Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. «DENGIZ IBLISI». BIRINCHI QISM.

95

 

ILMIY-FANTASTIK ROMAN

 

Argentina yozining dim yanvar oqshomi. Osmon to‘la yulduz. «Meduza» langar tashlagancha qimir etmay turibdi. Kecha sukunatini buzuvchi to‘lqinning shovullashi ham, kema abzallarining g‘ijirlashi ham eshitilmaydi. Okean bamisoli qattiq uyquga ketganga o‘xshaydi.

Kemaning palubasida yarim yalang‘och marvarid qidiruvchilar yotishibdi. Jazirama issiq va og‘ir mehnat natijasida holsizlangan bu kishilar dam o‘tmay u yonboshlaridan – bu yonboshlariga ag‘darilar, tinmay pishillar, uyqusirab chinqirishardi. Ularning qo‘l-oyoqlari asabiy ravishda uchib-uchib tushadi. Kim biladi deysiz, ehtimol tushlarida o‘zlarining yovuz dushmanlarini – akulani ko‘rib qolishgandir. Yozning bu issiq va dim kunlarida ular shu qadar charchashadiki, ovdan keyin hatto qayiqlarni palubaga ko‘tarib qo‘yishga ham madorlari qolmaydi. Darvoqe, buning hojati ham yo‘q edi: havoning avzoyi buzilishidan darak beruvchi hech qanday alomat sezilmasdi. Qayiqlar langar zanjiriga bog‘langan holda kechasi bilan suvda turaverardi. Reyalar (machtada elkanni tikib qo‘yadigan ko‘ndalang yog‘och) notekis, kemaning jihozlari durustgina saranjomlanmagan, yig‘ishtirilmagan uchburchakli yelkan yengil shabadada bilinar-bilinmas silkinadi. Palubaning quyrug‘idan tumshug‘igacha bo‘lgan butun sahni chig‘anoq uyumlari, yoqutrang ohaktosh qoldiqlari, qidiruvchilar suv ostiga osilib tushadigan arqon, chig‘anoqlar solinadigan bo‘z qoplar va bo‘sh bochkachalar bilan to‘lib-toshgan.

Machta yonida chuchuk suv to‘la kattakon bochka turibdi. Uning chetiga temir cho‘mich osib qo‘yilgan. Bochka tevaragiga to‘kilgan suv tun qorong‘iligida qora dog‘ yanglig‘ ko‘zga tashlanadi.

Ahyon-ahyon marvarid qidiruvchilarning goh unisi, goh bunisi o‘rnidan turadi-da, uyqu aralash gandiraklab, uxlab yotgan kishilarning oyoq-qo‘lini bosib bochkaga tomon yuradi. U ko‘zini ham ochmay bir cho‘mich suvni ichadiyu, shu on suv emas, balki o‘tkir spirt ichgan kishiday o‘zini duch kelgan yerga tashlaydi. Qidiruvchilarni chanqoqlik azoblardi: ertalab ishdan oldin ovqatlanish xavfli – suv ostida kuchli bosim ostida ishlashga to‘g‘ri keladi, – shuning uchun ham ular uzzukun suvning tagi qorong‘ilashguncha och-nahor ishlashar, faqat yotar paytdagina tamaddi qilib olishardi, yemishlari esa nuqul tuzlangan go‘sht bo‘lardi.

Kechasi vaxtada hindu (Hindular – Amerikada yashovchi aholi) Baltazar turardi. U «Meduza» kemasining xo‘jayini kapitan Pedro Zuritaning ishonchli yordamchisi edi.

Baltazar yoshligida mashhur marvarid qidiruvchi bo‘lgan edi. U suv ostida odatdagidan ikki baravar ortiq, ya’ni to‘qson va hatto yuz sekundgacha tura olardi.

«Nima sababdan? Chunki u paytlarda qanday qilib o‘rgatishni bilishardi, bizni juda yoshligimizdan o‘rgata boshlardilar, – deb hikoya qiladi Baltazar yosh marvarid qidiruvchilarga. – Otam meni Xozega shogirdlikka berganida o‘n yoshda edim. Uning qo‘lida o‘n ikki bola ta’lim olardi. Bizga u mana bunday usulda ish o‘rgatardi: suvga oq tosh yoki chig‘anoq tashlardida: «Sho‘ng‘ib, olib chiq!» deb buyurardi va borgan sari uni chuqurroq joyga tashlardi. Olib chiqsang – olib chiqding, bordi-yu olib chiqolmasang – darra yoki xipchin bilan o‘lguday savalab, xuddi kuchukboladay yana suvga otardi. Qaytadan sho‘ng‘iysan. Bizni shu tariqa sho‘ng‘ishga o‘rgatishgan. Keyin suv ostida uzoq turishga o‘rgata boshladi. Keksaroq, tajribaliroq qidiruvchi suv tagiga tushib, langarga savat yoki to‘r bog‘lab qo‘yardi. Keyin biz sho‘ng‘ib uni yechib olib chiqardik. Quruq chiqish mumkin emas. Aks holda kaltaklanasan.

Bizni shafqatsiz do‘pposlashardi. Hamma ham bunga chidash beravermasdi. Ammo men butun okrugda eng abjir qidiruvchi bo‘lib qoldim. Ko‘p pul topardim».

Baltazar keksayib qolgani uchun xatarli bo‘lgan marvarid qidiruvchilik kasbi bilan shug‘ullanmay qo‘ydi. Uning chap oyog‘ini akula tishi mayib qilgan, biqinini langar zanjiri jarohatlagan edi. U Buenos-Ayresda kichkina do‘kon ochib, marvarid, marjon, chig‘anoq va boshqa nodir dengiz toshlari bilan savdo-sotiq qilardi. Ammo qirg‘oqda zerikib qolar va tez-tez marvarid oviga chiqib turardi. Sanoatchilar uni qadrlardilar. La-Plata ko‘rfazi, uning qirg‘oqlari va marvarid chig‘anoqlari uchraydigan boshqa joylarni hech kim Baltazardek yaxshi bilmasdi. Qidiruvchilar uni hurmat qilardilar. U xo‘jayinlarning ham, marvarid qidiruvchilarning ham ko‘nglini ola bilardi.

Baltazar yosh qidiruvchilarga o‘z kasbining butun sirlarini: nafasni qanday tutib turish kerak, akula hujumini qanday qaytarish kerak, ba’zan esa, xonasi kelganda, xo‘jayindan marvaridni qanday yashirib qolish kerak – hammasini o‘rgatardi.

Sanoatchilar, kema egalari Baltazarning bir qarashdayoq marvaridni bexato tanlay olishini va xo‘jayin foydasiga eng saralarinigina ajratishini yaxshi bilishardi.

Shuning uchun ham sanoatchilar uni yordamchi va maslahatchi sifatida o‘zlari bilan bajonidil ovga olib chiqardilar.

Baltazar kichkina bochka ustida bamaylixotir yo‘g‘on sigara tutatib o‘tiribdi. Machtaga o‘rnatilgan fonar shu’lasi uning uzunchoq tekis yuzida, ixcham burni va katta-katta chiroyli ko‘zlarida jilva qiladi. Baltazarning qovoqlari vazmin yumilar va yana ohista ko‘tarilardi. Uni uyqu bosayotgan edi. Ammo ko‘zlari yumuq bo‘lsa ham, quloqlari sergak. Ular hatto qattiq uyqu vaqtida ham har qanday xavfdan ogoh turadi. Ammo hozir Baltazar uxlayotganlarning faqat uzun-qisqa nafasiyu g‘uldirashinigina eshitardi. Qirg‘oqdan marvarid mollyuskalarining qo‘lansa hidi kelib turibdi, – marvaridlarni osonroq ajratib olish maqsadida ularni qirg‘oqda chiritishardi: tirik mollyuskaning chig‘anog‘ini yorish g‘oyat mushkul edi. Bu hid hozir boshqa har qanday kishining ko‘nglini aynitgan bo‘lardi. Baltazar esa, aksincha, huzur qilib nafas olardi. Darbadar kezuvchilar, marvarid qidiruvchilar va mana shu hid unga erkin dunyo quvonchlarini, dengizning ko‘ngilga g‘ulg‘ula soluvchi xatarlarini eslatardi.

Marvarid ajratib olingandan keyin qolgan yirik-yirik chig‘anoqlarni «Meduza»ga keltirishardi. Keyin Zurita ularni tugma va zaponkalar tayyorlaydigan fabrikalarga pullardi.

Baltazarni uyqu yengdi. Holsizlangan barmoqlari orasidan ko‘p o‘tmay sigara sirg‘alib tushib ketdi. Boshi ko‘kragiga xam bo‘ldi.

Ammo kutilmaganda okean qa’ridan yangragan allaqanday tovush uni uyg‘otdi. Sal o‘tmay ovoz yaqinroqdan eshitildi. Baltazar ko‘zlarini ochdi. Xuddi birov burg‘i chalganday, ketidan yoshgina yigit jarangdor tovushda «A!..» deb qichqirganday bo‘ldi. Keyinroq esa ovoz yana ham balandroq yangradi.

Burg‘uning ohangdor sadosi paroxodning chinqiroq gudogiga, quvnoq nido esa g‘arq bo‘layotgan kishining talvasa aralash baqirig‘iga sira o‘xshamasdi. Bu qandaydir yangi, noma’lum narsa edi. Baltazar o‘rnidan turdi, nazarida bir zumda sergaklashib qolganday tuyuldi. Bortga yaqinlashib okean sahniga diqqat bilan razm soldi. Tirik jon ko‘rinmaydi. Jimjitlik. Baltazar palubada cho‘zilib yotgan hinduni oyog‘i bilan turtib uyg‘otdi, u o‘rnidan qo‘zg‘alishi bilan:

– Baqiryapti. Bu o‘sha bo‘lsa kerak, – dedi pichirlab.

– Eshitmayapman, – deb javob berdi hindu-gurona (Amerikalik hindularning bir qabilasi (Avtor izohi) past ovozda, cho‘kkalagancha atrofga quloq solarkan. Shu payt burg‘u sadosi va qichqiriq yana tun sukunatini buzdi.

– A-a!..

Gurona bu tovushni eshitishi bilan xuddi boshiga qamchi tushganday engashib oldi.

– Rost, o‘shanga o‘xshaydi, – dedi u qo‘rquvdan tishlarini takillatib.

Boshqalar ham uyg‘ondi. Ular zulmat dastidan panoh izlaganday, fonarning xira sarg‘ish nuri yoritib turgan yerga to‘planishdi. Odamlar bir-birlariga qisilib o‘tirib olishdi-da, atrofga diqqat bilan quloq sola boshlashdi. Burg‘u ovozi va qichqiriq yana bir marta juda uzoqdan eshitildi-yu, hammayoqqa jimjitlik cho‘kdi.

– Xuddi o‘zi…

– «Dengiz iblisi», – deb pichirlashdi baliqchilar.

– Bu yerda qolish mumkin emas!

– Akuladan ham yomonroq bu!

– Xo‘jayinni chaqirish kerak!

Yalangoyoq kishining qadam tovushi eshitildi. Palubaga esnab, serjun ko‘kragini qashilab xo‘jayin Pedro Zurita chiqdi. U ko‘ylaksiz, egniga faqat bo‘z ishton kiyib olgan edi: enlik charm kamarida to‘pponcha g‘ilofi osilib turibdi. Fonar yorug‘ida uning uyquga to‘ygan va oftob qoraytirgan yuzi, peshonasiga hurpayib tushib turgan quyuq jingalak sochi, qop-qora qoshlari, uchi tepaga qayrilgan paxmoq mo‘ylovi hamda kichkina moshguruch soqoli aniq ko‘zga tashlanib turardi.

– Nima gap?

Uning yo‘g‘on, osoyishta tovushi va dadil harakatlari hindularning joniga bir oz ora kirdi.

Ular baravariga chuldirasha ketishdi.

Baltazar qo‘lini yuqoriga ko‘tarib, odamlarni tinchitdi va:

– Biz anovi… «dengiz iblisi»ning ovozini eshitdik, – dedi.

– Sizlarga shunday tuyulgan!- deb javob berdi Pedro uyqusiragan holda boshini quyi egib.

– Yo‘q, tuyulgani yo‘q. «A-a» deganini, burg‘u ovozini hammamiz eshitdik! – deb baqirishdi baliqchilar.

Baltazar boyagi ishora bilan g‘ala-g‘ovurni bosgach, yana o‘zi so‘z boshladi:

– O‘z qulog‘im bilan eshitdim. Faqat «iblis»gina ana shunday qila oladi. Dengizda boshqa hech kim burg‘u chalmaydi ham, qichqirmaydi ham. Bu yerdan darhol jo‘nash kerak.

– Cho‘pchak! – deb javob berdi Pedro Zurita haligiday beparvolik bilan. U hali chirib bitmagan sassiq chig‘anoqlarni qirg‘oqdan kemaga tashib keltirishni istamasdi. Ammo hindularni ko‘ndirishning iloji bo‘lmadi. Ular bezovtalanishar, qo‘llarini paxsa qilib baqirishar, agar Zurita langarni ko‘tarmasa, ertagayoq qirg‘oqqa chiqib, Buenos-Ayresga yayov jo‘nayajaklarini aytib, uni qo‘rqitishardi.

– «Dengiz iblisi»ni ham jin ursin, senlarni ham! Bo‘pti. Ertalab langarni ko‘taramiz, – dedi kapitan va allanimalar deya g‘uldirab, o‘z kayutasi tomon ketdi.

Uning qaytib uyqusi kelmadi. Chiroqni yoqdi-da, sigara tutatib torgina kayutaning u burchidan – bu burchiga yura boshladi. U yaqindan beri shu atrofda paydo bo‘lib, baliqchilarning va qirg‘oqda yashovchi aholining yuragiga g‘ulg‘ula solgan noma’lum mavjudot haqida o‘ylardi.

Hali hech kim u maxluqni ko‘rgan emas, ammo u bir necha marta o‘zidan darak berdi. U haqda uydirma ham to‘qilgandi. Dengizchilar bunday mish-mishlarni maxluqning o‘zi eshitib qolishidan qo‘rqib, o‘zaro pichirlashib gaplashardilar.

Ba’zilarga u zarar yetkazar, ayrim kishilarga esa kutilmaganda yordam ko‘rsatardi. «U dengiz xudosi, – deb gapirishardi keksa hindular, – yer yuzida adolat o‘rnatish uchun har ming yilda bir marta dengiz ostidan chiqadi».

Katolik ruhoniylari soddadil panlarni, bu narsa «dengiz iblisi», deb ishontirardi. Odamlarning muqaddas, katolik cherkoviga e’tiqodi kamaygani kasofatidan u paydo bo‘lgan emish.

Og‘izdan-og‘izga o‘tib yurgan bu gaplar Buenos-Ayresgacha yetib bordi. Bir necha haftagacha «dengiz iblisi» mahalliy gazetalarning xronikachi va feletonchilariga asosiy tema bo‘lib qoldi. Mabodo noma’lum sharoitda odam tashiydigan va baliq ovlovchi kemalar g‘arq bo‘lsa yoki baliq tutadigan to‘rlar qirqilib qolsa yoxud tutilgan baliq tasodifan gumdon bo‘lsa – bularning barini «dengiz iblisi»dan ko‘rishardi. Ammo ayrim kishilar «iblisning» ba’zan qayiqqa baliq tashlagani va bir kuni hatto g‘arq bo‘layotgan kishini qutqargani haqida gapirishardi.

Cho‘kib ketishiga sal qolgan bir odamning jon kuydirib aytishicha, u endi suvga botayotganda kimdir pastdan uning orqasiga kaftini qo‘ygan va shu alpozda uni suyab qirg‘oqqacha suzib borib, qum ustida qoldirgan-da, o‘zi bir zumda to‘lqinlar orasida g‘oyib bo‘lgan.

Ammo qizig‘i shunda ediki, «iblis»ning o‘zini hech kim ko‘rmagandi. Bu sirli mavjudotning tashqi qiyofasini ham hech kim aytib berolmasdi. Albatta, karomat qiluvchilar ham topildi – ular «iblis»ni shoxdor, echkisoqol, yo‘lbars oyoqli, baliqnikiga o‘xshash dumli qilib tasvirlashar yoki odamlarnikidek oyoqli juda ulkan shoxdor baqaga o‘xshatishardi.

Buenos-Ayresning hukumat amaldorlari dastlab bu latifalarni va gazeta xabarlarini bema’ni uydirma hisoblab, e’tibor berishmadi.

Ammo bezovtalik, ayniqsa baliqchilar orasidagi tashvish kun sayin kuchayib borardi. Ko‘pgina baliqchilarning dengizga chiqishga yuragi betlamay qoldi. Ovning mazasi qochishi bilan aholi o‘rtasida baliq tanqisligi sezila boshladi. Shundan keyin mahalliy ma’murlar bu mashmashani tekshirishga qaror qilishdi. «Qirg‘oqdagi aholi o‘rtasida g‘ulg‘ula va vahima tug‘dirayotgan noma’lum maxluq qo‘lga olinsin», degan buyruq bilan qirg‘oq soqchiligi politsiyasining bir necha kateri hamda motorli qayiqlari safarbar qilindi.

Politsiya La-Plata ko‘rfazini va qirg‘oq atrofini ikki hafta titi-pit qilib, pirovardida bir necha hinduni yolg‘on uydirmalarning ashaddiy targ‘ibotchilari va bezovtalik urug‘ini sepuvchilar sifatida qo‘lga oldi. Ammo «iblis» hamon tutqich bermasdi.

Politsiya boshlig‘i hech qanday «iblis»ning yo‘qligi, bu gaplarning hammasi qo‘lga olingan nodon kishilar tomonidan to‘qib chiqarilganligi va ular tegishli jazolarini tortajaklari haqida rasmiy axborot e’lon qildi hamda baliqchilarni har turli mish-mishlarga ishonmaslikka va bemalol ov qilaverishga da’vat etdi.

Bu xabar birmuncha vaqtgacha o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Lekin «iblis»ning qaltis hazili davom etaverdi.

Bir kuni kechasi qirg‘oqdan ancha uzoqda tunab qolgan baliqchilar o‘z qayiqlarida paydo bo‘lib qolgan echki bolasining ma’rashidan uyg‘onib ketdilar. Boshqa qayiqdagi baliqchilarning to‘rlari suvdan qirqilib chiqdi.

«Iblis»ning yana daragini eshitib sevingan jurnalistlar endi olimlarning fikrini kutishardi.

Olimlar ham bu masalaga qiziqa boshlagan edilar.

Ular, dengizda fanga ma’lum bo‘lmagan va faqat insonga xos harakatlar qiluvchi hech qanday maxluq yo‘q, deb hisoblashardi. «Mabodo, – deb yozishardi olimlar, – okeanning kam o‘rganilgan chuqurliklarida bunday maxluq paydo bo‘lgan bo‘lsa, ehtimol». Ammo ular noma’lum maxluqning insongagina qobil bo‘lgan harakatlar qilishiga hanuz ishonishmasdi. Olimlar ham, dengiz politsiyasining boshlig‘i ham bularning hammasi birorta hazilkash odamning nayrangi deb o‘ylashardi.

Lekin olimlarning hammasi ham shu fikrda emas edi.

Ba’zi olimlar dengiz parisi, dengiz iblisi, dengiz rohibi va dengiz yepiskopi haqida yozgan mashhur nemis naturalisti Konrad Gesnerga (Konrad Gesner – XVI asrda o‘tgan yirik nemis olimi. Uning «Hayvonlar haqida kitobi» naturalistlar o‘rtasida favqulodda kuchli e’tibor qozongan) asoslanishardi.

«Xullas, qadimgi olimlar va O‘rta asr olimlari bayon etgan fikrlarning ko‘pi, garchi yangi fan ularni tan olmasa-da, to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Ollohning yaratgan narsalari behisob va binobarin, xulosa chiqarishda xususan biz olimlar ko‘proq odob saqlashimiz va ehtiyot bo‘lishimiz kerak», deb yozishardi ba’zi keksa olimlar.

To‘g‘risi, bu odobli va ehtiyotkor kishilarni olim deyish ham qiyin edi. Ular fanga qaraganda mo‘‘jizaga ko‘proq ishonishardi, ularning leksiyalari ham quruq va’zxonlikdan naryga o‘tmasdi.

Nihoyat bahsni biryoqlik qilish maqsadida ilmiy ekspeditsiya jo‘natishga qaror qilindi.

Ekspeditsiya a’zolari «iblis» bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘lolmadilar. Ammo ular «noma’lum shaxs»ning ko‘pgina yangi qilg‘iliklaridan voqif bo‘lishdi (keksa olimlar «shaxs» so‘zini «maxluq» so‘zi bilan almashtirishni talab qilishardi).

Ekspeditsiya a’zolari gazetada e’lon qilingan o‘z dokladlarida quyidagilarni yozishgandi:

1. Qumloq sohilning bir necha joyida inson oyog‘ining izi anyqlandi. Izlar dengizdan chiqib, yana dengiz tomon ketgan. Ammo bu izlar qayiqda qirg‘oqqa kelgan odamning izi bo‘lishi mumkin.

2. Biz ko‘zdan kechirgan to‘rlar darhaqiqat o‘tkir narsa bilan qirqilgan. Lekin bu to‘rlar suv ostidagi qirrali qoyalarga yoki halokatga uchragan kemalarning temir qismlariga ilinib, qirqilgan bo‘lsa kerak.

3. O‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishilarning aytishicha, to‘lqin qirg‘oqning ancha ichkarisiga uloqtirib tashlagan delfinni (Delfin – sut emizuvchi dengiz hayvoni) kechasi kimdir yana dengizga olib ketgan, buning ustiga qumda rahmdil baliqchi delfinni suvga olib borib tashlaganga o‘xshaydi.

Ma’lumki, delfinlar baliq ovlab yurib, baliqchilarga ko‘maklashadi, ya’ni baliqlarni sayoz joylarga haydashadi. Baliqchilar ham tez-tez delfinlarni kulfatdan qutqarib turadilar. Panja izlari odamning oyoq barmoqlariniki, ko‘rinishi oyoqning panjasiga o‘xshaydi.

4. Echki bolasi qayiqda keltirilgan, buni biror hazilkash qilgan bo‘lishi mumkin.

Olimlar «iblis» qoldirgan izlarning kelib chiqishini izohlovchi boshqa yana bir qancha sabablarni topishdi.

Ular dengiz hayvonlarining birortasi ham bunaqa murakkab ishlarni qilishi mumkin emas degan xulosaga keldilar.

Ammo bu sharhlar hammani ham qoniqtira olmadi. Hatto olimlarning orasida mazkur dalillarga shubha bilan qaraydigan kishilar ham topildi. Eng chaqqon va abjir hazilkash ham shu qadar uzoq vaqtgacha odamlarning ko‘ziga tashlanmay shuncha «ish» ko‘rsatishi mumkinmi? Eng muhimi, olimlar o‘z dokladida lom-mim demagan narsa shu ediki, «iblis» qisqa vaqt ichida bir-biridan juda uzoq turli yerda o‘z jasoratini namoyish qilgan. «Iblis» yo quloq eshitmagan darajada tez suzgan, yoki uning qandaydir maxsus moslamasi bo‘lgan, yoxud «iblis» bir emas, bir nechta. Bu holda bu hazillar battarroq muammo va xatarli bo‘lib chiqadi.

Pedro Zurita kayutada u yoqdan-bu yoqqa yurib, bu jumboq o‘ylarga g‘arq bo‘lib ketganidan tong otganini va illyuminator oynasiga qizg‘ish nurlar tushganini ham sezmay qoldi. U chiroqni o‘chirdi-da, yuvinishga tutindi.

Zurita boshiga issiq suv quya turib, palubadan kelgan vahimali baqiriqni eshitib qoldi. Chala-chulpa yuvindida, shoshib tepaga ko‘tarildi.

Bellariga bo‘z mato tutib olgan yalang‘och qidiruvchilar bort oldiga to‘planishib, qo‘llarini silkitishar va palapartish qichqirishardi. Pedro pastga qarab, kechasi suvda qoldirilgan qayiqlar yechilganini ko‘rdim. Tungi shamol ularni ochiq okeanning ancha ichkarisiga surib ketgan edi. Tong shabbodasi esa endi ularni sekin-sekin qirg‘oq tomon haydardi. Har tarafga sochilib ketgan eshkaklar suv yuzida qalqib, ko‘rfaz bo‘ylab suzib borardi.

Zurita qidiruvchilarga qayiqlarni olib kelishni buyurdi. Ammo hech kim polubadan jilishga jur’at etolmasdi. Zurita buyruqni yana takrorladi.

– «iblis»ning changaliga o‘zing tushaver, – dedi kimdir olomon orasidan.

Zurita to‘pponcha g‘ilofiga qo‘l cho‘zdi. Qidiruvchilar tisarilishib, machta yoniga g‘uj bo‘lib olishdi. Agar Baltazar oraga tushmaganda keskin to‘qnashuv yuz berishi muqarrar edi.

– Araukan hech narsadan qo‘rqmaydi, – dedi u. – Akula yamlay olmagan meni, «iblis» ham yeyolmaydi. – Shunday deb u qo‘llarini boshi ustida juftladi-da, o‘zini suvga otdi va shitob bilan kemaga yaqinroq turgan qayiq tomon suza ketdi. Boshqa qidiruvchilar bortga yaqinlashib, qo‘rquv ichida Baltazarni kuzata boshladilar. Keksaligi va oyog‘ining mayibligiga qaramay, u juda yaxshi suzar edi. Hindu bir zumda qayiqqa yetib bordi-da, shu atrofda suzib yurgan eshkaklardan birini tutib, ko‘z ochib-yumguncha qayiqqa chiqib oldi.

– Arqon pichoq bilan qirqilgan, – deb baqirdi u, – juda ham yaxshi qirqilgan! Olmosday o‘tkir pichoqqa o‘xshaydi.

Baltazarga hech balo bo‘lmaganini ko‘rib, bir necha baliqchi o‘zini birin-ketin suvga tashlaydi.

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa