Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. G‘AROYIB BOG‘

46

 

G‘AROYIB BOG‘

 

Bir haftadan keyin Kristo qaytib keldi. Salvator uning ko‘zlariga diqqat bilan tikilib, dedi:

– Yaxshilab quloq sol, Kristo. Seni ishga qabul qilaman. Yaxshi boqaman, durustgina maosh ham, olasan…

Kristo qo‘l silkidi.

– Menga hech narsa kerak emas, dargohingizda xizmat qilsam kifoya.

– To‘xta, gapga quloq sol, – deb davom etdi Salvator. – Sen hamma narsaga ega bo‘lasan. Ammo bitta shartim bor: bu yerda ko‘rganlaring haqida hech kimga og‘iz ochmasliging kerak.

– Birovga churq etsam, tilim kesilsin.

– Ehtiyot bo‘l, bunaqa falokatga sen yo‘liqma, – dedi ogohlantirib Salvator va oq xalatli negrni chaqirib:

– Bu kishini boqqa olib borib, Djimning qo‘liga topshir, – deb buyurdi.

Negr indamay ta’zim qildi va hinduni oq uydan olib chiqdi-da, Kristoga tanish bo‘lgan hovlidan o‘tib, ikkinchi devordagi temir eshikni taqillata boshladi.

Devor orqasidan itning vovullagani eshitildi, eshik g‘ichirlab, astagina ochildi, negr Kristoni bog‘ ichiga itarib yubordi-da, eshik orqasida turgan boshqa bir negrga bo‘g‘iq ovozda allanimalar deb qichqirib iziga qaytdi.

Kristo qo‘rqqanidan devorga yopishib oldi: unga tomon o‘kirik-ka o‘xshash hurib, qizil-sarg‘ish tusdagi qora xolli g‘alati yirtqichlar yugurib kelardi. Agar Kristo ularga sahroda duch kelganida, albatta, qoplon deb o‘ylagan bo‘lardi. Ammo chopib kelayotgan yirtqichlar itga o‘xshab akillardi. Hozir qanaqa hayvon hujum qilsa ham Kristoga bari bir edi. U yaqin turgan bir daraxtga otilib, jonholatda unga tirmashib chiqa boshladi. Negr itlarga xuddi achchiqlangan zaharli ilonga o‘xshab vishillagan edi, darrov hammasi shashtidan tushdi. Ular akillashni to‘xtatib, yerga cho‘zilishdi va boshlarini ikki oldingi oyoqlari ustiga qo‘yib, ko‘z qiri bilan negrga tikilib olishdi.

Negr daraxt tepasida o‘tirgan Kristoga qarab vishillay boshladi, keyin daraxtdan tush deganday qo‘l silkidi.

– Nega ilonga o‘xshab vishillaysan? – dedi Kristo o‘rnidan jilmay. – Tiling tanglayingga yopishib qolganmi?

Negr g‘azab bilan o‘kirib qo‘ydi.

«Soqov bo‘lsa kerak», – deb o‘yladi Kristo va Salvatorning ogohlantirishini esladi. Nahotki Salvator sirni fosh etgan xizmatkorlarining tilini qirqsa? Aftidan anovi negrning ham tili kesilgan bo‘lsa kerak… Shu on Kristoning yuragi shu qadar orqasiga tortib ketdiki, daraxtdan ag‘darilib tushishiga sal qoldi. Biror iloj qilib tezroq bu yerdan qochgisi keldi. U o‘zi o‘tirgan daraxtdan devorgacha bo‘lgan masofani chamalab ko‘rdi. Yo‘q, sakrash mumkin emas… Shu payt negr daraxt ostiga keldi-da, hinduning oyog‘idan ushlab zo‘r berib pastga torta boshladi. Bo‘ysunishdan boshqa iloj qolmagan edi. Kristo daraxtdan sakrab tushdi-da, iltifot bilan iljayishga urindi va unga qo‘l uzatib:

– Djimmisan? – deb so‘radi do‘stona qiyofada.

Negr bosh silkidi.

Kristo uning qo‘lini mahkam qisdi. «Do‘zaxga tushdingmi, endi iblislar bilan murosa qilish kerak», – deb o‘yladi va baland ovozda davom etdi:

– Soqovmisan?

Negr javob bermadi.

– Tiling yo‘qmi?

Negr yana indamay turaverdi.

«Qanaqa qilib og‘zini ko‘rsa bo‘larkin? – deb o‘yladi Kristo. Ammo Djim ko‘rinishidan imo-ishora bilan ham gaplashishni istamasdi. U Kristoning qo‘lidan ushlab, qizil-sarg‘ish yirtqichlar oldiga olib keldi va ularga allanima deb vishilladi. Yirtqichlar o‘rnidan turib, Kristoga yaqinlashishdi-da, uni hidlab yana asta nari ketishdi. Kristoning yuragi bir oz taskin topdi.

Djim Kristoni bog‘ bilan tanishtira boshladi.

amfibiya-odam-garoyib-bog-uz-1

Tosh yotqizilgan befayz hovlidan o‘tganlaridan keyin bog‘ o‘zining gul va ko‘katlari bilan Kristoni hayratda qoldirdi. Sharqqa qarab cho‘zilib ketgan bog‘ dengiz qirg‘og‘i sari pasayib borardi. Qizg‘ish chig‘anoq uvoqlari sepilgan yo‘laklar har tomonga taralib ketgan. Yo‘laklarning chetida jozibador kaktuslar va shirador zangori agavalar (Agava – qalin, bargi shirador o‘simlik. Uning tolasidan gazlama, shirasidan ichimlik qilinadi (Avtor izohi)), son-sanoqsiz sariq-ko‘kish gulli g‘o‘shshagullar o‘sib yotibdi. Behisob shaftoli va zaytun ko‘zni qamashtiruvchi rango-rang gulli qalin ko‘katlar ustiga soya tashlab turibdi. Ko‘katlar orasidan chetiga oq tosh terilgan hovuzlar ko‘zga tashlanadi. Katta-katta fontanlar havoni sof va orombaxsh etgan.

Bog‘ turli-tuman qichqiriqlar, qushlarning chug‘ur-chug‘uri, hayvonlarning o‘kirishi va chinqirig‘i bilan to‘lib-toshgan edi.

Kristo umri bino bo‘lib, bu qadar g‘alati qush va hayvonlarni ko‘rmagandi. Bu bog‘da misli ko‘rilmagan yirtqichlar yashar edi.

Mana, ko‘kimtir mis tusli, olti oyoqli kaltakesak yo‘lkani kesib o‘tdi. Daraxt tepasida ikki boshli ilon chirillab qoldi. Kristo ikkita qip-qizil og‘zini ochib vishillab turgan bu qo‘shkalla sudraluvchidan qo‘rqib, o‘zini bir chetga otdi. Negr unga javoban qattiqroq vishillagan edi, ilon boshini havoda o‘ynatib, daraxtdan quladi va qamishzor orasiga kirib ketdi. Boshqa bir ikki oyoqli uzun ilon yo‘lkada o‘rmalab borardi. Temir qafas ichida xur-xurlayotgan cho‘chqa bolasi qoq peshonasiga joylashgan bittayu bitta kattakon ko‘zini Kristoga tikkan edi.

Bir-biriga tutash ikki oq kalamush qizg‘ish yo‘lka bo‘ylab xuddi ikki boshli va sakkiz oyoqli maxluqday chopib yuribdi. Ba’zan bu qo‘shaloq hayvonlar o‘zaro kurashishga tushadi: o‘ng tomondagi kalamush o‘ngga tortadi, chapdagisy – chapga, har ikkisi ham norozilik bilan chiyillaydi.

Ammo hammavaqt o‘ng yoqdagi kalamush g‘olib kelar edi. Yo‘lkaning chetida egizaklar – biqinlari bilan bir-biriga tutashgan ikki mayin junli qo‘y o‘tlab yuribdi. Ular kalamushlarga o‘xshab tortishmasdi. Har ikkovi o‘rtasida allaqachonlaroq iroda va xohish birligi vujudga kelganday. Bir maxluq ayniqsa Krystoni hayratda qoldirdi. Kattakon, butunlay yungsiz qizil it. Uning ustida, xuddi itning terisidan chiqqanday, kichkina maymun o‘tirardi. It Kristoga yaqinlashib dumini likillatdi. Maymun boshini qimirlatib, qo‘llarini silkitar, o‘zi tutashgan itning yelkasiga shapatilar va Kristoga qarab, chiyillardi. Hindu cho‘ntagidan bir chaqmoq qand olib, maymunga uzatdi. Ammo kimdir Kristoning qo‘lini jonholatda chetga tortdi. Orqada vishillagan tovush eshitildi. Kristo o‘girilib qarab Djimni ko‘rdi. Keksa negr imo-ishora bilan maymunga ovqat berish mumkin emasligini tushuntirdi. Shu payt kichkina to‘tiboshli qarg‘a uchib keta turib, Kristoning qo‘lidagi qandni yulib oldi-da, buta orasiga yashirindi. Huv narida o‘tloqda sigir boshli ot kishnardi.

Yaylovda otnikiga o‘xshagan dumlarini silkitib, ikki tuya kezib yuribdi. Ko‘katlar, chakalakzorlar, daraxt butalari orasidan Kristoga ajoyib-g‘aroyib hayvonlar, yirtqichlar va qushlar ko‘z tikkan edi: mushuk boshli itlar, xo‘roz boshli g‘ozlar, shoxdor to‘ng‘iz, burgut tumshuqli tuyaqushlar, yovvoyi mushuk tanli qo‘ylar…

Kristo alahsirayapman shekilli deb o‘yladi. Ko‘zlarini ishqalab, fontanlarning muzdek suvi bilan boshini ho‘lladi, ammo foyda bermadi. Hovuzlarda u baliq boshli va jabrali ilonlarni, baqanikiga o‘xshagan oyoq-qo‘lli baliqlarni, kaltakesaksimon uzun tanli kattakon baqalarni ko‘rdi…

Kristoning yana qochgisi kelib ketdi.

Nihoyat Djim Kristoni qum sepilgan keng sayxonlikka olib chiqdi. Xurmo daraxtlari bilan o‘ralgan maydonning o‘rtasida Mavritaniya uslubida qurilgan oq marmar devorli ko‘rkam bino qad kerib turardi. Xurmo poyalari orasidan ark va tosh ustunlar ko‘zga tashlanadi. Delfin shaklidagi mis fontanlardan otilgan suv oltin baliqlar suzib yurgan shaffof hovuzlarga shaloladay quyilmoqda. Binoga kiraverishdagi eng katta fontan afsonaviy Tritonday (Triton – grek mifologiyasida dengiz to‘lqinlari xudosi. Dengiz chig‘anog‘ini chalib u to‘lqinlarni to‘xtatgan yoki to‘lqinlantirgan. Uni ko‘pgina delfinga mingan holda tasvir etganlar (Avtor izohi)). delfin ustida og‘ziga aylanma burg‘u tutib turgan yosh yigitni aks ettirardi. Iste’dodli haykaltarosh qo‘li bilan bunyod etilgan bu asar yigit va delfinning g‘oyat jonliligi bilan kishini maftun etadi.

Bino orqasida bir necha turar joy va xizmat xonalari bo‘lib, undan nari esa oq devorga qadar quyuq kaktus bilan qoplangan edi.

«Yana devor!» – deb dilidan o‘tkazdi Kristo.

Djim hinduni chog‘roqqina salqin bir xonaga olib kirdi. U imo-ishora bilan bu uy Kristoga qarashli ekanligini tushuntirdi-da, uni yolg‘iz qoldirib iziga qaytdi.

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa