Ultimate magazine theme for WordPress.

QAMOQ JAZOSI TAYINLANDI

27

Farg‘ona shahar ma’muriy sudi tomonidan karantin davrida ogohlantirishlarga qaramasdan jamoat joylarida niqobsiz, mast holda huquqbuzarliklar sodir etgan bir necha shaxslarga tegishli tartibda qamoq jazo tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasida bir necha kunlardan beri barcha ommaviy axborot vositalari orqali karantin davrida imkon qadar fuqarolar oilasi bilan uyida qolishligi, fuqarolar jamoat joyida harakat qilishsa yuzlariga niqob taqib yurishlari bo‘yicha ogohlantirilayotganligiga qarmasdan belgilangan majburiy qoidalarni buzishmoqda.

Xususan, Farg‘ona shahar ma’muriy sudida 2020 yil 16 aprel kuni mazmunan ko‘rilgan ma’muriy ish bo‘yicha huquqbuzar T.Djabarov 2020 yil 15 aprel kuni soat 19:30 lar chamasida jamoat joyi Farg‘ona shahar A.Jomiy ko‘chasi ko‘p qavatli 13b-uy oldida mast bo‘lgan holda mamlakatda karantin e’lon qilinganligini bilgan holda karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida maxsus talablariga zid ravishda qasddan yuziga niqob taqmasdan biror-bir arzirli sababsiz o‘ziga notanish bo‘lgan jabrlanuvchi N.Atadjonovaga shilqimlik qilib, uni uyatli so‘zlar bilan so‘kib, fuqarolarning osoyishtaligini buzgan, shundan so‘ng voqea joyiga shu hududda xizmat vazifasini bajarayotgan Farg‘ona shahar IIO FMB 4-son IIB profilaktika inspektori jabrlanuvchi A.Berdiqulov kelganida uni ham qonuniy talablarini bajarmasdan, jamoat joyida IIB xodimini uyatli so‘zlar bilan so‘kib, baqir-chaqir qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzganligi aniqlandi.

Shu sababli sud tomonidan huquqbuzar Djabarov Tulkinjon Muydinovich O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 54-moddasi 1-qismi,183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 34-moddasi tartibida uzil-kesil 15 (o‘n besh) sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, undan qamoqda saqlash bilan bog‘liq xarajatlar sifatida 501.750 so‘m Farg‘ona viloyat IIB VSXning Farg‘ona shahridagi hisob raqamiga undirilishi belgilandi.

Bundan tashqari Farg‘ona shahar ma’muriy sudida 2020 yil 17 aprel kuni mazmunan ko‘rilgan ma’muriy ish bo‘yicha huquqbuzar K.Matazimov ham yuqoridagi ma’muriy huquqbuzarlikka o‘xshash bir xil huquqbuzarliklar sodir etganligi aniqlanganligi sababli unga ham O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 54-moddasi 1-qismi,183-moddasi va 194-moddasi 1-qismlari bilan uzil-kesil 15 (o‘n besh) sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, undan qamoqda saqlash bilan bog‘liq xarajatlar sifatida 501.750 so‘m Farg‘ona viloyat IIB VSXning Farg‘ona shahridagi hisob raqamiga undirilishi belgilandi.

Soli KURBANOV, Farg‘ona shahar ma’muriy sudining raisi.