Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. IXTIANDR

41

 

AMFIBIYA ODAM. IXTIANDR

 

Kristo Salvatorning unga yaqinlashib: «Kristo, sen mening hayotimni qutqarib qolding. Endy sendan yashiradigan hech qanday sirim yo‘q. Yur, senga «dengiz iblisi»ni ko‘rsataman», deyishini kutgan edi.

Ammo Salvator bunday qilishga oshiqmasdi. U Kristoni xaloskorligi uchun yaxshigina taqdirladi-da, yana o‘zining ilmiy ishlariga sho‘ng‘ib ketdi.

Kristo vaqtni behuda o‘tkazmay to‘rtinchi devor va maxfiy eshikni o‘rgana boshladi. Ancha vaqtlargacha bu tilsimotni bilib bo‘lmaydi, lekin pirovardida Kristo sirni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Bir kuni eshikni paypaslab, uning qabariq joyini bosib yubordi. To‘satdan eshik ortga siljib, ochildi. U nihoyatda qalin va og‘ir edi. Kristo shoshib ichkariga kirishi bilan eshik yana yopilib qoldi. Bu hol uni esankiratib qo‘ydi. U eshikni sinchiklab ko‘zdan kechirdi, qubbalarni bosib ko‘rdi, ammo u ochilmadi.

– O‘zimni-o‘zim qo‘lga tushirdim, – deb g‘uldiradi Kristo.

Kristoga Salvatorning bu so‘nggi va noma’lum bog‘ini sayr qilishdan boshqa iloj qolmagandi.

Kristo serko‘kat ajoyib bir boqqa tushib qolgan edi. Bog‘ tevarak-atrofi sun’iy qoyalardan iborat baland devor bilan o‘ralgan kichkina havzani eslatardi. To‘lqinning shovullashigina emas, balki sayoz joylardagi shag‘alning shaqur-shuquri ham aniq eshitilib turardi.

Bu yerda odatdagi nam tuproqda o‘sadigan daraxt va butalar bor edi. Tangadek oftob tushirmaydigan sersoya daraxtlar tagidan son-sanoqsiz ariqchalar shildirab oqib yotibdi. O‘nlab fontanlardan otilayotgan suv atrofga salqinlik baxsh etgan. Havo Missisipi sohillaridagi kabi nam. Bog‘ning o‘rtasida tekis tomli kichkina tosh uy qad kerib turibdi. Uning devorlari pechakgul bilan qoplangan. Derazalardagi zangori chiy pardalar tushirib qo‘yilgan. Go‘yo uyda tirik jon yo‘qqa o‘xshaydi.

Kristo bog‘ning etagiga yetib bordi. Qo‘rg‘onni ko‘rfazdan ajratib turgan devor yonida kengligi besh yuz kvadrat metr va chuqurligi besh metr keladigan hamda atrofi qalin daraxt bilan o‘ralgan kattakon basseyn bor edi.

Kristo yaqinlashishi bilan o‘takasi yorilgan allaqanday bir maxluq butalar orasidan otilib chiqib o‘zini hovuzga otdi. Kristo hayajon ichida taqqa to‘xtadi. Bu – o‘sha! «Dengiz iblisi»! Nihoyat uni ko‘radigan bo‘ldi.

Hindu hovuzga yaqin kelib, ko‘zguday tiniq suvga tikildi.

Basseyn tubida, oppoq tosh plita ustida kattakon maymun o‘tirardi. U suv ostidan qo‘rquv va qiziqish bilan Kristoga tikilardi. Kristo hangu mang bo‘lib qoldi: maymun suv tagida nafas olayotgan edi. Uning ikki yoni to‘xtovsiz goh ko‘tarilib, goh tushar edi.

Kristo bir oz es-hushini yig‘ib olgach, beixtiyor kulib yubordi: baliqchilarni dahshatga solgan «dengiz iblisi» ham suvda, ham quruqlikda yashovchi maymun bo‘lib chiqdi. «Dunyoda qanaqangi narsalar bo‘lmaydi-a», – deb dilidan o‘tkazdi keksa hindu.

Kristo mamnun edi: nihoyat hamma narsani o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo, ayni vaqtda uning hafsalasi ham pyr bo‘lgan edi. Maymun odamlar tasvirlagan maxluqqa sira ham o‘xshamasdi. Qo‘rqinch va xayol kishini nima ko‘ylarga solmaydi deysiz?

Qaytish to‘g‘risida o‘ylash kerak edi. Kristo orqaga, eshikka qarab yurdi va devor yaqinidagi baland bir daraxtga chiqdi-da, oyog‘ining sinib qolishidan ham qo‘rqmay, o‘zini pastga tashladi.

O‘rnidan turishga ulgurmasidan Salvatorning ovozi eshitildi:

– Kristo! Qayerdasan?

Kristo shoshib yo‘lakda yotgan xaskashni oldi-da, to‘kilgan barglarni to‘dalashga tutindi.

– Shu yerdaman.

– Yur, Kristo, – dedi Salvator maxfiy temir eshikka yaqinlashib. – Ko‘rib ol, bu eshik mana bunday ochiladi, – Salvator barmog‘i bilan eshik sirtidagi Kristoga tanish bo‘lgan qabariqni bosdi.

«Doktor kechikdi – «dengiz iblisi»ni allaqachon ko‘rib bo‘ldim», deb dilidan o‘tkazdi Kristo.

Ikkovlon boqqa kirishdi. Pechakgul bilan qoplangan uyni chetlab o‘tib, Salvator basseynga qarab yurdi. Maymun qornini do‘ppaytirib hanuz suv ostida o‘tirardi.

Kristo uni birinchi bor ko‘rayotganday hayajon ichida qichqirib yubordi. Ammo hayal o‘tmay chinakamiga hayajonlanishga to‘g‘ri keldi.

Salvator maymunga zarracha ham e’tibor bermadi. Faqat u xalaqit berayotganday qo‘lini bir silkib qo‘ydi. Maymun shu zahoti basseyndan suzib chiqdi-da, bir silkinib olib, daraxtga tirmasha ketdi. Salvator egilib, qo‘li bilan o‘tlarni paypaslay boshladi va ko‘k yapaloq bir taxtachani qattiq bosdi. Bo‘g‘iq shovqin eshitildi. Basseynning tubida, narigi chetida lyuk ochildi. Bir necha minut ichida basseyn suvdan xoli bo‘ldi. Lyuk qarsillab yopildi. Yon tomondan basseynning tubiga olib tushuvchi temir narvon surildi.

– Yur, Kristo.

Ular basseynga tushishdi. Salvator bir plitaga oyoq qo‘ygan edi, basseynning o‘rtasida kengligi bir kvadrat metr keladigan yangi lyuk ochildi. Uning temir zinalari yer ostiga kirib ketgan edi.

Kristo Salvatorga ergashdi. Ular temir zinalardan uzoq yurishdi. Yuqoridan lyuk orqali xira nur tushib turardi. Ammo ko‘p o‘tmay u ham yo‘qoldi. Ular zulmat ichida borishardi. Bu yerosti yo‘lagida oyoq tovushlari allaqanday vahimali eshitilardi.

– Qoqilmay yur, Kristo, hozir etamiz.

amfibiya-odam-ixtiandr-uz_2

Salvator to‘xtab, devorni paypasladi. Viklyuchatel sharqillashi bilan hammayoq yop-yorug‘ bo‘lib ketdi. Ular shiftdan sumalaksimon ohak osilib turgan g‘orda, o‘rtasiga halqa tishlab turgan ikki arslon boshi o‘yilgan temir darvoza qarshisida turishardi. Salvator halqalardan birini tortdi. Vazmin eshik asta ochildi. Yo‘lovchilar zimziyo zalga kirishdi. Yana viklyuchatel sharqilladi. Kattakon g‘or tepasida xira shar yondi. G‘orning bir tomoni shishadan ishlangan edi. Salvator chiroqni o‘chirishi bilan g‘or yana qorong‘ilikka ko‘mildi, ammo endi shisha devor ortini kuchli projektor nurlari yoritib turardi. Bu er ulkan akvarium, to‘g‘rirog‘i, dengiz tubidagi shisha uy edi. Erdan ko‘tarilgan suvosti o‘simliklari va marjon qoyalari orasida baliqlar suzib yurardi. Birdan Kristoning ko‘zi chakalaklar orasidan chiqqan katta qabariq ko‘zli, oyoq-qo‘llari baqanikiga o‘xshash odamsimon maxluqqa tushdi. Uning gavdasi kumush tangalarday tovlanardi. Maxluq chaqqon harakat bilan shisha devor yoniga suzib keldi-da, Salvatorga bosh silkib, shisha kameraga kirdi va ortidan eshikni yopdi. Kamera bir zumda suvdan bo‘shadi. Notanish mavjudot ikkinchi eshikni ochib, g‘orga kirdi.

– Ko‘zoynak va qo‘lqoplaringni ech, – dedi Salvator.

U doktorning amrini itoatkorlik bilan bajo keltirdi. Kristoning qarshisida yoshgina ko‘rkam bir yigit kulib turardi.

amfibiya-odam-ixtiandr-uz_3

– Tanishinglar: Ixtiandr, baliq odam, yoki to‘g‘rirog‘i, amfibiya, «dengiz iblisi» ham mana shu, – deb murojaat qildi Salvator Kristoga.

Yigit iltifot bilan jilmayib, hinduga qo‘l uzatdi va ispan tilida:

– Salom! – dedi.

Kristo indamay uning qo‘lini qisdi. Angrayib qolganidan lom-mim deyolmasdi.

– Ixtiandrning xizmatkori bo‘lgan negr kasal bo‘lib qoldi, – deb davom etdi Salvator. – Seni bir necha kunga Ixtiandrning yonida qoldiraman. Agar yangi vazifani yaxshi uddalasang, seni Ixtiandrning doimiy xizmatkori qilib qo‘yaman.

Kristo indamay bosh irg‘adi.

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa