Последние новости
Yozayotganimda o‘quvchilarimni “ko‘rib” turaman
Домой » MUTOLAA » Yozayotganimda o‘quvchilarimni “ko‘rib” turaman

Yozayotganimda o‘quvchilarimni “ko‘rib” turaman

2018 yil 7-8 avgust kunlari Toshkentda o‘tgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yigirmadan ziyod mamlakatdan yozuvchilar, adabiyotshunoslar, tarjimonlar ishtirok etdi. Ular orasida Ozarboyjon xalq yozuvchisi, Ozarboyjon Yozuvchilar birligi raisi Anor ham bor edi.

Bu mashhur yozuvchi anjumanda sermazmun ma’ruza qildi, bir necha uchrashuvlar o‘tkazdi. Men Anorning “Dantening yubileyi” qissasini, o‘nga yaqin hikoyasini tarjima qilganman. Anjuman kunlari u menga bir necha kitoblarini tuhfa qildi. Bu kitoblar orasida “Anor” deb nomlangan kitob alohida e’tiborimni tortdi. U jurnalist, musiqachi Natavan Faigning Anor muallim bilan suhbatlaridan iborat kitobi edi.

Yozayotganimda o‘quvchilarimni “ko‘rib” turaman

Suhbatlarda turli mavzular – adabiyot, san’at, iqtisodiyot, siyosat, tarix, milliy an’analar, insoniylik, do‘stlik, muhabbat, oila – xullas, hayotning deyarli barcha jabhalari qamrab olingan. Ushbu suhbatlar ko‘nglimga o‘tirgani, o‘zbek o‘quvchilari uchun ham muhim deb hisoblaganim bois ulardan ayrim parchalarni tarjima qildim.

– Anor muallim, inson o‘zining tarjimai holida hayotidagi barcha o‘zgarishlarni, xususan, ma’naviy burilishlar qachon, kimning yoki nimaning ta’sirida ro‘y berganini har doim ham aniq ifoda qila olmasligi mumkin… Siz yozuvchi bo‘lganingizni qachon anglagansiz?

– Mening hayotimda buning, ya’ni kelajagimni belgilashning aniq sanasi bor – 1952 yilning yozi. O‘shanda biz Shushada dam olayotgan edik. Shahar bolasi (men 14 yoshda edim) sifatida biz – men va singlim Bokuni sog‘indik. Qisqasi, u yerda biroz zerikdik. Shunda otam chalg‘itish, nima bilandir band qilish maqsadida bizga mashg‘ulot topib berdi.

“Qaranglar, atrofda qancha yangicha taassurotlar, – dedi u. – Notanish odamlar, boshqacha tabiat, shularni tasvirlashga harakat qilinglar. Balki bu kundalik bo‘lar yoki boshqa narsa, bu o‘zingizga bog‘liq.”

Shunday qilib, bizga ermak topildi. Singlim hech narsa yozmadi, men esa yoza boshladim. Qizig‘i shundaki, Shusha hayoti, atrofdagi voqealar, tabiat manzaralari haqida emas, Amerika haqida yozdim. Bir kompozitor hayoti to‘g‘risida. U jiddiy muzikalar yozadi, ammo oilasini boqolmaydi.

Shu bois yengil-elpi muzikalar yozishga, bugungi til bilan aytganda, shou-biznesga berilib ketadi, u paytda bu termin umuman yo‘q edi. Ana shu yengil muzikalar bilan shuhrat qozonadi, ammo o‘zini, ijodini, oilasini barbod qiladi… Bu detektivga o‘xshagan narsa edi. Albatta, uni haqiqiy asar deyish qiyin, juda sodda va jo‘n bir narsa edi.

– Romanmi?

– Yo‘q, pesa edi. Qaytaraman, o‘ta jo‘n edi. Chunki men Amerikada bo‘lmagan edim, Amerika to‘g‘risida hech qanday taassurotim ham yo‘q edi. Barcha asoslarim sovet propagandasi bo‘yicha, ya’ni o‘sha paytda gazetalarimiz Amerika haqida nimalar deb yozgan bo‘lsa, shunga tayangan edim. Pesani tugatib otam, onam va singlimga o‘qib berdim. O‘sha oqshom hozir ham kechagiday esimda.

Yozayotganimda o‘quvchilarimni “ko‘rib” turaman  

Biz ayvonda o‘tirardik. Pesani o‘qib bo‘lgach, otamga qaradim. Uning o‘sha paytdagi qiyofasi hamon ko‘z o‘ngimda: - unda hayrat, quvonch, afsus – barchasi mujassam edi. Otamning ana shu qiyofada aytgan so‘zlari bir umr esimdan chiqmaydi: - “Mana, sen ham yozuvchi bo‘lding…” Garchi mening yozgan narsam haqida bunday xulosaga kelish qiyin bo‘lsa-da, u aynan shunday degan edi.

Bilasizmi, otam bu gapni ko‘proq afsus ohangida aytgandi, chunki yozuvchi mehnati naqadar mashaqqatli ekanini u yaxshi bilardi. Ehtimol, o‘sha kuni mening keyingi taqdirim – hayot yo‘lim hal bo‘lgandir. Shundan keyin men ketma-ket hikoyalar yoza boshladim.

Darvoqe, o‘sha kunlari Shushada “Ikki dengiz” degan hikoya ham yozdim. Bu hikoya men uchun shunday qadrli ediki, uni yaqinda nashr etilgan olti jildli kitobimga kiritdim… Otam mening yozganlarimni matbuotga berishga uzoq vaqt qarshilik qildi.

Men yozganlarimni unga o‘qib berar va har gal bir gapni eshitar edim: - “Matbuotga berish shart emas, hozircha shart emas”. Qachonki, “O‘tayotgan yilning so‘nggi kechasi” hikoyamni yozganimdan keyin: - “Mana buni matbuotga bersa bo‘ladi”, dedi. Hikoya “Ozarboyjon” jurnalida chop etildi. Shunday qilib, ushbu jurnalning 1960 yil dekabr sonida mening ikkita hikoyam – “O‘tayotgan yilning so‘nggi kechasi” va “Bayramni kutib” e’lon qilindi.

Men bu hikoyalarni deyarli barcha kitoblarimga kiritganman. “O‘tayotgan yilning so‘nggi kechasi” ko‘plab tillarga tarjima qilingan, bir necha marta ekranlashtirilgan, Moskva televideniyesi orqali ham namoyish qilingan. Qisqasi, yozuvchilik faoliyatim ana shunday boshlangan.

– Janrlarning yaroqlilik muddati bor – roman o‘z umrini o‘tab bo‘ldi, deyishadi. Bugun qaysi janrga talab kuchli? Sevgi bestselleri, yengil-elpi tarix yoki detektiv asarlarga ehtiyoj bormi? Masalan, tarixiy roman ommani qiziqtirmaydi. Siz shu fikrlarga qo‘shilasizmi?

– Yo‘q, qo‘shilmayman. Roman janri qaytadan tug‘ilmoqda, xolos. Aytaylik, Apuleyning “Oltin eshak” asari romanmi? Roman. Yoki Servantesning “Don Kixot”i romanmi? Roman. Axir, ular bir-biridan go‘zal asarlar-ku! Tolstoy, Dostoyevskiy romanlari-chi? Ularni “Don Kixot” bilan qanday umumiylik birlashtirib turadi? Yoki Prust romanlari bilan Balzak yoxud Zolya romanlarida qanaqa umumiy yaqinlik mavjud?

Demak, roman janri yangilanmoqda, ya’ni modernizatsiyalashmoqda. Ehtimol, bugun dunyoda hozir men sanab o‘tgan daho yozuvchilar talanti kabi keng ko‘lamli iste’dodli yozuvchilar yo‘q bo‘lsa kerak (men Prustni Balzak va Tolstoy qatoridagi yozuvchi deb bilaman). Ammo bu roman janri umrini o‘tab bo‘ldi, degani emas.

Bir vaqtlar roman janri o‘ldi, degan fikrlar urchigandi. Esingizdami, “yangi roman” oqimi paydo bo‘lgandi, Natali Sarrot, Alen Rob-Griye, Mishel Byutor uning namoyandalari edi. Xo‘sh, nima bo‘ldi? Ular jahon adabiyotida yengil shabada kabi xira bir sahifani tashkil etdi, xolos. Biroq adabiyotda tub burilishlar, o‘zgarishlar qila olgani yo‘q, oldingi asarlar, mavjud an’analar ustiga chiziq torta olmadi, eksperiment sifatida paydo bo‘ldi va shu darajada qolib ketdi.

Yozayotganimda o‘quvchilarimni “ko‘rib” turaman  

Roman janrini ko‘mishdi va ko‘mishmoqda, ammo roman yashamoqda! Chunki muhabbat hech qachon qarimaydi, rashk hech qachon eskirmaydi. Hayot mazmun-mohiyatini izlash hech qachon dolzarbligini yo‘qotmaydi. Roman o‘zining keng ko‘lami bilan bu borada alohida ma’no-mazmunni izlash va topish uchun g‘oyat ajoyib imkoniyatlar yaratadi.

– Shunday eski bir hazil bor: agar yuz million maymun yozuv mashinkasi oldiga o‘tqazib qo‘yilsa, bir kunmas-bir kun ulardan biri “Urush va tinchlik”ni yozib tashlaydi. Gorkiy ham har qanday odamni yozishga o‘rgatish mumkin, degan.

– Bilmadim, Gorkiy bu fikrni qay holatda aytgan. Albatta, bu to‘g‘ri emas. Ammo, afsuski, ba’zan hayot bu fikrni tasdiqlaydi. Ehtimol, Gorkiy bu gapni Leninning “har qanday oshpaz ham davlatni boshqara oladi”, degan fikrini biroz o‘zgartirib aytmoqchi bo‘lgandir. Sovet davrida bir be’mani shior bo‘lardi: - “Ishlab chiqarish ilg‘orlari – adabiyotga!”.

Boshqacha aytganda, agar sen yaxshi traktorchi, slesar yoki tokar bo‘lsang bas, yozuv stoliga o‘tirib bemalol roman yozishing mumkin. O‘sha yillari ana shu shior ostida adabiyotga “kirib kelganlar” ko‘p edi. Ana shu ehtimollik nazariyasi tufayli ularning orasidan haqiqiy talantlar chiqib, chinakam yozuvchilar ham paydo bo‘lgan.

Bugungi kunda, mening nazarimda, har holda ochiq bo‘lmasa-da, shunga o‘xshash shior borga o‘xshaydi, ya’ni: - “Puldor odamlar – adabiyotga!”. Boshqacha aytganda, agar pulingiz bo‘lsa, kitobingizni nashr etish uchun imkoniyatingiz bo‘lsa, nima uchun kitob yozmasligingiz kerak!

Balki ana shu jarayonda – xira oqimlar ichidan bir-ikkita talantli muallif chiqib qolayotgandir, axir, o‘sha ehtimollik nazariyasi hamon mavjud-ku. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ammo men yozuvchi bo‘lish baxti hammaga ham nasib etishi mumkin, degan fikrdan yiroqman.

Yozayotganimda o‘quvchilarimni “ko‘rib” turaman  

Inson ishlab chiqarishda qanday ulkan yutuqlarga erishmasin, qanchalar ko‘p boylikka ega bo‘lmasin, u haqiqiy yozuvchi bo‘la oladi, degani emas, bular mutlaqo boshqa-boshqa narsalar… Yozuvchilik iste’dodi musiqachi, sportchi, xirurg va boshqa shunga o‘xshash kasblar qatori noyob narsa, Olloh tomonidan beriladi. Grafomanlar hech qachon haqiqiy yozuvchi bo‘la olmaydi.

– Ijodiy krizis yoki ijodiy pauza nima? Uni qanday izohlash mumkin, fikrning tugashimi, charchashmi… Nima?

– Ochig‘ini aytsam, bilmayman. Shunga qaramay, menda qandaydir pauza ro‘y bersa “jonkuyarlarimiz” darhol Anor ijodida krizis boshlandi, deb ayyuhannos solishadi. Lekin men ijodimda biron marta ham krizis bo‘lganini sezganim yo‘q. Ijodiy krizis ijodkorning aytadigan gapi, yozishga mavzusi qolmaganda paydo bo‘ladi.

Menda, Xudoga shukr, mavzu ham, syujet ham, o‘ylar ham – hammasi bor va ko‘p. Pauza masalasi esa ishimning xarakteridan kelib chiqqan holda ijodimga yetarli darajada vaqt ajrata olmayotganim bilan bog‘liq. Bu haqda bir necha marta aytganman. Takror bo‘lsa-da, yana aytmoqchiman: - men bir kunda qiladigan ishlarimni oldindan soatma-soat yoki daqiqama-daqiqa bo‘lib chiqa olmayman. Har qanday ishni ma’lum grafik, reja asosida qilish mumkindir, ammo ijodni bu qolipga solib bo‘lmaydi.

Deylik, men ertaga falon soatda roman yozaman, piston soat orasida Yozuvchilar birligida ishlayman yoki falon soatda qaysidir yig‘ilishda bo‘laman, undan chiqib uyga kelib romanimni yozishda davom etaman, deb aniq ayta olmayman… Hajm jihatdan yirik asar yozish uchun kamida ikki oy hamma narsadan uzilib, boshqa hech narsa bilan shug‘ullanmay ishlashim kerak. Hech kim, hech narsa xalaqit bermasligi lozim. Afsuski, bunday imkoniyat tobora kamayib bormoqda. Shuning uchun bunday pauzalar menda tez-tez bo‘lib turadi, biroq krizis, shukrki, hozircha ro‘y bergani yo‘q.

– Anor muallim, Siz kompyuterda yozasizmi?

– Ha, ayniqsa, biz lotin alfavitiga o‘tkanimizdan keyin, ochig‘ini aytaman, loaqal bir sahifani xatosiz yoza olmaydigan bo‘lib qoldim. Kompyuterim lotin alifbosida. Bu ishni juda yengillashtiradi. Agar yoshligimda kompyuter bo‘lganida, ehtimol, bundan-da ko‘proq yozgan bo‘larmidim.

– Ba’zan o‘ylayman, o‘sha paytlarda doktorlik dissertatsiyalari, roman-epopeyalar qanchalar mashaqqat bilan yozilgan ekan. Do‘zax azobi…

– Nimasini aytasiz… Bilasizmi, kompyuter paydo bo‘lgunicha mening ish tartibim qanday edi? Avval qo‘lda yozardim, keyin uni qora qog‘oz qo‘yib mashinkada ko‘chirardim. So‘ngra uni mashinkachiga berardim, u boshqatdan ko‘chirar, men yana boshdan oxirigacha o‘qib chiqardim… qanchalar mashaqqat.

– Siz kimsiz – o‘z fikrlaringizni bayon qiluvchimi yoki qog‘ozga tushiruvchimi, muharrirmi?

– Fikrlarimni qog‘ozga tushiruvchi bo‘lsam kerak. Gohida fikr tezligiga qo‘l harakati yetolmay qoladi. Ba’zan fikr yopirilib keladi, uni qog‘ozga tushirishga ulgurmay qoladi kishi va oqibatda gohida ayrim fikrlar yo‘qolib qoladi. Shuning uchun ba’zi hollarda diktovkani ishga solaman, ya’ni diktofonga gapiraman. Bunday hol ko‘proq tunda, chiroq yoqib yozib o‘tirmaslik uchun qilinadi. “Tungi o‘ylar” asosan shu taxlit yozilgan.

– Shu haqda so‘ramoqchi bo‘lib turgandim.

– Bu kitob 40 yillik o‘y-xayollar mahsuli. Bu qaydlarni men umr bo‘yi yozib kelganman, ammo bir kun kelib kitob holida nashr etish sira xayolimga kelmagan. Tabiiyki, bu qaydlardagi fikrlarga, voqealarga qarashim bugun bo‘lakcha, lekin ular o‘ziga xos kundalik. Axir, ular qayerda, qaysi holatda, qanday fikr kelgan bo‘lsa, nimani kuzatish chog‘ida tug‘ilgan bo‘lsa – o‘shandayligicha yozilgan.

– Anor muallim, Siz g‘irt shaharliksiz, shundaymi?

– Taqdir shunday ekan, umr bo‘yi shaharda yashadim. Suhbatimiz avvalida 14 yoshligimda Shushada zerikkanim, shaharga ketgim kelgani haqida aytgan edim. Hozir esa u yerda loaqal bir oygina yashash uchun umrimning yarmini berishga tayyorman. Nega bu haqda so‘rab qoldingiz?

– Chingiz Aytmatov: - “Anor asosan o‘ziga yaqin bo‘lgan shahar intelligensiyasi haqida yozdi va yozmoqda”, degan edi. Umuman, yozuvchi zamondoshlariga mo‘ljallab yozadimi? Yoki…

– Men o‘z o‘quvchilarimni aniq tasavvur qilaman. Boshqacha aytganda, yozayotganimda ularni “ko‘rib” turaman. Birinchidan, ularning qiyofasini o‘zimning yaqinlarim – oila a’zolarim, do‘stlarim, hamkasblarim siymosida ko‘raman va yozayotganimda ularning asarimga munosabatini, bahosini tasavvur qilishga harakat qilaman.

Yozayotganimda o‘quvchilarimni “ko‘rib” turaman  

Shu bilan birga, men shaxsan tanimaydigan minglab, balki millionlab kitobxonlarni “ko‘raman”. Ularning hammasi bo‘lmasa-da, muayyan qismi mening yozishimni kutishini, kitoblarimni olishini, o‘qishini, qo‘ng‘iroq ham qilishini bilaman.

– Men sharqchi ham, g‘arbchi ham emasman, dunyochiman, deb yozganingizni o‘qiganman. Siz jahon odamisiz, shundaymi?

– Har qalay, shunday bo‘lishga harakat qilaman. Zamonaviy pragmatizmning ma’naviy qadriyatlari bilan Sharq va G‘arb madaniyatini uyg‘unlashtirish yoqadi menga. Nazarimda, aynan mana shu holat jahonda adolat o‘rnatish va rivojlantirishning, insoniyatni komillikka eltishning universal asosi bo‘lib ko‘rinadi. “Dunyo fuqarosi” degan tushuncha bor. Albatta, men bu toifaga mansub emasman. Bu sharafga, aytaylik, Rostropovich erishgan edi. Chunki u butun dunyo bo‘ylab gastrolda yurar, hamma joyda uni olqishlar bilan kutib olishardi. Menda bunday imkoniyat yo‘q. Bu gapni men o‘zimni mutlaq Sharq yoxud G‘arb yozuvchisi, deb hisoblamaganim uchun aytayapman.

– Siz kitobni elektron shaklda o‘qiysizmi?

– Yo‘q. Nashr qilingan holda o‘qiyman. Kitob o‘qish men uchun, aytishim mumkinki, muqaddas ish. Kitobni javondan olish, uni varaqlash, o‘qish, so‘ng yana joyiga qo‘yish – bu nihoyat zavqli, huzurbaxsh ish.

– Nima deb o‘ylaysiz, kompyuter nutqimizga ta’sir qildimi?

– Albatta. Nainki nutqimizga, psixologiyamizga ham, tilimizga ham ta’sirini o‘tkazdi… Oddiy insoniy so‘zlashuv iste’moldan chiqib ketganga o‘xshaydi. Har xil esemeslar tilimizni xarob qildi, biz buning guvohimiz. Tan olaman, bular men uchun boshqa dunyo.

Mening nevaralarim esa ularni shunday o‘rganib olganki, go‘yoki ona qornidan shularni o‘rganib tushganday tuyuladi menga. Ishonasizmi, Ozarboyjonda eng keyin mobil telefon olgan odam, ehtimol, men bo‘lsam kerak. Imkonim boricha qarshi bo‘ldim, oxir-oqibat tushunib yetdimki, busiz iloji yo‘q ekan. Shunda ham telefondan faqat kim bilandir gaplashish maqsadida foydalanaman. Tamom! Nevaralarim-chi, yozadi, chizadi, suratga oladi, musiqa eshitadi, ehhe, yana nimalar qilmaydi deysiz. Men esa “savodsiz” bo‘lib yuribman.

Yozayotganimda o‘quvchilarimni “ko‘rib” turaman  

– Ijozatingiz bilan ma’naviy-axloqiy mavzuda suhbatlashsak. Masalan, to‘ylar haqida. Ozarboyjonliklar to‘yga alohida e’tibor beradi. O‘zaro suhbatlarda tanishlar ham, uncha tanish bo‘lmaganlar ham bir-biriga topganingiz to‘yga buyursin, to‘ylaringizga, shodliklaringizga boraylik, deb tilak bildiradi.

Ayniqsa, keyingi yillarda bu narsa avjiga chiqib ketdi. Go‘yoki insonning asosiy vazifasi to‘y qilishdan iborat. Bu odamlarda, ayniqsa, xorijdan kelganlarda ozarboyjonliklar uchun insoniylikning eng yuksak cho‘qqisi to‘y bilan belgilanar ekan, degan tushuncha paydo qilishi mumkin. Nega bunday, dabdababozlikka o‘chlik qayerdan, qachon paydo bo‘lgan xalqimizda?

– Bu xalq xarakteridan kelib chiqadi. Tan olishimiz kerak, biz tantanani yaxshi ko‘ramiz. O‘yin-kulgi, raqsga tushish joni-dilimiz. Bu – bitta sabab. Yana bir sabab, meningcha, xalqimiz boshidan ko‘p qiyinchiliklarni o‘tkazgan, ana shu mashaqqatli kunlarni unutish, biroz bo‘lsa-da, o‘zini chalg‘itish, ko‘nglini yayratish uchun to‘ylar, turli tadbirlar o‘ylab topgan. Keyin-keyin bu urf-odatga aylanib ketgan. Uchinchi sabab – pul topib aql topmaganlarning o‘zaro “musobaqasi”, ya’ni kimning to‘yi qay darajada dabdaba bilan o‘tdi, kimning to‘yiga qancha mehmon keldi, shular bilan maqtanish. Xullas, sabablari ko‘p.

– Yozuvchi, ayniqsa, mashhur yozuvchi bilan suhbatda xotin-qizlar mavzusini chetlab o‘tish mumkin emas. Muhabbat – hayot g‘ildiragini aylantiruvchi mexanizmmi yoki…

– Yo‘q, hech qanaqa mexanizm emas. Muhabbat – ne’mat. Usiz hayot yo‘q. Bir operada aytilganidek, “har qaysi yoshda ham sevgi kerak”, u doimo dolzarb, ishoning, haqiqiy sevgi shunday bo‘ladi.

– Anor muallim, mening nazarimda ikki xil turmush tarzi borga o‘xshaydi: - ziyoli-yuksak axloqli va oddiy insoniy. Sizning turmushingiz qaysi toifaga mansub?

– Bu haqda men bir vaqtlar yozgan edim. Yozuvchi bo‘lish qiyin, yozuvchining xotini bo‘lish undan ham qiyin, ammo yozuvchi ayolning eri bo‘lish hammasidan og‘ir. Bilasizki, yozuvchi har doim o‘zining xayollari bilan yuradi, go‘yoki parallel dunyoda yashayotganday. Bunga hamma ayol ham chiday olmaydi.

Yozayotganimda o‘quvchilarimni “ko‘rib” turaman  

Oila muntazam yaqin muloqotni talab qiladi. Men buni yaxshi tushunaman va oilam uchun vaqt ajratishga doimo harakat qilaman. Mening ayolim musiqachi. Er-xotin qiziqishining yaqinligi oila mustahkamligida muhim ahamiyatga ega.

Shunga qaramay uning o‘z dunyosi (kasb nuqtai nazaridan) bor, mening o‘z dunyom bor. Balki, eng asosiy narsa buni tushunish va bir-biriga xalaqit bermaslikdadir. Mening nazarimda, oila mustahkamligining asosiy omili shu bo‘lsa kerak.

– Shunday “hikmatli so‘z” bor: - agar xotining farishta bo‘lishini istasang, uning uchun jannat yarat.

– Uning farishta bo‘lishi shart emas. Sadoqatli do‘st bo‘lsa bas. Farishtalarni tinch qo‘yaylik, ular osmonda yuraversin.

– Anor muallim, bugungi yozuvchilardan kim kelajakda Sizning o‘rningizni egallashi mumkin? Men shon-shuhrat, obro‘-e’tibor, nufuz va iste’dodning keng qamrovliligini nazarda tutmoqdaman.

– Juda ko‘p sabablarga ko‘ra bu savolga javob berish mushkul. Kimdir menga o‘xshar, yana kimdir mendan ham yaxshi yozar (va boshqa jihatlar bo‘yicha ham), boshqa birov mutlaqo boshqacha bo‘lar. Hamma gap sening o‘zing yashab turgan zamonga qanchalar kerakligingga bog‘liq. Shuning uchun siz aytganday, kelajakda mening o‘rnimda kim bo‘lishi mumkinligini bugun aytish qiyin. “Men – yozuvchiman” deb uning o‘zi emas, balki kelgusi avlodlar aytishi kerak uning qanday yozuvchi bo‘lganini, deya byon siladi tarjimon - M.Hazratqulov.

Ushbu web-sayt ma’muri va muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing! Agar maqolaga munosabat bildirib, o‘z sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan minnatdorchiligimni izhor qilaman!

О программе Қобилжон Атаханов

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *