Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. BETOB NABIRA

53

 

BETOB NABIRA

 

Quyosh shafqatsiz qizdirardi. Hosildor bug‘doy, makkajo‘xori va suli dalasi yoqalab o‘tgan sertuproq yo‘lda o‘lguday holdan toygan keksa bir hindu ketyapti. Usti-boshi juldur. U qo‘liga quyosh nuridan asrash uchun eski odeyalga o‘ralgan betob bolani ko‘tarib olgan. Bolaning ko‘zlari yarim yumuq. Uning bo‘ynida kattakon shish ko‘zga tashlanib turibdi. Ahyon-ahyonda, chol qoqilib ketgan paytlarda bola xirillab ingrar va ko‘zlarini xiyol ochib qo‘yardi. Chol esa to‘xtab, uni shamollatish niyatida yuziga beozorgina puflardi.

– Ishqilib, tirik olib borayin-da, – deb pichirlardi chol qadamini tezlatib.

Temir darvozaga yetib kelgach, hindu bolani chap qo‘liga olib, o‘ng qo‘li bilan eshikni to‘rt marta qoqdi.

Eshik qulfining teshigi qiya ochilib, yoriqdan birov mo‘raladi, keyin tamba g‘ichirladi-yu, eshik ochildi.

Hindu qo‘rqa-pisa ostonadan hatladi. Uning qarshisida oq xalat kiygan, jingalak sochlari oppoq keksa bir negr turardi.

– Doktorga keluvdim, bolaning tobi qochib qoldi, – dedi hindu.

Negr indamay bosh silkidi, eshikni tambaladi-da, orqamdan yur deganday ishora qildi.

Hindu atrofga ko‘z tashladi. Ular tosh yotqizilgan mo‘‘jazgina hovlida turishardi. Hovlining bir tomoni baland tashqi devor bilan, ikkinchi tomoni esa – hovlini qo‘rg‘onning ichkari qismidan ajratuvchi pastroq devor bilan o‘ralgan. Na bir giyoh va na bir ko‘kat ko‘rinadi – xuddi turma. Hovlining burchagida, ikkinchi devor darvozasi yonida kattakon derazali oq uy qad kergan. Uyning oldida, yerda erkak va ayol hindular o‘tirishibdi. Ko‘plarining bolalari bor.

Bolalarning deyarli hammasi tetik. Ularning ba’zilari chig‘anoqlarda juftmi-toq o‘ynashyapti, ba’zilari esa ovoz chiqarmasdan kurashishyapti, oq sochli negr bolalar shovqin ko‘tarmasliklari uchun doimo ko‘z-quloq bo‘lib turardi.

Keksa hindu itoatkorlik bilan yerga, uy soyasi tushib turgan joyga o‘tirdi va bolaning ko‘karib ketgan harakatsiz yuziga puflay boshladi. Hinduning yonida oyog‘i shishgan bir kampir o‘tirardi. U hinduning tizzasida yotgan bolaga termilib:

– Qizingmi? – deb so‘radi.

– Nabiram, – deb javob berdi hindu.

Kampir boshini sarak-sarak qilib:

– Nabirangni jin chalibdi. Ammo u har qanday jindan xam kuchli, nabirang albatta tuzalib ketadi – dedi.

Hindu ma’qullaganday bosh silkidi.

Oq xalat kiygan negr bemorlarni aylanib o‘tib, hinduning bolasiga ko‘z tashladi va uy eshigiga ishora qildi.

Hindu sahniga tosh yotqizilgan katta xonaga kirdi. Xonaning o‘rtasida ustiga oq choyshab yopilgan ingichka uzun stol turardi. Xira oynali ikkinchi eshik ochilib, xonaga oq xalat kiygan, uzun bo‘yli, yelkador, qoramag‘iz kishi – doktor Salvator kirdi. Qop-qora qoshi va kipriklaridan boshqa Salvatorning boshida biror tuk yo‘q edi. Aftidan u boshini har doim qirdirib yursa kerak, negaki bosh terisi xuddi yuziday oftobda qorayib ketgan edi. Kattakon qirg‘iy burni, qo‘pol va uchdor iyagi hamda qattiq qimtilgan lablari uning chehrasiga shafqatsiz va hatto vahshiyona ifoda berib turardi. Uning qo‘y ko‘zlari sovuq termilardi. Bu nigoh ta’qibidan hindu o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi.

U egilib ta’zim qilgach, bolani uzatdi. Salvator chaqqon, ishonchli va ayni vaqtda ehtiyotkorona harakat bilan bemor qizchani hinduning qo‘lidan oldi-da, bola o‘ralgan lattani ajratib, xona burchagida turgan yashikka uloqtirdi. Hindu uvadani olish uchun yashik tomon kalovlanib yura boshlagan edi, Salvator uni darhol to‘xtatdi.

– To‘xta, tegma!

Keyin qizchani stolga yotqizib, uning ustiga engashdi. U hinduga yon tomonidan ko‘rinardi. Shu payt hinduga doktor emas, balki kichkina qushcha ustiga yirtqich qush engashganday tuyuldi. Salvator barmoqlari bilan bolaning bo‘ynidagi shishni siypalay boshladi. Uning barmoqlari ham hinduni hangu mang qilib qo‘ydi. Bu barmoqlar uzun-uzun, favqulodda harakatchan barmoqlar edi. Ular pastgagina emas, balki yon tomonlarga va hatto tepaga ham bemalol qayrilaverardilar. Angrayib qolgan hindu bu g‘alati kishi tufayli tug‘ilayotgan vahimali fikrlarni zo‘r berib miyasidan quvishga urinardi.

– Soz. Juda soz, – dedi Salvator, go‘yo shishdan bahra olganday, uni barmoqlari bilan siypalab.

Ko‘rikni tugatib, Salvator hinduga o‘girildi va dedi:

– Hozir oy boshi. Bir oydan keyin, yangi oy boshida kel, qizingni soppa-sog‘ olib ketasan.

U oynavand eshik orqali bolani vannaxona, operatsiya xonasi va kasallar yotadigan palatalar joylashgan ichkari xonaga olib kirib ketdi.

Negr esa qabulxonaga navbatdagi bemorni – oyog‘i kasal kampirni olib kirdi.

Hindu Salvator ortidan berkilgan oynali eshikka egilib ta’zim qildi-da, tashqariga chiqdi.

Roppa-rosa yigirma sakkiz kundan keyin yana o‘sha oynali eshik ochildi. Ostonada yangi ko‘ylak kiygan, tetik, yuzlari qip-qizil qizcha turardi. U bobosiga hadik bilan tikilardi. Hindu qizchasiga tashlanib, qo‘liga dast ko‘tarib oldi-da, yuz-ko‘zlaridan o‘pa ketdi, keyin tomog‘iga qaradi. Shishdan nomu nishon qolmagan edi. Faqat kichkina, bilinar-bilinmas qizg‘ish chandiq operatsiyadan guvohlik berib turar edi.

Qizcha qo‘li bilan zo‘r berib bobosini nari itarar, o‘pmoqchi bo‘lib, o‘zining ko‘pdan beri ustara tegmagan soqolini botirganida esa hatto dodlab yuborardi. Qizchani yerga qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Xonaga Salvator kirdi. Endi doktor hatto jilmaydi va qizchaning boshini silarkan:

– Mana, qizingni qabul qil. O‘z vaqtida olib kelibsan. Bir necha soat kechikkaningda ham uning hayotini saqlab qolib bo‘lmasdi, – dedi.

Keksa hinduning yuzi bir zumda ajinlar bilan qoplandi, lablari titrab, ko‘zlaridan yosh quyildi. U qizchani yana ko‘tarib, bag‘riga bosdi, keyin Salvatorning oyoqlari ostiga tiz cho‘kdi-da, titroq ovoz bilan:

– Siz nabiramni saqlab qoldingiz. Qashshoq hindu sizga o‘z hayotidan bo‘lak nimani hadya qila olardi? – dedi.

– Sening hayoting menga nima uchun kerak ekan? – deb taajjublandi Salvator.

– Qari bo‘lsam ham, hali quvvatim bor, – deb davom etdi hindu cho‘kkalagancha. – Nabiramni onasiga – qizim oldiga tashlayman-da, huzuringizga qaytaman. Menga qilgan yaxshiligingiz uchun qolgan butun umrimni sizga bag‘ishlayman. Qul misoli xizmatingizni qilaman. O‘tinib so‘rayman, marhamatingizni darig‘ tutmang.

Salvator o‘ylanib qoldi.

Yumush topilishiga qaramay, Salvator yangi xizmatkorlarni juda ehtiyotkorlik va noxushlik bilan olardi. Ish ko‘p, – Djim bog‘ ishlarini yolg‘iz uddalay olmaydi, doktor negrni afzal ko‘rsa ham, bu hindu juda munosib kishiga o‘xshardi.

– Sen menga hayotingni taqdim qilib, marhamat yuzasidan o‘z tuhfangni qabul qilishimni so‘rayapsan. Yaxshi. Seningcha bo‘lsin. Qachon qaytib kelasan?

– Bir haftaga qolmay shu yerda bo‘laman, – dedi hindu Salvatorning etagini o‘pib.

– Isming nima?

– Menikimi?.. Kristo – Xristofor.

– Bor, Kristo. Seni kutaman.

– Yur, qizginam! – dedi Kristo nabirasiga murojaat qilib va yana uni qo‘liga oldi. Qizcha yig‘lab yubordi. Kristo tashqariga shoshildi.

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa