Ultimate magazine theme for WordPress.

SHAMOLNING “SHO‘XLIGI”, SUVNING “QILMISHI”

59

O‘rtoq “Palonchiyev”lar shuni bilib qo‘yingki, bu maqolani yozishim siz uchun tuhfadir. Negaki, men bu vaqtda kitob o‘qishim, televizor ko‘rishim, bolamni o‘ynatishim (lekin u bilan to‘g‘on qurish o‘ynamasdim) yoki she’r yozishim mumkin edi. Ammo hammasini chetga surib, Sardoba haqida o‘ylayapman va klaviaturani qarsillatib o‘tiribman.

Tarixchi Plutarx shunday yozadi: “Nohaq ishlari uchun Kratet tergovga chaqirilganida, uning qarindoshi va do‘sti Garpal, podshoh Filippdan do‘sti uchun badal olishni va u haqida yomon gaplar gapirmasliklari uchun sud qilishdan xalos etishni so‘raganida, Filipp: “U tufayli biz haqimizda yomon gapirganlaridan ko‘ra, uning to‘g‘risida yomon gapirganlari yaxshiroq!” — deb javob beradi”.

Ayni paytda Buxorodagi “Shamolning sho‘xligi” va “Sardoba”dagi suvning “qilmishi” atrofidagi bahslar ham yuqoridagi Filippning so‘zlari bilan yakun topishini xohlardik. Biroq tulki tulkini sud qilib tursa, eshaklar oldida ham kulgi bo‘lmasligimizga kim kafil bo‘ladi?

Bugun televideniyedagi “rahmat-rahmat” o‘yinlari yaraning ustiga tuz sepish bilan barobar. Modomiki, haqiqatni aytish qo‘lidan kelmas ekan, kameraga qarab yolg‘on gapirishga ne hojat. To‘g‘ri tushundingiz, men aynan o‘sha masxaraboz deputat haqida so‘z yuritdim.

***

“Qanotchi” yemakxonasining karantinda ochiqligi va u virus tarqatishi mumkinligi haqida bahslashish, uni jarimaga tortish, shohona hayoti bilan maqtanayotgan qahramonlarni (o‘ylab) topish — menimcha, mohiyatan chalg‘ituvchi unsurlar…

“Qorako‘l tumanidagi bir talay inshootlar qatorida aholi uchun qurilgan namunali uylarning shamolda “tomi ketib” qolishi sababchilari yoki o‘n mingga yaqin odamning hayotini havf ostida qoldirib, uy-joylaridan ayirib, halovatini, kulgisini o‘g‘irlagan odamlar jazolanmaydimi?” degan savolni berganimizda, Yulduz Usmonovaning “so‘kinish” sahnasi kimga kerak?

“Aytingchi, endi sudda nimalarni ko‘proq e’tiborga olmoqchisiz?” degan savolga esa “Xonandaning uzr-ma’zur” sahnasi. Mana, yana bitta sahna — Boysunning hokimi bozorni buzmoqchi, yangi bozor esa tayyor emas. Hamma-hamma bilan, Boysunning hokimi bozor bilan. Bularning hammasi xuddi asosiy mavzudan qochish va mayda-chuyda tafsilotlarga o‘ralashishday bir gap.

RUXSAT TEGMASA, SAYTLAR SAYRAMAYDI

Nomdor saytlar qayerda, nima bilan mashg‘ul? Ular kamera ko‘tarib chopgich edi. Ular hamma joyga kirib borgich edi. Ammo yuqoridagi holatlar uchun aybdor deb qaralayotgan shaxslarga kamera qarshisida biror savol beroladimi? Yo‘q, albatta! Nega? Soyasidan qo‘rqarmish.

Har bir narsa uchun hayqiradigan, zamonamiz «qahramonlari»ga aylangan blogerlar-chi, ular demokratiya nafasi bilan tug‘ilgan avlod edi-ku. Yoki blogerlar ham bloklanganmi? …Shunaqa, chinakam masala tug‘ilsa, sichqonning ini ming tanga…

Uzun-quloq gaplarga qaraganda, qurilish vaziri o‘rinbosari E.Iskandarovning aytishicha, Prezidentimizning shu yil 1 mayda qabul qilingan “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqib, 2020 yil oxiriga borib, “Qishloq qurilish invest” va “Shahar qurilish invest” kompaniyalarining aholiga namunaviy uy-joy qurish bo‘yicha monopoliyasiga chek qo‘yilar emish… Shu xabarni o‘qiganimda, nima-balo biz shu paytgacha buni bilmaganmidik, deb yubordim.

Suv ombori to‘g‘risida esa “sinovli kunlarda” deb gapirishga o‘rganib qoldik. Ammo deputatlarimiz ham “sinovli kunlarda” degan so‘zdan nariga o‘tmaydimi? Hammasidan kutmasak ham sanoqli deputatlarimizdan kutamiz.

TAKLIF!

Hozir hamma telekanallar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir qilishni o‘rganib oldi. Bu, albatta, “bizga yaratib berilayotgan sharoit” emas. Bu zamon talabi! Shuni ham qilolmasak, kulgiga qolishimiz tayin. Shunday ekan, aybdorlar sud qilinishi, faqat sud qilinishi emas, balki bu sud televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilishi kerak. Shunda hammamiz, o‘z mansabiga layoqatsizlik, xalqni aldash, ko‘zbo‘yamachilik va shu qatordagi ayrim amaldorlarga xos va mos bo‘lgan “xislat”lar qanday jazo olishini bilib olamiz.

Mabodo, mening xom-xayollarim ro‘yobga chiqsa, o‘sha efirni endigina maktabga chiqqan o‘g‘lim bilan ko‘raman. Bolaning kelajagini oldindan aytib bo‘lmaydi, u ertaga hokim yoki boshqa bir amaldagi odam bo‘lishi mumkin. Shunda “shamol bilan yomg‘ir”ning sudini eslasa, nafsiga erk berib yubormaydi.

Shu safar masalaga ochiq-oshkor oydinlik kiritib, xalq ishonchini suiiste’mol qilgan shaxslar munosib jazolansa, Vatanini sevadigan fuqarodan tortib, uni boshqarayotgan iqtidor egalari ham “U tufayli biz haqimizda yomon gapirganlaridan ko‘ra, uning to‘g‘risida yomon gapirganlari yaxshiroq!” bo‘ladi, deb yashashda davom eta oladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, biz O‘zbekistonning yer maydoni yoki odamlarining soni bilan faxrlanishni emas, uning adolatli, bir so‘zli mansabdorlari va jasur furqarolari borligi bilan ko‘krak kerishni juda-juda istaymiz!

Muallif: Bek Ali Eshonqulov