Ultimate magazine theme for WordPress.

KIRMONSHOH. HASHILON BOTQOQLIGI

55

Eron tabiatining jozibali manzaralari

Eron tabiatining jozibali maskanlaridan va mamlakatning eng muhim suv ekosistemalaridan biri Hashilon botqoqligidir.

Yeri torf qatlamlaridan iborat bu botqoqlikni mutaxassislar tabiatning bir nav xatosi deb atashadi. Zero, iqlimi issiq va quruq bo‘lgan mintaqada qutbga xos botqoqlikning mavjudligi ajablanarli hodisa hisoblanadi.

Bir necha ming yillik tarixga ega go‘zal Hashilon botqoqligi Kirmonshoh shahridan 26 kilometr uzoqlikdagi Hashilon qishlog‘ida joylashgan. Hashilon so‘zi mahalliy (kurd) tilidagi hashi-ilon, lon-in so‘zlarining birikuvidan tashkil topgan bo‘lib, “Ilonlar ini” ma’nosini bildiradi. Botqoqlikning bunday nomlanishiga sabab unda ilonlar, ayniqsa, suv ilonlari juda ham ko‘pligidir.

Kirmonshoh. Hashilon botqoqligi.2

Eron va mintaqada eng qadimiy hisoblangan torfli Hashilon botqog‘i Yer sharining shimoliy yarim shariga xos bo‘lib, uning issiq va quruq iqlimli mintaqada vujudga kelishi mutaxassislarni hayratlantirib keladi.

Katta-kichik orollarni qamrab olgan Hashilon botqoqligi Eron Tabiatni muhofaza qilish tashkiloti tomonidan qo‘riqlanadigan mintaqa hisoblanadi. Botqoqlikning suvi Sabz Ali chashmasi va bahor yomg‘irlari hisobiga ta’minlanadi. Qish va bahor faslida undagi 110 ta katta-kichik orollar suvning tagida qoladi.

KIRMONSHOH. HASHILON BOTQOQLIGI

Botqoqlikda turli-tuman giyohlar o‘sadi. Baland qamishzor bilan qoplangan bu mintaqada suv nilufari va suv kelinchagi kabi gullarni ko‘plab uchratish mumkin. Bunda juda tarqoq holda o‘sgan toldan boshqa daraxt turi uchramaydi. Hashilon atrofidagi baland o‘tloqzor turli xil hayvon va hasharotlarning yashashi uchun munosib sharoitni vujudga keltirgan.

Hashilon muhojir parrandalarning ham sevimli makonidir. Tadqiqotlarning natijalariga ko‘ra har yili kuzgi yomg‘irlar boshlanishi bilan O‘rta Osiyodan ko‘plab parrandalar bu botqoqlikka uchib keladi. Ob-havo sharoiti munosib ko‘rilgan payti ular Hashilonda qishlab qolishadi. Ammo botqoqlikning havo harorati juda sovuq bo‘lgan kezlari Eronning janubiy mintaqalariga uchib ketishadi.

KIRMONSHOH. HASHILON BOTQOQLIGI

Hashilon botqog‘ining parrandalar dunyosi xilma-xil. Bunda o‘rdak, g‘oz, laylak, burgut, kichik boyo‘g‘li, sunqur, flamingo, hudhud, kaklik, bedana, chumchuq, qora qarg‘a kabi ko‘plab parrandalarni uchratish mumkin.

Hayvonot olamining ishqivozlari esa Hashilonda Eron yo‘lbarsi, bo‘ri, to‘ng‘iz, tulki, quyon, chiyabo‘ri, tog‘ echkisi va yovvoyi mushukni uchratishlari mumkin. Botqoqlikda shuningdek ilon, baliq, qisqichbaqa, kaltakesak va toshbaqaning bir necha turi yashaydi.

Hashilonga sayohat qilishning eng munosib payti bahor faslidir.

Ushbu web-sayt ma’muri va muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.