Ultimate magazine theme for WordPress.

HIRO O‘RMONLARI

45

Fors Ko‘rfazi va Ummon dengizi niliy suvlarining sohillari va orollarida dunyoning eng nodir tabiiy hodisalaridan birida – Hiro o‘rmonlari mavjud. “Yashil oltin” deya ta’riflanadigan bu o‘rmonlar tomiri suvda bo‘lgan daraxtlarning makonidir.

Hiro deb balandligi 3-6 metr bo‘lgan, sho‘r suvli mintaqalarda o‘sadigan, yashil barglarga burkangan sershox daraxtlarga aytiladi. Hiro daraxtlarining nodirligi shundaki, ular sho‘r suvli dengiz sohillari va orollarida o‘sadi. Bu daraxtlarning tuxum shaklidagi yaproqlari yam-yashil, barglarining orqa tomoni esa oq yoxud tuproq rangidadir. Barglarning uzunligi 5-7,5 sm. Mevasi esa bodom shaklidadir. Hiro nihollari daraxt shoxidagi urug‘dan ko‘karib, so‘ngra suvga tushadi va unib-o‘sishni turg‘un suvda davom ettiradi.

Hiro o‘rmonlari-2

Bu ajabtovur daraxtlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri millionlab yillar davomida sho‘r suvdan oziqlanib kelishi va sho‘r suvni tabiiy ravishda filtrlab, chuchuk suvga aylantirishidir. Ulug‘ olim Abu Ali ibn Sino ilk marta bunday o‘rmonlardagi daraxtlarni hiro nomi bilan atagan. Shu sababli hozirgacha bunday daraxtlar ilmiy tilda hiro, ya’ni “Avicennia Marina” deya yuritiladi.

Dunyo tabiatidagi mislsiz hodisa hisoblangan Hiro o‘rmonlari Eron janubidagi Fors Ko‘rfazi va Ummon dengizining 22 ming kilometrlik sohillaridagi hududda joylashgan. Bu mintaqa davlat tomonidan qo‘riqlanadigan mintaqa hisoblanadi. Hiro o‘rmonlari 1977 yili nodir tabiiy hodisa sifatida YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan.

Hiro o‘rmonlari-3

Bu daraxtlar tagidagi suv oddiy holatda 1,5 metr atrofida bo‘ladi. Ammo dengiz suvi ko‘tarilgan payti daraxtlar to‘liq suvning tagida qoladi. Dengiz suvining ko‘tarilishi va tushishi  holati bu o‘rmonlarda har 6 soatda bir marta takrorlanadi.

Fors Ko‘rfazidagi go‘zal Hiro o‘rmonlari juda ko‘p suv hayvonlari, parrandalar va sudraluvchilarning yashashi uchun munosib ekosistema yaratgan. Bu hududda 14 xil sut emizuvchilar, 110 xil parranda, shuningdek xilma-xil baliq va suv hayvonlari yashaydi. O‘rmonlar issiq o‘lkalardan uchib keladigan muhojir parrandalarning ham munosib qo‘nalg‘asi hisoblanadi.

Hiro o‘rmonlari-4

Hiro o‘rmonlarida yashovchi hasharot va hayvonlar bu yerdagi daraxtlar kabi nodir hisoblanadi. Masalan, bunda umrguzaronlik qiladigan bir turli qisqichbaqaning changali ikkinchisidan qisqaroqdir. Shu sababli mahalliy aholi uni “gitara chaluvchi qisqichbaqa” deb atashadi.

Shuningdek, bu o‘rmonlarda yashovchi ajabtovur bir baliqni mahalliy aholi “Gilxurak”, ya’ni “loyxo‘rak” baliq deb atashadi. Bu baliqning o‘ziga xos xususiyati uning suvda ham, quruqlikda ham bemalol yashay olishidir. Bu hayratlanarli maxluq badani nam bo‘lgan payti loy va tuproq orasida tirik qolaveradi, ammo badani quridimi, zudlik bilan suvga qaytadi.

Eng baland Hiro o‘rmonlari Qishm oroli sohillarida joylashgan. Bu ajablanarli mintaqaga safar qilib, Hiro o‘rmonlarining mo‘‘jizali manzarasidan lazzatlanish niyatida bo‘lsangiz, Qishm oroliga safar qilishning eng munosib mavsumi kuz faslining o‘rtalaridan bahorning yarmigachadir. Bu vaqtda mintaqaning ob-havosi anchayin munosib hisoblanadi.

Hiro o‘rmonlarining ichiga quruqlikdan yo‘l yo‘q. Ularning qalbiga faqat suv yo‘lidan kirib borish mumkin. Sayohatga chiqqan kishi avvaliga samolyot, poyezd, avtobus yoxud taksida Bandar Abbos shahriga kelib, so‘ngra kater yoxud kemada Qishm oroliga yetib borishi kerak.

Hiro o‘rmonlari-5

Hiro o‘rmonlarining ichiga kirib borish uchun esa tajribali darg‘alarning ko‘magidan foydalanish maqsadga muvofiq. Zero, faqat tajribali darg‘alargina bu sehrli o‘rmonlarning qalbiga kirib boradigan suv so‘qmoqlarini yaxshi bilishadi.

Hiro o‘rmonlari atrofida tunash uchun shinam va ozoda o‘lkashunoslik xonalaridan foydalanishingiz yoxud bu mintaqaga chodir tikib, kechani yovoyyi tabiat bag‘rida o‘tkazishingiz mumkin.

Avvalgi sahifalarimizda nashr qilingan maqolalarimizning birida Eron tabiatining jozibali maskanlaridan biri Kirmonshoh viloyatidagi tog‘lardagi Parov g‘ori haqida to‘liq ma‘lumot bergan edik.

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.