Ultimate magazine theme for WordPress.

ANGLO-SAKSON HUQUQ TIZIMIDA SUD NAZORATI

140

G‘arb jinoyat protsessi milliy modellari turli-tuman bo‘lsa-da, hozirda g‘oyaviy jihatdan yaxlitdir. U inson huquqlari falsafasi va fundamental demokratik prinsiplar: aybsizlik prezumpsiyasi, odil sudga bo‘lgan huquq, ayblanuvchining himoya huquqini ta’minlash, protsessual majburlov choralarini qo‘llashda shaxs huquqlarini kafolatlashga asoslangan. Mazkur qadriyatlar universal hisoblanib, milliy qonun chiqaruvchi tomonidan jinoyat-protsessual normalar va institutlarni shakllantirishda shubha ostiga olinishi mumkin emas.

AQSH va Angliya jinoyat protsessi qo‘lida jinoyat-protsessual harakatlarni amalga oshirish va qarorlar qabul qilish bo‘yicha barcha vakolatlar jamlangan, ish holatlarini to‘liq, har tomonlama va ob’ektiv aniqlash maqsadida isbotlashni amalga oshiruvchi protsessual hokimiyatning yagona markazi mavjudligini texnik jihatdan inkor etadi. Angliya va Amerika jinoyat protsessiga «jinoyat ishi», «jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish», «jinoyat ishi bo‘yicha ish yurituvchi shaxs» kategoriyalari noma’lum.

AQSH sud nazoratining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, AQSH Oliy sudi tomonidan sud nazoratining predmeti va chegarasi belgilab beriladi. Politsiya mustaqil ravishda faqatgina fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklamaydigan tergov harakatlarini o‘tkazish huquqiga ega, qisqa muddatli ushlab turishdan boshqa protsessual majburlov choralarini qo‘llashga haqli emas.

Anglo-sakson huquq tizimida ishni mazmunan ko‘rish asosan jamoatchilik vakillari tomonidan professional sudyaning rahbarligi ostida amalga oshiriladi, prokurorning vakolatlari cheklanganligi sababli, sud ishni sudga qadar yuritishda shaxs huquq va erkinliklarining asosiy, balki yagona himoyachisidir.

AQSHda etarli asoslar mavjud bo‘lsa, politsiya qamoqqa olish yoki tintuv o‘tkazish haqida sudga murojaat qiladi. Magistrat sudi qamoqqa olish yoki tintuv o‘tkazish masalasini hal qiladi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atish bosqichi mavjud emasligi sababli, order berilishi ko‘pgina shtatlarda jinoiy ta’qib boshlanganligini anglatadi.

AQSHda dalillarni nomaqbul deb topish yo‘li bilan sud nazoratini amalga oshirish, ya’ni dalil konstitutsiyaviy huquqlarni buzgan holda olingan bo‘lsa, uni nomaqbul deb topishning o‘zi samarali mexanizm hisoblanadi.

Sud nazorati bo‘yicha eng mashhur sud pretsedentlaridan biri 1961 yildagi Mapp v. Ohio hisoblanadi. Ogayo politsiyasi Dolree Mapp ismli shaxsning uyida o‘tkazilgan tintuv natijasida pornografik materiallar saqlanayotganligini aniqlagan. Ushbu dalillar asosida Dolree Mapp sudlangan, biroq sud hukmiga apellyatsiya bergan. Oliy sud politsiya tomonidan uyni tintuv qilish jarayonida Mapp tintuv o‘tkazilayotgani haqida ogohlantirilmaganligi sababli to‘plangan dalillarni nomaqbul deb topgan.

Powell v Nevada, 511 US.79 pretsedenti bo‘yicha esa, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan Powell 72 soat ichida sudga keltirilmagan. Ushlab turilishining 48 va 72 soati oralig‘ida u iqrorlik ko‘rsatmalari bergan. Sudda Powellning iqrorlik ko‘rsatmalari unga qarshi foydalanilgan va u aybli deb topilgan. Powell hukmdan norozi bo‘lib, ko‘rsatmalar u noqonuniy ushlab turilgan vaqtda, ya’ni 48 soat ichida odil sudlovga bo‘lgan huquqi buzilgan holda olinganligi sababli iqrorlik ko‘rsatmasini nomaqbul dalil deb e’tirof etishni so‘ragan. Sud uning vajlarini asosli deb topgan.

1970 yil 14 yanvarda politsiyaning 6 nafar ofitseri qotillikda gumon qilingan Paytonning yashash joyiga sudning ruxsatisiz kirib, daliliy ashyo bo‘lgan gilzani topganligi holatiga asoslangan sudning ayblov hukmi Konstitutsiyaning 4-qo‘shimchasiga xilofligi sababli bekor qilingan va natijada «Payton» qoidasi nomli pretsedent yuzaga kelgan.

Johnson v. United States ishida politsiya kechiktirib bo‘lmaydigan holat tushunchasini o‘zicha talqin qilganligi, ya’ni Johnsonning mehmonxonadagi xonasida sudning ruxsatisiz tintuv o‘tkazilganligi, hattoki ayblanuvchining giyohvand moddalar iste’mol qilganligi haqida dalillar aniqlangan bo‘lsa-da, uning xonasiga kirgunga qadar politsiyada sudning ruxsatisiz tintuv o‘tkazish uchun yetarli asoslar bo‘lmaganligi sababli, sudning qarori bekor qilingan. Konstitutsiyaviy huquqlarni cheklash uchun sud tomonidan ruxsat berish «No warrant shall actually designed without probable case» («Ehtimoliy sababsiz sudning orderi berilmaydi») qoidasiga asoslanadi.

Uyida tezkor ma’lumotlar asosida tintuv o‘tkazilgan Spinelli ishi esa, politsiyaning o‘zi yoki unga ko‘maklashuvchi shaxslarning tintuv o‘tkazishga asoslar mavjudligi haqida guvohligi nomaqbulligi haqidagi qoidaning shakllanishiga olib keldi.

AQSHda ham sud kamdan-kam hollarda tintuvga ruxsat berishni rad qilganligi sababli, unga faqat rasmiyatchilik deb qarash ham mavjud.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tergov Federal tergov boshqarmasi va boshqa ko‘plab federal xizmatlar, shuningdek tegishli shtat hukumatiga yoki graflik, shahar yoxud qishloq munitsipaliteti mahalliy hokimiyatiga bo‘ysunuvchi, bir-biridan mustaqil bo‘lgan ko‘plab politsiya muassasalari tomonidan olib boriladi. Ular gumon qilinuvchini hibsga olish, tergov qilish, jinoyat dalillarini izlab topish va yig‘ish huquqiga egadirlar, hibsga olish, tintuv qilish va boshqa ba’zi tergov harakatlari politsiya tomonidan sudning ruxsatini oldindan yoki alohida hollarda keyin olib amalga oshiriladi.

Buyuk Britaniyada ham sud nazorati ishni sudga qadar yuritishning tarkibiy qismi hisoblanadi. Politsiyaning vakolatlari faqat sudning ruxsati bilan va mustaqil ravishda o‘tkaziladigan vakolatlarga bo‘linadi.

Ushlangan har qanday shaxs sudga keltiriladi va ushlash asoslari tekshiriladi, asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, sud uni ozod qilish haqida qaror chiqaradi. Inson huquq va erkinliklarini cheklovchi barcha harakatlar, jumladan, tintuv faqat sud buyrug‘i bilan o‘tkaziladi.

Anglo-sakson huquq tizimida sud nazoratining o‘ziga xos xususiyatlariga quyidagilarni kiritish mumkin:

– ishni sudga qadar yurituvchi organlar, shu jumladan, politsiyaning ayblov funksiyasi aniq belgilangan;

– sud nazorati taraflarning tortishuvi prinsipi asosida amalga oshiriladi;

– shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini buzish yo‘li bilan olingan dalillar har bir holatda nomaqbul dalil deb e’tirof etiladi;

– sud nazorati alohida institut emas, balki jinoyat protsessi, shu jumladan, ishni sudga qadar yuritishning tarkibiy qismi hisoblanadi;

– sudyalar shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklash bilan bog‘liq masalalarda nafaqat muayyan masalani ko‘rib chiqib hal qiladi, balki huquq normalarini yaratadi va rivojlantiradi;

– sud nazoratni amalga oshirish jarayonida nafaqat qaror va harakatlarning qonuniyligi, asosliliga baho beradi, balki dalillarni tekshiradi va yetarli ekanligini muhokama qiladi. Dalillar yetarli bo‘lmasa, jinoiy ta’qib tugatiladi.

Buyuk Britaniyada sud nazorati aynan jinoyat protsessi instituti sifatida emas, universal institut sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

An’anaga ko‘ra, Buyuk Britaniyada ishni sudga qadar yurituvchi organlarning qarorlarini bekor qilish uchun asoslar uchga bo‘linadi:

  1. qaror qabul qiluvchining noqonuniy harakat qilganligi (illegality);
  2. qaror adolatsiz protsedura natijasida qabul qilinganligi (procedural impropriety);
  3. qarorning asossiz yoki irratsionalligi (irrationality’ or‘unreasonableness).

Biroq, mazkur asoslar doimiy ravishda rivojlanib, kengayib bormoqda, masalan, Yevropa qonunlarining, shu jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi buzilishi ham asos bo‘lishi mumkin.

Buyuk Britaniyada sud nazorati natijasiga ko‘ra, huquqni tiklash vositalari ham turlichadir. Ba’zida qaror qabul qiluvchiga qayta qaror qabul qilish vazifasi yuklatiladi, biroq qaror mazmuniga biror-bir shart qo‘yilmaydi.

B. MO‘MINOVO‘zbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy
maktabi dotsenti, yuridik fanlar doktori