Ultimate magazine theme for WordPress.

AMFIBIYA ODAM. ZURITANING MUVAFFAQIYATSIZLIGI

53

 

ZURITANING MUVAFFAQIYATSIZLIGI

 

«Meduza» kapitani ro‘y bergan voqeani puxta o‘ylab ko‘rish niyatida o‘z kayutasiga tushdi.

– Jinni bo‘lib qolish hech gap emas! – dedi Zurita boshiga issiq suv quyarkan. – Dengiz maxluqi sof Kastiliya shevasida gapirsa-ya! Nima gap o‘zi? Tilsimotmi bu? Aqldan ozdikmikan? Lekin butun komanda birdaniga aqldan ozib qolmagandir. Hatto ikki kishi bir xil tush ko‘rishi mumkin emas. Ammo dengiz «iblis»ini hammamiz ko‘rdik. Bu shubhasiz. Demak, u qanchalik aqlga sig‘maydigan narsa bo‘lishiga qaramay, bor ekan-da. – Zurita boshiga yana suv quydi va shamollamoq uchun illyuminatordan boshini chiqardi. – Har nima bo‘lganda ham, – deb davom etdi u bir oz nafasini rostlab olgach, – bu sirli mavjudot inson aqli bilan bunyodga kelgan va o‘z harakatlarini o‘ylab, mulohaza bilan qiladi. U, aftidan, suv ostida ham, quruqlikda ham o‘zini bir xilda yaxshi his etadiganga o‘xshaydi. Ispancha gaplashganini o‘z qulog‘imiz bilan eshitdik, – demak, u bilan umumiy til topish ham mumkin. To‘xta, agar… agar uni tutib olib, qo‘lga o‘rgatsak va marvarid terishga majbur qilsak-chi? Suv ostida yashay oladigan bitta baqa butun bir qidiruvchilar artelining o‘rnini bosadi. Ana foyda – mana foyda! Har bir qidiruvchiga istasang-istamasang ovning to‘rtdan bir qismini berishing kerak. Baqaga esa hech qancha ketmaydi. Axir shunda ham hash-pash deguncha yuz ming, million pezetni urib qo‘yish hech gap emas!

amfibiya-odam-zuritaning-muvaffaqiyatsizligi-uz-2

Zurita xayoliga erk berdi. Shu paytgacha u boyish umidi bilan yashar, hali hech kim bormagan joylarga borib, marvarid chig‘anoqlarini qidirardi. Fors qo‘ltig‘i, Seylonning g‘arbiy sohili, Qizil dengiz, Avstraliya atroflari – bu sermarvarid yerlar juda uzoq, bundan tashqari, u yerlarda odamlar ko‘pdan beri marvarid qidiradi. Meksika yoki Kaliforniya ko‘rfazlari, Foma va Margarita orollariga yo‘l olinsa qanday bo‘larkin? Eng asl amerika marvaridlari terilayotgan Venesuela sohillariga Zurita borolmasdi. Chunki uning kemasi ancha eskirib qolgan, bundan tashqari, qidiruvchilar ham yetishmas, – qisqasi, ishni tamomila qaytadan yo‘lga solish lozim edi. Buning uchun esa Zuritaning qo‘li kaltalik qilar edi. Ana shu sabablar bilan u Argentina qirg‘oqlaridan nariga jilolmasdi. Endi-chi! Endi u bir yilning ichida boylikka ko‘milib ketishi mumkin, faqat «dengiz iblisi»ni qo‘lga tushirsa kifoya.

U butun Argentinada, ehtimol butun Amerikada eng boy kishi bo‘lib qoladi. Pul uni hokimiyat tepasiga olib chiqadi. Pedro Zuritaning nomi tillarda doston bo‘ladi. Ammo juda ehtiyot bo‘lish kerak. Eng muhimi – sirni pinhon tutish zarur.

Zurita palubaga ko‘tarilib, butun ekipajni bir yerga to‘pladi.

– «Dengiz iblisi» haqida gap tarqatgan kishilarning holi nima bo‘lganini bilasizlarmi? – dedi u. – Ularning hammasini politsiya qo‘lga olib, qamoqqa tiqib qo‘ydi. Sizlarni ogohlantirib qo‘yishim kerak: agar birortangiz «dengiz iblisi»ni ko‘rganingiz haqida birovga og‘iz ochsangiz – sho‘rimga sho‘rva to‘kildi, deyavering. To‘ppa-to‘g‘ri qamoqqa olib ketishadi. Eshityapsizlarmi? Shuning uchun joningizdan umidingiz bo‘lsa «iblis» haqida valaqlab yurmang.

«Bularning gapiga baribir hech kim ishonmaydi: o‘ziyam xuddi cho‘pchakka o‘xshaydi-da», – deb dilydan o‘tkazdi Zurita va kayutasiga yolg‘iz Baltazarni chaqirib, unga o‘z rejasini gapirib berdi.

Baltazar xo‘jayinning gapiga diqqat bilan quloq soldi, bir oz o‘ylanib olib, javob berdi:

– Juda yaxshi. «Dengiz iblisi» yuzlab qidiruvchilarning o‘rnini bosadi. «Iblis»ni xizmatkor qilib olsak ko‘p soz ish bo‘lardi-da. Lekin qanday qilib tutish mumkin uni?

– To‘r bilan, – deb javob berdi Zurita.

– Akulaning qornini yorganday, to‘rni ham qirqadi-tashlaydi-da.

– Sim to‘r buyurtirishimiz mumkin.

– Kim uni tutadi? Sho‘ng‘uvchilaringiz «iblis»ning nomini eshitgandayoq qaltirab qoladi. Bir qopdan tilla berganingda ham ko‘nmaydi ular.

– O‘zing-chi, Baltazar?

Hindu yelkasini qisdi.

– Umrimda «dengiz iblisi» ovlamaganman. Uni poylash, menimcha, oson emas, o‘ldirish esa, agar u go‘sht bilan suyakdan yasalgan bo‘lsa, mumkin. Ammo sizga tirik «iblis» kerak-da.

– Undan qo‘rqmaysanmi, Baltazar? «Dengiz iblisi» haqida qanday fikrdasan?

– Dengiz ustida uchadigan qoplon va daraxtga tirmashib chiqadigan akula haqida nimalar deyishim mumkin? Noma’lum hayvon dahshatliroq. Ammo men qo‘rqinchli hayvonlarni ovlashni yaxshi ko‘raman.

– Seni juda xursand qilaman, – dedi Zurita Baltazarniing qo‘lini qisib va o‘z rejalarini tushuntirishda davom etdi: – Bu ishda qancha kam kishi ishtirok etsa, shuncha yaxshi. Sen araukanlarning hammasi bilan gaplash. Ular jasur va uddaburro kishilar. Besh kishi olsang kifoya. Agar o‘zimiznikilar ko‘nishmasa chetdan top. «Iblis» qirg‘oqda tutiladi. Eng oldin uning uyasi qayerdaligini aniqlash kerak. Ana o‘shanda uni to‘rga tushirish qulay bo‘ladi.

Zurita bilan Baltazar tezda ishga kirishib ketishdi. Zuritaning zakazi bilan og‘zi ochiq kattakon bochkaga o‘xshagan sim kajava tayyorlandi.

«Iblis» o‘rgumchak uyasiga tushganday o‘ralib qolsin uchun Zurita kajavaning ichiga kanop to‘r joylab qo‘ydi. Qidiruvchilarni bo‘shatishdi. «Iblis» ovida qatnashish uchun Baltazar «Meduza» ekipajidan faqat ikki hindu-araukanni ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi. Qolgan uch kishini u Buenos-Ayresdan yollab keldi.

«Iblis»ni qidirishni «Meduza» ekipaji birinchi marta u ko‘ringan ko‘rfazdan ushlashga qaror qildi. «Iblis»da shubha tug‘ilmasligi uchun kema uncha katta bo‘lmagan ko‘rfazdan bir necha kilometr narida langar tashladi. 3urita va uning hamrohlari o‘zlarini baliq dardida yurgan kishilar qilib ko‘rsatish maqsadida ahyon-ahyon baliq ovlab qo‘yishardi. Ayni vaqtda ulardan uchtasi navbatma-navbat qirg‘oqdagi toshlar ortiga bekinib, diqqat bilan ko‘rfaz suvlarini ko‘zdan kechirardi.

Yo‘lga chiqqanlariga ikki hafta bo‘layozsa ham, «iblis»dan nomu nishon yo‘q edi.

Baltazar qirg‘oqda yashovchi aholi va fermer hindular bilan aloqa bog‘lab, ularga arzon-garovga baliq sotar, u yoq – bu yoqdan gaplashib o‘tirib, gapni sekin «dengiz iblisi»ga burardi. Hamsuhbatlar ularning «iblis»ni qidirish joyini to‘g‘ri tanlashganini aytishardi: ko‘rfazga yaqin yerda yashovchi ko‘pgina hindular burg‘i ovozini eshitganda qum ustida oyoq izini ko‘rganmishlar. Ularning ishontirishicha, «iblis»ning izi odam iziga o‘xshash-u, lekin barmoqlari anchagina uzun emish. Ba’zi paytlari hindular qumda gavda iziga duch kelganlar, – aftidan u qirg‘oqqa chiqib yotgan bo‘lsa kerak.

«Iblis» qirg‘oq aholisiga zarar yetkazmas, shuning uchun ham ular ahyon-ahyon paydo bo‘lib qoladigan bunday izlarga e’tibor bermasdi. Ammo «iblis»ning o‘zini hech kim ko‘rdim demasdi.

«Meduza» baliq ovlovchi kema qiyofasida ikki hafta ko‘rfazda turdi. Ikki haftagacha Zurita, Baltazar va yollangan hindular okean sathidan ko‘z uzmadilar, lekin «dengiz iblisi» qorasini ko‘rsatmadi. Zurita bezovtalana boshladi. U betoqat va ziqna edi. O‘tgan har bir kun katta pulga tushar, «iblis»dan esa hamon darak yo‘q edi. Pedro endi shubhaga tushib qoldi. Agar «iblis» mo‘‘jizaviy narsa bo‘lsa, uni hech qanaqa to‘r bilan tutib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, unaqa shaytonga tegishish ham xatarli, – Zuritaning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. Har ehtimolga qarshi «Meduza»ga ruhoniyni taklif qilish kerakmikin? Yana xarajat… yoki, ehtimol, «dengiz iblisi» hech qanaqa iblis bo‘lmay, odamlarni qo‘rqitish uchun iblis qiyofasiga kirib olgan, suzishga usta biror hazilkashdir? Yo delfinmikin? Ammo delfinni boshqa hayvonlarday qo‘lga o‘rgatish mumkin. Yoki, yaxshisi, shu mashmashani yig‘ishtirib qo‘ya qolsamikin?

Zurita «iblis»ni birinchi ko‘rgan kishiga mukofot berajagini aytib, yana bir necha kun kutishga qaror qildi.

Uning toleiga, uchinchi hafta deganda, nihoyat «iblis» ko‘rinish bera boshladi.

Kunduzgi ovdan keyin Baltazar qayiqni to‘la balig‘i bilan qirg‘oqda qoldirdi. Ertalab baliq oluvchi xaridorlar kelishi kerak edi. Baltazar tanish bir hinduni ko‘rib kelish uchun fermaga ketdi, qaytib kelib qarasa, qayiq bo‘shab qolibdi. Baltazar darhol, bu «iblis»ning ishi, degan fikrga keldi.

«Nahotki, shuncha baliqni yeb qo‘ygan bo‘lsa?» – deb taajjublandi u.

O‘sha kuni kechasi navbatchilikda turgan hindulardan biri ko‘rfazning janubida burg‘i ovozini eshitib qoldi. Ikki kun o‘tgach, sahar paytida araukan yigit «iblis»ning izini topishga muvaffaq bo‘lganini xabar qildi. Uni delfin bilan birga ko‘rgan. Bu gal «iblis» delfinning ustida emas, balki bo‘ynidagi abzali – enlik qayishdan ushlagancha u bilan yonma-yon suzib kelgan. «Iblis» ko‘rfazga yetgach, delfinning bo‘ynidan qayishni yechganda, qo‘li bilan jonivorning yelkasiga qoqib, o‘zi suv ostidagi tik qoyaning tagiga kirib ketgan. Delfin suv yuzida bir oz suzib yurgach, ko‘zdan yo‘qolgan.

Zurita araukanning gaplarini eshitib, unga mukofot va’da qildi-da:

– Bugun kunduzi «iblis» uyasidan chiqishi gumon. Shuning uchun ko‘rfaz tubini ko‘zdan kechirishimiz kerak. Kim bu ishni bajaradi? – dedi.

G‘alati maxluq bilan yuzma-yuz kelishdan qo‘rqib, hech kim dengiz ostiga tushishni istamasdi.

Baltazar oldinga chiqdi.

– Mana men! – dedi u qisqa qilib. Baltazar hammavaqt o‘z so‘zining ustidan chiqishga odatlangandi.

«Meduza» hamon langarda turardi. Qorovullardan boshqa hamma qirg‘oqqa chiqib, ko‘rfazdagi tik qoya tomon yo‘l oldi.

Baltazar mabodo yarador bo‘lib qolsa, tortib olishlari uchun beliga arqon bog‘ladi, pichoq oldi, keyin oyoqlari orasiga tosh qistirib, suv ostiga tushib ketdi.

Araukanlar ko‘rfazdagi qoyalar soyasidagi zangori tuman orasidan g‘ira-shira ko‘rinayotgan nuqtaga tikilib, uning qaytishini sabrsizlik bilan kutib turishdi. Qirq, ellik sekund, bir minut o‘tdi hamki, Baltazar suvdan chiqmasdi. Nihoyat arqonni siltadi, uni tortib olishdi. Baltazar nafasini rostlab olgach:

– Torgina yo‘lak yerosti g‘origa olib boradi. Ichi akulaning qorniday qop-qorong‘i: «dengiz iblisi» shu g‘orga yashiringan. G‘orning atrofi sip-silliq devor, – dedi.

– Juda soz! – deb xitob qildi Zurita. – Qorong‘i bo‘lsa qaytanga yaxshi. To‘rlarimizni joylab qo‘ysak, baliq ham ilinadi.

Kun botishi bilan hindular pishiq arqonga bog‘langan sim to‘rlarni g‘orning og‘ziga tushirib, arqonning bir uchini qirg‘oqqa mahkamlab tashladilar. Baltazar arqonga qo‘ng‘iroqchalar osib qo‘ydi: ular to‘rga biror narsa sal tegishi bilan jiringlab, qirg‘oqdagilarni ogohlantirar edi.

Zurita, Baltazar va besh araukan sohilga o‘tirib olib, jimgina kutib turishdi. Kemada hech kim qolmagan edi.

Tezda qorong‘ulik tushdi. Oy chiqib uning nuri suv yuzida jilva qila boshladi. Hammayoq jimjit. Odamlarni favqulodda bir hayajon chulg‘ab olgan edi. Kim biladi, baliqchi va marvarid qidiruvchilarning yuragiga dahshat solib turgan g‘alati mavjudotni hozir ular ko‘rib qolishar.

Tun daqiqalari sekinlik bilan o‘tardi. Odamlar mudray boshladilar.

Birdan qo‘ng‘iroqchalar jiringlab qoldi. Hamma sapchib turib, arqonga yopishdi. To‘rni ko‘tara boshladilar. U xiyla og‘ir edi. Arqonlar silkinib, to‘r ichida nimadir tipirchilardi. Mana, to‘r okean sathiga chiqishi bilan xira oy yorug‘ida yarim inson – yarim hayvon qiyofasidagi tana ko‘zga tashlandi. Oy nuri uning kattakon ko‘zlarida va kumushrang tangachalarida yarqirardi. «Iblis» to‘rga o‘ralib qolgan qo‘lini xalos qilish uchun zo‘r berib urinardi. U bunga muvaffaq bo‘ldi ham. Belidagi ingichka kamarida osilib turgan pichog‘ini sug‘urib, to‘rni qirqa boshladi.

– Qirqib bo‘psan, tirmizak! – deb g‘uldiradi o‘ljasiga angrayib tikilib qolgan Baltazar.

Ammo uni hangu mang etib, pichoq sim to‘rni bemalol qirqdi. «Iblis» chaqqonlik bilan teshikni kengaytira boshladi, qidiruvchilar jonholatda to‘rni qirg‘oqqa tortishga tushdilar.

– Tezroq! Tezroq! – deb baqirib qoldi Baltazar.

Ammo o‘lja endi so‘zsiz qo‘lga tushdi deganda «iblis» qirqilgan joydan o‘zini suvga tashlab, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Angrayib qolgan qidiruvchilarning qo‘lidan arqon tushib ketdi.

– Ajoyib pichoq! Simni qirqdi-ya! – dedi zavq bilan Baltazar.

– Suv ostidagi temirchilar bizlarnikidan durust ekan-da.

Zurita boshini xam qilib, butun boyligidan ajralib qolgan kishiday, suvga termilib qolgan edi. Nihoyat u boshini ko‘tardi, paxmoq mo‘ylovini silab, yer tepindi.

– Yo‘q, yo‘q! – deb qichqirdi u. – Jahannamdagi o‘sha g‘oringda o‘lsang o‘lasanki, mendan qutula olmaysan. Har qancha pulni ayamayman, g‘avvoslar tushiraman, butun ko‘rfazni to‘r va qopqonlar bilan to‘ldirib tashlayman, ha, qo‘limga tushmaguningcha qo‘ymayman!

U dovyurak, matonatli va o‘jar kishi edi. Bu bejiz emasdi. Pedro Zuritaning tomirlarida ispan bosqinchilarining qoni bor edi. Bundan tashqari haligiday nodir narsa uchun har qancha kurashsa arzirdi ham.

«Dengiz iblisi» hech qanday mo‘‘jizaviy va qudratli mavjudot emas ekan. U ko‘rinishidan, Baltazar aytganiday, go‘sht va suyakdan yasalganga o‘xshaydi. Demak, uni tutib zanjirga bog‘lab qo‘yish va uni Zuritaning manfaati yo‘lida okean tubidan boylik izlattirish mumkin. Mabodo dengiz xudosi Neptunning o‘zi qo‘liga ayri olib «dengiz iblisi»ning yonida turganida ham Baltazar uni albatta qo‘lga tushiradi.

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_1

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa