Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. IXTIANDRNING BIR KUNI

38

 

IXTIANDRNING BIR KUNI

 

Tun yarimdan oqqan payt.

Havo iliq va nam. Hammayoqni gullarning xushbo‘y hidi tutib ketgan. «Shitir» etgan tovush eshitilmaydi. Jimjitlik. Ixtiandr bog‘ning qum sepilgan yo‘lkasidan bormoqda. Kamariga bog‘langan xanjar, ko‘zoynak, qo‘l va oyoq qo‘lqoplari bir maromda tebranadi. Chig‘anoq aralash qum oyoq ostida ohista g‘ijirlaydi. Yo‘lka arang ko‘zga chalinadi. Daraxt va butalarning beo‘xshov soyalari uni butkul qoplab olgan. Hovuzlardan tuman ko‘tarilmoqda. Ixtiandr ahyon-ahyon daraxt shoxlarini qo‘li bilan urib qo‘yadi. Uning issiq yuziga va sochlariga shabnam to‘kiladi.

Yo‘lka keskin o‘ngga burilib, pastga qarab ketadi. Havo borgan sari toza va sernam bo‘la boradi. Ixtiandr tosh plitalarga qadam qo‘ygach, to‘xtadi. Shishalari katta-katta ko‘zoynagini, qo‘l va oyoq qo‘lqoplarini shoshmasdan kiydi. Sof havodan to‘yib bir nafas olgach, o‘zini hovuzga qarab otdi. Muzdek suv uning badaniga rohat bag‘ishladi. Jabra naychalari asta-sekin bir me’yorda harakatga kirdi, – odam endi baliqqa aylangandi.

Ixtiandr qo‘lini bir necha silkishdayoq hovuz tubiga yetib bordi.

Yigit zim-ziyo qorong‘ulikda ishonch bilan suzardi. Qo‘li bilan paypaslab tosh devordagi temir halqalarni topdi. Mana ikkinchi, uchinchi halqa… Shu alpozda u tepasigacha suv bilan to‘la tunnelga yetib bordi. U ro‘paradan kelayotgan sovuq oqimning qarshiligini yengib, suv ostidan suzib borardi. Keyin bir talpinib, yuqoriga qarab suzdida, bir zumda issiq vannaga tushib qolganday bo‘ldi. Bog‘dagi hovuzlarda isigan suv tunnel ustidan dengizga qarab oqardi. Endi Ixtiandr oqim bilan birga suzishi mumkin. U chalqancha yotdi-da, qo‘llarini ko‘kragi ustiga chalkashtirib qo‘yib boshi bilan olg‘a suza ketdi.

Tunnelning tugashiga oz qoldi. Okeanga chiqadigan erda qoyalar ostidan qaynoq buloq otilib turardi. Uning kuchli oqimida mayda tosh va chig‘anoqlar betinim shaldiragani-shaldiragan.

Ixtiandr ag‘darilib olib, oldinga qaradi. Qorong‘i. Qo‘llarini cho‘zdi. Suv asta-sekin soviy bordi. Uning kaftlari yumshoq va sirpanchiq dengiz o‘simliklari hamda g‘adir-budir chig‘anoqlar bilan qoplangan temir panjaraga urildi. Yigit panjaraga yopishib, uning surgichini qidirib topdi. Tunnel og‘ziga qo‘yilgan doirasimon og‘ir panjara eshik qiya ochildi. Ixtiandr hosil bo‘lgan tirqishdan lip etib o‘tib oldi. Panjara-eshik yana qarsillab yopildi.

Amfibiya odam oyoq-qo‘llari bilan suza-suza ochiq dengizga qarab yo‘l oldi. Suv osti hali qorong‘i. Faqat u er – bu erda qizg‘ish meduza va zangori uchqunlar miltillaydi. Ammo tong otay deb qoldi, hademay jonivorlar birin-ketin o‘z chiroqlarini o‘chiradilar.

Ixtiandr jabrasiga son-sanoqsiz igna sanchilganday bo‘ldi. Nafas olish og‘irlashdi. Demak, u qoyali burundan o‘tib ketdi. Qoya ortidagi suv hamisha turli hil moddalar, qum va tashlandiqlar bilan bulg‘anadi. Suv chuchuklashdi – demak, shu yaqin atrofda okeanga daryo kelib quyiladi.

«Qiziq, daryo baliqlari loyqa, chuchuk suvda qanday yasharkan-a, – deb o‘yladi Ixtiandr. – Ehtimol, ularning jabralariga qum va balchiqlar uncha ta’sir qilmasa kerak».

Ixtiandr bir oz yuqoriga ko‘tarildi, keyin o‘ngga, janubga tomon keskin burildi-da, pastga qarab sho‘ng‘idi. Bu yerda suv toza. Yigit sovuq suvosti oqimiga tushib qoldi. Bu oqim qirg‘oq bo‘ylab janubdan shimolga tomon oqadi. Parana daryosi quyiladigan joyda esa sharqqa qarab buriladi. U juda chuqurlikda oqadi, ammo oqimning yuzasi dengiz sathidan o‘n besh-yigirma metr quyida, xolos. Ixtiandr yana oqimga tushib olsa bo‘ladi – u yigitni to‘ppa-to‘g‘ri ochiq dengizga olib chiqadi.

Picha mizg‘ib olish ham mumkin. Xatar yo‘q: hali qorong‘i, dengiz yirtqichlari uyquda. Kun chiqish oldidan andek uxlab olish juda nash’ali bo‘ladi. Teri suvning va suvosti oqimlarining harorati qanday o‘zgarishini aniq sezib turadi.

Mana quloqqa birin-ketin bo‘g‘iq shovqinlar chalinmoqda. Bu langar zanjirlarining ovozi: ko‘rfazda, Ixtiandrdan bir necha kilometr narida baliq ovlovchi kemalar langarlarini ko‘tarishyapti. Tong yaqin. Olis-olisdan bir me’yorda g‘uvullagan tovush eshitilib qoldi. Bu Buenos-Ayres bilan Liverpul o‘rtasida qatnovchi ulkan ingliz paroxodi «Gorroks» motorining shovqini. «Gorroks» hali qirq kilometr chamasi narida. Ammo nafasi sezilib turibdi! Dengiz suvidan tovush sekundiga bir yarim ming metr tezlikda o‘tadi. «Gorroks»ni kechasi ko‘rsangiz! Xuddi nurga ko‘milgan suzib yuruvchi shaharning o‘zi deysiz. Lekin uni tunda ko‘rish uchun kechqurundanoq okean tomon uzoq suzish kerak. Buenos-Ayresga esa «Gorroks» kun chiqqanda, chiroqlarini o‘chirgan holda kirib keladi. Yo‘q, ortiq uxlash mumkin emas. «Gorroks»ning motor, rul va parraklari, korpuslarining chayqalishi, illyuminator hamda projektor nurlari jamiki okean jonivorlarini uyg‘otib yuboradi. Aftidan, delfinlar «Gorroks»ning yaqinlashayotganini birinchi bo‘lib eshitdilar, shekilli, bir necha minut muqaddam yengil to‘lqin qo‘zg‘adilar. Ixtiandr hushyor tortdi. Delfinlar paroxodga peshvoz chiqish uchun suzib ketishdi, shekilli.

Har tomondan kema motorlarining shovqini eshitila boshladi, port va ko‘rfaz uyg‘ondi. Ixtiandr ko‘zini ochdi va so‘nggi uyqu qoldiqlarini qoqib tashlaganday, boshini silkitdi, so‘ngra qo‘l va oyoqlarini silkib tepaga qarab suzdi.

U ehtiyotkorlik bilan suvdan boshini chiqardi. Atrofga alangladi. Yaqin o‘rtada na qayiq, na kema ko‘rinardi. Oyog‘ini erga tirab, beligacha suvdan chiqdi.

Boshi ustida qora buzov va oqqushlar parvoz qilardi. Goho-goho ular to‘shlari yoki qanotlarining uchini shishadek suvga urib o‘tishadi, suv betida hosil bo‘lgan doira kattalashib, oxiri yo‘q bo‘lib ketadi. Oqqushlarning qichqirig‘i xuddi yosh bolaning yig‘isiga o‘xshaydi. Mana, Ixtiandrning tepasidan ulkan qanotlarini silkitib bahaybat albatros uchib o‘tdi. Uning serpat qanoti qop-qora, qizil tumshug‘ining uchi sarg‘ish, oyoqlari to‘qsariq. U ko‘rfazga tomon uchib ketdi. Ixtiandr havas bilan orqasidan tikilib qoldi. Uning qora qanotlari yozilganda to‘rt metrcha keladi. Qani, kishida ham shunaqangi qanot bo‘lsa!

Tun g‘arbga, tog‘lar orqasiga chekinmoqda. Sharq ufqi qizarib qoldi. Sezilar-sezilmas ohista jimirlab turgan okean sathida tilla jilolar paydo bo‘ldi. Oqqushlar yuqoriga ko‘tarilganda pushtirangga bo‘yala boshladilar.

Suv yuzida olachipor, zangori va ko‘k yo‘lkalar ko‘rinib qoldi: bu shamolning ilk xuruji. Ko‘k yo‘lkalar tobora ko‘paymoqda. Shamol kuchayyapti. Qumloq sohilda to‘lqinning dastlabki oq-sarg‘ish tillari ko‘rina boshladi. Qirg‘oqqa tutash suv yashil tus oldi.

Bir gala baliq ovlovchi kemalar yaqinlashmoqda. Yigitga otasi odamlarning ko‘ziga ko‘rinmaslikni tayinlagan. Ixtiandr bir sho‘ng‘ib, sovuq oqimga tushib oldi. Oqim uni sohildan nariga, sharqqa, ochiq okean sari olib ketdi. Suv ostida ko‘kish binafsha rang qorong‘ulik hukmron. Baliqlar qora dog‘li va yo‘l-yo‘l och ko‘k tusda ko‘rinadilar. Qizil, sariq, jigarrang va boshqa xil baliqlar, xuddi bir gala rango-rang kapalaklarday, beto‘xtov iskashib o‘tishardi.

Yuqoridan g‘uvullagan tovush eshitildi, suv osti qorong‘ilashdi. Suvga tegay-tegay deb harbiy gidroplan uchib o‘tdi.

Bir marta ana shunday gidroplanlardan biri suvga qo‘ngan edi. Ixtiandr sekin borib uning temir tirgagiga osilib olib, o‘lishiga sal qoldi: gidroplan qo‘qqisdan havoga ko‘tarildi, Ixtiandr esa shoshib o‘n metr balanddan o‘zini suvga tashladi.

Yigit boshini suvdan chiqardi. Quyosh nuri tikkaga kelgan. Tushga yaqinlashib qolipti. Suv yuzi endi sayoz joylardagi toshlar, katta-katta baliqlar hamda Ixtiandrning o‘zi aks etgan ko‘zguga o‘xshamaydi. Ko‘zgu endi bujmaygan, tinimsiz qiyshayadi, chayqaladi.

Ixtiandr suzishda davom etdi. To‘lqinlar tebranardi. Mana u suv yuziga chiqdi. To‘lqin qirrasi uni yuqoriga ko‘tardi, pastga olib tushdi, yana tepaga olib chiqdi. O‘ho‘, tevarak-atrofda nimalar bo‘lyapti! Qirg‘oqda to‘lqin shovqin soladi, o‘shqiradi va toshlarni bir-biriga uradi. Sohilga yaqin suvlar sariq-ko‘kish tusga kirgan. Janubi-g‘arb tomondan kuchli shamol esmoqda. To‘lqin avjga minyapti. Uning o‘tkir qirrasida oppoq suv mavji ko‘zga chalinib qoladi. Tomchilar nuqul Ixtiandrning ustiga yog‘ilar, bundan u rohatlanardi.

«Qiziq, – deb o‘yladi Ixtiandr, – to‘lqin qarshisiga qarab suzsang, u to‘q ko‘k bo‘lib ko‘rinadi, orqaga qarasang esa oq tusga kirib qoladi».

To‘lqin uchlaridan bir gala uchar baliqlar ko‘tarildi. Ular goh balandlab, goh pastlab, yuz metrcha joyga uchib borishdi-da, suvga tushishdi, bir-ikki minut o‘tar-o‘tmas yana ko‘tarilishdi. Yig‘loqi oqqushlar tinim bilmaydi. Eng tezuchar qush bo‘lgan fregatlar o‘zlarining bahaybat qanotlarini yozib, ko‘kda izg‘ib yurishibdi. Kattakon tumshug‘i egilgan, o‘tkir tirnoqli, to‘q jigarrang qanoti ko‘kimtir metalsimon tovlanuvchi, jig‘ildoni to‘qsariq bo‘lgan huv anovi qush – erkak fregat. Nariroqda uchib yurgan rangsizroq, ko‘kragi oqi esa urg‘ochisi. Mana u shiddat bilan suvga sho‘ng‘idi, ko‘z ochib-yumguncha, qarabsizki, egri tumshug‘ida kumushday baliq tipirchilab turibdi. Albatroslar uchib yurishibdi. Bo‘ron g‘uvillamoqda.

Ajoyib jasur qush – palamedeya odatdagicha qop-qora bulutga peshvoz chiqish uchun otlangan bo‘lsa kerak. U hammavaqt momaqaldiroqni qo‘shiq bilan kutib oladi. Holbuki, bunday paytda jamiki baliq ovlovchi kemalar va yelkanli qayiqlar bo‘rondan saqlanish uchun sohilga shoshiladilar.

Atrofga qorong‘ulik cho‘ka boshladi, ammo hali suv ostidan kattakon yorug‘ dog‘ga o‘xshab ko‘rinuvchi quyoshning qayerdaligini bilish mumkin. Yo‘lni topib olish uchun shuning o‘zi kifoya. Bulut quyosh yuzini to‘sib qo‘ymay sayoz joyga etib olish kerak, aks holda nonushtadan mahrum bo‘lish mumkin. Qorni o‘lguday och. Qorong‘ida sayoz joyni ham, suv osti qoyasini ham topib bo‘lmaydi. Ixtiandr jonholatda oyoq-qo‘lini ishga solib, qurbaqa yanglig‘ suza ketdi.

Ahyon-ahyon u chalqanchasiga yotib olar, ko‘kimtir qorong‘ulik qa’rida arang ko‘rinayotgan kun nuriga qarab, o‘z yo‘nalishini aniqlab olardi. Goho sayoz joy qidirib, diqqat bilan oldinga tikilardi. Uning jabra va terisi suvning o‘zgarayotganini sezardi: sayoz joydagi suv sho‘rroq, unda kislorod ham ko‘p, – ancha yengil, yaxshi. U tili bilan suvning ta’mini tatib ko‘rdi. Keksa, tajribali dengizchilar ham shu yo‘l bilan erni ko‘rmasdan turib uning yaqin qolganligini hammavaqt aytib beradilar.

Asta-sekin havo yorisha boshladi. O‘ng va so‘l tomonda ko‘pdan tanish bo‘lgan suvosti qoyalari qad kerib turibdi. Ularning oralig‘ida kichik yassy tog‘liq, uning ortida esa tosh devor bor. Bu joyni Ixtiandr suvosti ko‘rfazi deb atardi. Dahshatli bo‘ron paytlarida ham bu er osoyishta bo‘ladi.

Suvosti ko‘rfazidagi baliqlarni aytmaysizmi! Bijg‘ib yotibdi. Sariq dumli, tanasining o‘rtasiga ko‘ndalangiga sariq hoshiya tushgan qoramtir mayda baliqlar, qizil, havorang, ko‘k va yana allaqanday tuslilari bor. Ular qo‘qqisdan ko‘zdan yo‘qolishadi, kutilmaganda yana o‘sha erning o‘zida paydo bo‘lib qolishadi. Yuqoriga suzib chiqib, atrofga qarasang – hammayoqda baliq, pastda esa hech narsa ko‘rinmaydi. Ixtiandr ancha mahalgacha buning sirini bilolmay yurdi. Bir kuni u qo‘li bilan bir baliqni tutib oldi. Uning kattaligi kaftday bo‘lib, tanasi yap-yapaloq edi. Shuning uchun ham yuqoridan ko‘z uncha ilg‘amas ekan.

Mana nonushta ham tayyor. Tik qoya yonidagi tekis maydonchada ustritsalar (Ustritsa – eyiladigan dengiz jonivori) behisob. Ixtiandr maydonchaga suzib borib, chig‘anoqlar yoniga uzala tushdi-da, ovqatlanishga kirishdi. Ustritsalarni chig‘anoqdan ajratib, og‘ziga soldi. U suv ostida ovqatlanishga o‘rganib qolgan edi: taomni og‘ziga solgach, lablari orasidan suvni chiqarib tashlaydi. Suvning bir qismini, albatta, ovqat bilan yutadi, lekin u dengiz suviga ko‘nikib qolgani uchun zarar qilmaydi.

Uning tevaragida suvosti o‘simliklari – yashil bargli agara, meksika kaulerplari, pushtirang nafis nitofillar tebranadi. Ammo hozir ular to‘q kulrang tusga bo‘yalgan, chunki suv osti xira, nimqorong‘i – momaqaldiroq va bo‘ron hali bosilgani yo‘q. Ba’zan bo‘g‘iq chaqmoq tovushi eshitilib qoladi. Ixtiandr yuqoriga qaradi.

Nega hammayoq qorong‘i bo‘lib ketdi? Ixtiandrning boshi ustida qop-qora soya paydo bo‘ldi. Nima bo‘lishi mumkin? Nonushta tugadi. Endi tepaga chiqish mumkin. Ixtiandr qoyaga tirmashib qora soya tomon ko‘tarila boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, suvga kattakon albatros qo‘ngan ekan. Uning to‘qsariq oyoqlari Ixtiandrning shundoq boshi tepasida turardi. Yigit qo‘lini ko‘tarib, albatrosning oyog‘idan mahkam ushlab oldi. O‘takasi yorilgan qush ulkan qanotlarini yozib, suvdan ko‘tarildi. Bo‘shliqqa chiqqandan keyin Ixtiandrning tanasi og‘irlashganidan albatros serpat, yumshoq ko‘ksi bilan yigitni bosib, to‘lqin ustiga gursillab yiqildi. Ixtiandr bahaybat qush qip-qizil qayrilma tumshug‘i bilan boshini o‘yib olishini kutib o‘tirmay, bir sho‘ng‘idi-da, sal vaqt o‘tgach, boshqa joydan chiqdi. Albatros sharqqa qarab uchib ketdi va bir zumda suv tog‘lari ortida ko‘zdan yo‘qoldi.

Ixtiandr chalqanchasiga yotdi. Momaqaldiroq endi tingan. Qayerdadir, olisda, sharq ufqida chaqmoq chaqnadi, jala chelaklab quyardi! Ixtiandr rohatlanganidan ko‘zlarini yumdi. Bir ozdan keyin ko‘zini ochib, yarim beligacha suvga cho‘kkan holda qaddini tikladi va atrofga alangladi. Qayoqqa qaramang – okean, osmon, bulut, shamol, jala va to‘lqin. Bularning bari bir-biriga qorishib, tinimsiz g‘uvullar, gumburlar, o‘shqirar, shovqin solardi. Ko‘piklar to‘lqin qirralarida to‘qnashib, keyin jahl bilan pastga yoyiladi. Suv tog‘lari yashin tezligida ko‘kka bo‘y cho‘zar va bahaybat ko‘chki yanglig‘ qular, po‘rtana ko‘tarilar, sel shovullar, shamol o‘kirardi.

Quruqlikda yashovchi kishini dahshatga soluvchi narsalar Ixtiandrga rohat bag‘ishlardi. Albatta, ehtiyet bo‘lgan yaxshi, aks holda suv tog‘lari ostida qolib ketish mumkin. Ammo Ixtiandr to‘lqin bilan muomala qilishda baliqdan ham qolishmaydi. Faqat ularning tilini bilish kerak: ba’zilari past-baland bo‘ladi, ayrimlari esa boshidan oshirib uloqtirib tashlaydi. Ixtiandr to‘lqin ostida nimalar kechayotganini, uning qanday yo‘qolishini, shamolning qachon tinishini bilardi; avval mayda to‘lqinlar, so‘ngra yiriklari bosiladi, lekin suvning bir me’yordagi barra mavjlari ancha mahalgacha saqlanadi. Yigit sohildagi to‘lqinda o‘mbaloq oshib o‘ynashni xush ko‘rar, ammo buning xatarli ekanligini ham yaxshi bilardi. Bir kuni to‘lqin uni charxpalak qilib yubordi. Ixtiandr boshi bilan erga urilib hushidan ketdi. Boshqa odam bo‘lganda cho‘kib ketishi aniq edi, lekin u suvda yotib, anchadan keyin o‘ziga keldi.

Yomg‘ir tindi. U momaqaldiroq bilan birga qayoqqadir, sharqqa tomon chekingan edi. Shamol o‘zgardi. Tropik shimoldan issiq el esa boshladi. Bulutlar orasidan shishadek osmon mo‘ralab qoldi. Oftob nuri otilib chiqib to‘lqin bag‘riga urildi. Hali qorong‘i, xira janubi-sharq ufqida qo‘shaloq kamalak balqidi. Okean butunlay o‘zgardi-qo‘ydi. U endi qoramtir emas, balki shishadek ko‘m-ko‘k, quyosh nurlari yog‘ilib turgan joylari esa och zangori tusga bo‘yalgan edi.

Oftob! Bir lahzaning o‘zida osmon ham, okean ham, sohil va uzoq-uzoqlardagi tog‘lar ham o‘zgacha husn kashf etdilar, Momaqaldiroq va bo‘rondan keyin havoning sernam, musaffo bo‘lib ketishini aytmaysizmi! Ixtiandr goh beg‘ubor va orombaxsh dengiz havosini simirsa, goho jabrasi bilan nafas oladi. Bo‘ron, momaqaldiroq, shamol, yomg‘ir va to‘lqinlar osmonni okean bilan, havoni suv bilan qorishtirib, uni kislorodga bearmon to‘yintirgandan so‘ng nafas olish naqadar engil bo‘lishini odamzod orasida yolg‘iz Ixtiandrgina biladi. Ana shunday paytlarda butun baliqlar, jamiki dengiz maxluqlari qayta jonlanadi.

Momaqaldiroq va bo‘rondan keyin suvosti chakalakzorlari orasidan va qoya toshlar tagidan mayda baliqlar suzib chiqadi, undan keyin dengiz tubiga yashiringan yirik baliqlar paydo bo‘ladi, to‘lqin butunlay bosilgach esa nozik-nihol meduzalar, shaffof va deyarli vaznsiz qisqichbaqalar ko‘rina boshlaydi.

Mana, quyosh nuri to‘lqinga qadaldi. Atrofdagi suv bir zumda zangori tusga kirdi, mayda pufakchalar jimirlab, ko‘piklar vishilladi… Ixtiandrdan sal narida do‘stlari – delfinlar sayr qilib yurishibdi. Ular sinchkov va shodlik to‘la ko‘zlari bilan Ixtiandrga qarab-qarab qo‘yishadi. Delfinlarning qora yaltiroq bellari to‘lqin orasida goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay ketadi. Ular o‘ynashib, pishqirishadi, bir-birlarini quvishadi. Ixtiandr yayrab-yayrab kuladi, delfinlardan birini tutib olib, ular bilan birga suzadi, sho‘ng‘iydi. Yigitning nazarida, mana shu okean ham, delfinlar ham, shu osmon va quyosh ham faqat uning uchungina yaratilganday. Ixtiandr boshini ko‘tardi-da, ko‘zlarini qisib quyoshga qaradi. U g‘arbga yonboshlagan. Hademay qorong‘i tushadi. Bugun sira uyga qaytgisi yo‘q edi. Shisha rang osmon qorayib, yulduzlar ko‘rinmaguncha suzib yuraverdi.

Ammo bekorchilik uning joniga tega boshladi. Uning yaqinginasida dengiz jonivorlari qirilib ketyapti. U bu jonivorlarni qutqarishi mumkin. Ixtiandr qaddini rostlab, olis sohilga tikildi. Qirg‘oqqa, tezroq qirg‘oqqa shoshilish kerak! O‘sha erda uning yordami tegadi. To‘lqin unda haddidan oshyapti.

Har bo‘rondan keyin bu quturgan to‘lqin dengiz jonivorlarining qancha-qanchasini: meduzalar, qisqichbaqalar, baliqlar va hatto g‘aflatda qolgan delfinlarni qirg‘oqqa chiqarib tashlaydi. Meduzalar tez halok bo‘ladi, baliqlarning ba’zilari suvga arang etib oladi, lekin ularning ham ko‘pi qirg‘oqda qolib ketadi. Qisqichbaqalarning deyarli hammasi suvga qaytib tushadi. Ba’zan ularning o‘zlari to‘lqin qurbonlarini eyish uchun qirg‘oqqa chiqib turishadi. Ixtiandr qirg‘oqqa chiqarib tashlangan hayvonlarni qutqarishni juda yaxshi ko‘rardi.

U bo‘rondan keyin soatlab qirg‘oqda kezar va hali tirik bo‘lgan jonivorlarni saqlab qolardi. U suvga tashlagan baliq dumini jilpanglatib suzib ketganini yoki suvda behush yotib-yotib oxiri unga jon kirganini ko‘rib ich-ichidan quvonardi. Ixtiandr kattagina baliqni tutamlab olib, dengiz sari yurdi, baliq jon-holatda tipirchiladi, u esa kulib, qo‘rqmaslikka, bir oz sabr qilishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. Albatta, qorni ochib turgan paytda shu baliqni okeanda tutib olsa maza qilib egan bo‘lardi. Ammo uning yo‘rig‘i boshqa. Bu erda, qirg‘oqda u dengiz jonivorlarining homiysi, do‘sti va xaloskori edi.

Har vaqt Ixtiandr qirg‘oqqa odatdagi yo‘li – suvosti oqimi bilan qaytardi. Bugun esa suv ostida uzoq yurgisi kelmadi, – okean va osmon benihoya jozibali edi. U baliq ovlab yurgan dengiz qushlari kabi goh sho‘ng‘ib, goh ko‘rinib ilgarilab borardi.

Quyosh botib ketdi. Ammo g‘arb ufqida hali qizg‘ish hoshiya ilinib turibdi. To‘q kulrang tusga kirgan ma’yus to‘lqinlar biri ortidan biri yuguradi.

Havo sovugandan keyin ham suv osti iliq bo‘ladi. Hammayoq qop-qorong‘i, lekin qo‘rqinchli emas. Bu paytda hech narsa hujum qilmaydi. Kunduzgi yirtqichlar allaqachon uyquga ketgan, tungilari esa hali ovga chiqqanlaricha yo‘q.

amfibiya-odam-ixtiandrning-bir-kuni-uz_2

Ixtiandr okean sathiga juda yaqin bo‘lgan shimoliy oqimga tushib oldi. Hali bosilmagan engil mavj bu suvosti daryosini goh pastga, goh balandga og‘ir chayqaltirardi, lekin u issiq shimoldan sovuq janubga oqishda davom etadi. Undan ancha quyida qarama-qarshi sovuq oqim janubdan shimolga tomon oqadi. Ixtiandr qirg‘oq bo‘ylab uzoq suzib qolguday bo‘lsa har doim ana shu oqimlapdan foydalanadi.

Bugun u shimol sari ancha ichkarilab ketdi. Endi issiq oqim uni tunnelga olib boradi. Bir galgiday mudrab qolib o‘tib ketmasa bo‘lgani. U qo‘lini goh yozib, goh boshi orqasiga o‘tkazadi, oyoqlarini yig‘ishtiradi, yana cho‘zadi – shu tariqa gimnastika bilan shug‘ullanadi. Oqim uni janubga tomon olib ketayotgandi. Iliqqina suv va badan tarbiyasi unga rohat bag‘ishlardi.

Ixtiandr tepaga qaradi – uning ko‘zi oldida chang zarralariday mayda yulduzlar bilan qoplangan gumbaz paydo bo‘ldi. Bu – chiroqlarini yoqib, okean sathiga ko‘tarilayotgan tungi jonivorlar. U er – bu erda, qorong‘ulik qa’rida zangori va pushtirang tumanlik jimirlardi – bu g‘uj bo‘lib olgan juda mayda maxluqlar galasi. Mayin ko‘kish nur taratib sharsimon hayvonlar suzib o‘tishdi. Ixtiandrning yaqinginasida meduza porlab turibdi. U xuddi uzun shokilali va naqshdor to‘r abajur qoplangan lampaga o‘xshardi. Shokila meduza har qimirlaganida yelda tebranganday engil chayqalardi. Sayoz joylarda dengiz yulduzlari ko‘rinib qoldi. Okean tubida yirik tungi yirtqichlarning chiroqlari yashin tezligida, u yoqdan – bu yoqqa o‘tardi. Ular bir-birini quvardi, aylanardi, goh o‘chib, goh yonardi.

Mana, yana sayoz joy. Marjonlarning ko‘rkam tana va shoxlaridan zangori, pushti, ko‘k va oq nur yog‘ilmoqda. Ba’zi marjonlar oqish, so‘nik nur taratsa, ba’zilari cho‘g‘day yarqiraydi.

Er ko‘kida kechasi faqat olis va mayda yulduzlar, ba’zan oy ko‘rinadi, xolos. Bu erda esa minglab yulduzlar, minglab oy, minglab rang-barang quyosh betinim mayin nur taratadi. Okean tuni erdagidan beqiyos darajada go‘zal bo‘ladi.

Buni chog‘ishtirib ko‘rish uchun Ixtiandr ataylab suv yuziga suzib chiqdi.

Havo iliq. Tepada yulduz bilan qoplangan to‘q ko‘k osmon gumbazi. Ufq ustida dum-dumaloq kumush oy osilib turibdi. Undan butun okeanga kumush choyshab yozilgan.

Portdan cho‘ziq gudok tovushi eshitildi. «Gorroks» qayta yo‘lga otlanmoqda. Lekin juda bemahal-ku. Hademay tong otadi. Ixtiandr qariyb bir kecha-kunduzdan beri daydib yuribdi. Otasidan eshitadiganini eshitadi endi.

Ixtiandr tunnelga oshiqdi, qo‘l suqib temir panjara surgichini ochdi va zim-ziyo tunnel ichiga suzib kirib ketdi. Qaytishda dengizdan bog‘dagi basseynlarga kelib quyiluvchi pastki sovuq oqim bilan suzishga to‘g‘ri keladi.

Yigitning elkasi nimagadir yengil urildi. U basseynga yetib kelgan edi. Shoshib tepaga ko‘tarildi. O‘pkasi bilan gullarning tanish hidiga to‘la havodan nafas ola boshladi.

Bir necha minutdan keyin u, otasi tayinlaganidek, o‘z karavotida qattiq uyquga ketdi.

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa