Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. UCHINCHI DEVOR

44

 

UCHINCHI DEVOR

 

Kristo asta-sekin o‘zini qurshab turgan g‘ayritabiiy muhitga ko‘nika boshladi. Bog‘dagi jamiki yirtqichlar, parranda va hayvonlar yaxshi o‘rgatilgan edi. Kristo ularning ba’zilari bilan hatto do‘stlashib ham oldi. Birinchi kuni o‘takasini yorgan qoplon terili itlar bir zum uning ortidan qolmay, qo‘llarini yalar, erkalanardilar. Tuyalar uning qo‘lidan ovqat olar, to‘tiqushlar esa to‘ppa-to‘g‘ri yelkasiga kelib qo‘nardi.

Bog‘ va hayvonlarga o‘n ikki negr qarab turardi. Ularning bari Djim kabi indamas yoxud soqov edi. Kristo ularning hatto bir-birlari bilan ham gaplashganini sira eshitmadi. Har kim indamay o‘z ishini qilaverardi. Bog‘da Djim ishboshi edi. U negrlarni nazorat qilib turar va ish taqsimlardi. Kristo esa unga yordamchi etib tayinlandi. Kristoning vazifasi unchalik og‘ir emas, yemishi istagancha. U turmushidan shikoyat qila olmasdi. Ammo bir narsa – negrlarning kunu tun indamay yurishlari uni tashvishlantirardi. U Salvator hammasining ham tilini kesib tashlagan, deb ishonardi. Shuning uchun ham doktor ahyon-ahyon uni huzuriga chaqirtirganida, hindu har gal: «Tilimni kesadi», – deb o‘ylardi. Biroq ko‘p o‘tmay Kristo o‘z tilidan kamroq xavotirlanadigan bo‘lib qoldi.

Bir kuni Kristo Djimni daraxt soyasida uxlab yotgan holda ko‘rdi. Negr chalqanchasiga og‘zini ochgancha yotardi. Kristo bundan foydalanib ohista uning og‘ziga mo‘raladi va keksa negrning tili o‘z o‘rnida turganini ko‘rib, ancha xotirjam bo‘ldi.

Salvator ish vaqtini qatiy taqsimlab olgan edi. Ertalab soat yettidan to‘qqizgacha bemor hindularni qabul qilar, to‘qqizdan o‘n birgacha operatsiya bilan shug‘ullanar, keyin esa o‘z xonasiga borib, laboratoriyada ishlardi. U hayvonlarni operatsiya qilgandan so‘ng ularni uzoq vaqt o‘rganardi. Kuzatish tamom bo‘lgandan keyin Salvator bu hayvonlarni boqqa jo‘natardi. Kristo uyni yig‘ishtirib yurib, ba’zan laboratoriyaga ham kirib qolardi. U yerda ko‘rgan narsalari uni butunlay lol qilib qo‘yardi. Allaqanday suyuqliq to‘ldirilgan shisha bankalarda har xil mavjudotlar hayot kechirar, kesib olingan qo‘l va oyoqlar harakat qilib turar edi. Tanadan judo etilgan bu tirik a’zolar kasallanguday bo‘lsa, Salvator ularni davolab, hayot baxsh etar edi.

Bularning hammasi Kristoning yuragiga dahshat solar, shuning uchun ham u bog‘dagi hayvonlar orasida yurishni afzalroq ko‘rardi.

Salvator tomonidan o‘ziga bildirilgan shuncha ishonchga qaramay, Kristo uchinchi devordan nariga o‘tishga jur’at etolmasdi. Lekin bu uni juda qiziqtirardi. Bir kuni tush mahali hamma dam olayotgan paytda Kristo baland devor yoniga chopib keldi. Devor ortidan bolalarning ovozlari, hinducha so‘zlar eshitilib turardi. Ammo goho-goho bu ovozlarga kimningdir ingichka, chinqiroq tovushi qo‘shilar, kimdir bolalar bilan jig‘illashayotganday va qandaydir notanish tilda gapirayotganday tuyulardi.

Bir kuni Salvator Kristoni bog‘da uchratib qolib, unga yaqinlashdi va odatdagiday ko‘zlariga tik qarab, dedi:

– Mana, ishlayotganingga ham bir oy bo‘lib qoldi, Kristo, sendan juda xursandman. Pastki bog‘dagi xizmatkorlarimdan biri kasal bo‘lib qoldi. O‘shaning o‘rnida ishlab turishing lozim. U yerda juda ko‘p yangi narsalarni ko‘rasan. Ammo tunov kungi gap yodingda bo‘lsin: tilimdan ayrilmay desang, uni ehtiyot qil.

– Soqov xizmatkorlaringiz orasida gapirishni ham unutayozdim, doktor, – deb javob berdi Kristo.

– Qaytanga yaxshi. Oz so‘yla, ko‘p o‘yla, deganlar. Qancha kam gapirsang, shuncha ko‘p oltin olasan. Ikki haftalardan keyin bemor xizmatkorimni oyoqqa turg‘azsam kerak. Darvoqe, Andni yaxshi bilasanmi?

– Tog‘da katta bo‘lganman.

– Juda soz. Hayvonotxonani yangi hayvon va qushlar bilan to‘ldirmog‘im zarur. Seni o‘zim bilan birga olib ketaman. Endi esa bor, Djim seni pastki boqqacha kuzatib qo‘yadi.

Kristo ko‘p narsalarga ko‘nikib qolgan edi. Ammo pastki bog‘da ko‘rganlari u kutganidan ham oshib tushdi.

Quyosh nuri tushib turgan katta yalanglikda yalang‘och bolalar va maymunlar o‘ynab yuribdi. Bu bolalar turli hindu qabnlalariga mansub. Ular orasida juda kichkinalari – uch yashardan tortib o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar bor. Ular Salvatorning bemorlari edilar. Ko‘plari jiddiy operatsiyadan chiqqan – minnatdorchiliklarining nihoyasi yo‘q. Sog‘ayib ketgan bolalar bog‘da sayr qilar, butunlay quvvatga kirganlaridan so‘ng esa ota-onalari uy-uylariga olib ketishardi.

Bolalardan tashqari bu yerda maymunlar ham bor. Ba’zilari dumsiz, ba’zilarining yungi yo‘q.

Eng qizig‘i shundaki, hamma maymunlar ozmi-ko‘pmi gapira olardi. Ular bolalar bilan tortishar, so‘kishar, chiyillashardi. Ammo baribir maymunlar bolalar bilan apoq-chapoq bo‘lib ketgan edi. Ularning tortishuvi bolalarning o‘zaro janjalidan ortiq emasdi. Kristo ularning haqiqiy maymunmi yoki odam ekanligini hadeganda anglay olmadi.

Kristo bog‘ bilan tanishib chiqqach, pastki bog‘ning yuqoridagi bog‘dan kichikroq ekanligini hamda ko‘rfaz sari yana ham tikroq nishoblashib, devorday tik qoyaga borib taqalishini payqadi.

Aftidan, dengiz devordan uncha uzoq emasdi. To‘lqinning shovullagani eshitilib turardi.

Bir necha kun o‘tgach, Kristo qoyani ko‘zdan kechirib, uning sun’iy ekanligini angladi. Yana to‘siq – to‘rtinchi devor! Quyuq ko‘katlar orqasiga kulrang temir darvoza yashiringandi.

Kristo nafasini yutib quloq soldi. Qoya ortidan to‘lqin shovqinidan boshqa tovush eshitilmasdi. Bu tor eshik qayoqqa olib boradi? Dengiz qirg‘og‘iga olib chiqarmikin?

Kutilmaganda yosh bolaning hayajonli qichqirig‘i eshitildi. Bolalar osmonga qarashdi. Kristo boshini ko‘tarib, bog‘ tepasidan ohista uchib o‘tayotgan qip-qizil sharni ko‘rdi. Shamol uni borgan sari dengiz tomon surardi, ko‘p o‘tmay u butunlay ko‘zdan yo‘qoldi.

Bog‘ ustidan uchib o‘tgan, odatdagi bolalar o‘ynaydigan bu shar Kristoni qattiq hayajonga solgan edi. U tashvishlana boshladi. Kasal xizmatkor tuzalib kelishi bilan Kristo Salvatorning huzuriga kirib: – Doktor! Andga qachon jo‘naymiz, – balki u yerda ko‘p turib qolarmiz. Qizim bilan nabiramni birrov ko‘rib kelishga ijozat bering, – dedi.

Salvator o‘z xizmatkorlarini hovlidan chiqarmasdi, shuning uchun ham doim yolg‘iz kishilarni ishga olishga harakat qilardi. Kristo Salvatorning ko‘zlariga tikilgancha sukut saqlab turdi.

Salvator Kristoga sovuq bir nigoh tashladi-da, uni ogohlantirdi:

– Shartimizni unutma. Tilingni tiy! Bor. Uch kundan kechikma. Ha, to‘xtab tur!

Salvator bir xonaga kirib, oltin tanga solingan xaltacha ko‘tarib chiqdi.

– Mana bu nabirangga va tilingni tiyishing uchun senga.

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa