Последние новости
Audioblog va uning internet jurnalistikasi-mini
Домой » ИНТЕРНЕТ БИЗНЕС » Audioblog va uning internet jurnalistikasi

Audioblog va uning internet jurnalistikasi

Hayotimizda ulkan qadamlar bilan tobora ilgarilab borayotgan taraqqiyot nafasi tegmagan jabha qolmadi. Shu jumladan jurnalistika sohasida ham. OAVning televideniye, radio kabi ilg‘or vositalari qatoridan mustahkam o‘rin egallab borayotgan internet jurnalistikasi bugun o‘z nufuzi, mavqeiga ega bo‘lib ulgurdi.

Biz uning tezkor faoliyatidan bahramand bo‘larkanmiz, yo‘nalishlari, janrlarining ham tobora ko‘payib borayotganiga guvoh bo‘lamiz. Shulardan biri – blog, aniqrog‘i, audioblog haqida  so‘z yuritamiz.

Audioblog va uning internet jurnalistikasi-4  

XX asr oxirlarida aksari tadqiqotlar blog – bir guruh ishqibozlarning bir vaqtdagi umumiy qiziqishlari degan xulosaga kelgan edi. Har qalay, bloglarning yorqin istiqboli haqida hech qanday bashorat qilinmagan. Birgina misol: - taniqli tadqiqotchi Jeffri Xenning 2003 yilda blogsohani shiddat bilan kichrayib borayotgan aysberg – muzqoyaga o‘xshatgan edi.

Uningcha, blogingga bo‘lgan qiziqish bora-bora yo‘qolib ketishi, internet foydalanuvchilari uni xatto unutib yuborishlari muqarrar  edi. Lekin  bu taxmin o‘zini oqlamadi – bugun blog internetdagi asosiy aloqa vositalaridan biriga aylandi. Shu usulda odamlar bir - birlari bilan tanishadilar, yangiliklarni o‘rtoqlashadilar, aksiyalar o‘tkazib, intervyular uyushtiradilar.

Audioblog va uning internet jurnalistikasi-1  

Bu hodisa qanchalik shiddat bilan rivojlanishda davom etmasin, “Merriam Webster” nashriyoti blog so‘zini o‘z lug‘atiga kiritishga shoshilmadi – 2004 yildagina e’tirof etilgan bu atama “web” va “log” so‘zlarining qo‘shilishidan xosil bo‘lgan bo‘lib, ingliz tilida “tarmoq jurnali” yoxud “voqealar kundaligi” ma’nolarini anglatadi.

Internet jurnalistikasi kontekstidagi janr

 

Boshqacha aytganda  blog  bir kishi, guruh yoki korporatsiya o‘z faoliyati, fikr - o‘ylari, orzulari haqidagi bitiklarini ko‘pchilikka taqdim etadigan kundalik demakdir. Ba’zi bloglar asosan yangiliklar filtri sifatida faoliyat yuritib, tarmoqning turli resurslari haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi, ularni sharhlar bilan to‘ldiradi.

Boshqalari original materiallarni e’lon qiladi. Bloglar tashrif buyurganlarga o‘z sharhlarini qoldirish imkonini ham beradi. “Har kim jurnalist bo‘lishi mumkin”, - prinsipi mexanizmini bloglar ishga tushirgan, degan fikr mavjud bo‘lib, aynan ana shu g‘oya “blog - jurnalistika”ga asos solgan deb hisoblanadi. Bugunda ovozli yozuv, tasvir, matn yoxud multimedia bilan muntazam to‘ldirib boriladigan web-saytlarni “blog” deb ataladigan bo‘ldi.

Audioblog va uning internet jurnalistikasi-2  

Audiobloglar ba’zi bloggerlar matn o‘rniga o‘z fikr va o‘ylarini audioformatda yoza boshlaganlaridan keyin urfga kirdi. Bu voqea ilk marta 90-yillarning oxirida qayd etilgan. Mualliflar saytlariga tashrif buyuruvchi mehmonlarga o‘z ovozli yozuvlarini eshittirganlar. Audioblogning ilk namoyondalaridan biri – NPR jurnalisti Erik Shapiro 2003 yilda e’lon qilgan materialida: - “Audioblog audioformatdagi kundalikdir, u  har qanday kishining hayotini maroqli, ko‘p qismli drama ko‘rinishida tassavur qilish imkonini beradi, - deb yozadi,- ayniqsa, siyosat, adabiyot, musiqa, san’atga bag‘ishlangan audiobloglarning kelajagi porloq”.

Audiobloglar oddiy matnli bloglarchalik ommalashmadi. Buning sabablari bir nechta: - birinchidan, hamma bloggerlar ham notiqlik mahoratiga ega emas, shuning uchun ilk audiobloggerlar jurnalistlar, Tv va radio boshlovchilari, o‘qituvchilar, ya’ni savodli va ishontira olish salohiyatiga ega ishilardan iborat edi.

Audioblog va uning internet jurnalistikasi-3  

Ikkinchidan, audioblog yaratish an’anaviy matnli material tayyorlashga qaraganda ko‘proq vaqt talab qiladi. Uchinchidan, audioblog olib borish uchun ovoz yozish, uni montaj qilish kabi qator texnik malakalarga ham ega bo‘lish zarur. Lekin  keyingi paytlarda ovoz yozishning oson dasturlari yaratildi va bu muammo o‘z dolzarbligini bir muncha yo‘qotdi.

Shu o‘rinda yana ikki tushuncha – podkast va audiokundalik haqida ham to‘xtalib o‘tish joiz. Podkast – audio yoki videofayl, yoxud web-saytdan yuklab olish mumkin bo‘lgan fayllar seriyasi bo‘lib, uni portativ media-pleyer, shaxsiy kompyuter orqali eshitiladi. Undan foydalanmoqchi bo‘lgan odam maxsus dastur yordamida o‘zini qiziqtirgan podkastga yoziladi.

Ushbu atama “iPod” va “Broadkast” so‘zlarining birikishidan xosil bo‘lgan bo‘lib, 2004 yildan buyon ishlatiladi. “iPod” portativ pleyerni, “Broadkast” eshittirish ma’nolarini anglatadi. Audiokundalikning ham audioblog bilan umumiy jihatlari ko‘p – u ham ovozli fayl bo‘lib, foydalanuvchilarga internet orqali yetkazib beriladi.

Audioblog va uning internet jurnalistikasi-5  

Ba’zan radioda eshittirib turish imkoniyati ham bor. Manbalarda ko‘rsatilishicha, uni ilk bor amerikalik o‘smir o‘quvchilar qo‘llashgan – professional jurnalistlar o‘z ish qurollari: - diktofon, mikrofonlarini berib turishgan va qiziquvchan, tashabbuskor bolalar yangi janrga asos solishgan. O‘z ko‘rgan, eshitgan narsalari haqidagi ma’lumotlarni to‘plab, kundalik tarzida yozib borishgan va tinglovchilarga taqdim etishgan.

Bu janr ko‘proq g‘arb yoshlari orasida ommalashdi. Ovoz audioblogda o‘zini namoyon etishning asosiy va eng samarali  ish qurolidir. Unga esa multimediyaning ulkan imkoniyatlari yordamga keladi – ya’ni ovozli material matn, surat, tasvir bilan boyitilishi, xatto, hammasidan bir yo‘la foydalanilishi ham mumkin.

Informatsiya taqdim etishning turli shakllaridan bir vaqtning o‘zida foydalanish, tayyorlanayotgan materialni bir yo‘la qayta ishlash, ya’ni multimediya uning afzal jihatlaridandir. Audioblog interfaollik darajasiga ko‘ra ham podkast va audiokundalik kabi muqobillaridan bir muncha ustun jihatlarga ega: - Audioblog deganda ma’lum bir mavzuni ko‘tarayotgan muallifning samimiyati, tajriba va mulohazasi bilan o‘rtoqlashish istagini tushunish to‘g‘ri bo‘ladi.

Audioblog va uning internet jurnalistikasi-6  

Muallifning uni tinglayotganlarga yetkazayotgan xabar yoki yangiligi, voqea-xodisalar haqidagi shaxsiy mulohazalari shu vaqtning o‘zida ko‘pchilik tomonidan muhokama qilinishi, istovchilar o‘z fikr, sharhlarini yozib qoldirishlari, javob olishlari mumkin. Audioblogda vaqt omilining ham ahamiyati katta -  blogni yangilab turish tezligi yuqori bo‘lganligi uchun ham unga kun davomida bir nechta yozuv kiritsa bo‘ladi.

Odatda blogdagi yozuvlar o‘z dolzarbligini bir necha kungina saqlab tura oladi. Auditoriya unga qiziqishini tez yo‘qotadi. Afsuski, audiobloglar ishonchli informatsiya manbai vazifasini o‘tay olmaydilar. Sababi an’anaviy OAVdan farqli o‘laroq, blogdan joy olgan ma’lumotlarning asosli va to‘g‘riligi tekshirilmaydi.

Audioblog va uning internet jurnalistikasi-7  

Taqdim etilayotgan materiallarning bo‘sh, sayozligi tez-tez ko‘zga tashlanib turadi. Bloggerlar professional journalist emasligi, bu sohada bilimi yetishmasligi tufayli voqea - hodisalarga xolis yondasha olmaydi. Oqibatda blogga kirgan qanchadan - qancha odam asossiz xabarga ishonib qoladi.

Noto‘g‘ri xulosalar chiqarib, yana minglab internet foydalanuvchilarining adashishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham bloggerlar faoliyatini nazoratga olish, ularning malakaviy o‘qishlarini tashkil etish, ong, dunyoqarashlarini sog‘lomlashtirishga ahamiyat berish kerak bo‘ladi.

Agar Sizga maqolada yoritilgan mavzu qiziqarli bo‘lsa, ushbu sohaga bag‘ishlangan sahifada yoki navbatdagi maqola bilan mana bu joyda tanishib chiqishingiz mumkin.

Ushbu web-sayt ma’muri, maqolalarning muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga va oilangizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik, baxtli hayot kechirish hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing! Agar maqolaga munosabat bildirib, o‘z sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan minnatdorchiligimni izhor qilaman!

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

Интернетда пул ишлаш сирлари. Биринчи қисм.

Интернетда пул ишлаш сирлари. Биринчи қисм.

Глобал тармоқдан доимий равишда даромад орттириш Ассалому алайкум, муҳтарам ва азиз меҳмонлар ҳамда блог муҳлислари! …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *