Ultimate magazine theme for WordPress.

BAYRON SINTRA SOHILIDA

30

Hikoya

Ivo ANDRICH, serbiyalik adib,
Nobel mukofoti sovrindori

Bayron Sintrada hamrohlari bilan kelisholmay qoldi. Ular qaysi yo‘l bilan ortga qaytish masalasida tortishib qolishdi. Bunday kezlarda xizmatkorlari aksiga olganday hamisha g‘animlariga moyillik ko‘rsatishi Bayronni yana ham darg‘azab qildi.

Xiyobon darvozasidan o‘tishlari bilan u yo‘lni boshqa tomonga soldi. Yakshanba. Qayerdandir musiqa eshitiladi. Jahldan tushish uchun masxara bo‘lishini tamomila unutgancha cho‘loqlanib likanglagancha zinalar bo‘ylab yugura ketdi. Uning nigohi qarshisida tobora yangi nishabliklar, yo‘lakchalar va beqiyos manzara paydo bo‘lardi: dengiz qurshovidagi yashil adirlar ko‘m-ko‘k osmon ostida yashnab yotardi. Zinalardan ko‘tarilib borarkan, sira ham zo‘riqmadi. O‘zini yuqoriga ko‘tarilayotgandek emas, balki parvoz qilayotgan lochinday his qildi. Birorta ham tirik jonzot yo‘q. Hatto qushlar ham. U emin-erkin tin olarkan, yolg‘izlik allalaydigan osuda makon ham bor ekan-ku, degan fikr ko‘nglidan kechdi.

Bayron Sintra sohilida_2

Olisdagi bog‘u rog‘lar, ulardan ham narida yastangan dengiz yaqqol ko‘zga tashlanadigan qal’a devoriga tutash yo‘l bo‘ylab tentirab yurganda ilkis bir qizga duch keldi. Qiz mo‘‘jazgina tashlandiq va ship-shiydam tosh qorovulxona yonida, qal’a devori yonida turardi. U go‘yo noma’lum topshiriq bilan qayerdandir yuborilganday ro‘parasida qo‘qqisdan paydo bo‘ldi. Qizning oppoq ko‘ylagi shamolda ma¬yin hilpirardi. Chuchvaraday burniyu quyoshda qoraygan chehrasidan samimiyat yog‘ilardi. Tiyrak ko‘zlarida shijoat va shodu xurramlik jo‘sh urardi. Qiz notanish kimsaga tortinchoqlik bilan asta salom berganday bo‘ldi, holbuki ovozi va nigohida salomlashishdan ko‘ra ko‘proq mazmun mujassam edi, lekin buni Bayron anglay olmadi. U qizning salomiga alik olib to‘xtadi. Qiz hamon joyidan jilmasdi.

Qiz niholday ohista sollanarkan, quruqshagan lablarini yalarkan, nim tabassum bilan Bayronga tikildi. Portugal qiz-juvonlarining bejirim lablari yurakka g‘alayon soladi! Aqiqday tovlanadi. Yetilib tasodifan yorilgan mevaga o‘xshaydi. Kavkaz qizlarining lablarini biroz eslatgani bilan, aslida, lablarining chekkalari yaproqlarning bandiday ko‘zga yaqqol tashlanmaydi. Bayron mavhum niyatli kimsa kabi juda kulguli va qat’iyatsiz ko‘rinayotgan bo‘lsam kerak, deb o‘yladi.

U odmi va xotirjam qiyofa kasb etishga urindi. Azaldan axtarib yurgan sirli manzarani nihoyat mana shu yashil yuksaklikda topganday bo‘ldi.

Tog‘ havosi va ro‘parasidagi qizning tarovati unga cheksiz ilhom baxsh etdi. Cho‘ponlardan qolgan gulxan kuli tagidagi cho‘g‘dan o‘rmonga o‘t ketganday Bayronning qalbida ham allaqanday sirli ishtiyoq alanga oldi. Hatto visol onlari ham baxsh eta olmaydigan, faqat sirli tushlardagina nasib etadigan g‘aroyib zavqu shavqdan qalbi ilk daf’a junbushga keldi. Yuragi qinidan chiqquday guppilab ura boshladi.

Bayron Sintra sohilida_3

Lekin tezda ehtirosini jilovladi, ro‘parasidagi parivashga faqat mahliyo bo‘lib tikila boshladi, azbaroyi andisha va jur’atsizlik iskanjasida qoldi, ayni paytda koinot gultoji bo‘lgan bashar farzandiga qalbida cheksiz hurmat-ehtirom mavjlandi.

Xayolidan shunday fikrlar kecharkan, goh bir joyda haykalday qotib qolar, goh esa qizning atrofida parvona bo‘lardi; o‘z navbatida qiz ham undan nigohini uzmas, go‘yo har bir harakatini yutoqib kuzatardi. Bayron nimadir deb pichirlardi. U gapiryap¬man, qizga xushomad qilyapman, deb o‘ylardi. Ular bir-birlariga shu asno tikilar, bir-biriga parvona bo‘lardi; odatda, biroz kichikroq va yirikroq iliqqan ikki jonivor bir-biri bilan payvasta bo‘lishdan oldin goh yaqinlashib, goh yiroqlashib, bir-birlarini shu asno kuzatadilar, hadiksirab hidlaydilar. Bayron qizga har qancha mahliyo bo‘lmasin, aqlu hushini yo‘qotmadi. Ayni paytda ko‘zlarining beg‘ubor oqiyu munchoqday qorachig‘iga sinchiklab razm soldi. Orada ma’lum masofa borligiga qaramay sambitday qomati va shaloladay sochlarining ifori, hatto oftobda uniqqan oq ko‘ylagining atri mast qilganday bo‘ldi. U qayta-qayta shaydo bo‘ladigan bo‘z yigitga o‘xshardi, qolaversa, qalbidagi qaynoq kechinma shunchalar jo‘shqin ediki, goh qanot baxsh etsa, goh daf’atan mahv etardi. Nihoyat, endilikda chinakam hayrat va loqaydlik nima ekanini teran anglab yetgandi.

Yo‘laklar singib ketgan qoramtir butalar orasidan Bayron daf’atan odamlarning ovozlarini eshitdi. U shirin uyqudan uyg‘onganday cho‘chib tushdi va ajablangan qiz bilan xayrlashishni ham unutib, balandu past zinalar bo‘ylab yana ildamlab ketdi.

U yolg‘izoyoq so‘qmoqlaru nishabliklar bo‘ylab yana uzoq sayr qildi. Bu yo‘laklaru nishabliklar bo‘ylab yana o‘zi ancha oldin chiqib ketgan qasrga qaytib keldi. Uni tosh o‘rindiqlarda hamrohlari ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutib o‘tirardi.

Lissabonga Bayronning taklifiga zid ravishda hamrohlariga ma’qul avval kelingan yo‘l bilan qaytishdi. Bayron og‘ziga tolqon solib olganday lom-mim demasdi. U qo‘zichoqday yuvosh tortib qolgan, qolaversa, nainki hamrohlariga xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lar, balki har bir ashyoni avaylab qo‘lga olardi.

Keyingi kunlar uning hayotida eng osuda va go‘zal tushday kechdi. Dengizga tikilib o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganining guvohi bo‘lgan lissabonlik yalangoyoq baliqchilar uni telbaga ham chiqarishdi, lekin baliqchilar yanglishgandi. Bayron yolg‘iz emasdi, ayni paytda arvohlar bilan gaplashgani ham yo‘q. U Sintrada yashaydigan, ko‘z-qulog‘i, qarindosh-urug‘lari, ism-sharifiyu boshpanasi ham bor siymo bilan sirlashgandi. Lekin muhimi bu emas. Bayron bu siymoni biron-bir meva yoki qimmatli tosh nomi bilan atamoqchi ham bo‘ldi, lekin g‘aroyib qiyofasiga raxna soladi va ranjitadi, degan o‘yda bu fikrdan voz kechdi. Nihoyat, uni xayolan Jajji xilqat deb atay boshladi. Biroq uning ismini ovoz chiqarib aytishga ham botinmasdi. Faqat xayolan takrorlab, lablarini qimtigancha entikardi, xolos. Uni shu asno qalbida avaylar, ismini takrorlagani sayin sharob ichganday mast bo‘lardi.

Bayron Sintra sohilida_4

Bayron ko‘p o‘tmasdan Lissabonni, Portugaliyani tark etdi. Boshqa o‘lkalarni kezarkan, odamlar bilan suhbatlashish, ayollar bilan hazil-huzul qilish asnosida qalbidagi sirni oshkor qilmas, aksincha, avaylab saqlardi, so‘zlar, ashyolar va qiyofalar zamirida ko‘z qorachig‘iday avaylar, pinhona eslab huzur qilardi.

Bayron gaplardagi ayrim so‘zlarni u bilan chog‘ishtirar, bunday so‘zlarni boshqalardan eshitgan pallalarda ham qalbi beixtiyor zavqu shavq bilan to‘lardi. Uning imzosida Sintra tepaligidagi qizni eslatadigan arang ko‘zga tashlanadigan nuqtaday chiziqcha paydo bo‘ldi. Limon, tuz, yog‘ va gulxayriga ko‘zi tushganda uni eslardi. Yigirma chog‘li odamlar davrasida ovqatlanayotgan kezlarda ham bir chimdim tuzga nazar tashlab yam-yashil Sintra bilan Jajji xilqatni ko‘z oldida gavdalantira olardi. Lekin qiz-juvonlarning qiyofalari, gap-so‘zlari va xatti-harakatlariga har qancha sinchiklab nazar solgani bilan Jajji xilqatning tirnoqcha ham nishonasini topa olmasdi.

Xotirasidagi barhayot Jajji xilqat uning dardiga davo bo‘lardi, shu bois u bilan bog‘liq xotiralarni barcha uchrashuvlar, ayollar va hayotdan ham a’lo bilardi. Dengiz sohillarida yolg‘iz qolgan kezlarda esa hatto tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan chinakam mo‘‘jiza sodir bo‘lardi: Sintradagi lojuvard sohil beqiyos olamga aylanardi, cho‘loqlanib yugurishi – sarbaland parvoz tusini olardi, o‘sha uchrashuvda qalbida jo‘sh urgan ehtirosli kechinmalar esa oshufta ruhning bokira tuyg‘ulariga do‘nardi.

G‘aroyib sarxushlik Bayronni bir yilcha bezovta qildi. Keyin tong arafasidagi arvohlar va tushlar singari Jajji xilqat qiyofasi tobora xira tortib so‘na boshladi, nihoyat ortiq bezovta qilmay qo‘ydi. Bayron o‘zini yetimday g‘arib seza boshladi. Qalbida shiddatli hayot girdobi yana qaynab tosha boshladi, uchrashuvlar va to‘qnashuvlar yana bir-biriga zanjirday ulanib ketdi, ular bilan yonma-yon alamzada nafrat ham qora tug‘ini baland ko‘tarib borardi. Sintradagi sirli lahzalardan keyin bunday qismat yana ham zahmatli va alamli tus oldi, chunki endilikda unga turmushning yovuz qoidalari orzular saltanatiga ham daxl qiladiganday va ulardan qutulib bo‘lmaydiganday, najot yo‘qday tuyulardi.

Rus tilidan Abduhamid PARDAEV tarjimasi

 

Ushbu sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.