Ultimate magazine theme for WordPress.

NASAFIYNI ESHITMASLIK, JAHONGIR OTAJONOVNING “FA-FA-FA-FA”SIGA TAQLID

42

Go‘zallikning ideali yo‘q, deyishadi G‘arbda. Insonlar turlicha bo‘lganidek, go‘zallikni ham turlicha tasvirlashadi. Aslini olganda, Yevropa xalqlarida chiroy va san’atni boshqacha qadrlashadi. Ular bachkana qo‘shiqchini ham; yuzlari tatuirovka bosgan qizni ham; lablari do‘rdoq, sochlari allambalo rangli modelni ham; bolalar chizib tashlaganga o‘xshagan suratni ham go‘zallik deb hisoblayverishadi. Ular Nasafiyga o‘xshagan bir «yulduz» bachkana qo‘shiq aytsa, birortasi undan qo‘shiq aytishni to‘xtatishni talab qilmaydi: Luiza yoki Zarinadek shou-biznes vakillarining qomati bilan ishi yo‘q – ular inson qanday bo‘lsa, shunday qabul qilib o‘rgangan.

Nasafiy va «fa-fa-fa-fa»ga yengilishdan qo‘rqasizmi-3

Sharqda esa doimo har narsaning ideali bo‘lgan, bo‘lib kelmoqda, balki kelajakda ham bo‘lar. Biz hammani o‘z qolipimizga moslashtirish tarafdorimiz. Bu xislatimiz bugun paydo bo‘lmagan, azaldan xalqimiz shuurida shakllanib kelgan. Bitta maqol ham bor edi-ya: Och qornim, tinch qulog‘im. Biz yangiliklardan ko‘ra, odatlangan narsalarni ustunroq qo‘yamiz. Shu sababli ham Nasafiyning o‘zini tutishi, Lolaning klipi va hokazolarning qomatini tanqid qilaveramiz.

Nasafiy va «fa-fa-fa-fa»ga yengilishdan qo‘rqasizmi-2

Jamiyatimizda katta avlodning ta’siri kuchli bo‘lib, ijtimoiy hayotimiz ularning nuqtai nazaridan tuzilgan. Bir tomondan oladigan bo‘lsak, bu ham o‘zini qaysidir ma’noda oqlagan: bu «sharqona tarbiya» deb ataladi. Katta avlodning an’analarni himoya qilishi bugungacha millatlar xilma-xilligini saqlab, kosmokratiya (butun dunyoda bitta yurideksiya bo‘lishi haqidagi nazariya)ning amalda vujudga kelishining oldini olmoqda.

«Demokratiya boshqaruvning eng og‘ir shakli, biroq insoniyat bundan yaxshisini o‘ylab topmagan», degan edi Buyuk Britaniyaning mashhur bosh vaziri Cherchil. Biz hanuz kimlarnidir  nimasinidir tanqid qilamiz, biroq tanqidlar taklifsiz…

Ijtimoiy tarmoqlarda kimningdir san’atini emas, balki uning o‘zini tutishi yoki kiyinishi muhokama qilinadi. Masalan, Nasafiy taxallusli bir yigit… Ijtimoiy tarmoqlarda «megayulduz»ga aylangan bu «san’atkor»ni bo‘ralatib so‘kish yoki undan turli memlar yasash avj olib ketdi.

Kimdir uni eshakka tenglasa, yana kimdir bundan-da yomonroq tasvirlaydi. Nainki  katta avlod, balki o‘rta avlod ham uni «ko‘rgani ko‘zi yo‘q», eng yosh avlod esa Nasafiy bilan ishi yo‘q, chunki ularsiz ham ma’naviyatimiz haqida qayg‘uruvchilar juda ko‘p. Negadir Nasafiyning qo‘shiq aytmasligini, shou-biznesni tark etishini so‘raymiz-u biroq shunga yarasha taklif bera olmaymiz.

Nasafiy va «fa-fa-fa-fa»ga yengilishdan qo‘rqasizmi-1

Ustoz san’atkorlarning qo‘shiqlarini buzib aytganlikda tergab, bunday ashuladan ko‘ra milliy lapar va maqomlarimiz yaxshi ekanligini tushuntiramiz. Biroq shu milliy san’atimizni ommaviylashtirish haqida qattiqroq qayg‘urmaymiz. Xo‘sh, ayb kimda: milliy san’atimizni yoya olmagan biz ma’naviyatchilardami yo umuman milliylikni bilmaydigan «otarchi»dami? Ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbek segmenti istaymizmi yo yo‘q Nasafiyni bizga salbiy ko‘rinishda tanitib bo‘ldi: uni umuman bilmaydiganlar ham, biladiganlar ham Nasafiy ijod qilishga noloyiq ekanligiga ishonib qolgan.

Bugun kimgadir «Nasafiyni eshitaman», deb ko‘ring-chi, sizga qandaydir boshqacha ko‘z bilan qaraydi. Negadir biz yoqtirmagan narsamizni boshqalar ham yoqtirmasligini istaymiz. Aslida kim nimani eshitishi, ko‘rishi uning istagi bo‘lishi kerak emasmi, a labbay? Demokratiya shunaqa emasmidi?.. Bizda esa boshqacharoq: biz yomon ko‘rdikmi, demak hamma yomon ko‘rishi kerak; biz tanqid qildikmi, demak hamma tanqid qilishi kerak. Kimdir bizning oqimda suzishni istamasa, biz uni oqizib ketamiz – biz shunday «ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek segmenti»ni yaratdik.

Nasafiy va «fa-fa-fa-fa»ga yengilishdan qo‘rqasizmi-4

Kimnidir qoralash boshlandimi, uning boshini chiqarmay yomonlashga tushamiz. Agar siz bilmasdan o‘sha «baxtiqaro»ni yaxshilab qo‘ying-chi, naq uning hamtovog‘iga aylanasiz-qolasiz. Ishonmasangiz Feysbuk profilingizga «Nasafiy menga yoqadi» deb yozib qo‘ying!?. Siz didi pastga chiqasiz, maddohga, san’atni tushunmaganga aylanasiz. Men Nasafiy yoki boshqa bir «beqiliq» san’atkorni oqlash niyatim yo‘q: men hamma o‘zi istagandek san’atga yondashishi tarafdoriman. Negadir jamiyatimizda o‘zgalarning istaklarini hurmat qilish tushunchasi yo‘q. Ehtimol, bu eng og‘riqli nuqtalarimizdan biri bo‘lsa kerak.

Dunyodagi eng demokratik tamoyillaridan biri hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasida shunday deyiladi: «Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart». Bizning jamiyat esa bunday demokratiyani ko‘tara olmayapti.

Nasafiyni eshitmaslik, Jahongir Otajonovning «Fa-fa-fa-fa»siga taqlid qilmaslik har kimning o‘z huquqi, lekin buni boshqalar qilishi mumkinmas, degani emas.

Biz mumtoz san’atimiz va milliy tarbiyamizning qudrati haqida baland shiorlar aytamiz-u biroq ular Nasafiyning qiliqlariga, «Fa-fa-fa»larga yengilib qolishidan qo‘rqamiz. Agar hozir ijtimoiy tarmoqlarda «megayulduz» bo‘layotganlarning qilayotgan qiliqlari san’at darajasida bo‘lmasa, albatta, kun kelib bu butun hayotimizni tark etadi va biz istagan madaniyatgina qoladi. Bunday past saviyadagi qo‘shiqlar insonni hunuklikni go‘zallikdan farqlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Rumiyda bir gap bor: «Har narsaning qadri ziddi bilan». Bu borada gapirsak, gap ko‘p. Hindistonning mashhur arbobi Mahatma Gandi shunday degan edi: «Men derazamni ochsam, toza havo bilan birga chang ham kiradi».

Biz rivojlangan mamlakat bo‘lishni istar ekanmiz, «eshik va deraza»larimizni lang ochishga to‘g‘ri keladi. Ochganimizda jamiyatda turli axloqsizliklar, ma’naviyatdan chekinishlar bo‘lishi mumkin, ammo biz shu paytda mustahkam ma’naviyatli bo‘lib tura olishimiz kerak emasmi, axir.

O‘tish davrida biz nima yaxshi, nima yomonligini bilib olamiz. Muhimi shu. Garchi saviyasi past qo‘shiqlar yosh avlodning estetik didini tushirishga xizmat qilsa ham, bu milliy san’atimizning qanchalik darajada yuksak ekanligini isbotlab beradi. Axir raqobat o‘sishni ta’minlaydi, yo unaqa emasmi?..

Biz birovning erkinliklariga daxl qilguncha, bizga yoqmagan narsalarga qarshi o‘zimizda o‘zimiz immunitet hosil qilsak, yetarli. Axir aytishadi-ku, g‘oyaga qarshi g‘oya bilan…

Sanjar ShOMURODOV, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti Xalqaro jurnalistika yo‘nalishi talabasi

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.