Ultimate magazine theme for WordPress.

ATIGI BESH DAQIQA OLDIN…

45

Shu sababdan ham men sira uydan chiqmayman, egnimga siz yuborgan momiqqina xalatni ilib olgancha, kunni ichkarida kech qilaman, Ivan.

Ivan TURGENEV, rus adibi (1818–1883) — Gyustav FLOBER, fransuz adibi (1821–1880)

ATIGI BESH DAQIQA OLDIN…

Esse

Mashhur fransuz yozuvchisi Gyustav Floberga atoqli rus adibi I.V.Turgenev juda ma’qul kelardi: uzun bo‘yli, haqiqiy rus chehrali, butun qiyofasidan faqat hamdardlik va qayg‘udoshlik hislari yog‘ilib turgan bu inson chindan-da Floberga boshqacha ta’sir o‘tkazardi.

Flober qirq yetti yoshga to‘lganida, u Turgenevni mehmonga chaqirib, shunday iltifot ko‘rsatadi: “Va nihoyat, qadrdon birodarim mening, biroz bo‘lsa-da, siz bilan diydor ko‘rishishga bahona topildi! Faqat maslahatim, ertalabki poyezdga, Ruanga 0.40 da kirib keladiganiga chiqishingizni sizdan iltimos qilgan bo‘lardim. Yetib kelganingizda, u yerda sizni Kruassaga naq yigirma daqiqa ichida olib keladigan kareta kutib turadi”.

Bu vaqtga qadar Flober bilan Turgenev besh yildan beri, eskitdan tanish edilar. Ular Parijda muntazam adabiy gurunglar kechadigan “Adiblar tushligi”, “Beshovlon dasturxoni” yoki “Flober marosimlari” kabi yig‘inlarda tez-tez yuz ko‘rishib turishardi.

Tanishchilik asta-asta qadrdon do‘stlikka aylanib bordi, bu haqida Amerika yozuvchisi Genri Jeyms shunday deya e’tirof etgandi:

“Ular o‘rtasida bir qancha o‘xshashliklar mavjud edi. Ikkisi ham uzun bo‘yli, baquvvat erkaklar edi, garchi rus do‘stimiz normandlikdan xiyol balandroq bo‘lsayam, baribir ikkalasi deyarli baravardek bo‘lib ko‘rinardilar. Ikkisi ham juda kuchli to‘g‘riso‘zligiyu samimiyati hamda ajoyib yumorga boyligi bilan boshqalardan ajralib turardilar. Ular bir-birlariga qattiq bog‘lanib qolgandilar, ammo shaxsan menga shunday bo‘lib tuyular ediki, Turgenevning Floberga bo‘lgan munosabatlarida ko‘proq do‘stining taqdiriga bo‘lgan hamdardlik ayon bo‘lib turar va bu hech kimni u qadar ajablantirmas ediki, Floberning dolg‘ali hayotida yozuvchiga muvaffaqqiyat eshiklaridan ko‘ra ko‘proq omadsizlik tuynuklari ochilgan edi. Zahmatli mehnat esa hamma vaqt ham kutilgan natijalarni olib kelmasdi… Uning urinishlari xuddi tarixiy qahramonlarning ayovsiz janglardagi hatti-harakatlariga o‘xshab ketardi, biroq “Bovari xonim” asari bilan Flober va nihoyat, o‘z ummoni qa’riga butkul g‘arq bo‘lib, undan ulkan gavhar topib chiqqanini ommaga namoyon etolgandi, Flober nihoyat muvaffaqqiyat nashidasini totib ko‘radigan bo‘lgandi… Bu qudratli insonga o‘z tuyg‘ularidan bo‘lak hech narsa hukmini o‘tkazolmas, ruhini hech nima mahv etolmasdi”.

Turgenev bilan Floberning 1863-1880 yillardagi yozishmalari Fransiyada “Normandiyalik va moskvalik” nomi ostida kitob shaklida nashr etildi, unda ikki qadrdonning o‘zaro samimiyat va sadoqatga yo‘g‘rilgan do‘stligi aks ettirilgandi. Flober Turgenevning “Ovchining kundaliklari”dan, Turgenev bo‘lsa fransuz adibining mashhur “Bovari xonim”idan qattiq ta’sirlangan, u Flober kabi buyuk fransuz romannavisni hayotida bu qadar kech uchratib qolganidan chin dildan afsuslanib gapirgan edi.

Har ikkala klassik ham mundoq olib qaraganda, ikkita ayro olam edi, ammo ularning ijtimoiy hayotdagi turfa odatlari, tabiatlaridagi bir-biriga zid bo‘lgan fe’l-atvorlari o‘rtalaridagi do‘stlikka sira g‘ov bo‘lolmas, aksincha, ruhiyatlaridagi uyg‘unlik doimo ularni ohangrabodek birini ikkinchisiga tortgani tortgan edi. Turgenev birmuncha xayolparast, so‘zsiz g‘amlarga cho‘mgan, hamma narsagayam ishonib ketavermaydigan, shubhalanuvchi, anchayin yalqovroq, ayrim kutilmagan holatlarda haddan ortiq hayotsevar, ustiga-ustak, fransuz tilining ashaddiy shaydosi, xullas kalom, tushunarsiz va qiziq bir tabiat sohibi hisoblanardi.

 

Normandiyalik esa (Flober Normandiyada ham istiqomat qilgan), ko‘pincha yolg‘iz, xilvatga orzumand, parishonxotirroq, hamisha o‘zini oqsuyaklarga mos vakil sifatida tutishga urinuvchi bir ijodkor edi. Kruassedagi uyida u haqiqiy adabiy hayotga sodiq qolgandi, ya’ni butun kunlarini faqat yozish va yaratish bilan o‘tkazar edi, bunga Genri Jeyms guvohlik berib, o‘z xotiralarida Flober to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tgandi: “U yerda Flober xuddi “yollangan qora ishchidek”, “go‘yo 36 nafar negr singari”, “misoli qoratanli qullarning butun jamoasi”dek bo‘lib ter to‘kib, tanidan madori ketguncha, ko‘zlari yumilib, barmoqlarini yozolmaydigan holatga yetgunicha to‘xtovsiz yozaverardi”.

Ehtimol, shu vajdanmi, Flober odamlar bilan qiyin murosaga kelar, deyarli chiqishib ketolmasdi, Turgenev esa buning mutlaqo aksi edi, Flober u bilan gurunglashishni, unga qo‘lyozmalarini o‘qib berishni, yuragini ochishni yaxshi ko‘rardi, 1873 yilning martida normandiyalik adib unga “men uchun haqiqiy Inson – Sizsiz, men inson nomiga arzitib ataydigan chinakam inson – Sizsiz”, deb maktub yozgandi. Bu kabi xatlar qariyb ikki yuz elliktani, balki bundan-da ziyodrog‘ini tashkil etardi.

Biroq, afsuski, Turgenevning kelishiga doim nimadir mone’lik qilar, u faqat Kruassega borishga quruq va’da bilangina cheklanib qolaverardi. “Bir-birimizga aytajak so‘zlardan hattoki xonaning devorlari ham larzaga kelsa kerak!” – Flober ana shunday umid va hayajon bilan muttasil yo‘l poylagani-poylagan edi. Lekin Turgenev ham qayerda bo‘lmasin, uzluksiz Flober bilan aloqada bo‘lishga harakat qilar, qimmatli do‘stining masofalararo birodarligini qalbdan o‘ta yaqin his etar, uni hamisha yuqori o‘ringa qo‘yib, asarlarini tez-tez o‘z maqola va esselarida tilga olib o‘tardi.

Bir gal u Floberga bebaho deb bilgan maslahatini beradi (ruslar maslahatga moyil xalq bo‘ladilar o‘zi), masalan, piyoda yurish haqida u bunday deb yozadi: “Men bilaman, sizga piyoda yurish unchalar yoqavermaydi, lekin bu nihoyatda zarur mashg‘ulot, agar siz atigi bir marotaba bo‘lsin bu ishni bajarib ko‘rsangiz bormi, undan mutlaqo chiqib ketolmaysiz!” Bu kabi xatlarga Flober shu tarzda javob xatini yo‘llardi: “Bilasizmi, atigi besh daqiqa burun oyog‘imni qayirib oldim, hatto shu xatni ham shu holimda o‘qib turibman, shunday ekan, piyoda yurishga yo‘l bo‘lsin endi?Qarang, qanchalar kulgili-ya ahvolim!”

Turgenev Floberning maktublaridan hamma vaqt unga iliq, do‘stona mehr, dardlashish istagi, yuzma-yuz diydorni qo‘msayotganini teran his etib turar, goh-gohida do‘stiga yengil, yoqimli hazillarni ham yozganlarida qistirib o‘tardi: “Haqsiz, albatta. Biroq men agar yurishni tashlasam, aniq kuchdan qolgan, laqmagina mo‘ysafid qiyofasiga kiraman-qolaman. Ana unda zudlik bilan meni egri hassaga suyantirib qo‘yishlari ham ehtimoldan xoli bo‘lmaydi”. Balki, Turgenev bu kabi hazillarini umidsiz normand do‘stining og‘ir ko‘nglini ko‘tarish uchun, dardlarini oz bo‘lsa-da yengillatish uchun ham aytib qo‘yardi, vaholanki, oralarida uzundan-uzoq masofalar yastanib yotsa-da, samoviy birodarlik ikki qalb rishtalarini shu qadar bir-biriga hamohang va yaxlit ruh qilib yuborishga qodir bo‘lib qolgandi.

Floberda Turgenevnikiday hayotga yuqori kayfiyat bilan boqish xislati yo‘q edi, u doimgidek pana-panaga, odamlar ko‘zidan nariga, mudom sokin joylarga qochishni istar edi. Shifokorlarning tavsiyasi bilan Shveysariya tog‘larida dam olib yurarkan, anchayin asablari orom topadi, bu vaqtda unga qimmatli do‘sti Turgenev Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” asarini sovg‘a qilib yuborishga musharraf bo‘ladi. Flober zumda bu salmoqli asarni cheksiz hayrat ichida o‘qib tugatadi va rusiyalik birodariga: “Menga bu daho haqida tez so‘zlab bering! Bu uning birinchi kitobimi? Siz nima deb atamang, ammo men uchun u eng yirik davlatmanddir! A’lo darajada, chindanam, juda a’lo!” deya chuqur hayajonga to‘la maktubni yuboradi.

Kruassedagi Flober istiqomat qiladigan uyga Turgenevdan juda ko‘p xatlar, hadyalar umr bo‘yi ketma-ket kelib turadi. “Bu yerda, Kruasseda negadir sira yomg‘ir tinmaydi, odamlar xuddi cho‘kib ketayotganga o‘xshab yashaydi”, – deb yozadi Flober 1876 yilning 8 noyabrida Turgenevga dardihol etarkan, – “Shu sababdanam men sira uydan chiqmayman, egnimga siz yuborgan momiqqina xalatni ilib olgancha, kunni ichkarida kech qilaman. Ishonsangiz, har kuni ikki qaytalab haqqingizga shu hadyangiz uchun duolar o‘qiyman, ertalab o‘rindan turganimda, uni kiyganimda va yana kechki soat besh-oltilarda uni yana bir yechib, qayta kiyib olganimda, ko‘rsangiz, ba’zan kitob o‘qib, o‘tirgan o‘rnimda – shundoqqina divan ustida u bilan tunni o‘tkazaman.

Ko‘nglimdagi ojiz bir umidim shuki, sizni yangi yil ostonasida bir martagina ko‘rsam…
Peshonangizdan o‘pib qolaman, mening qadrli qariyam”.

Oradan yillar o‘tib, rusiyalik “qariya” chindanam qartaydi va normandiyalik xilvatsevar ham kuchdan qola boshladi. Ammo shu davrda ham ikki oshno qalblar bir-birlariga hamon yozishda davom etar, Flober Turgenevni hech bir holatidan bexabar qoldirishni istamasdi: “Kundan kunga darmonim ketyapti, Buvar bilan Pekyushe Xudoning bergan kuni atrofimda girgitton, o‘zim esa bularning barini tezroq tugashini, umrim xotima topishini xohlayman negadir. Biroq o‘lim elchisi hali-beri mening eshigimni qoqmaydiganga o‘xshaydi…”

1880 yilning 6 may kuni Turgenev Kruassega quyidagi so‘zlar bilan yakunlanuvchi maktubni jo‘natadi: “Tez orada sizni qattiq quchoqlayman va biz diydor ko‘rishamiz…”

Biroq bu galgi xatga hech qanaqa javob bo‘lmaydi. Negaki Flober bu kunlar davomida muttasil og‘riqlardan azoblanar, goh hud, goh behud bo‘lib jon talashib yotardi. Ulug‘ adib 8 may kuni miyaga qon quyilishi natijasida hayotdan ko‘z yumadi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan, 1883 yilning 3 sentyabr kuni ajoyib rus yozuvchisi Ivan Sergeyevich Turgenev ham bu yorug‘ olamni tark etadi. Betakror do‘stlik qalin va g‘uborsiz xatlar dastasi qo‘ynida baxtiyor yashab qolaveradi.

Yuriy BEZELYANSKIY,
rus publitsisti va madaniyatshunosi

Inglizchadan
Qandilat YUSUPOVA tarjimasi

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.