Ultimate magazine theme for WordPress.

OLMAZORNING HOKIMI BAXTIYOR RAHMONOV PREZIDENT DUSHMANI…MI?

65

Olmazor tuman hokimi Baxtiyor Rahmonov madaniy ahloqsizmi yoki ma’naviy qashshoqmi yohud Prezidentning dushmani…mi? Rahmonovning sharmandali audioyozuvi tarqaldi

Kuni kecha Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning ommaviy axborot vositasi xodimlariga ko‘rsatgan qo‘pol munosabati, ularga tajovuz qilishi ijtimoiy tarmoqlarni “portlatgan” edi.

“Qo‘pollik, ma’rifatsizlik, odamlar bilan moldek munosabatda bo‘lish, ularni haqorat qilish Olmazor tumanidagi ayrim rahbarlarning tashrif qog‘oziga aylangandek” deyiladi qalampir.uz tahririyatining navbatdagi maqolasida.

Unda ma’lum qilinishicha, tahriyatga Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov o‘tkazgan yig‘ilishdan audioyozuv kelib tushgan bo‘lib unda hokim yig‘ilish ishtirokchilariga qayta-qayta so‘kinib murojaat qilayotgani, ularni haqoratlayotgani, qamatish, ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilayotganini tinglash mumkin.

olmazorning-hokimi-prezidentning-dushmani-mi-3

Maqola matnida tahririyatning ma’lum qilishicha, ushbu yig‘ilishda tumanda joylashgan banklar – “Davr Bank” XATB, “Asia Alliance Bank” ATB, “Hamkorbank”, TIF Milliy Bank, “Ipak Yo’li” AITB, “Xalq bank”, “Sanoatqurilishbank” ATB, “Ipoteka” ATB, “Asaka bank”ning tuman filiallari rahbarlari va xodimlari ishtirok etgan. Hokim yig‘ilishda tumanda eksportni oshirish, eksportyorlar bilan ishlash bo‘yicha o‘dag‘aylab bank xodimlariga murojaat qilgan.

Maqolada aks ettirilishicha, tahririyat muxbiri bilan suhbat jarayonida bayon etgan yig‘ilish ishtirokchilaridan biri shunday deydi, – “Yig‘ilishda ayollar ham bor edi. Ular hokimning bunday so‘kong‘ichligiga o‘rganib ketishgan. Bank rahbarlarini ishdan bo‘shatish, arizasini olish bilan ogohlantirdi. Tuman eksport salohiyati bilan orqada qolayotganidan jig‘ibiyron bo‘lgan Baxtiyor Rahmonov bank rahbarlariga zudlik bilan eksportni oshirish talabini qo‘ydi. Bank xodimlari tadbirkor bo‘lmasa, eksportni qanday oshirsin?” deya bayonot bergan mazkur yig‘ilishda ishtirok etgan bank xodimlaridan biri qalampir.uz muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda.

Nimaga sevsin, otasidan eshitmagan so‘kishlarini hokimbuvadan eshitgani uchunmi?

Ma’lumki, joriy yilning avgust oyi boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev eksport salohiyatini oshirish va ulardan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi. Yig‘ilishda Toshkent shahrida eksportni ko‘paytirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

olmazorning-hokimi-prezidentning-dushmani-mi-12

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdagi Prezidentning salbiy tanqidi Olmazor tumanining 60 yoshli hokimi Baxtiyor Rahmonovga og‘ir botgan chog‘i, hokim qo‘l ostidagilarni tinimsiz haqorat qilib, yig‘ilish o‘tkazgan. Shunisi aniqki, uning o‘zi Prezident qarshisida yo Toshkent shahar hokimi bilan yig‘ilishlarda bunday haqoratlarni eshitmaydi. Shunday ekan, kim unga boshqalarni haqoratlashga huquq berdi?

Hokim yig‘ilishda bank xodimlariga kurakda turmaydigan topshiriqlar bergani aytilmoqda. Tumanda joylashgan tadbirkorlik sub’ektlari planni bajarish uchun kelgusi oy yoki kelgusi yilga rejalangan eksportlarni shu oyning o‘zida bajarib, tuman obro‘sini ko‘tarishlari kerakligi buyurilgan. Hokim bugunning o‘zida 7 milliard plan bajarilishini, kerak bo‘lsa, eksportyorlarni uyidan olib kelishni buyurgan.

olmazorning-hokimi-prezidentning-dushmani-mi-4

E’tibor qaratadigan jihati shundaki, Respublikamiz Prezidenti yig‘ilishda rahbarlarga “korxonalar vakillari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularni eksport faoliyatiga jalb etishi, bu boradagi muammolarini hal etish, xalqaro standartlarni joriy qilish va sertifikatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha yordam berishi zarurligi”ni ta’kidlagandi.

Olmazorning hokimi janob Baxtiyor Rahmonov esa eksportyorlar bilan uchrashib, ularning muammolariga quloq tutish o‘rniga, stol urib yig‘ilish o‘tkazmoqda, eksport borasida tumandagi yo‘qotishlarda bank xodimlarini ayblamoqda.

olmazorning-hokimi-prezidentning-dushmani-mi-5

To‘g‘ri, Olmazor Toshkentdagi eng og‘ir hududlardan biri sanaladi. Biroq, tumanning salohiyati yuqori. Unda minglab ma’naviyatli, ma’rifatli, jamiyatda o‘z o‘rnini topgan, jonkuyar, vatanparvar kishilar istiqomat qiladi. Tuman hokimining odamlar bilan bunday muloqoti, muomalasiga aqlini tanigan uncha-buncha odam chidab tura olmaydi.

Hokimga kim huquq bergan birovni haqorat qilishga? Bu nimadan dalolat? Madaniyatsizligimizdan dalolat.

Ma’lum, 70 yillik mustamlakani ko‘rgan O‘zbekistonda odamlarni urib, haqoratlab, tepib ishlatish o‘sha vaqtlar oddiy hol bo‘lgan. Mustaqillik yillariga kelib ham, o‘tgan 25 yil davomida ayrim “Nikolayning yog‘ini yalagan” rahbarlar bu “an’ana”dan voz kecha olmadi.

olmazorning-hokimi-prezidentning-dushmani-mi-6

O‘rgangan ko‘ngil, o‘rtansa qo‘ymas degan gap bor, axir. So‘nggi uch yil Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiqlik, oshkoralik siyosati rahbarlardan ma’naviyatli, ma’rifatli, odamlar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lishni talab etmoqda. Boisi yillar davomida xalq shundoq ham ezilib, tahqirlanib kelgan. U endi yana o‘sha adolatsizliklarni ko‘tara olmaydi. Prezidentning aytganlari faqat yig‘ilishlarda qolib ketmay, hayotda o‘z ifodasini topishi, odamlar televizorda ko‘rib, ishonganlarini o‘z hayotida ham boshidan kechirishi, o‘zgarishlarni sezishi kerakmi yo yo‘q? Yo shallaqiga shahar keng qabilida oldimizga kelganini itdek qopishda davom etaveramizmi?

Kuni kecha 14 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta’minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari O‘zbekistonda kadrlar masalasi eng katta muammo ekanini ta’kidlab, salbiy jihatdan qayd etib o‘tdi.

Tunu kun ishlab, arzimagan oylik olib, yana allamahalgacha yig‘ilishda o‘tirib, hokimning haqoratlarini eshitib kelayotgan xodim qanday qilib yaxshi ishlasin? Qanday qilib ishini, Vatanni sevsin? Nimaga sevsin, otasidan eshitmagan so‘kishlarini hokimbuvadan eshitgani uchunmi?

olmazorning-hokimi-prezidentning-dushmani-mi-8

Chidagani-chi? Tishini tishiga qo‘yadi. Kattaroq rahbar bo‘lsa, boring ana bo‘lim boshlig‘i bo‘lsa, borib o‘z qo‘l ostidagilarga hokimdek muomalada bo‘ladi, alamini ulardan oladi. Men ham eshitib kelyapman, senlar ham eshitasanlar qabilida ish tutadi. Agar oddiy xodim bo‘lib ishlasa, g‘ururi dosh bermasa, ishdan bo‘shaydi, qutuladi. Oxir-oqibat yana bong uramiz: kadrlar tanqis, yoshlar yo‘q.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida endi hokimlar haftasiga uch marta maktablarga borib dars berishi haqida gapirgan edi. Hozirdanoq, Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovdan qanday “o‘qituvchi” chiqishini tasavvur qilish qiyin emas.

OLMAZORNING HOKIMI BAXTIYOR RAHMONOV PREZIDENT DUSHMANI...MI?

Prezident aytgan edi: hokimlar – Prezidentning hududlardagi vakili. Prezidentlarga havas bilan qarashadi. Ko‘z uzmay televizorda tomosha qilishadi, ularning odamlar bilan muloqotlaridan, nutqlaridan kuch olishadi. Ayniqsa, Shavkat Mirziyoyev teleyekranlardagi har bir chiqishida odamlarga kuch, g‘ayrat, iqtidorlarini namoyon etishga, yashashga ishonch berayotgani bor gap. Biroq, uydan nariga chiqib, Prezidentning hududdagi vakili “qarorgohi”ga bosh ursangiz, butkul boshqa vaziyat, butkul boshqa chehralar qarshisidan chiqasiz. Aytaylik, oddiy maktab o‘quvchisi Olmazorning hokimi Baxtiyor Rahmonovga o‘xshagan hokimlarga qanday havas qilsin? Qaysi ota-ona uning so‘kishini eshitgach, bolam hokim bo‘lsin deydi?

olmazorning-hokimi-prezidentning-dushmani-mi-11

Yaqinda Prezident hokimlarning odamlar bilan munosabati, so‘kinishi, haqorat qilishini qattiq tanqid qilgandi. Davlat rahbarining “Hali odamlar o‘zgargani yo‘q. Madaniyat o‘zgargani yo‘q. Hokimlarning madaniyati yo‘q. Ochig‘ini aytaman, biz yaqinda uchta rayonning hokimini jazoga tortdik. Odamlar bilan gaplashishni bilmaydi. Oldingidek, madaniyatsiz gaplar bilan majlislar o‘tkazib, odamlarni haqorat qilish… Kim ularga huquq berdi?  Hokimga kim huquq bergan birovni haqorat qilishga? Bu nimadan dalolat? Madaniyatsizligimizdan dalolat. O‘qimaganimizdan dalolat, ma’naviyatimiz pastligidan dalolat. Shuning uchun, mana, studiyada hamma hokim, ichki ishlar xodimi, prokuror milliy xavfsizlik o‘tiribdi, hammalaring bilinglar, unaqangi ertangi kunga birortalaring ishlamaysizlar. Bahoni bittayu bitta odamlar beradi. Hammamizga, Prezidentdan boshlab hammaga…”, degan gapidan ko‘pchilik, jumladan Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov ham xulosa chiqarmagan ko‘rinadi.

Gap shundaki, bundan avval ham viloyat, shahar, tuman hokimlarning fuqarolar va qo‘l ostidagi xodimlar, maktab direktorlari, o‘qituvchilar bilan itdek muomalada bo‘layotgani, ularni kurakda turmaydigan gaplar bilan haqorat qilayotgani, nafsoniyatiga tegib, tahqirlayotgani aks etgan video, surat va audioyozuvlar tarqaldi. Biroq, ularga chora ko‘rilmadi, bahridan o‘tilmadi.

Bir-ikkisi boshqalarni sharmanda qilganidek, sharmandalik bilan lavozimidan ozod etilganda edi, so‘kish u yoqda tursin, ovozini balandlatishga ham qo‘rqib turardi. Odamlar esa televizorda ko‘rsatilayotgan adolatli siyosatning hayotdagi namunasini mana shunday holatlar misolida ham kutmoqda. Olmazor tumanida hokim odamlarni haqoratlab tursa, uning o‘rinbosari OAV xodimlariga tajovuz qilsa… Olmazorda kimlar ishlayapti o‘zi?

olmazorning-hokimi-prezidentning-dushmani-mi-1

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyevni odamlarga nisbatan adolatsizligi, ularning dardi, tashvishlari bilan yashamasligi, Prezident siyosatini hududlarda teskari namoyon etayotganini davlatga, davlat rahbariga dushmanlik, xiyonat sifatida baholagandi. Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovning xatti-harakatlari Prezidentga do‘stlikmi yo dushmanlik?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Toshkent shahar hokimligi bo‘lib o‘tgan voqealarga shunchaki ko‘z yummasligiga ishonamiz.

Ma’lumot o‘rnida, Baxtiyor Rahmonov 1959 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli. 1981 yili Kiyev muhandis-qurilish institutini tamomlagan. 1993-1997 yillarda Uchtepa tumani kommunal foydalanish boshqarmasi boshlig‘i – tuman hokimining o‘rinbosari, 1997-1999 yillarda Uchtepa tumani kommunal foydalanish boshqarmasi boshlig‘i, 2000-2000 yillarda Toshkent shahar hududiy kommunal foydalanish birlashmasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, 2000-2003 yillarda “Toshshahargazta’minot” sho‘‘ba korxonasi direktori, 2003-2005 yillarda Toshkent shahar kommunal foydalanish birlashmasi bosh direktorining o‘rinbosari, 2005-2008 yillarda Toshkent shahar hududiy kommunal foydalanish birlashmasi bosh direktori, 2008-2011 yillarda Mirobod tumani hokimi, 2011-2016 yillarda Toshkent shahar hokimining kapital qurilish, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish,  sanoat va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2016-2017 yillarda Toshkent shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2017-2018 yillarda Sergeli tumani hokimi lavozimlarida ishlagan. 2018 yildan buyon Olmazor hokimi sifatida faoliyat yuritmoqda deya xabar bergan qalampir.uz tahririyati.