Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. DOKTOR SALVATOR

45

 

DOKTOR SALVATOR

 

Zurita o‘z muddaosini amalga oshirishga jiddiy kirishdi. U ko‘rfaz ostiga sim to‘siqlar tortdi, hamma tomonga to‘r tashladi, qopqonlar qo‘ydi. Ammo hozircha uning o‘ljasi faqat baliqlardangina iborat bo‘lib qoldi, «dengiz iblisi» xuddi yer tagiga kirganday yo‘q bo‘ldi-ketdi. U qaytib ko‘rinmadi ham, o‘zidan nomu nishon bermady ham. O‘rgatilgan delfin har kuni ko‘rfazga kelib, bamisoli o‘z do‘stini sayrga chorlaganday, suvga sho‘ng‘ir va behuda pishqirardi. Do‘sti ko‘rinavermagach, u jahl bilan oxirgi marta pishqirdi-da, ochiq okeanga suzib ketdi.

Havoning avzoyi buzildi. Sharqdan ko‘tarilgan shamol okean sathini beshikday tebratardi; to‘zg‘ib ketgan qum ko‘rfaz suvini loyqalantirib yubordi. Serko‘pik to‘lqinlar okean tubini butunlay ko‘zdan yashirib qo‘ydi. Suv ostida nimalar bo‘layotganini endi ko‘rib bo‘lmasdi.

Zurita qirg‘oqda qavat-qavat to‘lqinlarga termulganicha soatlab turardi. Bir-birini quvlashib, bostirib kelayotgan ulkan to‘lqinlar osmonga sapchir, uning quyi qatlamlari ho‘l qum ustida o‘rmalab, shag‘al va chig‘anoqlarni surib, Zuritaning oyoqlariga urilardi.

– Yo‘q, bu bilan ish bitmaydi, – dedi Zurita. – Boshqa chora o‘ylash kerak. «Iblis» inidan chiqmayapti. Demak, uni tutish uchun oldiga – suv ostiga tushishga to‘g‘ri keladi. Bu aniq! – Shunday deb, u yangi, mustahkam qopqon yasash bilan ovora bo‘lib o‘tirgan Baltazarga murojaat qildi:

– Darhol Buenos-Ayresga jo‘na, u yerdan ikkita kislorodli g‘avvoslik kostyumi olib kel. Odatdagi ichakli g‘avvoslar kostyumi havo yuborish uchun yaramaydi. «Iblis» ichakni kesib yuborishi mumkin. Bundan tashqari, ehtimol, qisqa suv osti sayohati uyushtirishga to‘g‘ri kelib qolar. Ha, aytganday, elektr fonarlari olishni ham unutma.

– «Iblis»nikiga mehmonga bormoqchimisiz? – deb so‘radi Baltazar.

– Sen bilan birga, albatta, chol.

Baltazar bosh irg‘ab, yo‘lga tushdi.

U g‘avvoslik kostyumlari va fonarlargina emas, balki bronzadan ishlangan bir juft uzun-uzun jimjimador egri pichoq ham keltirdi.

– Hozir bunaqasini yasay olmaydilar, – dedi u. – Bu araukanlarning qadimiy pichog‘i. Ko‘nglingizga kelmasin-u, bu pichoqlar bilan mening katta bobolarim qachonlardir oqlarning – sizning katta bobolaringizning qornini yorgan.

Bu tarixiy ma’lumot Zuritaga yoqmadi, shunga qaramay, pichoqlar unga ma’qul bo‘ldi.

– Sen juda uzoqni ko‘radigan odamsan, Baltazar.

Ertasi kuni tongotarda kuchli bo‘ron bo‘lishiga qaramay, Zurita bilan Baltazar g‘avvoslik kostyumlarini kiyib dengiz tubiga sho‘ng‘ishdi. Ular suvosti g‘orining og‘zidagi to‘rni qiyinchilik bilan bir chetga surib torgina yo‘lakka kirishdi. Bir zumda hammayoqni qorong‘ulik bosdi. G‘avvoslar oyoqqa turib, pichoqlarini sug‘urdilar-da, elektr fonarlarini yoqdilar. Nurdan cho‘chigan baliqlar o‘zini to‘rt tomonga urdi, keyin esa ular xuddi hashorat galasiday fonarning zangori nuri tegrasida parvona bo‘lib, unga talpina boshladilar.

Baliqlarning tangachalari yarqirab ko‘zni qamashtirganidan Zurita ularni qo‘li bilan haydashga tushdi. Bu – balandligi to‘rt metr va kengligi besh-olti metr keladigan kattagina g‘or edi. G‘avvoslar atrofni ko‘zdan kechirishdi. G‘or bo‘m-bo‘sh, kimsa-siz. Bu yerda faqat mayda baliqlar dengiz bo‘ronlari va yirtqichlaridan jon saqlasalar kerak.

Zurita va Baltazar bitta-bitta bosib, olg‘a yurdilar. G‘or borgan sari toraya boshladi. To‘satdan Zurita taqqa to‘xtab qoldi. Fonar yorug‘i yo‘g‘on temir panjaraga tushdi.

Zurita ko‘zlariga ishonmadi. U temir to‘siqni olib tashlash maqsadida panjaraga yopishib, uni jon-jahdi bilan siltay boshladi. Ammo panjarani qimirlatib bo‘lmasdi. Fonar yorug‘ida yaxshilab razm solgach, Zurita panjaraning g‘or devorlariga mahkam qilib o‘rnatilganligini, uning halqasi va ichkarida qulfi borligini ko‘rdi.

Bu yangi jumboq edi.

«Dengiz iblisi» faqat aqlligina emas, balki favqulodda iste’dodli mavjudot bo‘lishi kerak. U delfinni qo‘lga o‘rgata olgan, u metall ishlari bilan tanish. Nihoyat, u dengiz tubida o‘z maskanini qo‘riqlovchi mustahkam temir g‘ov yasay olgan. Ammo bu mumkin emas-ku! Suv ostida temirni toblab bo‘lmaydi. Demak, u nuqul suvdagina yashamaydi yoki juda bo‘lmaganda, uzoq muddat quruqlikka chiqib hayot kechiradi.

Suv ostiga tushganlariga bir necha minutgina bo‘lganiga qaramay, Zuritaning chakka tomirlari o‘ynab ketdi. Bamisoli g‘avvoslik qalpog‘ida havo yetishmaydiganga o‘xshardi.

Zurita Baltazarga imo qildi va ular suv osti g‘oridan chiqib (bu yerda qiladigan ishlari qolmagan edi), yuqoriga ko‘tarilishdi.

Sabrsizlik bilan kutayotgan araukanlar g‘avvoslarni eson-omon ko‘rib, sevinib ketishdi. Zurita qalpog‘ini yechdi va nafasini rostlab olgach:

– Bunga nima deysan, Baltazar? – deb so‘radi.

Baltazar qo‘llarini yoyib, taajjubini ifodaladi.

– Nima derdim, bu yerda ancha turishga to‘g‘ri keladi. «Iblis» baliq bilan tirikchilik qiladiganga o‘xshaydi. Baliq esa u yerda to‘lib yotibdi. Uni g‘orda och qoldirib, tutish mumkin emas. Panjarani dinamit bilan portlatish kerak – boshqa iloji yo‘q.

– Seningcha, Baltazar, g‘orning ikki og‘zi bo‘lib, biri – ko‘rfazda, ikkinchisi – yer yuzida emasmikin?

Baltazar buni o‘ylamagan edi.

– Bo‘lishi mumkin. Nega avvalroq atrofni ko‘zdan kechirish xayolga kelmadi, a? – dedi Zurita.

Ular endi sohilni o‘rganishga kirishishdi.

Qirg‘oqda Zurita o‘n gektarcha joyni o‘rab olgan va oq toshdan qurilgan baland devorga duch keldi. Zurita devorni aylanib chiqdi. Uzundan-uzoq bu devorda faqat bitta temir darvoza bor edi. Darvozadagi kichkina eshikcha ichkaridan qulflangan.

«Bu turma yoki qal’a, – deb o‘yladi Zurita. – Qiziq, fermerlar bunaqa qalin va baland devor qurishmasdi-ku. Ichkariga mo‘ralay desang, devorda na yoriq bor, na tirqish».

Tevarak-atrof – kimsasiz, odamzod qadami yetmagan joy: u yer – bu yerda tikanaklar va kaktus o‘simligi ko‘zga tashlanadi. Pastda esa ko‘rfaz.

Zurita temir darvozani poylab, bir necha kun devor atrofida aylanyb yurdi. Qani endi darvoza ochilsa: undan birov na ichkariga kirar va na tashqariga chiqardi. Devor ortidan «tiq» etgan ovoz eshitilmasdi.

Zurita qosh qorayganda «Meduza» palubasiga qaytib, Baltazarni chaqirtirdi, va:

– Ko‘rfaz tepasidagi qal’ada kim yashashidan xabaring bormi? – deb so‘radi.

– Xabarim bor, fermada ishlaydigan hindulardan so‘rab bilib oldim. U yerda Salvator yashaydi.

– Salvatoring kim?

– Xudo, – deb javob berdi Baltazar.

Zurita qop-qora quyuq qoshlarini taajjublanib chimirdi.

– Hazillashyapsanmi?

Baltazar miyig‘ida kulib qo‘ydi.

– Men eshitganimni aytdim-da. Ko‘pgina hindular – Salvatorni xudo, xaloskor deb atashyapti.

– Nimadan xalos qilarkan u?

– O‘limdan. Aytishlaricha, u behad qudratli emish. Salvator mo‘‘jizalar yaratarmish. U o‘z qo‘llarida hayotni ham, o‘limni ham tutib turarmish. U cho‘loqlarga yangi, tirik oyoq, ojizlarga burgutnikiday o‘tkir ko‘z va hatto o‘liklarga jon baxsh etarmish.

– La’natilar! – deb g‘uldiradi Zurita, barmoqlari bilan paxmoq mo‘ylovini burab. – Ko‘rfazda «dengiz iblisi», ko‘rfaz ustida «Xudo». Seningcha, Baltazar, «iblis» bilan «xudo» bir-biriga yordam bermasmikan?

– Menimcha, bu mo‘‘jizalar dastidan miyamiz suyulmay turib, bu yerdan jo‘nab qolishimiz kerak.

– Salvator qo‘lida shifo topgan biror kishini o‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi?

– Ko‘rdim. Menga bir cho‘loq kishini ko‘rsatishdi. Salvatornikiga borib kelgandan keyin otday bo‘lib ketipti. Bundan tashqari, Salvator tiriltirgan bir hinduni ham ko‘rdim. Butun qishloqdagilarning aytishicha, o‘sha hindu Salvatornikiga olib ketayotganlarida yaxday murda ekan, Salvatornikidan esa tirilib, o‘ynab-kulib qaytipti. O‘lgandan keyin yaxshi bir qizga uylanipti. Ularning bolalarini ham ko‘rdim…

– Demak, Salvator begonalarni ham qabul qilar ekan-da.

– Faqat hindularni. Uning oldiga hamma tomondan: Olovli Er va Amazonkadan, Asunsion va Atakama sahrolaridan kelisharkan.

Baltazardan shu xildagi ma’lumotlarni olib, Zurita Buenos-Ayresga borib kelishga qaror qildi.

U erda Zurita Salvatorning hindularni davolashi va ular orasida mo‘‘jizakor sifatida mashhurligini bilib oldi. Vrachlar uning talantli va hatto buyuk xirurgligini, lekin ko‘pgina atoqli kishilarday telbanamoroq odam ekanligini aytishdi. Salvatorning nomi Eski va Yangi Dunyo ilm ahllari orasida juda keng tarqalgan. Amerikada u o‘zining dadil jarrohlik operatsiyalari bilan shuhrat qozongan. Bemorning ahvoli og‘irlashib, vrachlar operatsiya qilishdan bosh tortganlarida darhol Salvatorni chaqirishgan. U hech qachon bosh tortmagan. Salvator hayotda jasur va tadbirkor bo‘lgan. Imperialistik urush vaqtida u fransuz frontida xizmat qilib, faqat bosh miya operatsiyasi bilan shug‘ullangan. Minglab kishilarning hayotini saqlab qolgan. Sulh tuzilgandan keyin u o‘z vataniga, Argentinaga ketadi. Vrachlik kasbi va er savdosidan Salvator katta boylik ortdiradi. U Buenos-Ayres yaqinidan katta er sotib olib, uning atrofini baland devor bilan o‘rab olgach, (bu uning g‘alati tabiatidan bir shingil) o‘sha erga joylashib, avvalgi ishini butunlay yig‘ishtirib qo‘yadi. U o‘z laboratoriyasida faqat ilmiy ish bilan shug‘ullana boshlaydi. Endi u o‘zini quruqlikka chiqqan xudo deb atovchi hindularnigina davolar va qabul qilardi.

Zurita Salvator hayotiga oid yana bir tafsilotni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Salvatorning hozirgi kattakon mulki o‘rnida urushgacha kichkina uy va bog‘cha bo‘lgan. U ham tosh devor bilan o‘ralgan. Salvator frontdaligida bu uyni bir negr va bir necha ulkan it doimo qo‘riqlab turgan. Bu sodiq soqchilar uyga biror jonni ham yaqin yo‘latmagan.

Keyingi paytlarda Salvator yana maxfiy ishga berildi. U hatto universitetda birga o‘qigan sobiq do‘stlarini ham qabul qilmasdi.

Ana shunday ma’lumotlardan voqif bo‘lgan Zurita:

– Modomiki Salvator vrach ekan, uning bemorni qabul qilishdan bosh tortishga haqi yo‘q. Nega men kasal bo‘lmas ekanman! O‘zimni kasalga solib, Salvatorning huzuriga kiraman. U yog‘i keyin ma’lum bo‘ladi, – degan qarorga keldi.

Zurita Salvator mulkini qo‘riqlab turgan darvozaga qarab yo‘l oldi va borib uni tiqillata boshladi. Uzoq va qattiq tiqillatganiga qaramay, hech kim ochmadi. Jahlidan bo‘g‘ilib ketgan Zurita katta bir toshni olib shunaqa ura boshladiki, shovqiniga hatto o‘lik ham sapchib o‘rnidan turib ketishi mumkin edi.

Devor ortida, uzoqda kuchuklarning akillagani eshitildi, saldan keyin eshik qulfining teshigi ochildi.

– Kim u? – deb so‘radi birov ispan tilida.

– Kasal, tezroq oching, – deb javob berdi Zurita.

– Kasallar bunaqa taqillatmaydilar, – dedi boyagi tovush ohista va qulfning teshigidan birovning ko‘zi ko‘rindi. – Doktor qabul qilmaydi.

– Kasalga yordam berishdan bosh tortishga nima haqi bor? – dedi jig‘ibiyron bo‘lib Zurita.

Qulfning teshigi yana bekildi va oyoq tovushi asta-sekin uzoqlasha boshladi. Faqat kuchuklar hamon zo‘r berib akillardilar.

Zurita so‘kinib-so‘kinib kemaga qaytib keldi.

Salvator ustidan Buenos-Ayresga shikoyat qilish kerakmikan? Ammo buning foydasi yo‘q. Zurita g‘azabdan titrardi. Uning paxmoq qora mo‘ylovlari jiddiy xavf ostida qoldi: Zurita hayajon ichida dam o‘tmay ularni yulqib tortaverganidan xuddi past bosimni ko‘rsatuvchi barometr strelkasiday quyi tushib ketgan edi.

U o‘zini sal tutib olgach, bundan keyin nima qilish kerakligi haqida o‘ylay boshladi.

O‘ylagan sari uning oftobda toblangan jigarrang barmoqlari to‘zg‘igan mo‘ylovlarini tepaga burardi. Barometr ko‘tarila boshladi.

Nihoyat, u palubaga chiqib, kutilmaganda hammaga langarni ko‘tarish haqida buyruq berdi.

«Meduza» Buenos-Ayresga qarab yo‘l oldi.

– Yaxshi, – dedi Baltazar. – Qancha vaqtimiz behuda ketdi.

«Iblis»ni ham, «xudo»sini ham jin ursin!

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa