Ultimate magazine theme for WordPress.

PAROV G‘ORI

51

Eron tabiatining jozibali maskanlaridan biri Kirmonshoh viloyatidagi tog‘lardan birida mavjud bo‘lgan Parov g‘oridir. Parov g‘ori Eronning eng chuqur g‘ori hisoblanadi.

Bu g‘or 1971 yilgacha dunyoning eng chuqur g‘ori hisoblanib, yer yuzidagi g‘orlarning “Everest”i nomi bilan yuritilardi. Ammo yillar o‘tishi bilan jahonda bundanda chuqurroq g‘orlar kashf qilindi.

Dilkash tabiat qo‘ynida Kirmonshohning eng baland cho‘qqisi o‘zining dengiz sathadan 3357 metr balandlikdagi qad-qomatini ko‘z-ko‘z qilib turadi. Bu tog‘ Parov deb ataladi. Ana shu tog‘ning bag‘rida, Kirmonshoh shahridan atigi 12 kilometr uzoqlikda Parov, mahalliy aholi tilida “Sersuv g‘or” ma’nosini anglatuvchi Eronning eng chuqur g‘ori joylashgan. Bu g‘orning uzunligi 1457 metr, chuqurligi esa 751 metrni tashkil qiladi. G‘orning turli joylarida 26 choh joylashgan bo‘lib, ularning eng chuquri 42 metrdan iborat.

Parov-g‘ori-2

Parov g‘orida g‘orning yerosti muzliklarining erishi natijasida hosil bo‘lgan anhor oqib turadi. Shu sababli bu g‘orning nomini suvli g‘or deb qo‘yishgan. Suv oqib turganligi bois g‘orning havo harorati juda sovuq, yozning jazirama issig‘ida ham bu yerda issiqlik 1-3 darajadan yuqori ko‘tarilmaydi. O‘zingizga ishongan kasbiy g‘orshunos va xatarli sarguzashtlarlarga moyil bo‘lsangiz, Parov g‘origa bahor va yoz oylarida safar qilishingiz mumkin, zero, kuz va qish oylari sovuqning shiddatidan g‘orga kirish imkonsizdir.

Umuman olganda dunyoda uch xil g‘orlar mavjud: uzun g‘orlar, chuqur g‘orlar, ham uzun va ham chuqur g‘orlar. Parov g‘ori uchinchi turga xosdir. Unda ham tor uzun kanallar va ham chuqur chohlarni uchratish mumkin. Bunday g‘orlarga kirish jismoniy va ruhiy tayyorgarlik hamda ulkan tajribani talab qiladi.

Parov g‘ori 1971 yili ingliz tadqiqotchilari guruhi tomonidan kashf qilindi. G‘orshunoslar o‘shanda g‘orning 750 metrlik chuqurligiga yetib borishdi.

1991 yili eronlik g‘orshunoslar guruhi ham bu sirli g‘orga kirish uchun bir necha guruhni tashkil qilib, turli fasllarda g‘orning ichki olamiga ekspeditsiyalar uyushtirishdi. Ular Parov g‘orining tubidan jozibali tasvirlarni nashr qilishib, dunyo geograf tadqiqotchilarini hayratga soldilar. G‘orshunoslar orasidagi tadqiqotchi Laylo Isfandiyoriy Parov g‘orining so‘nggi nuqtasigacha borib, Eron xotin-qizlarining faxriga aylandi.

Parov-g‘ori-3

Eronlik g‘orshunoslar Parovga kirishning yana bir yo‘lini kashf qilishdi. Shuningdek, ular “Eng qisqa vaqtda g‘orning tubiga yetib borish” va “Juda mukammal jihozlardan foydalanmay g‘orning tubiga yetib borish” kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha rekord qo‘yishdi.

Qayd qilish joizki, Parov g‘origa kirish oddiy odamlar uchun tavsiya qilinmaydi. Ammo agar sirli-sinoatli bu mo‘‘jizali olamga kirib borish shavqi tinch qo‘ymasa, alpinizm va g‘orshunoslik haqidagi bilimingizni biroz mustahkamlab, o‘ta qiziqarli va anchayin og‘ir bu safarga otlanishingiz mumkin.

Agar rostakamiga xatarli sarguzashtlarning ishqivozi bo‘lsangiz, vaqtni qo‘ldan bermay, shubhasiz, hayotingizdagi eng qiziqarli safarga otlaning. Omad tilaymiz.

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.