Последние новости
Radioreklamalarning yoshlar dunyoqarashiga ta’siri-mini
Домой » ИНТЕРНЕТ БИЗНЕС » ИНФО-БИЗНЕС » Radioreklamalarning yoshlar dunyoqarashiga ta’siri

Radioreklamalarning yoshlar dunyoqarashiga ta’siri

Hozirgi kunda radiokanallar faoliyatini reklama roliklarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Chegaralangan vaqt davomida qisqa jumlalar orqali uzatiladigan reklama roliklari mazmun-mohiyati, ta’sir doirasi va jamiyat hayotidagi o‘rniga ko‘ra ba’zan yirik radioeshittirish dasturlaridan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki reklama roliklari reklama beruvchi tashkilotga ham, reklama uzatuvchi OAVga ham iqtisodiy foyda keltirishi hech kimga sir emas.

Biroq bu o‘rinda shuni ham yodda tutish kerakki, reklamalar o‘z vazifalari doirasida jamiyat a’zolarining yashash darajasini yaxshilashga ham xizmat qiladi. Odatda aholiga yaxshi tanish bo‘lmagan, yangi mahsulotlar reklama qilinadi. Yangi mahsulotlar ko‘pincha o‘zaro raqobat va yangi davr talablaridan kelib chiqib tayyorlanishini e’tiborga olsak, reklamalar orqali aholi zamonning eng so‘nggi yutuqlaridan xabardor bo‘lish va ulardan foydalangan holda o‘z hayoti va uy sharoitini zamonaviy talablar doirasida o‘zgartirish imkoniyatini yaratadi.

Radioreklamalarning-yoshlar-dunyoqarashiga-ta’siri-1  

Reklama–bu xaridor va iste’molchilarga mahsulot sifati, inson organizimi uchun foydali tomoni va ko‘plab ijtimoiy-psixologik jihatlari haqida axborot yetkazib beruvchi vositadir. Darhaqiqat, reklamada tasvir kuchi katta rol o‘ynaydi. So‘z qo‘llash bilan bog‘lik psixologik jarayonlar bevosita psixolingvistikada chuqurroq tadqiq etiladi.

Reklamada chuqur fikrlash–bu yuzada yotgan narsalardan, ortiqcha so‘zlardan, sarlavha, shtamplardan voz kechish demakdir. Haqiqiy tasvir kuchiga ega oddiylik bu o‘rinda  o‘ziga xoslik kasb etadi. Mashhur amerikalik reklamachi Makkeybl ham oddiylikni shunga o‘xshash tarzda ta’riflaydi: - “Sizning so‘zlaringiz shunchalik sodda bo‘lishi kerakki, boshqalar ruhiyatiga ta’sir etib, hayron qoldirsin va o‘ziga ergashtira olsin”.

Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, reklamada so‘z ta’siri kuchi, ya’ni psixolingvistika asosiy o‘rinda turadi. Ma’lumki, reklama tayyorlashda mahsulot yorqin, chiroyli, ta’sirchan rollik, ko‘rgazmali, lavha yoki eshittirish orqali berilishi; - ovoz aniq, ravon bo‘lishi, matn o‘zbek tili qonun-qoidalariga to‘la mos kelishi kerak. Lekin bu sohadagi talablarga hamisha ham to‘liq rioya etilmayapti.

Radioreklamalarning yoshlar dunyoqarashiga ta’siri-2  

Reklamaning tasvir va turli shakllarda berilishi, ya’ni to‘liq satrda, zinapoya shaklda, vertikal yoki gorizontal holatda yozilishi unda tinish belgilarining ishlatilishi va imlosiga ta’sir etmasligi lozim. Ayrim hollarda reklama matnlarida birorta tinish belgilari ishlatilmaydi. Reklama tilidagi asosiy kamchiliklar so‘zlardan noo‘rin foydalanish, imlosiga rioya qilmaslik, tinish belgilarining noto‘g‘ri ishlatilishi, jumla tuzishdagi xatoliklar, balandparvoz so‘z birikmasi va tasviriy vositalarni noo‘rin qo‘llash ko‘rinishida yuz bermoqda.

Lo‘nda qilib aytganda, reklama xohlagan shakl va xohlagan usulda tarqatiladigan, odamlarning e’tiborini qaratishga yo‘naltirilgan, omma qiziqishlarini shakllantiruvchi, shu bilan birga, bozorda e’lon qilinayotgan ob’ekt obro‘sini saqlovchi axborotdir. Uning ta’sirida iste’molchida mahsulot va xizmatlarda ehtiyoj juda yuqori bo‘lmasa ham qiziqish paydo bo‘ladi. Shu sabab reklamaning bir necha ijobiy xususiyatlari bilan bir qatorda salbiy tomonlariga to‘xtalmasdan iloji yuq.

Ayniqsa, bugun televizor qarshisida kunning asosiy qismini o‘tkazayotgan bolalar reklamani qanday qabul qilayotganligini o‘rganish juda katta ahamiyatga ega. Hozirgi kunda yuz berayotgan rivojlanish, xususan, axborot sohasidagi o‘zgarishlar, shuningdek, reklama ham bolalar ongiga, fikrlashiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Boshqacha qilib aytganda, ularning xohish-istaklari shakllanyapti, boshqarilyapti.

Radioreklamalarning yoshlar dunyoqarashiga ta’siri-3  

Bugungi dolzarb mavzulardan biri bo‘lgan mazkur masala yuzasidan bir necha tadqiqotlar o‘tkazilib, fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Masalan, psyfactor.org saytida reklamaning bolalar psixologiyasiga tasiri to‘g‘risida elon qilingan maqolalar ham shular jumlasidandir. U yerda aytilishicha, juda ko‘p mutaxassislar avvaliga reklama yoki boshqa biror axborotni uzatishda qabul qiluvchi auditoriyaning asosiy qismini 45—50 yoshda deb hisoblashgan.

Ammo tadqiqotchilarning aniqlashicha, vaziyat mutlaqo boshqacha bo‘lib chiqdi. Sababi katta yoshdagilarning diqqatini faqatgina ba’zi dorilar reklamasi va o‘ziga xos axborotlar torta oladi, boshqa mahsulotlar reklamasiga umuman befarq qarashadi. Xullas, reklama tilga ta’sir etuvchi zamonaviy vositalar bo‘lib, unga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri, fikrimizcha, reklama matnining adabiy til me’yorlariga mos bo‘lishi, ya’ni imloviy, uslubiy, talaffuz qoidalariga rioya etilgan holda ifodalanishi lozim.

Yoshlardan tashkil topgan auditoriya qatlami esa o‘ziga yangi informatsiyani tez va oson qabul qiladi. Bundan tashqari ular yangicha odat va yashash tarzini tezda o‘zlashtiradi. O‘z navbatida, bu reklamaning samarasini, natijasini  tezroq yuzaga chiqaradi. Chunki reklama tezkorlik, yorqinlik va xushchaqchaqlik kabi xususiyatlar bilan axborot berish usuli  hisoblanadi.

Reklama beruvchilar mahsuloti bolalardagi soddalik, ishonuvchanlik oqibatida ular tomonidan  berilgan axborot  to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi. Zero bolalarning dunyoqarashi hamma narsaga ijobiy ko‘z bilan qarashga moyil bo‘ladi. Buni psixologiya fani ham tasdiqlaydi.

Radioreklamalarning yoshlar dunyoqarashiga ta’siri-4  

Umuman olganda, dunyoqarashi ma’lum manoda shakllangan odam odatda biror-bir axborotni qabul qilish jarayonida uning to‘g‘riligiga nisbatan shubha bilan qarashi seziladi. Ana shunda inson ongida bir-biriga qarama-qarshi fikr paydo bo‘ladi. Bu esa axborotga to‘g‘ri baho bera olmaslikka olib keladi. Malumki, inson axboroti ikki xil tarzda, ya’ni ong va ong osti orqali qabul qiladi.

Ongli tarzda axborot olgan kishi to‘g‘rini yolg‘ondan ajrata oladi. Bolalarda esa bunday holat kuzatilmaydi. Ba’zi hollarda radiokanallar orqali biror tovar yoki xizmatlar sohaga oid 1-2 soatlik eshittirish tayyorlashdan ko‘ra bir-ikki daqiqalik reklama roligi shaklida berish ko‘proq samara bera boshlagani hech kimga sir emas. Ayniqsa, yoshlarga yo‘naltirilgan reklama mahsulotlari imkon doirasida qisqa, lekin yorqin ssenariy va radioning eng so‘nggi yutuqlaridan foydalanilishi kerak.

Bu borada ichish va chekishning oldini olish, OITS va inson salomatligi, yuz parvarishiga e’tibor qaratish, mavsumga ko‘ra liboslar va boshqa reklama roliklari misol sifatida keltirilishi mumkin. Radiotinglovchi diqqatini jalb etish va ushlab turish uchun reklama matni yuqori intensivligi bilan ajralib turishi lozim.

Radiotinglovchilar ko‘pincha eshittirishlarni avtomobilda ketayotganida, ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lganda, gazeta o‘qiyotganida tinglaydi. Shu boisdan reklama eshittirishi diqqatni zumda jalb etadigan, qiziqarli va esda qolarli bo‘lishi lozim. Ammo tinglovchi e’tiborini tortish bilan birga unda qoniqmaslik va g‘azab uyg‘otishi mumkin bo‘lgan so‘zdan tiyilish, odob saqlash, agressiv axborotdan qochish zarur.

Radioreklamalarning yoshlar dunyoqarashiga ta’siri-4  

Ko‘pgina hollarda ishontiruvchi, mayin va quvnoq murojaat uslubi yaxshi qabul qilinadi. Diqqatni tortishning eng samarador vositalaridan biri yumordir. Biroq, bu yerda ehtiyot bo‘lmoq zarur. Yumordan foydalanish–katta san’at! Qaltis hazil zararlidir. Bunga misol qilib, yo‘lovchi va haydovchi erta tongda yo‘lda FM kanallaridan birini  tinglab borishyotgan onda radio boshlovchining ovozi ostida radioreklamaning berilishi, shuningdek, unga jo‘r ovoz bo‘lib boshlovchining o‘zi ham mahsulotni reklama qilishi bu kishi ruhiyatini va tongi yaxshi kayfiyatini o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.

“Reklama matnini tayyorlovchilar o‘z vazifalarini halol bajarishlari, anglashilmovchilik va tushunmovchilikni keltirib chiqaradigan so‘z,  iboralarni qo‘llashdan qochishlari zarur. Vazifani halol bajarish deganda, tekshirilmagan va tasdiqlanmagan dalillarni asoslamasdan tarqatishdan, inson obro‘siga va sha’niga ziyon etkazish mumkin bo‘lgan yoki beadab, diyonatsiz tashabbus va faoliyatlarda qatnashishdan o‘zini tiya olish demakdir”.

Bugungi kunda radoreklamalarning barchasini ham foydali deb ayta olmaymiz. Masalan, ayrim mahsulotlar inson organizmi uchun juda zararli hisoblanadi. Ba’zan mahsulotlarning rang-barangligiga uchib, uni xarid qilamiz. Jumladan, uni farzandimiz yoki o‘zimizning salomatligimizga ta’siri haqida esa o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

Radioreklamalarning yoshlar dunyoqarashiga ta’siri-6  

Masalan, bolalar uchun chiqarilgan “Kango” saqichi reklamasi, turli shirinliklarning reklamasi haddan tashqari kishi asabiga tegadi va uni real hayotdan uzoqlashtiradi, shuningdek, oilaviy budjetingizga ziyon keltiradi. Reklamaning yaxshi chiqishi, yo‘naltirilgan auditoriyasini jalb etishi va iste’molchilarini ko‘paytirishda texnologik sharoitlar muhim rol o‘ynaydi.

Radioreklamalarining bugungi kunda ko‘p tanqidga uchrashida ularning tarkibiy elementlaridan to‘g‘ri foydalanmaslik, nutqiy xatoliklarning uchrashi va g‘aliz jumlalar,  tushunarsiz,  ommani jalb eta olmaydigan jumlalardan foydalanish sabab bo‘lmoqda.

Shu bois audioreklamalarni tayyorlashda radioning ifodaviy vositalaridan samarali foydalanish bilan bir qatorda ularning omma ongi va dunyoqarashiga ta’sirini ham hisobga olish talab etiladi. Axborot almashinuvi globallashgan davrda boshqa OAV qatori radiokanallar reklamalari ham jamiyat a’zolari hayotining ajralmas bo‘lagiga aylanib ulgurdi.

Agar Sizga maqolada yoritilgan mavzu qiziqarli bo‘lsa, ushbu sohaga bag‘ishlangan sahifada yoki navbatdagi maqola bilan mana bu joyda tanishib chiqishingiz mumkin.

Ushbu web-sayt ma’muri, maqolalarning muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga va oilangizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik, baxtli hayot kechirish hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing! Agar maqolaga munosabat bildirib, o‘z sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan minnatdorchiligimni izhor qilaman!

О программе Қобилжон Атаханов

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *