Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. HUJUM

40

 

HUJUM

 

– Agar u bugun ham kelmasa, Baltazar, yordamingdan voz kechaman, boshqa epchilroq, ishonchliroq kishi topaman, – dedi Zurita hurpaygan mo‘ylovlarini betoqatlik bilan burib. Zurita shaharda kiyiladigan oq kostyum va katta soyavonli shlyapa kiyib olgandi. U Baltazar bilan Buenos-Ayresning tashqarisida, ekin maydonlari tugab sahro boshlanadigan yerda uchrashdi.

Oppoq bluza va yo‘l-yo‘l ko‘k ishton kiygan Baltazar yo‘l chetida cho‘nqaygancha, xijolatdan miq etolmay, kun nurida qovjiragan ko‘katlarni yulqib o‘tirardi.

O‘z akasi Kristoni Salvatornikiga josuslikka yuborganidan hozir uning o‘zi ham pushaymon qila boshlagandi.

Kristo Baltazardan o‘n yosh katta edi. Keksayganiga qaramay, u epchil va baquvvatligicha qoldi. Kristo yovvoyi mushukdek ayyor, ishonib bo‘lmaydigan kishi edi. Dastlab dehqonchilik qilishga urinib ko‘rdi, lekin bu hunar ta’biga o‘tirmadi. Keyin portda qahvaxona ochdi, ammo ichkilikka berilib ketib, ko‘p o‘tmay bor bisotidan mahrum bo‘ldi. Keyingi yillarda Kristo o‘zining odatdan tashqari ayyorligiga tayanib, kishi bilmas qora ishlar bilan shug‘ullanib yurdi. Bunaqangi odam josuslikka juda loyiq edi-yu, lekin unga ishonish mumkin emasdi. Xonasi kelib qolganda u tug‘ishgan ukasini ham sotib yuborishi mumkin edi.

Baltazar buni bilganidan Zuritaga nisbatan ko‘proq tashvishlanayotgan edi.

– Uchirgan sharingni Kristo ko‘rganligiga ishonasanmi?

Baltazar yelkasini sal qisib qo‘ydi. Shu topda uning bu mash-mashadan tezroq qutulgisi, uyga borib, bir qultum vino bilan tomoqni ho‘llab, keyin miriqib uxlagisi kelib turardi.

Botayotgan quyoshning so‘nggi nurlari tepalik ortidan ko‘tarilgan chang uyumini qizg‘ish-pushti rangga bo‘yadi. Shu payt qattiq hushtak tovushi eshitildi.

Baltazar seskanib ketdi.

– Bu o‘sha!

– Nihoyat!

Kristo shaxdam-shaxdam yurib, ularga yaqinlashdi. U endi holdan toygan keksa hinduga sira o‘xshamasdi. Kristo yana bir marta oliftanamo hushtak chalib, kelib Baltazar va Zurita bilan so‘rashdi.

– Xo‘sh, «dengiz iblisi» bilan tanishdingmi? – deb so‘radi undan Zurita.

– Hali tanishganimcha yo‘q, lekin u o‘sha yerda. Salvator «iblis»ni to‘rt devor ichida saqlaydi. Asosiy ish hal bo‘ldi: men Salvatorning dargohiga xizmatga kirdim, u menga ishonadi. Kasal nabira rosa qo‘l keldi-da, – Kristo ko‘zlarini makkorona qisib kuldi. – Lekin sog‘ayganidan keyin ishni rasvo qilishiga sal qoldi. Men xuddi mehribon boboday uni bag‘rimga bosaman, o‘paman-u, u tentak bo‘lsa nuqul tumtayadi, yig‘lavoray-yig‘lavoray deydi. – Kristo yana kuldi.

– Nabirani qayerdan topding? – so‘radi Zurita.

– Pul bo‘lsa – changalda sho‘rva, – deb javob berdi Kristo. – Qizchaning onasi juda xursand. U menga besh pezo berdi, men esa qizini sog‘aytirib berdim.

Kristo Salvatordan olgan oltinlari haqida og‘iz ochmadi. U pullarni qizning onasiga berishni xayoliga ham keltirmasdi.

– Salvatorning dargohi g‘aroyibotlarga to‘la. Xuddi hayvonot bog‘i. – Shunday deb, Kristo ko‘rgan-kechirganlarini birma-bir hikoya qila boshladi.

– Darhaqiqat juda qiziq, – dedi Zurita sigara tortib, – ammo sen eng asosiy narsani – «iblis»ni ko‘rmabsan. Bundan keyin nima qilmoqchisan, Kristo?

– Bundan keyinmi? Andga sayohat qilmoqchiman. – Kristo Salvatorning hayvon oviga otlanayotganini aytib berdi.

– Juda soz! – deb xitob qildi Zurita. – Salvator boradigan joy boshqa ovullardan olisda. Yo‘qligidan foydalanib, uning mulkiga bostirib kiramiz-da, «dengiz iblisi»ni qo‘lga tushiramiz.

Kristo norozilik bildirib, bosh chayqadi.

– Yaguarlar g‘ajib tashlaydi, innaykeyin «iblis»ni topolmaysizlar ham.

– Bo‘lmasa, – dedi Zurita o‘ylab turib, – Salvator ovga chiqishi bilan pistirma qo‘yamiz; uni asir tushirib, «dengiz iblisi» evaziga ozod etilishini aytamiz.

Kristo chaqqon harakat bilan Zuritaning yon cho‘ntagidan chiqib turgan sigarani tortib oldi.

– Tashakkur. Pistirma durustroq. Ammo Salvator aldaydi-da, va’da qiladi-yu, bermaydi-qo‘yadi. Bu ispanlar… – Kristoni yo‘tal tutdi.

– Nima qil deysan bo‘lmasa? – dedi Zurita asabiylashib.

– Sabr qilish kerak, Zurita. Salvator menga ishonadi, lekin hali faqat to‘rtinchi devorgacha bora olaman. Doktor menga o‘ziga ishonganday ishonishi lozim. Ana shundagina u menga «iblis»ni ko‘rsatadi.

– Keyinchi?

– Keyin Salvatorga kallakesarlar hujum qiladi, – Kristo barmog‘ini Zuritaning ko‘kragiga qadadi, – men bo‘lsam, – u o‘z ko‘kragiga urdi, – sodiq araukan sifatida uni qutqaraman. Shundan keyin Kristo uchun Salvator dargohining hech qanday siri-asrori qolmaydi. «Hamyonim ham oltinga to‘ladi», – deb dilidan o‘tkazib qo‘ydi u.

– Nima ham derdim, rejang chakki emas.

Ular Kristo Salvatorni qaysi yo‘ldan olib o‘tishini kelishib oldilar.

– Yo‘lga chiqishimizdan bir kun oldin devor orqasiga qizil tosh tashlayman. Tayyor bo‘lib turinglar.

Hujum planini puxta o‘ylaganliklariga qaramay, kutilmagan bir holat hamma ishni chippakka chiqarishiga sal qoldi.

Aholi yashaydigan joydan ancha uzoqda, kimsasiz sahroda Zurita, Baltazar hamda portdan saralab olingan o‘n kallakesar gaucho (Gaucho – yarim vahshiy qabila. Ular juda ham usta chavandoz bo‘ladilar (Avtor izohi)). kostyumi kiygan va yaxshi qurollangan holda, ot ustida o‘z o‘ljalarini kutib turishardi.

Zimziyo tun. Suvorilar otlarning dupurini eshitish umidida quloqlarini ding qilib olishgan.

Ammo Kristo Salvatorning bundan bir necha yil ilgarigiday emas, balki boshqacha tarzda ovga chiqishini bilmas edi.

Kutilmaganda banditlar tez yaqinlashib kelayotgan motor shovqinini eshitib qolishdi. Tepalik ortidan faralarning ko‘zni qamashtiruvchi yorug‘i ko‘rindi. Suvorilar es-hushini yig‘ishtirib olmaslaridan ulkan qora avtomobil ularning yonidan shiddat bilan o‘tib ketdi.

Zurita qattiq so‘kinganidan Baltazar kulib yubordi.

– Qayg‘irmang, Pedro, – dedi hindu. – Kunduzi issiq, ular kechasi yurishadi. Salvatorning mashinasiga ikkita quyosh o‘rnatilgan. Kunduz kuni dam olishadi. Biz dovonda ularga yetib olishimiz mumkin. – Shunday deb, Baltazar mashina izidan ot qo‘ydi. Unga boshqalar ham ergashdi.

Suvorilar ikki soatcha yurishgach, to‘satdan olisda lovullayotgan gulxanni ko‘rib qolishdi.

– O‘shalar. Bir balo bo‘lganga o‘xshaydi. To‘xtanglar, men borib bilib kelaman. Meni shu yerda kutinglar.

Baltazar shunday dedi-da, otdan sakrab tushib, suv ilonday o‘rmalay ketdi.

Bir soatdan keyin u qaytib keldi.

– Mashina buzilib qolipti. Tuzatishyapti. Kristo qorovullik qilib turipti. Tez harakat qilish kerak.

Qolgan hodisa ko‘z ochib-yumguncha sodir bo‘ldi. Kallakesarlar birdan tashlanib, es-hushini yo‘qotib qo‘ygan Salvator, Kristo va uch negrning oyoq-qo‘lini bog‘lashdi.

Yollangan kallakesarlardan biri, shayka boshlig‘i, – Zurita panada yashirinib turishni afzal ko‘rgandi, – Salvatordan erkinlik evaziga juda katta pul talab qildi.

– Xo‘p, to‘layman, meni qo‘yib yuboringlar, – dedi Salvator.

– Bu faqat o‘zing uchun. Sheriklaring uchun ham shunchadan to‘lashing kerak, – deb turib oldi kallakesar.

– Birdaniga shuncha pulni bera olmayman, – deb javob berdi Salvator o‘ylab turib.

– Bo‘lmasa o‘ldirish kerak! – deb baqirishdi kallakesarlar.

– Agar shartimizga ko‘nmasang, tong otishi bilan o‘ldiramiz, – dedi kallakesar.

Salvator yelkasini qisdi:

– Muncha pulim yo‘q.

Salvatorning bu qadar osoyishtaligi hatto kallakesarni ham hang-mang qilib qo‘ygan edi.

Kallakesarlar qo‘l-oyog‘i bog‘langan mahbuslarni mashina ortida qoldirib, hammayoqni titkilay ketishdi. Kolleksiya uchun atalgan spirt zapasini topib olib, rosa ichishdi va hammalari mast bo‘lib dumalab qolishdi.

Tongotarga yaqin kimdir ohista emaklab, Salvatorga yaqinlashdi.

– Bu menman, – dedi shivirlab Kristo. – Oyoq-qo‘limni bo‘shatib oldim. Miltiqli kallakesarni pusib borib o‘ldirdim. Qolganlari mast bo‘lib, cho‘zilib yotishipti. Shofer mashinani tuzatib qo‘ydi. Shoshilish kerak.

Hammalari shosha-pisha avtomobilga o‘tirishdi, shofer-negr motorni yurgizib, qattiq gaz berdi.

Orqadan baqiriqlar va tartibsiz otilgan o‘q ovozlari eshitildi. – Salvator Krystoning qo‘lini mahkam qisdi.

Salvator jo‘nab ketgandan keyingina Zurita o‘z xizmatkorlaridan Salvatorning pulni to‘lashga rozi bo‘lganliginy eshitdi. «Qanaqa narsaligi noma’lum bo‘lgan «dengiz iblisi»ni o‘g‘irlashga uringandan ko‘ra tayyor pulni olgan yaxshi emasmidi», deb o‘yladi Zurita. Ammo vaqt o‘tgan, Kristodan biror xabar kutishdan boshqa iloj qolmagandi.

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa