Ultimate magazine theme for WordPress.

SUDLARNING CHINAKAM MUSTAQILLIGI YO‘LIDAGI MUHIM QADAM

29

Bu sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaqirib olib o‘rganish amaliyotini cheklash, faqat ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina prokuror sud qarorini olib o‘rganishi mumkinligi qonunchilikda aks etishi bilan bog‘liq.

Bosh qomusimizda e’tirof etilganidek, sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalarning daxlsizligi qonun bilan kafolatlanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aynan shu masalaga e’tibor qaratar ekan, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart, deb ta’kidlagan edi. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozimligiga e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida dastlabki tergovda davom etib kelayotgan qonun buzilish holatlarini faqat va faqat sudlarning haqiqiy mustaqilligiga erishish orqali bartaraf etish mumkinligi yana bir bor ta’kidlandi. Eski tuzumdan qolgan va hanuz davom etayotgan sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaqirib olib, o‘rganish amaliyotini cheklash lozimligi, endi faqat ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina prokuror sud qarorini olib o‘rganishi mumkinligi haqida haqqoniy fikrlar bildirildi.

Shu fikrlardan kelib chiqib, Harakatlar strategiyasini «Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga doir Davlat dasturining «Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari» deb nomlangan 2-yo‘nalishi 52-bandida sudlar faoliyatida prokuror ishtirokini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Unda prokuror tomonidan qonuniy kuchga kirgan hukmlar, hal qiluv qarorlari, ajrimlar yoki qarorlar bo‘yicha ishlarni ish yuzasidan taraflar murojaati (prokurordan tashqari) bo‘lgan holdagina suddan o‘rganish uchun olish tartibini belgilash nazarda tutilgan.

Bunda prokuror ishni suddan o‘rganish uchun olish to‘g‘risidagi iltimosnomasida ish qaysi tarafning qanday vajiga baho berish uchun olinayotganligini ko‘rsatgan va tarafning yozma murojaatini ilova qilgan holda ishni suddan so‘rab olishi mumkinligiga, bu qoidaga rioya qilmaslik sud tomonidan prokurorning ishni o‘rganish uchun olish to‘g‘risidagi iltimosnomasini rad qilishga asos bo‘lishi belgilanishi lozim.

Bundan tashqari amaldagi Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Ma’muriy sud ishlarni yuritish to‘g‘risidagi kodekslardagi sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishda berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestni ko‘rib chiqishda farq mavjud.

Sud qarorlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan shikoyat berilsa, shikoyatni o‘rganib chiqish natijalari bo‘yicha Oliy sudning sudyasi o‘z ajrimi bilan sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risida yoki shikoyatni ish bilan birga ko‘rib chiqish uchun Oliy sudning tegishli sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlaridan birini qabul qiladi.

Prokuror tomonidan sud qaroriga nisbatan berilgan protest kiritilganda esa, sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risidagi masala muhokama qilinmasdan protest ish bilan birga ko‘rib chiqish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudning tegishli sudlov hay’atiga o‘tkaziladi.

Bu esa, qonunlardagi taraflarning tengligi va sud ishlarini yuritishdagi tortishuv prinsipiga muvofiq kelmaydi. Shu sababli amaldagi qonunlardagi prokurorlarning sud qarorlariga nisbatan protest keltirish huquqini taqdimnoma kiritish, deb belgilash maqsadga muvofiq.

Chunki «protest» istilohi yuridik lug‘atlarda biron narsaga qat’iy norozilikni bildiruvchi rasmiy e’tiroz, amrnoma, xohishiga zid narsani bildirish, deb tushuniladi va qonun mazmuni bo‘yicha ko‘rib chiqilish shart bo‘lgan hujjat hisoblanadi.

«Taqdimnoma» istilohi esa, biron-bir ma’lumotni iltimosnoma tarzidagi ifodalaydigan rasmiy hujjat bo‘lib, qonunda qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida qabul qilinadigan hujjatni ifodalaydi.

Taraflarning tengligini ta’minlash maqsadida «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunning 34, 35-moddalariga tegishli o‘zgartish kiritib, unda prokuror ishni faqatgina moddiy yoki protsessual huquq normasi buzilgan holatiga baho berish maqsadida sudning qaroriga taqdimnoma kiritish uchun olishi mumkinligi nazarda tutilishi kerak.

Sudning qaroriga taqdimnoma kiritish uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda, ishni tekshirgan prokuror asoslantirilgan xulosa tuzib, xulosa taqdimnoma keltirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan tasdiqlanib, ishga qo‘shib qo‘yilishi hamda bu haqda iltimosnomasiga ko‘ra, ish o‘rganish uchun olingan shaxsga, korxona, muassasa yoki tashkilotga xabar berilishi, ish esa, sudga qaytarilishi ko‘rsatilishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, sudning qaroriga taqdimnoma kiritish uchun asoslar mavjud emasligi haqidagi faqat bir marta xulosa tuzilishi, bu xulosa yuzasidan norozi taraf tomonidan yuqori turuvchi prokurorga yoki sud qaroriga nisbatan shikoyat qilinishi mumkinligi, ishni o‘rganish uchun olishning rad etilishi ustidan esa, yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilinishi mumkinligi belgilanishi lozim.

Bunday mazmundagi normani protsessual kodekslarga, jumladan, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Ma’muriy sud ishlarni yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga kiritish maqsadga muvofiq bo‘lib, amaldagi «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunning 34 va 35-moddalarini quyidagi yangi tahrirda berish taklif qilinadi:

34-modda. Ishlarni suddan chaqirib olish tartibi

Prokuror faqat shikoyat berish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning yozma murojaati asosida sudning hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi va qarori qonuniy kuchga kirgan ishni suddan o‘rganish uchun olishi mumkin.

Bunda prokuror ishni suddan o‘rganish uchun olish to‘g‘risidagi iltimosnomasida ish qaysi tarafning qanday vajiga baho berish uchun olinayotganligini ko‘rsatgan holda tarafning yozma murojaatini ilova qilgan holda ishni suddan so‘rab olishi mumkin.

Bu qoidaga rioya qilmaslik sud tomonidan prokurorning ishni o‘rganish uchun olish to‘g‘risidagi iltimosnomasini rad qilishga asos bo‘ladi. Bunda prokuror ishni faqatgina moddiy yoki protsessual huquq normasi buzilgan holatiga baho berish maqsadida sudning qaroriga taqdimnoma kiritish uchun olishi mumkin bo‘ladi.

Sudning qaroriga taqdimnoma kiritish uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda ishni tekshirgan prokuror asoslantirilgan xulosa tuzadi, xulosa taqdimnoma kiritish vakolatiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan tasdiqlanib, ishga qo‘shib qo‘yiladi. Bu haqda iltimosnomasiga ko‘ra, ish o‘rganish uchun olingan shaxsga, korxona, muassasa yoki tashkilotga xabar beriladi, ish esa, sudga qaytariladi.

Sudning qaroriga taqdimnoma kiritish uchun asoslar mavjud emasligi haqida faqat bir marta xulosa tuziladi, bu xulosa yuzasidan norozi taraf tomonidan yuqori turuvchi prokurorga yoki sud qaroriga nisbatan shikoyat qilinishi mumkin.

Ishni o‘rganish uchun olishning rad etilishi ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilinishi mumkin.

Ayblov xulosasini, ayblov dalolatnomasini, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlagan prokuror yoki yuqori turuvchi prokuror jinoyat ishi sudda ko‘rish uchun tayinlanguniga qadar ishni suddan chaqirib olish huquqiga ega».

35-modda. Sud qarorlariga taqdimnoma kiritish

Prokuror protsessual qonunda belgilangan tartibda o‘z vakolatlari doirasida sudning hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi va qaroriga taqdimnoma kiritishga haqli.

Taqdimnoma kiritish prokurorning vakolat doirasidan chetga chiqib ketadigan hollarda u taqdimnoma kiritish to‘g‘risidagi taklif bilan yuqori turuvchi prokurorga murojaat etadi».

Zero, davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak.

Xulosa qilib aytganda, taklif etilayotgan o‘zgartishlar amalda o‘z ifodasini topsa, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bir qatorda taraflarning tengligi hamda sudning chinakam mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sherzod ABDUQODIROVyuridik fanlari doktori, dotsent