizga tegishli bo‘lgan narsani olish esa taqiqlangan. Asrandi qiz ota-onalari yoki akalari oldida o‘rangan bo‘lishi kerak, chunki ular mahram emas. Asrab olgan ona ham asrab olgan o‘g‘li voyaga yetgach o‘ranishi lozim bo‘ladi. Agar asrab olgan ona asrab olgan bolasini go‘dakligida emizgan bo‘lsa bola va boshqa oila a’zolari o‘rtasida sut orqali qarindoshlik paydo bo‘ladi. Biroq bu holat juda nodir hisoblanib, asosan bolalarni farzandsiz oilalar asrab olishadi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning ushbu masalada shunday deganlar: “Boshqa ota-ona qaramog‘iga, «farzandligiga» olib, tarbiya qilingan bola Islom fiqhida “asrandi bola” deyiladi. Yetimni, yoki qiyinchilikda qolgan oilaning bolasini olib, shariat hukmiga muvofiq boqish, tarbiyalash juda ham savob ish. Lekin Qur’oni karim (Ahzob, 4–5) hukmiga ko‘ra, birovning bolasini «o‘z farzandim» deyish haromdir. Bunday qilgan odam gunohkor bo‘ladi. Tutingan o‘g‘il farzand o‘rniga o‘tmaydi.

Alloh subhanahu va taolo: tarbiyaga olingan farzandlarni asrab olgan odamning nomi bilan emas, o‘z haqiqiy otasi nomi bilan chaqiringlar, deb to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi. Mabodo asrab olingan bolaning haqiqiy otasi kim ekani ma’lum bo‘lmasa, ular sizga Islom dini bo‘yicha «qardoshlaringiz va do‘stlaringizdir». Ilohiy hukm: “din qardoshim” yoki “do‘stim” deb murojaat qilishga buyuradi, “O‘g‘lim”, “farzandim” deb murojaat qilish durust emas.

Inson naslini saqlab qolish asosiy islomiy masalalardan biri bo‘lganidan nikoh, taloq, idda va shunga o‘xshash ko‘pgina shar’iy hukmlar yuritilgan. Bular hammasi inson naslining toza, pok, ochiq-oydin va shaffof bo‘lishiga qaratilgan. Agar shunday qilinmasa, harom-halol aralashib, ota bolasini, bola otasini, ona qizini, qiz onasini, aka singlisini, singil akasini tanimaydigan bo‘lib qoladi. Insoniyat halokatga uchraydi. Nasli begona bolani o‘z naslidan bo‘lgan bolalari qatoriga qo‘shish bilan ko‘pgina harom-harish ishlar yuzaga chiqadi: mahramlik-nomahramlik qoidalari buziladi; bir kun kelib, ota o‘z qiziga yoki aka singlisiga uylanib qolishi ehtimoli vujudga keladi; meros masalasida va boshqa ko‘pgina masalalarda ham o‘nglab bo‘lmas xatolar yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun ham Islomda bu ish harom qilingan. Ayni choqda, asrandi bola birovni «otam» deb tanlashi ham katta gunohdir. Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «Kim o‘zi bila turib otasidan boshqaning bolasiman deb da’vo qilsa, unga jannat haromdir», deganlar…” (“Tafsiri Hilol”. 2-nashr. 4-juz. T., «Sharq»)

Ma’lumki, nikohlanayotgan insonlarga ismi va otasining ismi bilan xutba o‘qiladi. Bir dindosh singlimiz bilan ayni shunday holat bilan bog‘liq ayanchli voqea ro‘y bergan ekanki, uning alamli hikoyasi ko‘ngilni titratadi.

ORZUGUL HIKOYASI

“Assalomu alaykum, hurmatli Abu Muslim. Men hayotim bilan bog‘liq achchiq hikoyani sizlarga aytib berishga jazm qildim. Toki, o‘qigan insonlarning mudroq vijdoni uyg‘onib, hayotda menga o‘xshagan ko‘ngli yarimlarning shu yarim ko‘ngliga ham tosh otguvchilar qilmishlarini tahlil qilishsa. Men oilamizning to‘ng‘ich farzandiman. Ota-onam menga “Seni o‘n besh yil kutganmiz. O‘n besh yil deganda Alloh bizga qiz farzand berdi” deyishardi. Mendan keyin ikki ukam tug‘ilgan. Men hech qachon o‘zim haqimda asrandi bola degan xayolga bormaganman va bunday narsalar xayolimga kelmagan. Juda erka-tantiq, ota-onamning arzanda qizi edim. Ayniqsa, dadam meni juda yaxshi ko‘rardilar. O‘n uch- o‘n to‘rt yoshimgacha dadamning tizzalarida o‘tirib ovqatlanardim. Ukalarimning biri mendan bir yarim yosh, ikkinchisi uch yosh kichkina edi. Birin-ketin quvalashib o‘sdik. Ota-onam ukalarimdan ham meni ko‘proq yaxshi ko‘rardilar. Dadam erkalab-suyib:

— Yuzimni yorug‘ qilgan Orzuim!- deganlarida ko‘nglim tog‘day viqor olardi. Men yerda yurib emas, ota-onamning qo‘llari kaftida ulg‘aydim. Juda kichkinaligimdan tilloyu zebu zarlarga burkadilar meni. Maktabda o‘qituvchilarim tilla taqinchoq taqib kelmasligimni aytib tanbeh bersa, onam yugurgilab borib o‘sha o‘qituvchini urishib kelardilar. Xullas, men qizaloqlar tugul, katta odamlar orzu qilib erisholmaydigan hayotda yashardim. Albatta tarbiyam ham shu erkalikka loyiq edi. Oltinchi sinfda o‘qib yurgan kezlarimiz edi. Men oldingi partada o‘tirardim. Orqamda ko‘p bolali oilaning farzandi bo‘lgan sinfdosh qiz o‘tirardi. Uning qo‘llari qavargan, yorilgan, tinimsiz mehnat qilardi. To‘g‘ri, o‘sha paytlarda men buni tushunmaganman, uni epsiz qiz deb nafratlanardim. Bir kuni uning sochida bitlar o‘rmalab yurganiga ko‘zim tushib jirkanib ketdim. Hamma sinfdoshlarning oldida yuzing ko‘zing demay:

— Sen bitliqi mening orqamda o‘tirma! Yo‘qol, o‘zi bizning sinfimizda o‘qishing kerakmas edi. Agar biting menga o‘tgan bo‘lsa, oyijonim sochimdan bit topsalar, seni sinfimiz tugul, maktabdan ham haydab yuboraman!- debman… Qiz chinqirib yig‘lab sinfdan chiqib ketdi. G‘alabamdan mamnun edim. Dugonalarim ham doim chiroyli kiyinadigan, shokolad bilan siylaydigan menday dugonasi borligidan xursand, sinfdan yig‘lab chiqib ketgan sinfdosh qizni masxaralab kulardilar. Mana shu kun, bir mazlumani bola ko‘nglini bolalarcha andishasizlik bilan sindirganim hayotimning muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. O‘sha kuni maktabdan uyga qaytganimda darvozamiz taqillab, sinfdosh qizning onasi qizini yetaklab kirib keldi. Salom-alikka ham sabri chidamay onamga baqira ketdi:

— Qani anavi, haromi, asrandi qizingiz?! U haddini bilmas ekan, o‘zim kimligini tushuntiray deb keldim!..- Onam hang-mang edilar. Baqir- chaqir ovozidan qo‘rqib ketib tashqariga chiqqandim, menga ko‘zi tushgan ayolning jazavasi badtar qo‘zidi:

— Hoy, buzuq studentning tashlandiq haromisi, shumqadam! Qizimning sochida biti bo‘lsa, tovoni kir bo‘lsa ham halol nikohdan tug‘ilgan, o‘z ota-onasining bag‘rida yashaydi. Sen sochi toza, tovoni oppoq tashlandiq, haromisan! Onang seni paxta dalasidami, yotoqxonaning shaloq krovatidami ortirib olib, tug‘ib, sharmandalikka chidolmay mana bularga sotib yuborgan. Sen tilingni tiyib yurgin, bitdan hazar qilishingni hammaga bildirib oliftalik qilma, sendan hamma hazar qiladi, aslida!..

Ayol shang‘illagancha hovlidan chiqib ketdi. Anchagacha ovozi ko‘chadan ham eshitilib turdi. Onamning rang-ro‘yga qarab bo‘lmas, cho‘kib qolgan joyidan turolmay qolgandi. Men nimalar bo‘lganini tushunib-tushunmay yig‘lardim. Sinfdoshimning onasi aytgan gaplarni tushunmagan bo‘lsam-da, bir haqiqatni yaxshi tushunib turgandim — men uyida yashayotgan odamlar haqiqiy ota-onam emas. Unda mening ota-onam kim, qayerda ular? Nega men bu yerda yashayapman?..

O‘sha voqeadan keyin ota-onam menga yig‘lab asrandi ekanimni, uzoq yillar farzand ko‘rmay, ajrashib ketmaslik uchun tug‘ruqxonadan bola asrab olganlarini aytishdi.

— Sen tufayli uyimizga, qalbimizga shodlik kirib keldi, sen bizning haqiqiy farzandimizsan! Poyiqadaming xush kelib, ikki o‘g‘illik bo‘ldik. O‘zing bilasan, seni hatto ukalaringdan yaxshi ko‘ramiz,- deyishdi. Ularga hech nima demadim. Lekin o‘shandan keyin maktabga borishni xohlamadim. Bir og‘iz “Endi bu maktabda o‘qimayman” degandim, hech kim e’tiroz bildirishmadi. Shaharga, xolamning uyiga yuborishdi. Maktabni o‘sha yerda davom ettirdim. Xola-tog‘alarim ham men yaxshi ko‘rishardi. Erkalashardi. Lekin men avvalgi Orzugul emasdim. Xolam namoz o‘qirdilar. Ularga qo‘shilib namozni o‘rgandim. Namoz o‘qisam, ruhim yengil tortar, qayg‘ularim unutilar edi. Xolam hadis kitoblar olib berardilar. Hadislarni o‘qirdim. Tushunmagan joylarimni xolamdan so‘rab olardim. Islomni tanish meni ancha ulg‘aytirdi. Maktabni tamomlab oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdim. Islomni chuqur o‘rganish, Allohga bo‘lgan muhabbat meni arab filologiyasiga yetakladi. Tahsil mobaynida o‘qib- o‘rgandim. Misr arab Respublikasiga sayohat qildim. Bir qaraganda, mendan baxtiyor inson yo‘q edi. Lekin ichimdagi iztirob, alam va xijolatlik bir o‘zim va bir Robbimga ayon edi. O‘zim unib-o‘sgan qishloqqa borgani xijolat chekardim. Sinfdosh qiz bilan bo‘lgan xunuk voqea bir lahza bo‘lmasin xayolimdan ko‘tarilmasdi. Dugonalarimning nikoh to‘ylariga ham bormadim. Odamlar meni ko‘rsatib: “Anavi, valadi zino, tashlandiq, asrab olingan” deb malomat qiladigandek tuyular, odamlar orasida yuzim lovullab yonib, o‘zimni qayga qo‘yishni bilmasdim. Bora-bora odamlardan uzoqlasha boshladim. Kamgap, odamovi bo‘lib borayotganimni ota-onam betoblikka yo‘yib juda siqilib ketishdi. Yuragimda ulkan xafalik bor edi. Ammo bu ranjish kimga atalganini bilmasdim. Haqiqiy ota-onam (Bir lahzalik shahvoniy nafsini tiyolmay, badnomlikdan meni yetti yot begona odamlarga berib yuborish bilan qutulmoqchi bo‘lgan kimsalarni ota-ona deyishga tilim bormasa-da)danmi yoki meni bir parcha go‘shtligimdan to hozirgacha ko‘zining qorachug‘idek asrab-avaylab boqib o‘stirgan ota-onamdanmi yoinki hayotdanmi, bilmasdimki, kimdan xafaman…

Menimcha, haqiqiy ota-onam hech qachon meni qidirmagan bo‘lsa ham kerak. Boqib olgan ota-onam ham ular haqida hech narsa bilishmaydi. Ularga “Bir talaba qiz homilador bo‘lib qolgan ekan, uchrashib yurgan yigiti tashlab ketibdi. Qiz boladan voz kechyapti, qishlog‘iqa bola bilan borolmas ekan” deyishgan. Tuqqan onam meni bir marta ham emizmagan ekan. Boqqan onam sun’iy sut va oziqlantiruvchi mahsulotlar bilan boqib katta qilgan ekanlar. Xullas, sho‘rpeshona, etagiga tavqi la’nat yopishgan bir badbaxtman. Afsuski, bu baxtsizlikda mening zarracha aybim bo‘lmasa ham hamma malomat mening boshimga yog‘iladi. Ota-onam balki hayotda yo‘lini o‘rnini topib ketgandir, biroq mana shu tamg‘a — tashlandiq valadi zino ekanligim hayotda o‘rnimni topishim, oila qurishimda xalal berdi.

Xolalarimnikida yurganimda tagli-tugli xonadondan sovchilar chiqdi. Inon-ixtiyorim ota-onamda bo‘lgani uchun sovchilar uyimizga borib ismi-rasmini qilmagunicha kuyov bilan uchrashmadim. Unashtirilganimizdan keyin kuyov bilan uchrashganda ham taqdirim haqida gap ochmadim. O‘ylabmanki, kattalar hammasi o‘zaro gaplashib olishgan, kuyov bo‘lmish men haqimda hamma gapdan xabari bor. To‘y kuni belgilandi. Kuyovni menga taqvodor, ilmli yigit deyishgandi. Nikoh o‘qitishdan oldin undan o‘zim bilan bog‘liq holatim haqida so‘ramoqchi bo‘ldim.

— Tushunmadim, asrandimisiz?!- Savolimdan hayratlandi u.- Hali otangizning kimligini, uning ismini ham bilmasangiz kerak?..

— Haqiqiy ota-onam kimligini bilmayman. Men tug‘ilgan tug‘ruqxonada onamga doyalik qilgan doya-shifokor rus millatiga mansub ayol bo‘lgan ekan. Ancha oldin u Rossiyaga, yaqinlarining oldiga ko‘chib ketibdi. O‘zim haqimda hech qanday ma’lumot ololmadim. Nikoh o‘qilayotganda menga asrab olgan otamning ismi bilan murojaat qilinsa bo‘ladimi, deb shunga so‘rayotgandim…- Ko‘nglim allanechuk dilsiyohlikni oldindan sezib qalqib ketdi. Yigit o‘yga botib qoldi. Biroz sukutdan keyin ketishga chog‘lanib:

— Mayli, qo‘ng‘iroqlashamiz. Men bora qolay,- deb sovuqqina xayrlashib ketdi. To‘y to‘xtatildi. Kuyovning onasi “O‘g‘lim ilmli yigit, nabiralarim tagli-taxtli, nasl-nasabi aniq xonadonning qizidan dunyoga kelishini istayman. Qizlaringiz yaxshi, lekin hamma gap qonda, naslda! Biz nasabining tayini yo‘q qizni kelin qilmaymiz!” debdi onamga. Onam boyaqishning qon bosimlari ko‘tarilib, ancha payt betob yotdilar. Albatta to‘yimning buzilgani menga ham ozmuncha sitam yetkazmay qolmadi. Biroq avvaldan shunday holatlarga tayyor bo‘lganim uchun biroz oson yengdim, shekilli. Shu voqea sabab bo‘lib haqiqiy ota-onamni qidirshga tushdim. Avvaliga onam mung‘ayib qoldilar. “Ota-onasini topsa bizdan voz kechib ketadi” degan xayolga bordilar chog‘i. Ammo hech qachon bunday o‘ylamaganman. Men uchun meni shu darajaga yetkazgan ota-onam hammadan aziz va hurmatli. Nonko‘r emasman, hammasini bilaman, alhamdulillah. Biroq asliyatim, nasl-nasabimni bilish uchun ham menga haqiqiy ota-onamni topish muhim edi. Yuragimni o‘rtaydigan bir javobsiz savol bor edi: “Otamku men tug‘ilmasdan valadi zino bolaning yuzqaroligidan o‘zini soqit qilib, mendan voz kechibdi. Nahotki onam bir marta bo‘lsa ham meni eslamadi? Qidirib ko‘rmadi?.. Bu og‘riqli savol avval faqat qalbimda, o‘zimda pinhon edi. Oxiri bir kuni onamdan so‘radim.

— Bola asrab olinayotganda bolasini berayotgan odamga bu shartlar qo‘yiladi. Ya’ni bolaning haqiqiy ota-onasi hech qachon uni izlamaslikka, asrab olgan xonadonning tinchini buzmaslikka kelishiladi…

— Bu noto‘g‘ri-ku? Mana, oqibati yaxshilik bo‘lmadi-ku, oyi? Menga o‘xshagan qancha odamlar haqiqiy ota-onasini topolmay, asliyati kimligini bilolmay sarson yurgandir!

— Bilmasam, bolam, bilmadim. Taqdirning ishlari-da, nima deysan, endi? Bola asrab olayotganlar asrandi bolasi o‘z farzandidek bo‘lishini istaydi. Hech kim asrandi bolasi katta bo‘lib, o‘z oilasi topilgach, asrab olgan oilasini tashlab ketishini istamaydi.

— Bu inson ustidan hukmronlik-ku, oyi? Mutlaqo noto‘g‘ri. Shariat ham buni yoqlamaydi. Birovning bolasi hech qachon insonga o‘z bolasi bo‘lmaydi!..- Bu gapim onamga malol keldimi, ho‘ngrab yig‘lab yubordilar. Ko‘ngillarini og‘ritishni istamasam-da, haqiqat shu edi. O‘sha kundan boshlab haqiqiy ota-onamni izlashga tushdim. Otamni topishdan umidimni uzgan edimkuya, lekin onamni izlab topishimga ishonardim. Biroq har qancha harakat qilmay, bu muammoimning mushkulotiga yechim topolmasdim. Aftidan, doya ayol onamni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazmay, tug‘ruqxonada birovga bildirmay yashirincha tug‘dirgan va asrab olgan ota-onamga meni pullagan ko‘rinardi. Odamga qanchalik alam qiladi, a? Ham asrandi, ham odam savdosining qurboni bo‘lsang. Buning ustiga o‘z tuqqan onang pulga sotib, hamma axlatni, malomatni senga ag‘darib, peshonangni sho‘r, seni baxtsizlikka mahkum qilib yallo qilib hayotida davom etsayu, sen sho‘rishlaringni qanday yuvishni bilmay, uni izlab har tomonga sarson yursang! Bu tolesizlikni inson tugul, hayvonga ham ravo ko‘rmayman! Mana, sizga bir valadi zino asrandi qizning qismati. Insonlarning hayotga yengil qarashi, halol-haromni farqlamasligi, gunohdan tiyilmasligi va eng asosiysi Allohdan uzoqlashgani sababli o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatda aybdor va baxtsiz bo‘lib qolgan qiz — mening kelajak qismatim qanday bo‘lishi yolg‘izgina Robbimga ayon. Har qanday holatda ham shukr va duoni kanda qilmayman. Allohning Haqiqiy Diydor kuni bor, alhamdulillah. Va U kunda hamma o‘z harakati uchun javob beradi, hisob beradi. Ana shu haqiqat qalbimga halovat bag‘ishlaydi. Hurmat bilan Orzugul…”

Bu muslima singlimizning maktubini o‘qib bir paytlari o‘zim chekkan iztiroblardan qolgan jarohatim tirnaldi. Men ham o‘zimni valadi zino bo‘lsam kerak, onam nikohsiz bola orttirgani uchun meni tug‘ib, tashlab ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Besh -olti yil avval yozuvchimiz Tohir Malik (Alloh ulardan rozi bo‘lsin!)ning uylarida ular bilan bir ish ustida ularnikida bir kun birga bo‘lganman. Namoz vaqti kirgach meni oldinga o‘tkazib, imom qilib qo‘yardilar. Noiloj Ustozning gaplarini yerda qoldirmaslik uchun imom bo‘lardim. Oldinlari “Valadi zinoning imom bo‘lishi makruh” deb eshitgandim. Shu bois jamoatlarga ko‘p chiqmasdim, ba’zan ko‘p ehtimolga ko‘ra imomlikka o‘tishim kerak edi. Imomlikka o‘tib qolsam ancha vaqt katta gunoh ish qilganday ich-ichimdan ezilib yurardim. Valadi zino emasligimni bilganimda eng avvalo shuning uchun xursand bo‘lgandim…

***

Xullas, yillab kutgan orzuim kutilmaganda ushaldi. Kichkina akam meni topdi, telefon oraqli suhbatlashdik, tanishdik. Ko‘rishdik… G‘alati a, odam ham o‘z tug‘ishgan akasi bilan tanishadimi, qirq yil o‘tib ko‘rishadimi? Otamiz va boshqa qarindoshlarimiz boshqa shaharda, qo‘shni Respublikada yashashar ekan. Viza va boshqa masalalar bo‘lib besh-olti oy o‘tgach, nihoyat, ular bilan ko‘rishdim, alhamdulillah! Biroq, yoshligimdan ular uchun atab qo‘ygan, bir umr orziqib, entikib kutgan ana shu quvonchli damlarimda aytishim kerak bo‘lgan so‘zlarni ularga ayta olmadim… Shuncha vaqt yuragimning tub-tubida yig‘ib yurgan dardimni, aytmoqchi bo‘lib yurgan so‘zlarimni ularga aytishim to‘g‘rimi yoki noto‘g‘ri, bila olmadim…

Otam va jigarlarimni ko‘rgani borgunimcha ming bir chig‘iriqli o‘y, ming bitta ruhiy g‘ovni yengib o‘tishim kerak bo‘ldi. Qaysi yo‘lni tanlashni bilmay turganimda ustozim shayx hazratlariga arz qilib, dardi dilimni to‘kib soldim:

— Sizga ma’lum bo‘lsinki, bundan 5-6 oy oldin yo‘qotgan qarindosh-urug‘larim bilan topishdim. O‘shanda ularning ko‘plab takliflariga qaramay, tug‘ilgan yurtimga borib, qarindoshlarim bilan ko‘rishib kela olmadim. Pasport va viza masalalari muammo edi. Endi muammo hal bo‘ldi, horijga chiqish uchun pasport oldim. Viza olishim kerak (ikki oydan beri moddiy muammolar tufayli buning uddasidan chiqa olmayapman). Bundan tashqari, yo‘l xarajatlari bor, bemor otamga bir-ikki so‘m ham berib kelishim kerak. Xullas, bora olmasligimga tobora amin bo‘lib boryapman. Vaqt esa o‘tmoqda… Endi xayolimda bormaslikka bahona izlayapman. “O‘zlari tashlab ketgan, nega borishim kerak va hokazo shu kabi alamzadalikka tortadigan fikrlar. Shu to‘g‘rimi?

Qalbim hijron o‘tida o‘rtanayotgani rost, ammo borishga, ko‘rishishga imkon yo‘q. Otam, akalarim kuniga chaqirishadi, qalbimdagi shundoq ham yonayotgan olovga moy sepishadi. O‘zi ular meni nega topishdi, qiynamoq uchunmi?.. Bormasam gunohkor bo‘lmaymanmi? Borishni toqatimdan tashqaridagi narsa deb hisoblayapman. Shundan o‘zimni baxtsiz his qilyapman. Shu to‘g‘rimi?.. Otam yoshligimda tashlab ketgan bo‘lsa ham, unga g‘arazim yo‘q, nachora, taqdir ekan. Biroq, tashlab ketgan bo‘lsa ham xizmatini qilib, duolarini olishim kerakmi? Otalik haqqi faqat dunyoga keltirish bilangina hosil bo‘ladimi yoki farzandi oldidagi haqlarini ado qilsaginami? Akalarim bilan, ularning farzandlari bilan deyarli har kuni internet orqali gaplashib turaman. Dadam har kuni meni so‘rar ekanlar. Bormayotganimga qalbi ranjisa, gunohkor bo‘lib qolamanmi yoki parvo qilmayinmi?..

Shayx hazratlari rohimahulloh:

— Qarindoshlik aloqalarini uzmang, ularning oldiga boring, ammo bu yoqdagilarni ham xafa qilmang,- deb javob berdilar…

Shundan so‘ng ota yurtga otlandim…

Diydor onlarini tasvirlashga qalam ojiz. Diydorgacha har kun xayolimda, har tun tushimda ko‘rganim, orzu olamimning tuman ortidagi tasvirlarini anglatish tilimga og‘ir. Bu hisni mening holatimga tushganlar, men chekkan iztiroblarni tortganlar his qiladilar. Otam bilan ilk bor ko‘rishganimda yig‘lab yubordim. O‘zimni tuta olmay qoldim, hissiyotlarga berilib ketdim. Yo‘q, berilib ketdim emas, balki o‘zimni hissiyot ummoniga otdim, desam to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Yoshi qirqqa yetgan, o‘n yoshidan beri ko‘z yoshi nimaligini bilmagan odamning ko‘zidan beixtiyor sel kabi yosh oqsa, qiziq bo‘lar ekan. O‘ttiz yil ichida yig‘ilib qolgan ko‘zyoshlarim ham ko‘p ekan, bitta tomchisi ham qolmay, daryodek oqib chiqdi. O‘zimdan juda hayratda qoldim. Men o‘zimni bilmas ekanman, men o‘zimni nazorat qila olmas ekanman. Hissiyot kuchli ekan, balki bu hissiyot emas, balki alamdir ko‘zimdan suv bo‘lib oqib chiqqan, endi ichimda alam, dard qolmadimi, ular endi yo‘qmi?..

Alloh taolo rahmatining inson ko‘zida tomchi-tomchi holda namoyon bo‘lishidir ko‘z yoshlar! Ayting-chi, qay bir saodat undan mazalirok, qay bir huzur undan samimiyroq? Ko‘p yillardan beri sog‘inganmiz ko‘z yoshlarini. U haqda ulug‘larni yelkasida ko‘targan yerdan, toshlardan, boshpana bo‘lgan uylardan, masjidlardan so‘rang! Jiqqa ho‘l bo‘lgan joynamozlardan, sog‘inchi ichiga sig‘may tirs-tirs yorilayotgan masjidlarning ustunlaridan so‘ranglar ko‘z yosh nimaligini… va butun umr ota-onasini ko‘rish orzusida yashagan yetimdan so‘rang, ko‘z yosh neligini. Asrandi bo‘lib yashayotganini biladigan, tengdosh do‘stu o‘rtoqlari ota-onasiga erkalik qilganida, o‘zini asrab olgan ota-onasiga muztar tikilgan murg‘ak qalbdan so‘rang ko‘z yosh nimaligini! Bolalar o‘z ota-onasiga sho‘xlik-beboshlik qilib, tanbeh eshitsa iljayib qochadi, tanbeh eshitganida yarimgina ko‘ngli chil-chil sinib, yig‘lab yuborishdan qo‘rqqanicha ko‘ksidagi xo‘rsiniqni qalbiga yashirgan asrandi bolakaydan so‘rang ko‘z yosh neligini. Ey yig‘lashni unutganlar, beg‘amu bedardlar, yig‘lanadigan hollariga kulayotganlar! Kelinglar, beg‘amligimizdan voz kechib, birgalikda yig‘laylik, jaholatimizga, gunohlarimizga, yo‘qotganlarimizga, qusurlarimiz ko‘pligiga, tuyg‘ularimizning dag‘allashganiga, qalbimizning tobora qattiqlashib borayotganiga yig‘laylik…

Baxtli edim. Ha, baribir bandamiz. Bandalik xususiyati bilan, dunyo saodatini ota-ona, jigarlar bilan bag‘ributunlikda ko‘ramiz. Zotan, bular ham Allohning bandalariga bergan ne’mati. Men otam va jigarlarim bilan diydor ko‘rishish nasibini duolarim, tunlari Robbimga yolvorib, joynamoz ustda xo‘rsinib to‘kkan ko‘z yoshlarim uchun Alloh taolo bergan mukofoti deb hisobladim orzularim ushalganini. Alhamdulillah, endi valadi zino emasligimdan bir sevinsam, ota va jigarlarim bilan topishganimdan ming quvonardim.

***

Ammo hammasi faqat shu quvonch bilan bog‘liq emas ekan. Astoydil quvonishimga monelik qiladigan holat — buyoqdagi ota-onam bundan xabar topsalar qay ahvolga tushishlarini o‘ylash bo‘ldi.

Bolaligimdan parvarish qilib, ne-ne orzu-havaslar bilan meni katta qilgan yaxshi odamlarga, aziz insonlarimga endi nima deyman? Bilaman, ularga yaxshi qarash, yaxshilik qilish insoniylik burchimdir. Biroq, ularga bor haqiqatni qanday aytaman? Ayta olamanmi o‘zi? Aytishim kerakmi yoki yo‘q?

Uyga qaytganim bilan qalbim, yangi topgan oila bilan birga qolgandi. Har kuni internet va boshqa aloqa vositalari bilan aloqada bo‘lib turardik. Bu yoqdagi ota-onamga bu haqda hali ovoz ochmadim. Ammo ular bo‘lib o‘tgan voqealardan allaqachon xabardor ekanlar. Xullas, bular bilan qachonlardir gaplashishimiz lozim bo‘lgan masala haqida gaplashish vaqti yetib kelayotgandi. Qirq yildan beri kutib yurgan daqiqalar yaqinlashgani sayin, men bundan cho‘chishni boshladim. Bu haqda gap so‘z bo‘lmaslikni istardim. Ammo…

Ota-ona xonamga kirib, sen bilan muhim narsa haqida gaplashmoqchimiz deb gap boshladilar.

Otaxon:

— Alloh taolo bizga farzand ko‘rish baxtini nasib qilmadi. So‘ng seni asrab oldik,- dedilar. So‘ng, ota-onam yana ko‘p narsalarni gapirdilar, olam yig‘iga to‘lib ketdi, go‘yo… Men ularni tinchlantirishga urindim. Payg‘ambarimiz hayotlarini aytdim. Ular ham yetim o‘sgan, ular ham asrab olganlar dedim. Yetim boqqanlar payg‘ambarimiz (sav) bilan jannatda birga bo‘ladi, degan mazmundagi hadislarni aytib berdim. Yig‘i to‘xtamadi…

Onaxon:

— Sen topgan va aloqa qilib yurgan oilang, haqiqiy ota-onalaring ular emas, -deb qoldilar. Meni xayolimda, rashk qilayotganidan, ulardan qaytarishga urinyapti, deb o‘yladim. Dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib ketdi.

Otaxon esa:

— Sening otang millati polyak, onang esa koreys bo‘lgan- deb yerga tikilib, yelkalari titrab-titrab yig‘ladilar. Xayolimdan “endi bu yog‘i fantastika bo‘lib ketdi”, degan o‘y o‘tdi. Ota-onam so‘zlarini isbotlashga tushib ketdilar. Ularning holatini “o‘zlaricha men uchun kurashyapti, oilamni topganim ularga yoqmadi, shuning uchun bu narsalarni to‘qib aytyapti” degan xayolga bordim. To‘g‘rida, butun umr o‘zbek bo‘lib yashagan bo‘lsam, o‘zbeklarni yaxshi ko‘rgan bo‘lsam, o‘zbekligimdan faxrlanib, uni tarixi va adabiyotini jondan ortiq yaxshi ko‘rsam qanaqa polyak, qanaqasiga koreys bo‘lay, axir?!.. “Bu savdolarning oxiri bormi?!” degan hayqiriq yuragimni o‘rtardi. Nima to‘g‘ri, nima yolg‘onligini bilolmay karxat ahvolda qolgandim. Qalbim esa “Sen topgan kishilar haqiqiy oilang, otang tirik, jigarlaring bilan topishding” deb tasalli berardi…

Xullas, hujjatlarni va boshqa kerakli narsalarni tekshirib chiqdim. Endi haqiqiy oilamni topdim. Bitta opacham, beshta ukam va bir singlim bor ekan. Hammasi yetimlikning achchiq zahrini tortgan. Ayni vaqt hammasi o‘zi bilan o‘zi, oilalari bor. Ular nasroniy e’tiqodida ulg‘aygan bo‘lsalar ham ular bilan bordi-keldi qilib turibman…

* * *

Bu orda Ustozim shayx hazratlari dorul baqoga ketdilar. Ko‘z yosh, yig‘ilar yig‘ilarga ulanib ketdi. O‘zimni ancha yo‘qotib qo‘ydim. Ota-onam kimligini bilib, ular bilan aloqa o‘rnatib baxtiyor va ma’sudlikdan boshim yettinchi osmonda bo‘lganida aziz insonimni yo‘qotish xuddi osmon o‘pirilib tushgandek bo‘ldi… Ancha vaqt o‘zimga kela olmay yurdim. Vaqt yaralarga malham bo‘lolmas ekanu, dardiga ko‘niktirar ekan. Ayriliqqa sekin-asta odatlanib, hayot tashvishlari, quvonchu qayg‘ulariga sho‘ng‘ib boraverdim. Muhimi, qalbimdagi olishuvdan xalos bo‘lib, javobsiz savollarimga javob topdim. Ushbu bitiklarni o‘qiyotganlar: agar siz asrandi bola bo‘lib, bu haqida bilsangiz, haqiqiy ota-onaningiz kim ekanini aniqlashga harakat qiling. Agar ularni izlashingiz asrab olgan oilangizga ozor yetkazadigan bo‘lsa, ulardan yashirib izlang. Agar asrab olgan bolangiz bo‘lsa, ularga o‘z ismlari, nasablari va otalarining ismlarini qaytaring. Ertami -kechmi sizdan meros bo‘lib qoladigan mulkingizni oldindan hal qilib qo‘ying. Bolangizning haqiqiy ota-onalari haqida bor bilgan ma’lumotlarni unga aytib qo‘ying. Agar ma’lumotlar  yetarli bo‘lmasa, zarur ma’lumotlarni topib berishga harakat qiling.

Agar kimnidir asrab olish ehtiyoji bo‘lsa vasiylikni rasmiylashtirishga harakat qiling, bu shariatga to‘g‘ri keladi. Vasiylikni rasmiylashtirib bo‘lganingizdan so‘ng boladan yaqinlari haqidagi haqiqatlarni yashirmang. Asrab olingan bolaga bor haqiqatni aytish — asrab olgan oilaning burchidir. Agar ular turli bahonalar bilan buni yashirishga urinsalar, Qiyomat kuni bu haqda albatta so‘raladilar.  Hozir kuzatilayotgan va ko‘pchiligi katta bo‘lgan, ya’ni 40-50 yoshga to‘lgan asrab olingan odamlar o‘zlarining haqiqiy ota-onalari kim ekanini bilishga haqlari yo‘q. Hatto asrab olgan ota-onalari o‘lib ketgan bo‘lsa ham yoki ularning roziligi bo‘lsa ham haqiqiy ota-onalarini topish nihoyatda qiyindir. Asrab olishni sir saqlash – sovet davridan qolgan eskilik sirqiti bo‘lib, u bugun musulmonlar orasida hali ham joriydir. Nafaqat mo‘minlar, balki bola haq-huquqini hurmat qiladiganlarning barchasi ham bu odatdan voz kechish vaqti yetib kelganini aytishmoqda. Keling duo qilaylik, asliyatini bilmaydigan minglab bolalar, o‘zligini bilishga muvaffaq bo‘lishsin! Asrab oluvchilar ham asrab olgan bolalarining bu ishni nafslariga ergashgani yoki ularga qarshi borganlari uchun emas, balki qalb nidosi tufayli haqiqiy ota-onalarini izlayotganini tushunsinlar! Jamiyatimizda qarindoshlik aloqalari esa, aniq va shaffof  bo‘lishi nasib qilsin! Omin.

Abu Muslim

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

Iltijo (sheriyat) - miniatyura

Iltijo (sheriyat)

ILTIJO   Bu ko’hna olamda orimsiz otam. Shul olam shodligi ziyoyim onam Sizga nelar qilsam, …

Биз сайтни энг яхши намойиш этиш учун cookie-файллардан фойдаланамиз. Ушбу сайтдан фойдаланишда давом этиб, Сиз cookie-файллардан фойдаланишга розилик билдирасиз.
Қабул қилиш
Рад этиш