Ultimate magazine theme for WordPress.

SUDYALARNING INTIZOMIY JAVOBGARLIGI

62

SUDYALARGA NISBATAN INTIZOMIY JAVOBGARLIK ISHLARINI QO‘ZG‘ATISH ASOSLARI: XALQARO STANDARTLAR VA XORIJIY DAVLATLAR TAJRIBASI

Sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish asoslarining mavjudligi sudyaning mustaqilligi va uning jamiyat oldidagi majburiyatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi. Buning uchun davlat shunday tartibga solish mexanizmini yaratishi lozimki, bunda sudya uchun har bir qonun hujjati talablariga mos kelmaydigan qarori yoki odob-axloq normalarini buzganligi uchun mavhum javobgarlik xavfi istisno etilishi zarur.

Sudyaga asoslantirilgan huquqiy ta’sir choralari, shu jumladan, intizomiy javobgarlik choralari qo‘llanilishini kafolatlash uchun javobgarlikka tortishning qat’iy asoslari belgilangan bo‘lishi lozim. Sudyaning intizomiy javobgarligi masalasi sud tizimi samaradorligini va sudyalarning mustaqilligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yevropa Kengashi Vazirlar qo‘mitasining 2010 yildagi tavsiyalariga ko‘ra, qasddan yoki qo‘pol ehtiyotsizlik holatlaridan tashqari sudya ishni ko‘rish jarayonida qonun normalari, faktlar yoki dalillarni noto‘g‘ri baholagani uchun jinoiy yoxud intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Aksariyat davlatlar sudyalar odob-axloq normalarida sudya tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lmagan xatti-harakatlar ro‘yxati keltirilgan. Intizomiy javobgarlik choralarini qo‘llash uchun asos bo‘luvchi normalarni turlicha talqin qilishning oldini olish maqsadida esa, ba’zi Yevropa davlatlari qonunchiligida intizomiy nojo‘ya xatti-harakatning qat’iy asoslari belgilangan.

Ba’zi qonunlarda uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir nojo‘ya xatti-harakatlar o‘rtasidagi farqlar belgilangan. Ispaniyaning “Sud hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, uncha og‘ir bo‘lmagan nojo‘ya xatti-harakatlarga sudyaning o‘z rahbariyatiga yoki boshqa sud xodimlariga nisbatan hurmatsizligi, ularning ko‘rsatmalarini yoki topshiriqlarini bajarmasligi yoxud o‘z ish joyida uzoq vaqt davomida sababsiz bo‘lmasligi kiradi.

Sudyalarning intizomiy javobgarligi-2

Intizomiy jazo choralarini qo‘llashga olib keladigan og‘ir nojo‘ya xatti-harakatlar jumlasiga, Konstitutsiya qoidalarini buzish, manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lganda ishni ko‘rishdan o‘z xohishiga ko‘ra voz kechmaslik, sudyalik obro‘siga to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakatlarni sodir etish, protsessual muddatlarga rioya qilmaslik, o‘z vakolatini suiiste’mol qilish, maxfiy ma’lumotlarni yoki kasbiy sirni oshkor qilish kabilar kiradi.

O‘ta og‘ir nojo‘ya xatti-harakatlarga Ispaniya Konstitutsiyasiga rioya qilmaslik, agar bunday huquqbuzarlik sud qarori bilan yakuniy tarzda mustahkamlangan bo‘lsa, siyosiy partiyalar yoki kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish orqali olingan majburiyatni bajarish yoki xizmat qilish, o‘zining sudyalik funksiyasini bajarishda boshqa sudya yoki magistratga buyruq berish yoki bosim o‘tkazish orqali asoslantirilmagan aralashish sodir etish, ishni ko‘rishda ishtirok etishga xalaqit beradigan qandaydir yuridik holatlar ta’sirida qolish unga oldindan ma’lum bo‘lsa-da, sudya yoki magistr ishni ko‘rishdan voz kechmasa, ishni ko‘rishni asossiz yoki takroriy ravishda cho‘zish, ishni qo‘zg‘ash, yuritish yoki uning doirasida qaror qabul qilish, boshqa har qanday sud vazifalarini bajarish zaruratini inkor qilish va boshqalar mansubdir.

Aytish joizki, ba’zi intizomiy javobgarlikka tortish uchun asoslarning mavhumligi, masalan, sudyaga nisbatan intizomiy jazo choralarini “siyosiy faoliyat”, “noloyiq munosabat” yoki “noprofessional axloq” kabi umumiy tushunchalardan kelib chiqib qo‘llash muqarrar ravishda sudyalar mustaqilligining buzilishiga olib keladi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, sudyaning odob-axloq qoidalari aniq va yetarlicha tushunarli tarzda ifodalangan bo‘lishiga qaramasdan, intizomiy jazo choralari faqat sudya tomonidan qasddan yoki qo‘pol ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yilgandagina qo‘llanilishi kerak. Sudyalarga nisbatan intizomiy javobgarlik ishlarini yuritish vaqtida inson huquqlarining asosiy prinsiplari kafolatlanishi lozim.

Intizomiy javobgarlikka olib keladigan nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etishda shubhalanayotgan sudyalar ham kafolatlangan huquqlarga ega. Avvalo, sudya o‘ziga nisbatan rasman xizmat tekshiruvi ishlari boshlanganligi to‘g‘risida xabardor qilinishi lozim. Shikoyat asoslantirilmagan hamda keyingi bosqichlarda shikoyatdan voz kechilgan bo‘lsa, sudyaga nisbatan kelib tushgan har qanday shikoyat to‘g‘risida sudyani zudlik bilan xabardor qilish shart emas.

Sud hokimiyati masalalari bo‘yicha Yevropa tarmog‘i kengashining (ENCJ) Minimal sud standartlarida kelib tushgan shikoyatni ko‘rishning dastlabki bosqichida sudyani zudlik bilan xabardor qilmaslikning asoslari ham mavjud. Jumladan, “sudyani zaruratsiz bezovta qilmaslik, uning xolisligi va mustaqilligini xavf ostiga qo‘ymaslik hamda jamoatchilik oldida obro‘-e’tiborini tushirmaslik” bilan bog‘liq qoidalar belgilangan. Biroq, shikoyat keyingi taftish uchun qabul qilingan zahoti sudya bu to‘g‘risida xabardor qilinishi kerak.

Sudyalarning intizomiy javobgarligi-3

Zotan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning 14-moddasiga muvofiq, barcha shaxslar sudlar va tribunallar oldida tengdir. Har bir kishi unga qo‘yilayotgan har qanday jinoiy ayblov ko‘rib chiqilayotganda yoki biron-bir fuqarolik jarayonida uning huquq va burchlari aniqlanayotganida qonunga muvofiq tuzilgan nufuzli, mustaqil va xolis sud tomonidan mazkur ish adolatli hamda ochiq holda ko‘rib chiqilishi huquqiga ega.

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 6-moddasida sudga keltirilgan shaxslar ishlarining adolatli va ommaviy muhokamasini ta’minlash uchun qonun asosida tuzilgan mustaqil va xolis sud bo‘lishi lozimligi ta’kidlangan. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining xulosasiga ko‘ra, sudyalarga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ish odil sudlov muhokamasi to‘g‘risidagi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 6-moddasi hamda ishning holatiga bog‘liq bo‘lgan tegishli milliy qonunchilik ta’siri ostida bo‘ladi.

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining 2001 yil 8 fevraldagi qaroriga asosan, sudyalar korpusi fuqarolik xizmatining tarkibiga kirmasa-da, davlat xizmatining bir qismidir. Shu bois, sudya odil sudlovni yuritish sohasida o‘ziga berilgan vakolatlarni amalga oshirishda bevosita qatnashadi va davlat manfaatlarini himoya qilish majburiyatiga ega.

Sudyaga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atish tizimida uning fikr-mulohaza bildirishiga imkon beruvchi normalar bo‘lishi kerak. Agar intizomiy chora qo‘llanilayotgan sudya ishning ochiq ko‘rilishini talab qilmasa, dastlabki bosqichda ish yopiq ko‘rilishi kerak.

Nazarimizda, intizomiy nojo‘ya xatti-harakatlarga oid ishlarni yopiq tarzda ko‘rib chiqish uchun asos bo‘luvchi holatlarni ham nazarda tutish lozim. Davlatning milliy xavfsizligi, ommaviy tartibi, voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi masalalar shular jumlasidandir.

Ishda ishtirok etuvchilarning shaxsiy hayotini himoya qilish maqsadida yoki alohida  holatlarda, intizomiy ishni ochiq ko‘rish odil sudlovning manfaatlariga putur yetkazishi mumkin deb topilishi mumkin. Masalan, Yevropada bunday holatlarda ijtimoiy nazorat muhimligini e’tiborga olib, ishlarni yopiq tarzda olib borish uchun asoslar taqdim qilmaslik Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining qoidalari buzilishiga olib kelishi mumkin.

2009 yil 5 fevraldagi Xorvatiyaga qarshi Olujichning shikoyati yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining qarorida shikoyatchining mazkur ishni ommaviy, ochiq ko‘rish talabi va ishga nisbatan jamoatchilikning qiziqishi sezilarli darajada yuqori bo‘lganiga qaramasdan, sud muhokamasida jamoatchilikning qatnashishi asossiz ravishda bekor qilinishi shikoyatchining huquqlari buzilishiga sabab bo‘lganligi qayd etilgan. Intizomiy ish qo‘zg‘atish jarayoni ochiq yoki yopiq bo‘lishidan qat’i nazar, ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha qabul qilingan qarorlar matbuotda e’lon qilinishi shart.

Ayrim davlatlarning (masalan, Avstriya va Bolgariya) intizomiy javobgarlik ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunlariga ko‘ra, intizomiy javobgarlik ishlarini ko‘rish tartiblari sud muhokamalarini o‘z ichiga olishi va ular jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, ba’zi qonunlarda intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorlar matbuotda e’lon qilinishi shartligi ko‘rsatilgan.

Sudyalarning intizomiy javobgarligi-4

Aksariyat davlatlarda intizomiy javobgarlikka tortish tartibini adolatli va tezkor o‘tkazishni ta’minlash maqsadida sudyalar ustidan shikoyat berishning muddati nazarda tutilgan. Bolgariyaning “Sud tizimlari to‘g‘risida”gi Qonunining 310-moddasiga muvofiq, intizomiy javobgarlik ishini qilmish aniqlangan kundan boshlab olti oy ichida va u sodir qilingan kundan boshlab uch yildan kechiktirmasdan qo‘zg‘atish mumkin.

Xorvatiyaning “Davlat sud kengashi to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasiga muvofiq, intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ish gumon qilingan qilmish aniqlangandan keyin olti oy ichida yoki u sodir etilgan kundan ikki yildan kechiktirmasdan qo‘zg‘atiladi.

Odatda, intizomiy javobgarlik ishini yuritishning barcha bosqichlari uchun muddat chegarasini belgilash nazarda tutiladi, shu jumladan, taftishni tugatish, yakuniy qarorni chiqarish, intizomiy jazo chorasini ish bo‘yicha qaror qabul qilingandan keyin zudlik bilan hech qanday asossiz kechiktirmasdan qo‘llash lozim. Bu boradagi muddat Bolgariyaning “Sud tizimlari to‘g‘risida”gi Qonunining 310-moddasida uch oy, Xorvatiyaning “Davlat sud kengashi to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasida bir yil, Ispaniyaning “Sud tizimlari to‘g‘risida”gi Qonunining 425-moddasida uzaytirish imkoniyati bilan olti oy etib belgilangan.

Muddatlar faqat istisno holatlardagina, masalan, taftish murakkab bo‘lsa, sudya kasal bo‘lsa yoki jinoiy tergov harakatlari uzoq davom etsa yoki jinoiy ish yuritish natijalari intizomiy javobgarlik bo‘yicha ishni taftish qilishga bog‘liq bo‘lsa, uzaytirilishi mumkin.

Taraflarning tengligi prinsipidan kelib chiqib, intizomiy javobgarlikka oid nojo‘ya xatti-harakatni sodir qilganlikda ayblangan sudyaga o‘z ishi bo‘yicha ko‘rsatma va dalillarni taqdim etish imkoniyati berilishi kerak.

Xulosa qilib aytganda, sudyaga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atish va javobgarlik ishlarini yuritishni tartibga soluvchi  qonunlar tegishli sudyani tinglash, guvohlarni tergov qilish, ko‘rsatma va dalillarga baho berish uchun imkoniyat yaratishi hamda sudyaga advokat olishni kafolatlashi lozim. Bundan tashqari, intizomiy javobgarlik ishlarini ko‘ruvchi organning birinchi instansiyasida (hokimiyat organi bo‘ladimi, sud yoki tribunal bo‘ladimi) qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyati kafolatlanishi lozim.

Odiljon Sulaymonov, Sudyalar oliy maktabi bosh mutaxassisi,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent

Ushbu web-sayt ma’muri va muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.