Последние новости
Yashashga shoshilaylik!
Домой » MUTOLAA » Yashashga shoshilaylik!

Yashashga shoshilaylik!

Jannat bog‘larida yurganday bo‘lasiz

Jon bir kun tanaga quvvat berib, g‘ayrati toshsa, bir kun xasta. Ehtimol, bu ham bir sinovdir. Hamma narsaning qadriga yo‘qligida yetganimizdek, bemor holimizda jon shu qadar aziz bo‘lib tuyuladiki… O‘zimizni koyiymiz: - “Sog‘lig‘imning qadriga yetsam bo‘lar ekan”.

Yonimizda sog‘-salomat yurgan odamlar ko‘zimizga eng baxtli bo‘lib ko‘rinadilar. Mayli, avvalo, inson omon bo‘lsin. Xasta jonlarga malham bo‘lish esa biz o‘ylaganchalik qiyin emas…

Bemor ko‘rgani borishning savobi juda ulug‘.

Qurbon otani anchadan beri dard qiynaydi: - oyoq og‘rig‘i. Ayniqsa, qishning sovuq kunlarida o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi. Jon shirin-da. Ammo mahalladagi “tabib”i keldi, deguncha, o‘z-o‘zidan og‘riq ham bosiladi-qoladi.

Zokirjon – rahmatli do‘stining o‘g‘li. Ishi ko‘p bo‘lsa-da, tez-tez kelib turadi. Qurbon ota kasalxonada yotganida eng ko‘p borgan shu bo‘ldi. Sohasi shifokorlik bilan bog‘liq emas-u, Qurbon ota uni tabib deydi. Bejiz emas. Uning qo‘l siqib ko‘rishishlari – malham, so‘zlari – dori.

Zokirjon yo‘qlaydigan kishi birgina bu emas. Bemor yotganlar holidan xabar olish – uning odati. Qishloqda kim betob bo‘lib qolsa, bu yigitni o‘shanikidan topasiz. Zokirjon bu safar ham kasalxonaga qo‘yni-qo‘nji to‘lib kirib keldi. Ota bilan har doimgidek quyuq so‘rashdi. Qurbon ota xonadoshlariga uni “O‘g‘lim” deb tanishtirdi. Ancha vaqt suhbatlashib o‘tirishdi.

Yashashga shoshilaylik!  

Ketayotganida qancha “Ovora bo‘lmang”, demasin, ota “o‘g‘li”ni kuzatib chiqdi. – Umringdan baraka top, bolam, – dedi u Zokirjonning yelkasiga qo‘l tashlab. – Sen haqda ko‘p yaxshi gaplar eshitdim. Qishlog‘imizda sen hol so‘ramagan kasal qolmadi, shekilli.

Otaxon shunday deb kulib qo‘ydi-da, yonidan mo‘‘jazgina kitobchani oldi. – Hadislar, – dedi unga ishora qilib. – Shularni o‘qib ham shifo topayapman. Bemor ko‘rgani borishning savobi juda ulug‘. Odam, ayniqsa, kasal yotganida biror kimni intiqib kutadi.

Mana buni eshit: «Rasululloh (s.a.v) aytdilar: - “Agar kishi bemor yotgan musulmon birodarini ko‘rgani borsa, to o‘tirgunicha jannat bog‘ida yurgan bo‘ladi. O‘tirgan chog‘ida uni rahmat qoplaydi. Agar ertalab bo‘lsa, to kech kirgunga qadar yetmish ming malak unga duo-salot aytadi. Agar kechda borgan bo‘lsa, tonggacha yetmish ming malak unga duo-salot aytadi, - (Termiziy, Ibn Mojja va Ahmad rivoyati)”.

Yashashga shoshilaylik!  

Otang rahmatli ham shunaqa edi. Bugun meni ko‘rgani go‘yo uning o‘zi kelganday bo‘ldi. Otang kabi ko‘pchilikning duosini olib yur. Qurbon ota yaxshi tilaklar aytib, uzoq duo qildi. Zokirjon yo‘l bo‘yi otasini o‘ylab ketdi. Birov og‘rib qolsa, darrov uning atrofida parvona bo‘lardi. Boya Qurbon ota o‘qib bergan hadisni ham u ilk bor otasidan eshitgan edi.

Shularni o‘ylar ekan, Zokirjonning ko‘ngli yorishdi. O‘zini rostdan ham jannat bog‘larida yurganday his qildi. Savob olish ilinjida yurganlar ko‘p. Ba’zan bu bizga shu darajada mushkulday tuyuladiki... Aslida, ham shundaymi? Birodaringning yuziga kulib qarashingning o‘zi ham bir ehson bo‘lgandan keyin.

Ammo savob ham butun bo‘lgani yaxshiroq ekan.

Bu voqeani menga bir tanishim hikoya qilib bergan edi: -“Mehmonga ketayotgan edim. Metrodan chiqishda hassa ushlagan ko‘zi ojiz kishi turgan ekan. Uning qo‘lidan tutib, zinadan yuqoriga olib chiqib qo‘ydim. Bilardimki, u hali manziliga yetmagan. Lekin shoshayotganim uchun “Mayli, yaxshi yetib oling”, dedim-da, uzr so‘rab yo‘limda davom etdim. Keyin yo‘nalishli taksiga chiqdim. Eng ajablanarlisi shu yerda bo‘ldi.

Yashashga shoshilaylik!  

Odamlar bilan to‘la joyda kichikkina stuldan menga joy tegdi. Yaxshilab joylashib olmoqchi edim, haydovchi yana bitta odamni chaqirdi. Endi stulchaga ikki kishi o‘tirishi kerak. Men yarmiga, boshqa yo‘lovchi yarmiga o‘tirdik. Yo‘lda ketar ekanman, darhol o‘sha ko‘zi ojiz kishini esladim. Rabbimning karomatini qarangki, butun qilmagan savob uchun menga stulning yarmidan joy tekkan edi.

Yuragim og‘rib, ko‘zimga kelgan yoshlarni to‘xtatishga harakat qilar ekanman, xayolimdan bir fikr ketmasdi: - “Otaxonni manziligacha olib borib qo‘ysam bo‘lar ekan. Savobni butun qilsam bo‘lmasmidi…”.

Jonga ishonch yo‘q

Sovuq xabar keldi: - tanish birodarimiz hayotdan ko‘z yumibdi. Yoshgina yigit edi. Uni qanday dard olib ketdi, bilolmay qoldik. Yana bir judolik: - taniqli san’atkor olamdan o‘tibdi. Qirqqa ham kirmagan ekan. Uni yiqitgan dard ham bizga qorong‘i.

Navbatdagi xunuk xabar: - kunda-kun ora ko‘rib yurgan akamiz boqiy dunyoga rixlat qilibdi. Qisqa fursat ichida shunday judoliklar. Odamni esankiratib qo‘yadigan darajada og‘ir.

Barchamiz Allohnikimiz, U uchunmiz va O‘ziga qaytamiz. Qancha beshafqat bo‘lmasin, o‘lim haq. Yurakka g‘ashlik solayotgani esa boshqa narsa…” Nafasimiz – g‘animat, yonimizdagilar – g‘animat. Bir lahzadan keyin nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Shunday-ku, yillar aro g‘aflatdamiz. Uyg‘onish azobidan qo‘rqamiz.

Ko‘zimizni ochish quyoshga tik qarashdek juda og‘ir. Yolg‘onchi dunyo nag‘malariga uchamiz. Yaltiroq hoyu havaslarga osongina taslim bo‘lamiz. Yashashni esa “orqaga surib” boraveramiz. Bahona ham tayyor: - “Hali vaqt bor-ku!”.

Vaqt shu paytgacha kimga vafo qilgan? Yaxshiroq nazar solaylik, shundoqqina ko‘z o‘ngimizda chinorlar bitta-bitta qulab boryapti…”

Yashashga shoshilaylik!  

Buvim – onamning onasi oltmishdan oshganda o‘tdi. “Qaridim” - deganini eshitmadik. Bekor o‘tirgisi kelmasdi. Hamisha nimadir bilan band edi. Ba’zan o‘zimning ahvolimdan uyalib ketardim: - hali ancha yoshman-ku. Goho “maza qilib uyda o‘tirmaydimi?” - degan o‘y o‘tardi. Buvim ichimdagini bilganday mayin bir ohangda so‘zlardi: - “Dam olib o‘tiradigan paytlar emas. Jonga ishonib bo‘lmaydi, bolam.

Sog‘-salomatligimda ko‘p narsaga ulgurib qolay, deyman-da…”. Behuda gapirmaydigan buvim bu safar ham katta bir hayotiy saboq bergan bo‘ladi. Jondan tortib yaqin kishilarimizgacha bizga omonat. Omonatga xiyonatning esa oxiri voy. Yomon gap-so‘z ko‘p. Qulog‘ingni yirtib bo‘lsa-da, kirib keladi.

“Mahalladagi yigit otasi bilan pul talashibdi”, “Aka-uka yuzko‘rmas bo‘lib ketishibdi”, “Yetimlarga kun bermas ekan»…” Sovuqdan-sovuq gaplarning sanog‘i yo‘q. Buvimning gapini eslayman: - “Jonga ishonib bo‘lmaydi, bolam…”.

O‘tadigan dunyoda nima talashamiz? Nega buncha tubanlashib ketyapmiz? Nimaga buncha ishonamiz? Donolardan biri aytgan ekan: - “Har bir kuningni go‘yo hayoting tarozi pallasida turgandek yasha”. Yana eng yomon ko‘rgan kishingiz bilan ham murosa qilish yo‘lini tavsiya etishgan: - “Balki, ertaga men uni ko‘rmasligim mumkin”, deb o‘ylashingizning o‘zi kifoya – hammasi risoladagidek bo‘ladi.

Uch marhumni bejiz eslamadik. Ular olamdan o‘tdilar-u, katta saboqni eslatib ketdilar. Uning mohiyati shu: - jonga ishonch yo‘q. Yashashga shoshilaylik!

Ushbu web-sayt ma’muri va muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing! Agar maqolaga munosabat bildirib, o‘z sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan minnatdorchiligimni izhor qilaman!

О программе Қобилжон Атаханов

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *