Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. DELFINGA MINIB

40

 

DELFINGA MINIB

 

Quyosh endigina yuz ko‘rsatgan bo‘lishiga qaramay qattiq qizdirardi. Feruza osmonda bir parcha ham bulut ko‘rinmaydi, okean tinch. «Meduza» Buenos-Ayresdan yigirma kilometr chamasi janubroqda suzib borardi. Baltazarning maslahatiga ko‘ra, qirg‘og‘ida suvdan ikki pog‘ona bo‘lib ko‘tarilgan qoyali kichik bir ko‘rfazda langar tashlashdi.

Bir zumda qayiqlar ko‘rfaz bo‘ylab taralib ketdi. Har qayiqda odatdagicha ikkitadan odam bor edi: biri sho‘ng‘iydi, ikkinchisi uni tortib turadi. Keyin almashadilar.

Qayiqlardan biri qirg‘oq yaqiniga borib qoldi. Sho‘ng‘uvchi arqonning bir uchiga bog‘langan ohaktoshni oyoqlari orasiga oldida, suv ostiga tushib ketdi.

Suv iliq va shu qadar tiniq ediki, pastdagi har bir tosh ko‘zga aniq tashlanib turardi. Qirg‘oq yaqinidagi suv tubidan marjonlar – suvosti bog‘larining mangu qotib qolgan butalari bo‘y cho‘zgan. Oltin va kumushday tovlanuvchi mayda baliqlar butalararo sayr qilib yuribdi.

Sho‘ng‘uvchi suv ostiga tushdi-da, chaqqonlik bilan chig‘anoqlarni terib, kamariga osib olgan xaltaga sola boshladi. Sherigi hindu-gurona esa arqonning bir uchini ushlagancha qayiqdan suvga termulib o‘tirardi.

amfibiya-odam-delfinga-minib-uz_2

To‘satdan u sho‘ng‘uvchining jonholatda qaddini rostlab, arqonga yopishganini ko‘rib qoldi. U arqonni shu qadar siltab tortgan ediki, gurona suvga ag‘darilib tushayozdi. Qayiq lapanglab ketdi. Hindu-gurona shosha-pisha hamrohini yuqoriga tortib, qayiqqa o‘tkazishga yordamlashdi. Sho‘ng‘uvchi og‘zini katta ochib, arang nafas olar, ko‘zlari olayib, qoramtir yuzi kulrang tusga kirgan edi.

– Akulami?

Ammo sho‘ng‘uvchi lom-mim ham demay, qayiq ichiga uzala tushib oldi.

Dengiz tagida nima shunchalik uning o‘takasini yordiykin? Gurona egilib suv ostiga razm sola boshladi. Darhaqiqat, bir gap bo‘lganga o‘xshaydi. Mayda baliqchalar kalxatni ko‘rgan qushday o‘zlarini quyuq butazor panasiga urardi.

Shu payt hindu-guronaning ko‘zi suv osti qoyasining ortida paydo bo‘lgan to‘qqizil tutunga o‘xshash bir narsaga tushdi. Tutun suvni pushti rangga bo‘yab, asta-sekin tevarak-atrofga tarqalardi. Hayal o‘tmay shu yerning o‘zida qop-qora narsa ko‘rindi. U akulaning tanasi edi. Tana ohista qayrilib, qoya panasiga o‘tib ketdi. Suv ostida to‘zg‘igan qizil tutun faqat qon bo‘lishi mumkin. Nima gap o‘zi? Gurona sherigiga qaradi, ammo u chalqancha tushib, og‘zini lang ochgan, osmonga befarq termilgan holda qimir etmay yotardi. Hindu o‘zining tasodifan og‘rib qolgan o‘rtog‘ini tezroq «Meduza» bortiga eltish uchun eshkakka zo‘r berdi.

Nihoyat sho‘ng‘uvchi o‘ziga keldi, ammo xuddi tili tanglayiga yopishib qolganday, faqat g‘uldirar, boshini chayqar va lablarini cho‘chchaytirib, nuqul harsillardi.

Kemada qolgan qidiruvchilar sho‘ng‘uvchini o‘rab olib, undan biror sado chiqishini sabrsizlik bilan kutishardi.

– Gapir! – deb baqirdi nihoyat toqati toq bo‘lgan yoshgina hindu uni turtib. – Gapir, yuraging yorilgur.

Sho‘ng‘uvchi boshini sarak-sarak qildi-da, xasta tovush bilan:

– Ko‘rdim haligini… dengiz «iblisi»ni, – dedi.

– Yo‘g‘-e, rostdanmi?

– Gapir, gapirsang-chi! – deb qichqirishdi qidiruvchilar betoqat bo‘lib.

– Bir vaqt qarasam – akula. To‘ppa-to‘g‘ri menga qarab suzib kelyapti. O‘ldim endi deb qo‘ydim! Kattakon, qop-qora, yeyishga chog‘lanib og‘zini ham ochdi… Qarasam – haligi ham suzib kelyapti…

– Boshqasimi?

– «Iblis»!

– Qanaqa ekan? Boshi bormi?

– Boshimi? Bor edi shekilli. Ko‘zlari piyoladay-piyoladay keladi…

– Ko‘zi bo‘lsa, demak, boshy ham bor, – dedi ishonch bilan hindu yigit. – Axir ko‘z degan narsa boshda bo‘ladi-da. Qo‘lichi? Qo‘li bor ekanmi?

– Qo‘llari xuddi baqanikiga o‘xshaydi. Barmoqlari uzun-uzun, ko‘m-ko‘k va pardali. O‘zi baliqday yaltiroq, tangacha bilan qoplangan. Akulaga yaqinlashdi-yu, qo‘lida bir narsa «yarq» etib ketdi. Akulaning qornidan tizillab qon otilib chiqsa bo‘ladimi…

– Oyoqlari qanaqa? – deb so‘radi qidiruvchilardan biri.

– Oyoqlarimi? – dedi sho‘ng‘uvchi eslashga urinib. – Oyog‘i butunlay yo‘q. Katta dumi bor. Dumining uchida esa ikkita ilon.

– Qaysi biridan ko‘proq qo‘rqding – akuladanmi yoki «iblis»danmi?

– «Iblis»dan, – deb javob berdi u ikkilanmay. – Garchi meni qutqargan bo‘lsa ham «iblis»dan qo‘rqdim. U o‘shaning o‘zi…

– Ha, xuddi o‘zi.

– «Dengiz iblisi», – dedi hindu.

– Bechoralarga yordam beruvchi dengiz xudosi, – deb tuzatdi keksa hindu.

Bu xabar bir zumda ko‘rfaz ichida suzib yurgan qayiqlarga borib yetdi. Qidiruvchilar shoshilinch ravishda kemaga qarab talpinib, apil-tapil qayiqlarni bortga chiqara boshladilar.

Hamma «dengiz iblisi» qutqargan sho‘ng‘uvchini o‘rab olib, uni qayta-qayta gapirishga majbur qilardi. Sho‘ng‘uvchi ham yangi-yangi tafsilotlari bilan hikoyasini takrorlardi. U maxluqning burnidan qip-qizil olov chiqqanini, tishlari o‘tkir va barmoq kabi uzunligini esladi. Uning quloqlari qimirlaganmish, yonida suzgichlari, orqasida esa eshkakday dumi bor emish.

Beligacha qipyalang‘och, oq ishton va boshiga soyavoni keng poxol shlyapa kiyib olgan Pedro Zurita sarpoychan tuflisini sudrab, palubada u yoqdan – bu yoqqa yurarkan, gapga diqqat bilan quloq solardi.

Sho‘ng‘uvchi hikoyaga berilgan sari Pedroning, bularning hammasi akulani ko‘rib o‘takasi yorilgan qidiruvchining uydirmalari, degan ishonchi mustahkamlana bordi.

«Tag‘in kim biladi, ehtimol hammasi ham uydirma emasdir. Kimdir akulanyng qornini yorgan: ko‘rfazdagi suv qizarib ketdiku, axir. Hindu yolg‘on gapiryapti, ammo uning gapida haqiqat ham bo‘lsa kerak. Shamol bo‘lmasa, daraxtning bargi qimirlarmidi. G‘alati mojaro chiqdi-da, jin urgur!»

Kutilmaganda qoya ortidan yangragan burg‘i sadosi Zuritaning xayollarini to‘zg‘itib yubordi.

Bu tovush «Meduza» ekipajini chaqmoq urganday hangu-mang qilib qo‘ydi. Gap-so‘z to‘xtab, bir zumda hammaning yuzi dokadek oqarib ketdi. Qidiruvchilar dahshat ichida burg‘u ovozi kelgan qoyaga qarab baqrayib qolishgan edi.

Qoyadan sal narida, okean yuzida delfinlar galasi paydo bo‘ldi. Delfinlardan biri to‘dadan ayrilib, go‘yo burg‘i ovoziga javob berganday, qattiq pishqirdi-da, shitob bilan qoyaning orqasiga suzib o‘tib ketdi. Bir necha daqiqa betoqatlik bilan o‘tdi. To‘satdan qoyaning orqasidan delfin ko‘rindi. Uning ustida sho‘ng‘uvchi hozirgina hikoya qilgan g‘alati maxluq – «iblis» xuddi otga minib olganday o‘tirardi. Gavdasi odamnikiday, quyosh nurida charaqlab turgan katta-katta ko‘zlari avtomobil chiroqlariga o‘xshaydi, terisi kumushday yaltiroq, qo‘llari baqanikidan farq qilmaydi – ko‘kimtir, uzun barmoqlari parda bilan qoplangan. Oyoqlarining tizzasidan pasti suvda turganidan ular dum bilan tugaydimi yoki rosmana odamnikiga o‘xshagan-mi – bilib bo‘lmasdi. «Iblis» qo‘lida uzun burama chig‘anoq ushlab turardi. U yana bir marta ana shu chig‘anoqni chaldi-da, keyin xandon tashlab kuldi va kutilmaganda sof ispan tilida:

– Tezroq, Liding (Amerikancha «etakchi»), olg‘a! – deb baqirdi va baqanikiga o‘xshagan qo‘llari bilan delfinning yaltiroq yelkasiga shapatilab, oyoqlari bilan uning biqiniga niqtay boshladi. Delfin ham yo‘rg‘a otday tezligini oshirdi.

Qidiruvchilar beixtiyor qichqirib yuborishdi.

G‘alati chavandoz qayrilib qaradi. Odamlarni ko‘rib, kaltakesak tezligida delfin ustidan sirg‘alib tushdi-da, o‘zini uning panasiga oldi. Delfin orqasidan hayvonning yelkasiga shapatilayotgan ko‘m-ko‘k qo‘l ko‘rinib turardi. Itoatkor delfin o‘z suvorisi bilan okean qa’riga sho‘ng‘ib ketdi.

Ikki g‘aroyib do‘st suv ostida yarim doira yasab, qoya ortiga yashirinishdi…

Favqulodda bu hodisa bir minutlar orasida yuz bergan bo‘lsa ham uning tomoshabinlari ancha mahalgacha es-hushlarini yig‘a olmadilar.

Qidiruvchilar baqirishar, boshlarini changallab palubada u yoqdan – bu yoqqa yugurishardi. Hindular cho‘kkalagancha dengiz xudosidan shafqat so‘rab, yolvorishga tushishdi. Meksikalik yoshgina bir yigit qo‘rqqanidan grat-machtaga chiqib dod sola boshladi. Negrlar o‘zlarini tagxonaga otib, burchakka qisilib olishdi.

Ov haqida o‘ylaydigan fursat emas edi. Pedro bilan Baltazar zo‘r-bazo‘r kemani tartibga keltirishdi. «Meduza» langar ko‘tarib, shimolga qarab yo‘l oldi.

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa