Домой >> МУТОЛАА >> АДАБИЁТ >> Hayot darichasi

Hayot darichasi

Hayot darichasi

Hikoya

 

-Jahon, bugun ishga bormaysanmi?

Kecha futbol ko‘rib ancha kech uxlaganimga qaramay hayotimda birinchi bor onamning ovozini eshitishim bilan o‘rnimdan o‘qday otilib turdim.

Yuvunib bo‘lgach artinish uchun sochiqni olarkanman soat millariga ko‘zim tushib dodlab yuboray dedim. Hali 6 ham bo‘lmabdi. O‘zi onamning odatlari shunaqa o‘rinlaridan turganlaridan hammani uyg‘otishga tushadilar.  Hali yig‘ilmagan o‘rnimga havas bilan qararkanman bir xayolim qaytib cho‘zilib olsammikkan ham dedi. Ammo yozning yoyilayotgan quyoshi xonamni qizdirishni boshlagandi. Ishxonaga boray desam hali juda erta. Oshxonaga kirib choy ichishga ham erinib, quvvatlantirishga qo‘ygan telefonimni oldim.  Uni yoqishim bilan menga kelgan xabarni qabul qilib olishim haqida tinimsiz musiqa yangray boshladi. Aslida men birov bilan smslashmayman. Odatda kompaniya yoki mchs xabarlari meni bezovta qilib turadi.  Vaqtni o‘tkazish uchun ularni erinmay o‘qiy boshladim.  Ammo orasidagi bir notanish raqamdan kelgan sms meni qiziqtirib qo‘ydi. “Uchrashamiz. ok”. Bunday hazilni menga yon atrofimdagilar qilolmasligi aniq. Jo‘natuvchi raqamda adashgan yoki… Biroq oxirgi ok qo‘shimchasi menga juda tanish edi.  Men uch yil ichida zo‘rg‘a unutgan xotiralar yana ko‘z oldimda gavdalana boshladi.

***

Talabalik nasib etgan kishiga bu lahzalar hayoti davomidagi eng quvnoqli, esda qolarli davr bo‘lishi rost. Diplom ishi, imtihonlarni inobatga olmaganda umring sarguzashtlar bilan o‘tadi. O‘sha damlarni eslasam … yana baribir Zuhrani yodga olishimga to‘g‘ri keladi.

Bir yillik o‘z hisobimdan olingan ta’til, harbiy xizmat sabab men kelib qo‘shilgan kursda o‘qiyotgan saboqdoshlarim ukam tengi yigit–qizlar edi.  Anchagina o‘zimni bosib olgan, uning ustiga hayotda chiniqib qaytganim uchun atrofimdagi kichkinalar bir yilcha chiqishib ketolmadim. Ba’zilarning hatto ismini ham bilmasdim. Bir kuni diplom rahbarim Dildora Qosimovnani kafedra xonasi yonida kutib tursam sochlari sap-sariq bir qiz kelib, avval eshikni taqqilatib, keyin qulflangan eshik dastagini buradi.

-Yaxshi qiz men ham ularni kutib turibman. Hali kelishmagan — dedim sabrim chidamay.

-O‘lmang, aytmaysizmi shunday deb. Endi mazza qilib ustimdan kulib o‘tiribsizmi? O‘zi bu tannozni topish bir muammo. Oladiganim uch baho-yu, yugurganim necha kun.

Men hali hech narsani so‘rab-surishtirmasimdan nega imtihon topshirolmagani, domlaning nega qizlarning unchalik xushlamasligini gapira ketdi. Bilmadim oradan necha soat o‘tdiki shu kungacha tanimaganim o‘z fakultetimda o‘qiyotgan bu qiz bilan umuman zerikmadim.

O‘sha kuni Zuhra ta’biri bilan aytganda aldoqchi, manmansiragan domla ishga kelmadi. Xayrlasharkanmiz.

-Opangiz sizday chiroyli yigitlarni yaxshi ko‘radi, singlim bo‘ladi, deb menga ham baho qo‘ydirib berarsiz –dedi.

Aslida Dildora opa Zuhra o‘ylaganchalik yomon ayol emas, faqat bilimlilarni hurmat qilardi. Uning reyting daftarchasini olib kirganimda, “singlingiz darsdan qochib kinoma-kino sang‘iguncha yaxshi o‘qisin, ilmi boru dangasa” deya hurmatim uchun o‘zi rozi bo‘lgan 3 bahoni qo‘yib berdi.

Shu-shu Zuhraga “tank” bo‘lib qoldim. Nima masalada qiyinchilik tug‘ilsa oldimga yugurib kelardi. Hattoki dugonalari bilan arazlashib qolganida ham mendan madad kutardi. Har ertalab 08.09da undan “borligingizga shukr Ok” degan dil izhorini olardim. Shu parolni olishim bilan kiyinib pastga otilar u bilan birga darsga ketardik. O‘zim ham unga shu darajada o‘rganib qoldimki, ertalab ko‘rsam-da, kechga borib sog‘inib qolardim.

Talabalar shaharchasidagi yotoqxonalarimiz orasi yaqin bo‘lganligi sabab bozorni bahona qilib uning derazasi qaragan yo‘lak tomondan o‘tardim. Badiiy kitoblar jinnisi bo‘lgan Zuhra 2 qavatdagi xonasining deraza tokchasiga o‘tirib olib kitob o‘qirdi. Ammo qanchalik sezdirmaslikka harakat qilmay, meni ko‘rib qolib yotoqxonani boshiga ko‘tarib ismimni aytib baqirardi:

-Ja-hon-gir…

Keyin yugurib yonimga tushar, bir kilo kartoshka uchun ham poyi –piyoda Chorsugacha kelib ketardik. Charchoqdan oyoqlarimizning qavarishi ham bizga huzur bag‘ishlardi. Zuhra o‘qigan kitobini gapirib bersa.

-Adabiyotga shunchalik qiziqarkansiz, texnikada nima qilib yuribsiz –derdim.

-Shu kungacha o‘zim hayronman, endi esa xursandman-deya chopib ketar. Atrofdagilarning qarashlaridan ba’zan men uyalsam, — joyimiz almashib qolgan, deb qiqirlab kulardi.

O‘zimdagi o‘zgarishni sevgi deb tan olmaslikka qanchalik urinmay baribir u his menda ustunlik qildi. Men Zuhrani , Zuhra meni sevib qolgandi. Hech qachon bu so‘zni tilimiz bilan aytmagan bo‘lsak-da, har bir harakatimiz, so‘zlarimiz bilan bildirib qo‘yardik.

— Nima qilibdi, sendan ham boshqa sevganlar ham bo‘lgan, hammasi baxtli — deyishdi o‘zini yaqin olganlar menga. Ammo men sevganimni baxtli qilolmasdim. Chunki meni bir yil oldin ammamning yoshligimizdan birga katta bo‘lgan qiziga unashtirib qo‘yishgan edi.

Ammam birinchi turmushi bo‘lmagach, o‘zi bilan ishlaydigan xotini olamdan o‘tgan hamkasbiga turmushga chiqib chet elda yashay boshladi. Qizi o‘gay ota qo‘lida qiynalishini istamadi shekilli buvim bilan kelinoyisi bo‘lgan mening onamga qoldirdi.

Yillar o‘tsada o‘rtada farzand bo‘lmadi pochcham “qizingni o‘z qizimday ko‘rib tarbiyalayman” degach uni ham chet elga olib ketdi. Biz ular bilan yilda bir uchrashardik yoki yo‘q. Har safar Mahzuna kelganida onam uni o‘z qizidek kutib olar, keyin sarpo-suruqlar bilan yig‘lab jo‘natardi. Ammam oxirgi kelganida yolg‘iz qizining bo‘yi yetib qolganini, ammo uni yetti yot begonaga berishdan qo‘rqayotganini aytganida uyning kattalari — bobom va buvim  “Qizing o‘zimizda qoladi. Qavmi bir bo‘lsa ham qoni boshqa Jahongirga olib beramiz. U senga ham jiyan ham o‘g‘il bo‘ladi ” deb duoga qo‘l ochishgach, ammam ham,ota- onam ham quvonch bilan rozi bo‘lishibdi. Mening ustimdan chiqarilgan bu hukmni birinchi eshitib jahlim chiqdi, biroq o‘ylab ko‘rsam Mahzunadan topiladigan aybning o‘zi yo‘q. Oliy ma’lumotli, ko‘hlikkina , qolaversa o‘zim bilgan ammamning qizi.  Mahzuna bu xabarni qanday kutib olganini bilmaymanu, bir marta telefon orqali gaplashmoqchi bo‘lganimda ammam sendan uyalyapti, degach uni kitoblarda yozilganidek chimildiq ichida ko‘rishga ahd qilgandim.

Men uchun sevgi muhabbat yot narsalar edi. Turmush qurush uchun yaxshi qiz bo‘lsa bo‘ldi, deb o‘ylardim.

Zuhra esa hamma aqidalarimga qarshi isyon ko‘tarishimga sababchi bo‘ldi. Uni kuzda uchratgan bo‘lsamda hayotimga bahor olib kirgan edi. O‘zimdan so‘roqsiz uni yaxshi ko‘rib qolganimni ancha kech angladim. Kun o‘tgani sari mening to‘y kunim yaqinlashardi. Qiyin bo‘lsada o‘zimni undan chetga ola boshladim. Ko‘rib ko‘rmaganlikka, qo‘ng‘iroq qilsa eshitmaslikka oldim. U ham juda g‘ururli qiz edi. Biror marta oldimga kelib “nega bunday qilyapsiz” deb biror og‘iz so‘ramadi, oraga odam solmadi.

Imtihonlarni tugatib, kursdoshlarimning bizni kuting jamoaviy bitiruv oqshomi qilamiz deyishiga ham qaramasdan narsalarimni yig‘a boshladim. Buni eshitgan Zuhra chidolmagan shekilli oldimga yugurib keldi.

-Ketyapsizmi, ok!

Bilardimki uning jahli chiqsa yoki biror narsadan quvonsagina so‘zining oxirida inglizcha “okey” so‘zining qisqartmasini ishlatardi.

-Ha.

-Aytsangiz ham ortingizdan yugurib bormasdik.

Tomog‘imga nimadir tiqilib bir so‘z aytolmadim. Aytishga, uning ko‘nglini sindirishga haqqim yo‘q edi.

-Men hammasini bildim.

Yuragim shu darajada tez urdiki, qo‘rqanimdan ko‘zimdan yosh tirqiladi.

-Meni o‘yinchoq qilmoqchi bo‘libsiz. Men jinni esa baribir menikisiz deb yurgan ekanman.

-Xudo shukr… — bu so‘z qanday tilimga ko‘chganini bilmay qoldim. — Meni kechiring, yaqinda to‘yim bo‘ladi.

Keyin nima bo‘lganini bilmayman. Aslida esga olishni istamayman.

Hayotim o‘sha kundan barbod bo‘ldi. Uyda to‘y uchun tayyorgarlik bo‘lyapti-yu mengina hamma narsaga beparvo.

Meni o‘zgarib qolganimni darrov onam angladi. Shunda bor gapni aytishga majbur bo‘ldim.

-Qaytib bu gapni tilingga ham ola ko‘rma, to‘yning qaytishini eshitsa birinchi bobong bilang buving yotib qoladi, keyin dadang ham singlisi –yu jiyani uchun jonini berishini bilasan.

Bu mening birinchi va oxirgi isyonim bo‘ldi. Endi faqatgina jonsiz kuyov rolini o‘ynab bersam butun tashvishdan qutilardim.

Baribir ming chiranmasin odamzod o‘z taqdiriga hukmdorlik qilolmaskan. Iyunning oxirlarida bizni ogohlantirmay ammam bilan pochcham tashrif buyurdi. Mahzunasiz kelganiga hammamiz hayron edik. Oradan ikki kun o‘tib hammasi ayon bo‘ldi. Jiyanimning ham ko‘ngli boshqa yigitda ekan. Onasining o‘z ustidan chiqargan qaroridan norozi bo‘lib hozir boshqa mamlakatga ketib qolganmish. Shu bo‘ldi-yu o‘zim istamagan to‘y haqida boshqa hech qachon gapirilmadi. Orada aka-singillik rishtalari uzildi.

Men esa “sen bo‘lmasang sanamjon” deya qayta Zuhraning oldiga borishga yuzim chidamadi. Balki u ham achchiq ustida birorta sovchiga rozilik berib qo‘ygan bo‘lsa-chi? Xullas aldangan u emas, men bo‘lib qoldim. Bo‘kadan Buxoroga borib uning xabarini olib kelishga yuragim betlamasdi. Hattoki u haqida kursdoshlardan so‘rashga ham uyalardim. O‘qishni bitirib uch yil bo‘ydoq yursamda uydagilar meni uylan deb majburlolmas, ularga “bir marta unashtirilib bo‘ldim” degan javobimning o‘zi yetarli edi. Faqat onamgina “O‘shanda sevganingni olib bersak bo‘larkan”, — derdi o‘kinch bilan.

***

Meni kim kutishi mumkin? Qiziqishim ustun kelib o‘sha raqamga qo‘ng‘iroq qildim. Raqam o‘chirilgan. Demak, men bilan kimdir hazillashgan. Ammo hozir tezroq ko‘chaga chiqqim keldi. Ishxonaga borib ish bilan chalg‘isam hammasi o‘tib ketadi. Ishxona darichasidan kirarkanman, qoruvul yigit ruxsatnomamga ham qaramay “sizni kursdoshingiz kutib turgandi” — dedi. Saharlab kim meni yo‘qlab kelishi mumkinligini o‘ylab bo‘lmasimdan, darichaning u tomonida kulib turgan Zuhrani ko‘rdim.

-O‘lmang aldoqchi, uylanmabsiz-u…

O‘sha tanish ovoz. Men hecham adashmabman.

-Shu yergacha topib keldingizmi? Qanday qilib- so‘rayman soddalik bilan.

-Siz dunyodan juda orqadasiz, Jahongir. Tezlashgan olamdan o‘zib ketaman deb xato qilasiz, ok. Men uch yildan buyon sohangiz bilan bog‘liq tashkilotda ishlayman. Har olti oyda sizning oilaviy ahvolingizni bilish uchun, so‘rovnoma olaman. Endi o‘zim bu ishga bosh bo‘lmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi.

Men bu shaddod qiz oldida nima qilishni, nima deb javob berishni bilmasdim. Faqat uzatilgan nozik qo‘llarni mahkam ushlab yuragimga qo‘ydim:

–Xudoga shukr!

Laylo KARIMOVA

Hamisha xushkayfiyat Sizga hamrox bo‘lsin!

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga va oilangizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik, baxtli hayot kechirish hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Sizga hikoya manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing!

Adabiyot bo‘stonidan bahra olish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan asarlar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Shuningdek, Laylo Karimovaning qalamiga mansub bo‘lgan asarlar Sizni qiziqtirsa, mazkur sahifada ularning biri bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Hikoyaga munosabat bildirib, o‘z sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman. Oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman!

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

Iltijo (sheriyat) - miniatyura

Iltijo (sheriyat)

ILTIJO   Bu ko’hna olamda orimsiz otam. Shul olam shodligi ziyoyim onam Sizga nelar qilsam, …

Биз сайтни энг яхши намойиш этиш учун cookie-файллардан фойдаланамиз. Ушбу сайтдан фойдаланишда давом этиб, Сиз cookie-файллардан фойдаланишга розилик билдирасиз.
Қабул қилиш
Рад этиш