Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. BADIIY FANTASTIKA SEHRGARI. KIRISH QISMI.

84

BADIIY FANTASTIKA SEHRGARI

 

SOZBOSHI

 

Nima uchun odam qushlarday erkin ucholmaydi, baliqlarday toza suvlarda yayrab suzolmaydi? Inson aql-zakovati har qancha qudratli bo‘lsa ham baribir u lochin, burgutlarga, ummonlar tubidagi mavjudotlarga havas bilan qaraydi.

Osmonda uchish va suv ostida yashash qo‘lidan kelmagach, ba’zi odamlar yashirin hasad bilan yoxud ochko‘zligi, olchoqligi tufayli, suvda va havoda yayrab yurgan o‘ziday tirik mavjudotlarni ovlab qira boshlaydi.

Er yuzidagi odamlarning qitmirligidan, olchoqligidan bezgan daho olim doktor Salvator og‘ir kasal bo‘lib, yashashi qiyin bo‘lib qolgan bemor ustida nozik va murakkab operatsiya o‘tkazib, uning o‘pkasiga jabra ulaydi va uni… baliqqa aylantiradi. Ixtiandr endi suvda yashovchi, goho quruqlikka chiquvchi amfibiya odamga aylanadi. Bu jahonshumul kashfiyot qanday oqibatlarga olib kelishini siz Aleksandr Belyaevning mashhur «Amfibiya odam» asaridan bilib olasiz. Biz esa faqat ayrim sirli hodisalarni eslatib o‘tamiz, xolos. Buenos-Ayres sohillarida, La-Plata ko‘rfazida Dengiz iblisi bor ekan, degan xabar odamlarni sarosimaga solib qo‘yadi. Allaqaysi baliqchining qayig‘ini iblis cho‘ktirib yuboribdi, boshqa birovning to‘rini kesib, g‘uj-g‘uj baliqlarni suvga qo‘yib yuboribdi, kimnidir cho‘kayotganida o‘z yelkasiga olib, sohilga chiqarib qo‘yibdi, degan mish-mishlar tarqaladi. Ba’zi olimlar dengiz qa’rida odamday aqlli ish qiluvchi dengiz maxluqi yo‘q, deyishsa, boshqalari nemis tabiatshunosi Konrad Gessner kitobiga suyanyb, suv qizi, suv iblisi borligini aytishardi.

Keyinroq yuz bergan yana bir sirli hodisa hammani gangitib qo‘yadi. Marvarid izlovchilardan biriga yirtqich akula hujum qilayotganida Dengiz iblisi xanjari bilan uni o‘ldirib, odamni qutqarib qolibdi. «Meduza» kemasining palubasida hamma to‘planib, bu gaplarga ishonib-ishonmay turishganida dengiz qa’ridan chiqqan, delfinni ot qilib minib olgan maxluqni ko‘rib qolishadi. Dengiz iblisining ispancha qichqirgani esa odamlarni battar dovdiratib qo‘yadi…

Yozuvchi mana shunday sirli hodisalarni shu qadar ravshan va jonli tasvirlaydiki, asarni o‘qiyotganlar ham marvarid izlovchilarga o‘xshab, hangu mang bo‘lib qolishadi.

Ajoyib-g‘aroyib hayvonlar yashaydigan sirli bog‘ tasviri ham yashnoqligi bilan sizni maftun etadi. Bu bog‘da ikki boshli ilonlar, yarmi ot, yarmi sigir, yarmi it, yarmi maymun va hokazo g‘aroyib hayvonlar yashaydi. Daho olim doktor Salvator ilm-fan mo‘‘jizalarini yaratib, insoniyatga xizmat qilmoqchi. Lekin…

Buyuk fransuz fantasti Jyul Vern an’analarini davom ettirgan romantik yozuvchi Aleksandr Belyaev jamiyat hayotidagi ziddiyatlar, murakkabliklarni tasvirlashda undan o‘zib, ilgarilab ketadi. Adib iste’dodli olimlarning ezgu niyatlari tufaili tug‘ilgan kashfiyotlardan razil odamlar pul, mol-dunyo orttirish uchun foydalanishini, bu yo‘ldagi achchiq haqiqatlarni, fojeiy ishlarni yashirmay ko‘rsatadi. Marvarid izlovchilarning boshlig‘i Pedro Zurita odam-baliq – Dengiz iblisini tutib, tekinga ishlatishni ko‘zlaydi: «Agar maxluqni tutib olib, qo‘lga o‘rgatib, marvarid izlashga majbur qilsam-chi! Suvda yashovchi bu qurbaqa bir artel ovchilarning o‘rnini bosishi mumkin. Foydasini aytmaysizmi? Har bir ovchiga topgan marvaridi haqining chorak qismini berish kerak. Haligi qurbaqa esa tekinga ishlayveradi. Bunaqada tez yuz ming, million pezet ishlash mumkin!»

amfibiya-odam-badiiy-fantastika_1

Pedro Zuritaga o‘xshagan olchoqlar uchun tabiyat mo‘jizalari ham, ilm-fan kashfiyotlari ham qadrsiz. Ular g‘aroyib tabiyat hodisalaridan hayratlanish, zavqlanish o‘rniga faqat shaxsiy foyda undirishni o‘ylaydilar. O‘zining shaxsiy manfaatlari yo‘lida har qanday jiioyatlardan ham qaytmaydi.

Professor Douel falokatga uchragan yoki og‘ir kasallik tufayli o‘limga mahkum odamlarning hayotini saqlab qolish maqsadida ularning tanasidagi yaroqsiz a’zolarni yangisiga almashtirish, biridan ikkinchisiga ko‘chirib o‘tkazish – transplantatsiya sohasida buyuk kashfiyotlarga erishadi. U murakkab tajribalar yordamida tanasiz hayvonlar boshini tiriltiradi. Professor Douel qobiliyatli shogirdi-assistenti Kernga bor bilimlarini o‘rgatadi. Kasali og‘irlashganida esa, o‘z jasadini ilm-fan yo‘lida foydalanishni vasiyat qiladi. Assistent Kernda esa buyuk kashfiyot qilish uchun dohiyona iste’dod yo‘q. Ozmi-ko‘pmi qobiliyati bilan uzoqqa borish qiyin. Odatda talantsiz odamlarning ko‘pchiligi boshqalarning yutuqlariga hasad qiladi. Hasad esa yovuzlikni tug‘diradi. Kern ham ozmi-ko‘pmi qobiliyatini ishga solib, maxsus to‘yimli qon to‘ldirilgan eritma yordamida, o‘lgan ustozining boshini tiriltiradi. U, professor Douelning og‘ir ahvolidan foydalanib, uning kashfiyotlarini yovuzlik bilan o‘zlashtira boshlaydi. Bu o‘g‘irlikni butun dunyodan yashirib, sir saqlaydi.

«Professor Douelning boshi» romanini bolaligimizda qayta-qayta hayajon bilan o‘qir ekanmiz, Aleksandr Belyaevning o‘zi ham yoshligida og‘ir kasal bo‘lib, qo‘l-oyoqlari ishlamay qolganida tanasizlik fojeasini qanday his etganligini bilmas edik. Darvoqe, «Sovet Jyul Verni» deb shuhrat qozongan Aleksandr Belyaevning hayoti qahramonlari hayotiday, yorqin voqealarga boy, rang-barang va ibratlidir.

Aleksandr Romanovich Belyaev 1884 yilning 4 (16) martida Smolenskda, ruhoniy oilasida tug‘ildi. Yozuvchining qizi keyinchalik bunday xotirlaydi: «Sasha sarguzasht asarlarni o‘qishga ishqiboz edi. Ana shunaqa asarlarni ko‘p o‘qiganidan, o‘zi ham qandaydir ixtirolar qilishga, yovuzlarga qarshi kurashishga, kimlarnidir qutqarishga tashna bo‘lib yurardi. Lekin u yashagan shaharda sirli voqealar yo‘qligidan, ularni izlashga tushardi».

Otasi Sashani diniy seminariyga o‘qishga berdi. Bo‘lg‘usi adib 17 yoshida ana shu seminariyda o‘qishni tugatdi. Ehtimol, uning eng yaxshi asarlarida turli diniy-falsafiy tushunchalar, ruhiy izlanishlar teran ochilishida ana shu maktabda olgan bilimlarining ta’siri bordir? U maktabni bitirgach, yana badiiy adabiyotga, tasviriy san’atga, muzika, teatrga qiziqib ketdi. Havaskorlik spektakllarida aktyor bo‘lib, rol o‘ynadi. Fotografiyani o‘rgandi. Tahsilni davom ettirish uchun Yaroslavldagi huquqshunoslik litseyiga, ayni vaqtda konservatoriyaning skripka-g‘ijjak sinfiga o‘qishga kirdi. Taniqli adabiyotshunos M. A. Sokolova yozishicha, yosh Aleksandr Belyaev o‘qishga pul jamg‘arish uchun sirk orkestrida skripkachi, teatrda dekorator bo‘lib ishlagan. Jurnalistika bilan shug‘ullangan. Besh yildan so‘ng Sasha huquqshunoslik litseyini tugatgach, Smolenskga qaytib kelib, sud mahkamasida ishlay boshladi. «Smolenskiy vestnik» gazetasiga muzika va teatr haqida maqola, taqrizlar bilan qatnashib turdi. Etti yil ishlab, zarur miqdorda mablag‘ to‘plagach, 1913 yilda Belyaev xorijga sayohatga ketdi. Italiya, Fransiya, Shveytsariyani kezdi, Bayron va Shelli kabi daho shoirlar, Bryullov va Ivanov kabi buyuk rassomlar qadami yetgan hushmanzara joylarni ko‘rdi. U Italiyada Vzuviy vulqoni krateriga chiqdi, Pompeya shahri xarobalarini kezdi, Venetsiyada gondola-qayiqlarda suzdi, Marselda mashhur Aleksandr Dyumaning qahramoni – graf Monte-Kristo qamalgan If qasrini, Rimda me’morchilik, haykaltaroshlik, musavvirlikning durdona yodgorliklarini tomosha qildi. Bu sayohatlar uning asarlariga hayotbaxsh ta’sir ko‘rsatdi.

Aleksandr Belyaev xorijdan qaytib kelgach, «Smolenskiy vestnik» gazetasida muharrir bo‘lib ishlay boshladi. Ayni vaqtda teatrda ham qatnashdi, skripkachi va fortepianochi bo‘ldi. Adib Smolensk simfonik jamiyati, Glinka muzika to‘garagi, Nafis san’atlar jamiyati a’zosi bo‘lib, shu ishlar yuzasidan Moskvaga borgan vaqtlarida Sovet teatr san’ati asoschilaridan biri K. S. Stanislavskiy bilan uchrashdi. U bo‘lg‘usi adibning san’atga o‘zini bag‘ishlashini tilagan edi.

Ammo tez orada Aleksandr Belyaev og‘ir kasalga yo‘liqdi. Suyak siliga uchrab, olti yil to‘shakdan turmay yotdi. Iroda qudrati bilangina u, og‘ir kasalligiga qaramay, chet tillarni, meditsina, biologiya, tarixni, fan-texnika yangiliklarini o‘rgana boshladi. «Aytishim mumkinki, «Professor Douelning boshi» romani ma’lum ma’noda… avtobiografik asardir, – deb eslaydi adib keyinchalik. – Uch yarim yil gipslanib, og‘ir kasal bo‘lib yotganimda tanamning yarmisi shol bo‘lib qoldi. Qo‘limni qimirlatsam-da, tanam harakatsiz bo‘lib, faqat boshim, miyamni ishlatardim, xolos…»

Aleksandr Belyaev lirik romantik tasvirlari bilan fransuz fantasti Jyul Vernga, hayot falsafalarini chuqur aks ettirish bilan ingliz fantasti Gerbert Uellsga yaqin turadi. «Amfibiya odam»ni o‘qiganimizda Uellsning «Doktor Moro oroli» romanidagi dahshatlar yodimizga tushadi. Lekin, albatta, bu yerda syujet o‘xshashligi haqida emas, balki Belyaevning badiiy iste’dod jihatdan ikki ulug‘ san’atkorga yaqinligi haqida gap bormoqda. Darvoqe, Aleksandr Belyaev 1934 yilda Leningradda Gerbert Uells bilan uchrashgan, ingliz fantasti «Amfibiya odam» va «Professor Douelning boshi»ga yuksak baho bergan edi.

Aleksandr Belyaev kosmonavtika asoschisi K. E. Siolkovskiy bilan deyarli bir vaqtda kosmik uchishlar ilmiy gipotezasini ilgari surdi. Erning sun’iy yo‘ldoshlari ilk bor Siolkovskiy va Belyaev asarlarida ilmiy jihatdan ishlab chiqildi, desak yanglishmaymiz. «KES yulduzi» romanida sekundiga 8 km tezlikda uchuvchi raketa Erning sun’iy yo‘ldoshiga aylanadi. Sun’iy yo‘ldoshlar yordamida sayyoralararo stansiyalar qurish g‘oyasi ham K. E. Siolkovskiy, Sander va Aleksandr Belyaev asarlari sahifalaridan keyinchalik hayotga ko‘chib o‘tdi. Badiiy va ilmiy fantastika izidan AQSH, SSSR va boshqa davlatlarning fazogirlari kosmik kemalarda uchib, samo sirlarini o‘rganishga kirishdilar. «KES yulduzi» romanida fazogirlar oraliq stansiyadan Oyga uchib o‘tadilar va uning sathini o‘rgana boshlaydilar. Aleksandr Belyaevning uch tomli asarlariga muqaddima yozgan olim B. Lyapunov aytishicha, adib parvoz haqidagi ilmiy muammolar yuzasidan K. E. Siolkovskiy bilan xat yozishib turgan. Kosmonavtika asoschisi, Belyaevning asarlarini o‘qib, ko‘pchilik ilmiy g‘oyalarini ma’qullagan. U Belyaevning «Yo‘qlikka parvoz» romaniga so‘zboshi yozib, asarga yuksak baho bergan edi. Bu asarda erliklarning Tong yulduzi – Venera – Zuhra sayyorasiga sayohati tasvirlanadi. Asarda Erning million, milliard yillar ilgarigi holati – Zuhrada endi boshlangani, u erdagi yashnoq o‘rmonlar, gigant hayvonlar, bahaybat qushlar, hasharotlar, g‘aroyib maxluqlar tasvirlanadi. B. Lyapunov aytganidek, Belyaevning bu romani badiiy yorqinligi jihatidan ingliz adibi Artur Konan-Doylning «Yo‘qolgan dunyo» asaridan qolishmaydi.

Aleksandr Belyaev ijodi Moskvada va Leningradda chiqadigan «Vokrug sveta» («Dunyo bo‘ylab»), shuningdek, «Vsemirniy sledopit» («Butun dunyo iztopari») jurnallari bilan bog‘liqdir. Adibning «Professor Douelning boshi», «Amfibiya odam», «Cho‘kkan kemalar oroli», «Atlantikaning so‘nggi odami», «Havo savdogari», «Suvosti dehqonlari» asarlari ilk bor xuddi shu jurnal-larda olam yuzini ko‘rdi. Badiiy saviyasi turlicha bo‘lgan bu asarlarda ko‘taril-gan ilmiy problemalar ko‘p minglab orzumandlarni hayajonlantirdi.

«KES yulduzi» romanida Oy manzaralaridan tashqari favqulodda sarguzashtlarni ko‘rmaymiz. Asar qahramonlari Toshkent, Andijon, O‘sh orqali Pomir-Oloy tog‘laridagi KES shaharchasiga borib, kosmik parvozlarda qatnashadilar. Qahramonlar Oyga qadam qo‘ygach, bunday manzaralarga duch keladilar: «Xuddi kamalakday tovlanuvchi sehrli sharq gilami deysiz. U yer-bu yerda qorday oppoq tizmalar, pushtirang xarsanglar ko‘zga tashlanadi… Tog‘ billurlariga qarab bo‘lmaydi, ko‘zning nurini oladi. Yoqutlar qon tomchilariday osilib turibdi. To‘q sariq giatsintlar, qip-qizil pironlar, qora metanitlar, binafsharang almandinlar yashnab turgan gulzorni eslatadi. Ko‘k yoqut, zumrad va ametistlar uyum-uyum bo‘lib yotibdi… Qayerdandir, qoyaning o‘tkir qirrasidan bir tutam nur yog‘ilyapti. Faqat olmoslargina shunday nur taratishi mumkin… Qimmatbaho toshlar xuddi rang-barang shabnamday, qoyalar, cho‘qqilarda to‘shalib yotardi…»

«KES yulduzi» romanida Oyning o‘tmishi va kelajagi haqidagi fikrlar ham hayratlantiradi o‘quvchini. Belyaev yozishicha, Oyning ko‘rinmas tarafida juda katta, gigant jarlik bor – shu tufayli u yarim shar shaklini yo‘qotgan. Bundan shunday xulosa kelib chiqadi – Oy har doim og‘ir tarafi bilan yerga qarab turadi. Kelgusida Oyning parchalanishi davom etib, Er atrofida kichikroq tabiiy yo‘ldoshlardan iborat halqa hosil bo‘lishi mumkin. Asar qahramonlari Artemev, Sokolovskiy, Tyurinlar yuksak g‘oyaviy kishilar qilib ko‘rsatiladi – ular Oydagi olmos, javohirlarga bebaho xazina sifatida qarashmaydi, ko‘mirni sindirganday olmoslarni ham sindirib ko‘rishadi. O‘ttizinchi yillardagi sovet kishilarining fidoiyligi javohirlarga nisbatan shunday munosabatni talab qilardi. Ammo, endilikda Oyga parvozlar astronavtlarni ilmiy qiziqishdan tashqari qimmatbaho toshlari bilan ham qiziqtirsa kerak.

«Jahongir» romani Aleksandr Belyaevning eng maroqli, o‘tkir syujetli, badiiy pishiq asarlaridan biri. Bu yerda inson ruhiy olamini, uning fikrlari, kayfiyatini uzoq masofadan turib, radioto‘lqinlar orqali boshqarish muammolari bilan axloqiy muammolar – iroda qudrati, sofdillik, kamtarinlik, go‘zallik, xudbinlik, olchoqlik, yovuzlik muammolari bir-biriga bog‘lanib ketgan. Asarning bosh qahramoni – iste’dodli, g‘ayratli, irodali, lekin yovuzliklarga moyil Lyudvig Shtirner ingliz fantasti Gerbert Uellsning «Ko‘rinmas odam»i – Griffinni eslatadi. Ammo bu yerda qahramon mutlaqo boshqa ilmiy kashfiyot yo‘lida ishlaydi. U insoi tuyg‘ularini – mehr, nafrat, hatto sevgisini olis masofadan boshqarishga erishadi. Kamtarin, nozikta’b, malohatli qiz Elza Glyuk romandagi eng maftunkor obrazlardan biridir. U qudratli Shtirnerni emas, balki kamtarin va halol yurist Otto Zauerni yaxshi ko‘radi. Ammo Shtirner o‘zining ilmiy qudratidan foydalanib, qizning ruhiy olamini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuboradi. Shtirner sirli quroli yordamida shahardagi barcha odamlarni bir vaqtda yalpi gipnoz holatiga tushira oladi. Detektiv voqealar bir-biridan sirli va keskin tus oladi. Avtor dramatik, fojeali voqealarning ham hajviy, qulgili taraflarini nozik yumor bilan tasvirlay oladi. Ammo ana shu yengil yumor zamirida teran fikrlar yotadi. Shahardagi turli ijtimoiy guruhlarga mansub odamlarning ruhiyati, kayfiyatlari radioto‘lqinlar yordamida ataylab, chalkashtirib yuborilganida g‘alati manzaralar kelib chiqadi. Eski siyosiy muholiflar – monarxist (podshoparast) bilan anarxist (beboshlik vakili) quchoqlashib, og‘iz-burun o‘pishadi. Daydi bola esa semiz politsiyachiga gul taqdim qiladi. Politsiyachi bilan daydi bola birga qo‘shiq aytishadi. Tilla magazin egasi boyliklarini hammaga tekin ulashib yuboradi. Bu ommaviy yarashuvdan ham ba’zi odamlar qo‘rqib qolishadi: «Inson ongi va ruhiyatini bu qadar jilovlab olgan dushman kim o‘zi? Xohlasa, u odamlarni qonxo‘r, jinni qiladi, xohlasa mehribon va hotamtoy qilib yuboradi. Uning uchun odamlar ko‘g‘irchoqday bir gap. Xohlasa huzur baxsh etadi, xohlasa, mayib-majruh qiladi, o‘ldiradi, o‘ldirganda ham birorta o‘q uzmasdan, shovqin-suronsiz, o‘zi ko‘zga ko‘rinmay o‘ldiradi. Ha, bunday dushmandan qo‘rqmay ko‘rchi?»

Zamonamizning atoqli adibi Chingiz Aytmatov «Jahongir» romanini o‘qiganmi, yo‘qmi – bilmadik, ammo uning «Asrga tatigulik kun» romanida Edigey qadrdon do‘sti Qozong‘opni bu olamdan so‘nggi yo‘lga kuzatish oldidan suhbat vaqtida shunday gaplarni eshitadi: suhbatda aytilishicha, yaqin kelgusida markazdan turib, odam miyasiga shunday signallar yuboriladiki, ularga so‘zsiz bo‘ysunasan. Radioto‘lqindan kelgan buyruq asosida qayoqqa yurish kerak bo‘lsa, o‘sha yoqqa yurasan. Yuqoridagilar nimani buyursa o‘sha ishni qilasan… Boshqacha, aytganda, odamlar manqurtlarga aylanadi. Bu gaplarni ba’zilar cho‘pchak deb kulib qo‘ya qolishadi. Ammo bu hazil-mutoyibalar zamirida falokat borlygini ko‘pchilik sezib turardi. Xullas, Aleksandr Belyaevni to‘lqinlantirgan ommaviy gipnoz, odamlarning erkinligi yo‘qotilishi muammolari ayniqsa turg‘unlik yillarida real xavfga aylandi. Usha vaqtlarda yalpi g‘oyalarga ishonmagan, o‘z erkini bermagan, mustaqil, o‘ziga xos fikrlagan qancha-qancha iste’dodli odamlar repressiya qilinib, qamoqlarga tashlandi. Manqurt odamlar yanada ko‘paydi. Bundaylar o‘z tiliga, diniga, madaniyatiga sotqinlik qildilar – o‘z tuqqan onasini otib o‘ldirgan manqurtga o‘xshab ish yuritdilar. O‘zini asrash uchun boshqalarga tuhmat yog‘dirdilar.

Aleksandr Belyaev o‘ttizinchi yillardayoq fashistlarning qudratli shaxs-supermenlik g‘oyalarini, jahongirlik g‘oyalarini fosh etgandi. San’atkor sifatida Belyaev jahonga hukmronlikni da’vo qiluvchi Lyudvig Shtirnerning murakkab xarakterini ruhiy tahlil etadi. U juda aqlli, zakovatli shaxs. Elza Glyukni qizg‘in sevib qolgach, qanday qilib bo‘lsa ham unga erishishga qasd qiladi. U o‘ta mag‘rur, o‘z kuchiga ishongan, ilm-fanda juda katta g‘alabalarga erishgan bo‘lsa-da, ko‘pincha o‘zini kamtarin, xokisor tutadi. Iloji boricha adolatli ish tutadi. Keksa merosxo‘r Oskar Gotlib qarzga botib, jar yoqasiga borib qolganida Shtirner (sevgilisi maslahati bilan) ikki yuz ming pulni tekinga berib yuboradi.

Shtirner aql-zakovati bilan oxiri jahonga hukmronlik istagi bema’ni ekanligini anglaydi. Ixtiyoriy ravishda insofga kelib, jangni bas qiladi. Iste’dodli rus olimi Kachinskiy unga kattazanglik qilib, «Siz yutqizdingiz.. hukmronligingiz tugadi. Hokimiyatingiz parchalanib ketdi», deganida jahli chiqadi: «Yolg‘on! Hali siz ko‘rmagan ixtirolarim bor. Millionlab odamlarning fikr to‘lqinlarini to‘plovchi akkumulyatsiya, mislsiz kuchaytirgichlar… Agar bularning barini ishga solsam hammalaringizni yanchib, ezib tashlagan bo‘lardim…»

Xullas, oliy odam o‘z qudratidan, hokimiyatidan, barcha da’volaridan voz kechadi, sofdil insonligiga qaytadi, og‘ir musibatli izlanishlar nihoyasida shakl sifatida o‘zini qaytadan topadi. Shuning o‘zi inson qudratidan dalolat emasmi? Yozuvchi shaxs ruhiyatining evolyutsiyasini ko‘rsatish uchun qahramon kundaliklaridan mohirona foydalanadi. Shtirner «xotira daftari» jamiyat va iste’dodli shaxs o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni tahlil etish uchun ibratli manbadir. Jamiyatda aql-idroksiz, go‘zal his-tuyg‘ularsiz, lekin tayyor, mug‘ambir, pastkash odamlar qadrlanib, aql-zakovatli, porloq iste’dodli odamlar qadrini topmasligidan qahramon ruhida ziddiyatli kechinmalar, murakkab o‘zgarishlar yuz beradi. Nihoyat, qahramon oddiy insonlikka qaytish uchun behisob boyliklaridan ham, hatto sevgilisidan ham kechadi… Bu hodisa hozirgi o‘quvchilar ommasi uchun ishonarli emas, chunki ba’zilar, afsuski, chin inson bo‘lishga emas, pastkashlik bilan bo‘lsa ham boyishga, amal-mansabga, bir-birlariga hukmini o‘tkazishga, xo‘rlashga intiladi. «Jahongir» romanida zukko o‘quvchini o‘ylantirib qo‘yadiga axloqiy muammolar ko‘p. Nozikta’b, qalban va jisman go‘zal Elza Glyuk nega iste’dodli Shtirnerni emas, balki hamma qatori oddiy xizmatchi Otto Zauerni yaxshi ko‘radi? Nima uchun Shtirner g‘olib chiqayotganida kurashdan voz kechib qochib ketadi? Sizni sevmagan odamni zo‘rlab sevdirish mumkinmi? Insoniylik nima? Shunga o‘xshash qiziq muammolarga asarning oxirlarida javob topishingiz mumkin.

Ko‘pchilik olimlar, hatto Albert Eynshteynday daho olimlar ham ilmiy muammolar bilan shug‘ullanishar ekan, o‘z kashfiyotlarining zararlarini yetarli tasavvur qilmagan… Aleksandr Belyaev ba’zi asarlarida meditsina-tibbiyotdagi kashfiyotlarning ijtimoiy oqibatlarini ko‘rsatadi. Adib «Amfibiya odam» «Professor Douelning boshi» romanlarida ko‘targan ilmiy-ruhiy-ijtimoiy muammolar tahlilini boshqa asarlarida yanada chuqurlashtiradi. «Qiyofasini yo‘qotgan odam» va «Qiyofasini topgan odam» romanlarida Aleksandr Belyayev inson vujudining ichki sekretsiya bezlari bilan shug‘ullanuvchi endokrinologiya fani muammolariga murojaat qiladi. Badbasharaligi bilan mashhur kinoartist Tonio Presto chiroyli odam bo‘lishni xohlaydi. Doktor Sorn topgan g‘aroyib dori odamning qiyofasini o‘zgartiradi. Shu dori yordamida chiroyli bo‘lib olgan Tonio ishsizlik, xor-zorlik azoblarini boshdan kechirgan avvalgi «o‘zligi» o‘lib ketganidan iztirob chekadi. Tonio dushmanlaridan o‘ch olish uchun g‘aroyib dori yordamida olchoqlarni beso‘naqay vujudlarga aylantiradi va uni ham xor-zorlikka yo‘liqtiradi.

«Qiyofasini yo‘qotgan odam» romanida yozuvchi qahramonning jismoniy jihatdan boshqa odamga aylanish jarayonini tasvirlar ekan, uning ruhiy olamidagi o‘zgarishlarni ham chuqur tasvirlaydi. Baxtsiz bolalikni boshdan kechirgan badbashara Tonio Presto keyinchalik mashhur, boy-badavlat kinoartist bo‘lib ketgan. U kino yulduzi, go‘zal aktrisa Geddi Lyuksni sevadi. Ammo badbasharaligi tufayli sevgisi rad etilib, cheksiz iztiroblar chekadi. Tibbiy kashfiyot tufayli chiroyli yigitga aylanib qolgach, uni o‘z xizmatkori ham tanimaydi va uydan haydab chiqaradi. Sevgilisi huzuriga borib, o‘zini tanitishga intiladi. Lekin qiz ham uni tanishni xohlamaydi. Chunki, u ilgarigi, sodda va badbashara, komik aktyor Prestoni sevishini tan oladi. Bu chiroyli yigitni esa haydab chiqaradi. Kinostudiya rahbarlari badbashara aktyorning chiroyli bo‘lib qolganidan g‘azablanishadi. Chunki, ular pakana, xunuk, kulgili Tonio bilan o‘n yilga, bir qancha kinokomediyalarga, million-million dollarga shartnoma tuzishgan. «Bizdan ruxsatsiz, shartnomani buzib, chiroyli bo‘lishga haqqingiz yo‘q» deyishadi ular. Hatto Tonioning mashhur qing‘ir burni ham kinochilar tomonidad sotib olingan ekan. Kinosavdogarlar uchun talant – ikkinchi darajali gap eng muhimi – reklamaga sarflangan millionlar. «Talant bilan ne-ne odamlar xor-zorlikda yashayapti, reklama bilan qobiliyatsizlar shon-shuhratga ko‘milgan. Xullas, badavlat kinoaktyorni o‘z uyiga o‘g‘irlikka tushdi deb sudga berishadi.

Tonio arang qutiladi. Asarda prokurorning «mantiqiy» xulosalari, ashaddiy lo‘ttibozligi fosh etiladi.

Tonio Presto sotqin kinosavdogarlardan o‘ch olishning g‘aroyib usulini o‘ylab topadi. U hamma nufuzli kinochilarni xayrlashuv ziyofatiga taklif etadi. Talantli aktyor Tonioning xayrlashuv ziyofatidagi nutqi romanning eng yorqin, esda qolarli sahifalaridan biridir. «Janoblar va xonimlar, – deydi u. – Xitoyda biror nojo‘ya ish qilib qo‘ygan odam «qiyofasini yo‘qotgan» deb, ma’naviy o‘limga hukm etiladi…

… Bizning oliy madaniyatli mamlakatimizda esa ahvol boshqacha. Bizda odamning qiyofasi hamyoni bilan juda qattiq bog‘langan. Hamyon qappaygan ekan, har qanday nojo‘ya ishlar qilsak ham, xitoycha ma’noda qiyofamiz o‘zgarmaydi. Lekin, jismoniy qiyofamiz o‘zgarsachi, bunday odamning ahvoliga voy. Bunday odamlar mol-dunyodan, nufuzidan, do‘stlaridan, ishidan, sevgisidan ayriladi… Tag‘in muhtaram mehmonlarim meni go‘zal mamlakatimizning ajoyib qonunlarini tanqid qilyapti deb o‘ylamanglar. Aslo unday emas. Men bu qonunlar va odatlarni oqilona deb bilaman, ularga ta’zim qilaman. Men adashgan farzandingizni kechiringlar…» Ziyofat kechasi Tonio g‘oyib bo‘ladi. Haftalar, oylar o‘tib mashhur kinochilarning tanalari qing‘ir-qiyshiq o‘sib, beso‘naqaylashib boradi… Keyin yana ajoyib-g‘aroyib voqealar bir-biriga ulanib ketadi. Bu asarlar o‘quvchiga olam-olam zavq berishi, uning ma’naviy olamini boyitishi tabiiydir.

Ajoyib-g‘aroyib o‘lkalar, tabiatdagi sirli hodisalar, olis sayohatlar romantikasi Aleksandr Belyaevni hamisha maftun etardi. U «Atlantikaning so‘nggi odami» romanida sovet badiiy fantastikasida birinchilardan bo‘lib, olis zamonlarda yo‘qolib ketgan Atlantida qit’asining halokati sirlarini tadqiq etadi. Asarda qullar qo‘zg‘oloni, shoh va kohinlarning orol falokati vaqtida qochishi, tirik qolgan so‘nggi talantning boshidan kechirganlari tasvirlanadi.

«Halokatga uchragan kemalar oroli» romanida adib romantik sarguzashtlar, katta olamdan uzilgan xilvat ma’volar, jinoyat olami kishilarning o‘zaro janjal-to‘polonlari fonida yaxshilik va yomonlik, mardlik va tubanlik kabi ma’naviy hodisalarni tasvirlaydi.

Aleksandr Belyaev yashab, ijod qilgan yillar ijtimoiy hayotda fidoyilik, g‘ayrat, tashabbus, ayni vaqtda g‘oyaviy dogatizm, repressiyalar avj olgan, yorqin ijodkorlar ta’qibga uchragan og‘ir sinov yillari edi. Belyaev asarlari shablondan, qolipdan uzoqligi, insoniyat dardu hasratlari, orzu-armonlariga xayrixohligi, yovuzlikka nafrat tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgani tufayli juda ko‘p tanqidlarga ham uchradi. Xalqning mehrini ham qozondi. Uning asarlari bag‘ridagi romantik orzular, ilmiy va ma’naviy xazinalar yosh avlodni hamisha to‘lqinlantiradi va ezgulikka chorlaydi.

MAHKAM MAHMUDOV, filologiya fanlari nomzodi

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

keyingi sahifa