Ultimate magazine theme for WordPress.

FUQAROLARNING HUQUQ VA MANFAATLARI QONUN HIMOYASIDA

71

UY-JOY NIZOLARI QONUN DOIRASIDA HAL ETILSA FUQAROLARNING HUQUQ VA MANFAATLARI TA’MINLANADI

Avvalo shuni aytish kerakki, amaldagi qonun talabiga ko‘ra, mulkdor, ijarachi va ularning oila a’zolari o‘rtasida uy-joy masalasida kelib chiqqan nizolar sud tartibida hal qilinadi. Bunday nizolar qatoriga, xususan, uyga kiritish, uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish, uydan ko‘chirib chiqarish bilan bog‘liq masalalar kiradi.

Mazkur ishlar murakkab toifadagi ishlar turkumiga kirmasa-da, fuqarolik sudlari tomonidan ko‘riladigan ishlarning muayyan qismini tashkil qiladi. Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudlari tomonidan 2019 yilda ko‘rilgan 9 ming 766  ta fuqarolik ishining 361 tasi shu toifadagi ishlarga mansub bo‘lgan.

Ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishda moddiy va protsessual qonun normalarini to‘g‘ri qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Shu bois ularni sudda ko‘rib chiqishning protsessual hususiyatlari qonunchilikda mustahkamlangan. Bu borada Oliy sud Plenumining «Uy-joy nizolari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.

Eng avvalo, sudlar uy-joy bilan bog‘liq  nizolarni hal qilishda ularni xususiy yoki davlat uy-joy fondiga tegishli ekanligini aniqlashi lozim. Chunki uy-joyning huquqiy maqomini aniqlashtirmasdan turib, ushbu toifadagi ishlar bo‘yicha moddiy huquq normasini qo‘llash mumkin emas.

Xususiy mulkida uyi, kvartirasi bo‘lgan fuqarolar voyaga yetgan oila a’zolarining roziligi bilan boshqa fuqarolarni turar-joyga ko‘chirib kiritishga, jismoniy va yuridik shaxslarga belgilangan tartibda ijaraga berishga haqlidirlar.

Fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash-2

Mazkur toifadagi ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, nizoli uyda yashovchi voyaga yetgan barcha shaxslar tegishliligicha ishga jalb qilinadi. Shu sababli, sudlar nizoli uyda yashovchi voyaga yetgan shaxslarning doirasini aniqlashi va ularni sudga jalb qilish chorasini ko‘rishi lozim.

Uyga yashash uchun kiritish hamda turar-joydan foydalanishga bo‘lgan huquqni yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi da’volarni hal etish jarayoni nihoyatda mas’uliyatlidir.

Bunda sud turar-joyga da’vo qiluvchi shaxs Uy-joy kodeksining 32-moddasi 2 va 3-qismlarida qayd etilgan shaxslar safiga kirishi yoki boshqa asos bo‘yicha uyda yashashga bo‘lgan huquqiy holatlarini, qanday sabablarga ko‘ra, yashamayotgani va da’voni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlashi taqozo etiladi.

Shunga ko‘ra, sudlar mulkdorning oila a’zolariga kimlar kirishini aniqlashi muhim ahamiyatga ega.

Oliy sud Plenumining 2004 yil 21 maydagi «Uy-joy nizolari bo‘yicha sud amaliyoti haqida»gi qarori 5-bandiga ko‘ra,  mulkdorning oila a’zolari deb, u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi.

Er-xotinning ota-onasi, mulkdor bilan doimiy yashayotgan oilali farzandlari, mehnatga qobiliyatsiz boqimandalar, shuningdek, mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan fuqarolar, agar ular mulkdor bilan umumiy xo‘jalik yuritayotgan va uning turar-joyiga ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, mulkdorning oila a’zosi deb topilishi mumkin.

Shuningdek, mulkdorning xotini yoki eri, bolalari, ota-onasidan boshqa shaxslarni oila a’zosi deb topish masalasini hal etishda sud ularning ijarachi va uning oila a’zolari bilan munosabatlarini, umumiy xo‘jalik yuritishgani, bir-biriga yordam  ko‘rsatib kelishgani va oilaviy munosabatlari mavjudligini guvohlantiruvchi holatlarni aniqlashi zarur.

Bundan tashqari sudlar uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish haqidagi da’volarni ko‘rishda da’voni qanoatlantirishga asos bo‘ladigan maxsus da’vo muddati  o‘tgan yo o‘tmaganini aniqlashi shart.

Chunki Uy-joy kodeksining 52-moddasiga muvofiq munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar-joyni ijaraga oluvchi, uning oila a’zolari yoki ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar vaqtincha bo‘lmaganlarida turar joy olti oy muddat davomida uning hisobida saqlanadi.

Vaqtincha bo‘lmaganida fuqarolarning turar joyi quyidagi hollarda olti oydan ortiq muddatga saqlanib turadi:

– harbiy xizmatga chaqirilganda – chaqiruv bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tashning butun davri mobaynida;

– kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirilganda — kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tashning butun davri mobaynida;

– ish sharoitlari va xususiyati bo‘yicha chet elga xizmat safarida bo‘lishi yoki ta’lim olishi munosabati bilan talabalar, doktorantlar va boshqalar doimiy yashash joyidan vaqtincha jo‘nab ketganida — ushbu ishni bajarish, xizmat safarida bo‘lish yoki ta’lim olishning butun davri mobaynida;

– bolalar tarbiyalash uchun bolalar muassasasiga, qarindoshlarga yoki homiylarga, vasiylarga topshirilganda — ular ushbu muassasada, qarindoshlar yoki homiylar, vasiylar qaramog‘ida bo‘ladigan butun davr mobaynida. Bunda bolalar chiqib ketgan turar joyda oilaning boshqa a’zolari yashash uchun qolgan bo‘lishi taqozo etiladi.

Agar bolalar chiqib ketgan turar joyda ularning oila a’zolari yashash uchun qolmagan bo‘lsa, ushbu xona bolalarning muassasada bo‘lishi muddati tugaguncha yoki qarindoshlar yoxud homiylar, vasiylar qaramog‘idan qaytib kelgan bolalar voyaga yetguncha berib turilishi mumkin.

Fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash-3

Shuningdek, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida o‘qish tugaguncha yoxud mamlakat Qurolli Kuchlaridagi harbiy xizmat muddati tamom bo‘lguncha ushbu turar joy ijara shartnomasi asosida boshqa fuqarolarga quyidagi hollarda berib turiladi:

– homiy, vasiy vazifasini bajarish munosabati bilan jo‘nab ketganda — ushbu vazifalarni bajarishning butun davri mobaynida;

– davolanish uchun davolash-profilaktika muassasalariga jo‘nab ketilganda — davolanishda bo‘lgan butun davr mobaynida;

– qamalganda yoki ushbu turar joyda yashash imkoniyatini istisno etuvchi ozodlikdan mahrum etish yoki boshqa jazo chorasiga mahkum etilganda — qamoqda bo‘lishning yoki jazoni o‘tashning butun davri mobaynida.

Buning uchun turar joyda oilaning boshqa a’zolari yashash uchun qolgan bo‘lishi kerak.

Agar ko‘rsatilgan fuqarolar chiqib ketgan turar joyda ularning oila a’zolari yashash uchun qolmagan bo‘lsa, bunday fuqarolar qamoqdan ozod bo‘lguncha yoki jazoni o‘tab kelguncha bo‘lgan muddatga ushbu xonani ijara shartnomasi asosida boshqa shaxslarga berib turilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Shaxs belgilangan muddatdan ortiq davr mobaynida uyda bo‘lmasligi oqibatida turar-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb deb topilishi mumkin. Bu manfaatdor shaxsning da’vosi bo‘yicha sud yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Agar sud shaxsning belgilangan muddatdan ortiq davrda yashamasligini uzrli sabablar oqibatida yuzaga kelgan deb hisoblasa, da’voni rad etadi.

Biroq amaliyotda ba’zan sudlar tomonidan javobgarning nizoli uy-joyda nima sababdan yashamasdan kelganligi aniqlashtirilmasdan tegishli hal qiluv qarorlari chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan holatlar ham uchraydi.

Masalan, sud o‘zining hal qiluv qarori bilan tuman hokimligining javobgar K. Fyodorovga (ism-shariflar o‘zgartirilgan) nisbatan uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish haqidagi da’vosini qanoatlantirgan. Da’voni qanoatlantirishga javobgarning nizoli uy-joyda yashamayotganligiga 1 yil bo‘lganligi  asos qilib olingan.

Biroq birinchi instansiya sudi fuqaro harbiy xizmatga chaqirilganda — chaqiruv bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tashning butun davri mobaynida vaqtincha bo‘lmaganda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qolishini e’tiborga olmagan.

Fyodorovning keltirgan shikoyatiga asosan apellyatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, da’voni rad qilish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilgan.

Shuning uchun sudlar uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish haqidagi ishlarni ko‘rishda Uy-joy kodeksining 2-moddasi 2-qismida bayon etilgan holatlarga e’tibor qaratishi  lozim.

Bundan tashqari mulkdorga nisbatan uy-joyda yashash huquqini yo‘qotgan deb topishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuni ham qayd etish kerakki, notarial tartibda tuzilgan uy-joy shartnomasida sotuvchi va oila a’zolarining turar-joy ro‘yxatidan chiqib ketish muddati ko‘rsatilgan bo‘lsa, shu muddat tugagan kundan, muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran ular turar-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan, deb hisoblanadi.

Bu boradagi nizoli vaziyatlar uy-joydan chiqarish haqidagi ishlarda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Mazkur toifadagi ishlarni ko‘rish jarayonlari ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega.

Jumladan, Uy-joy kodeksining 80-moddasi talabiga muvofiq, xizmat turar-joylarida istiqomat qiluvchi ayrim toifadagi fuqarolar  boshqa turar-joy ajratilmasdan ko‘chirilishi mumkin emas. Shundan kelib chiqib, sud bunday fuqarolar ushbu moddada ko‘rsatilgan imtiyozga ega ekanligini aniqlashi lozim.

Fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash-4

Bunday imtiyozga ega bo‘lgan fuqarolar xizmat turar-joylaridan faqat sanitariya, yong‘inga qarshi, texnik talablarga javob beradigan, shu aholi punkti chegarasi doirasida bo‘lgan boshqa turar-joy berilishi hisobigagina ko‘chirilishi mumkin.

Sud yotoqxonalardan ko‘chirish to‘g‘risidagi nizolarni hal etishda javobgar egallab turgan xona yotoqxona maqomiga ega ekanligini tekshirishi zarur.

Xizmat lavozimi bilan bog‘liq ravishda berilgan yotoqxonadan chiqarishda da’vogar va javobgar o‘rtasida qanday mehnat shartnomasi tuzilganligi va u qanday asoslarga ko‘ra bekor qilinganligini aniqlash lozim bo‘ladi. Bunda sudlar Uy-joy kodeksining 85-moddasi talablarini nazarda tutishlari darkor.

Ya’ni ishni tugatgan mavsumiy-vaqtinchalik ishchilar, muddatli mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlovchilar, shuningdek, uzrsiz sabablarga ko‘ra, o‘z ixtiyori bilan yoki mehnat intizomini buzganligi sababli yoki jinoyat sodir etganligi sababli mehnat shartnomasi bekor bo‘lib ishdan bo‘shaganlar hamda o‘quv yurtlarida o‘qishni tugatganlar, o‘quv yurti talabasi safidan chiqarilganlar boshqa turar-joy berilmasdan ko‘chiriladi.

Boshqa asoslar bo‘yicha mehnat munosabatlarini tugatgan shaxslar, shuningdek, Uy-joy kodeksining 80-moddasida qayd etilgan shaxslar, faqat ushbu kodeksning 9-moddasi talablariga javob beradigan boshqa uy ajratilgan holda yotoqxonalardan ko‘chirilishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, uy-joy nizolari bilan bog‘liq ishlarning moddiy va protsessual qonun normalariga rioya qilgan holda ko‘rilishi fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Otabek Matkarimov, FIB Xorazm viloyati sudining raisi

Ushbu web-sayt ma’muri va muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.