Ultimate magazine theme for WordPress.

ADOVAT KUCHLIMI YOKI ADOLAT?

32

Izboskan tumanidagi “Ne’matjon orzu umidi” fermer xo‘jaligi rahbari Xurshida Nabiyeva nega hudud yetakchisining qahriga uchradi? U qanday xato qilgan ediki, hokim Serobiddin Ismoilov – “Seni baribir ishlatmayman, ko‘zimga ko‘rinma!”, deya zaldan quvib chiqarsa?! Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi “Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bir qator qishloq xo‘jaligi korxonalarining faoliyati maqbullashtiriladigan bo‘ldi.

Jumladan, yuqorida zikr etilgan fermer xo‘jaligining ham. Xurshida Nabiyevaning turli idoralar eshigi tagida sarg‘ayishlari shundan so‘ng boshlandi. Buni qarangki, mazkur qaror qabul qilinishidan biroz avval, ya’ni 2018 yilning 21 dekabr kuni X. Nabiyeva tuman hokimi nomiga uch yil davomida paxta rejasini bajara olmaganligi sabab yer ijara shartnomasini bekor qilishni so‘rab ariza bergan ekan.

Bu holni “O‘zim ishlayman, deganimga qo‘yishmadi, arizani majburiy tarzda yozdirib olishdi”, deya izohlaydi u (ayni vaziyatning mavjud qonunchilikka qay darajada to‘g‘ri kelishi alohida mavzu). Keling, mazkur xo‘jalik faoliyatini qisqacha tahlil qilsak.

Falla yetishtirish rejasi 2016 yilda 107 foizga, 2017 yilda 121,3 foizga, oxirgi mavsumda esa 119,4 foizga bajarilgan. Paxta tayyorlash borasida 2016 yilda 83,9 foiz, 2017 yilda 77 foiz ko‘rsatkich qayd etilgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib natija 61,2 foizni tashkil etgan. Lekin mana shunday sharoitda ham fermer ta’minot idoralari bilan bog‘liq hisob-kitoblarni joy-joyiga qo‘yib, yilni foyda bilan yakunladi.

Seni-fermer-sifatida-ishlatmayman-1

Don yetishtirishni uddalagan xo‘jalik nega paxtachilikda oqsadi? Avvalo, faoliyat ko‘rsatgan «Madadbaraka» massivida boshqa hududlarga nisbatan ishchi kuchi kam. Suv ta’minotida uzilishlar yuzaga kelib turadi.

Xurshida Nabiyevaning ta’kidlashicha, xo‘jalikka tegishli 48 gektar maydon massivning etagida joylashgan, ya’ni suvni eng oxiri ichadi. Paxta yig‘im-terimi chog‘ida otryad a’zolari mazkur dalaga navbatma-navbat, hammadan keyin yetib kelishadi. Unga qadar chanoqdan oqib ketayotgan hosilning cho‘g‘i kamayadi, sorti pasayadi.

“O‘tgan yili ham yon-atrofimizdagi fermer xo‘jaliklarida ikkinchi terim boshlangandan keyin, 10 oktabr kuni birinchi terimga tushdik. Bu, albatta, hosildorlikka jiddiy ta’sir qiladi», deydi u. 2018 yilda “Andijon agrokimyohimoya» hududiy aksiyadorlik jamiyati Izboskan tumani filiali bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, ta’minot idorasi paxta hosili uchun yetarli miqdorda o‘g‘it yetkazib berish majburiyatini zimmasiga olgan.

Biroq shartnoma shartlari to‘liq bajarilmagan, azot 6,5 tonna, fosfor esa 3 ming 774 kilogramm kam yetkazib berilgan. Fermer har qancha urinmasin, ta’minot idorasidan g‘o‘za tanasiga mador bo‘luvchi salkam 2 tonna kaliyli o‘g‘itni ololmaganligi uning tegirmoniga suv quyishga yetib ortdi.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, xo‘jalik shartnomaga nisbatan 33 tonna kam paxta xom ashyosi sotganligi oqibatida o‘rtacha 82 million so‘m foydani boy bergan. Yetkazib berilmagan mineral o‘g‘it evaziga yuzaga kelgan zararning hisob-kitobini joy-joyiga qo‘yish uchun endi sudma-sud yurishi kerakmi?

Xullas, shu kabi jihatlar e’tibordan chetda qoldi hamda “Ne’matjon orzu umidi” fermer xo‘jaligi ekin maydoni tender-tanlovga qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasining yuqorida tilga olingan maqbullashtirishga doir qarorida tanlov o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator jihatlarga e’tibor berish zarurligi aniq-tiniq ko‘rsatib qo‘yilgan.

Jumladan, talabgor yuridik va jismoniy shaxs hisobvarag‘idagi majburiyatlardan ozod bo‘lgan mavjud pul mablag‘iga hamda yaroqli texnika vositalariga ega bo‘lishi zarur.

Izboskan tumanida esa yuqoridagi talablarga rioya etilmadi hamda Xurshida Nabiyeva fermer sifatida faoliyat ko‘rsatgan 48 gektar maydonda “Rasulov G‘olibjon kelajagi” fermer xo‘jaligi tashkil etildi. Ne deysizki, yangi yer sohibi bo‘lmish G‘afurjon Rasulov 2006 hamda 2012 yillarda ikki marta fermer sifatida maydonga chiqqan, ammo turli sabablar tufayli eplay olmay, ikki bor yerni zaxiraga topshirgan ekan.

Mayli, tag‘in fermerlikka bel bog‘lagan ekan, uddalasa, qandini ursin! Biroq ayni jarayonda Vazirlar Mahkamasining qaroriga tamomila zid holatlar namoyon bo‘lyaptiki, bundan ko‘z yumish mumkin emas.

Tenderda necha talabgor qatnashdi? Nega aynan munosib nomzod sifatida Fafurjon Rasulov tanlandi? To‘g‘ri, hokim tumandagi barcha fermerni besh qo‘ldek bilmasligi mumkin, ammo tanlov komissiyasi a’zolari nomzodning avvalgi natijalaridan bexabarmi? Nazarda tutilayotgan 48 gektar yer nima uchun massivdagi boshqa ilg‘or fermerlarga qo‘shib berilmadi? Yangi fermer sifatida maydonga chiqqan nomzodning biror-bir texnikasi yo‘qligiga nega e’tibor qaratilmadi?

G‘afurjon Rasulov “Ikkita traktorim bor”, deya qayta-qayta ta’kidlaganligiga qaramay, ijaraga texnika izlab yurganligini, chigit ekish jarayonini esa hammadan kech – 9 aprel kuni boshlaganligini tanlovda unga suyanchiq bo‘lgan mas’ullar qanday izohlashar ekan? Har holda, ob’ektiv va sub’ektiv sabablar bilan rejani bajara olmagan, lekin ta’minot idoralaridan, imtiyozli kreditlardan qarzdor bo‘lmagan, eng muhimi, ikkita yaraqlagan texnikaga ega fermerdan yerni olib, undan ko‘ra kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan nomzodga ajratilishida qanday ma’no-maqsad bor?

Agar kontraktatsiya shartnomasini bajara olmagan fermer yagona bo‘lganida edi, Izboskanda paxtachilik borasidagi qoloqlik bu qadar ildiz otmagan, biz ham ayni mavzuda bong urmagan bo‘lardik. Holbuki, Xurshida Nabiyeva kabi turli sabablar bilan rejani uddalay olmagan, hatto undan past ko‘rsatkichga ega bo‘lgan bir qator fermerlar bugun ham faoliyatini davom ettirayotganligini jamoatchilik ko‘rib-bilib turibdi-ku.

– Men yaxshi ishlaydigan odamga tegmayman, – deya qisqa-lo‘nda izoh berdi hokim Serobiddin Ismoilov. – Gazetaga arz qilgan fermer esa talabga javob bermaydi!

– O‘tgan yil terim chog‘ida hokim xo‘jaligimiz dalalariga qadam bosgan edi, – deydi Xurshida Nabiyeva. – Tushlikkacha ikki soat vaqt bo‘lsa-da, “Terimchilarga tushlik tayyorlamabsan”, deb dag‘dag‘a qila boshladi. Holbuki, issiq ovqat uchun urinayotgandim. Menga nisbatan adovati o‘sha kuniyoq boshlangan, “Seni fermer sifatida ishlatmayman”, deb aytgandi. So‘zining uddasidan chiqdi.

Qay biriga ishonish kerak: fermer aytganidek adovat kuchlimi? Yoki adolat?

Nurillo NO‘‘MONOV, “Andijonnoma” maxsus muxbiri