Ultimate magazine theme for WordPress.

BIZNESNI IJTIMOIY TARMOQLARDA TARG‘IB ETISH KERAKMI?

63

Biznesni ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib etish kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Haqiqatan ham “Instagram”, “Facebook”, “Twitter”, “Odnoklassniki” kabilarda ro‘yxatdan o‘tmagan odamni topish muammo.

To‘lovga “qurbi yetmas” mijozlar

Tadbirkorlar orasida ijtimoiy tarmoqlarning auditoriyasini asosan talabalar va o‘quvchilar, ya’ni yoshlar tashkil etadi, deb hisoblaydiganlar ko‘p. Ya’ni ular biznes uchun to‘lovga qurbi yetmaydigan mijozlar. Haqiqatan ham ijtimoiy tarmoqlar endigina paydo bo‘lganida shunday edi, ammo hozir vaziyat o‘zgardi.

2006–2007 yillarda “Facebook”, “Twitter”, “Odnoklassniki”da ro‘yxatdan o‘tganlar maktab, kollej, oliygohlarda o‘qishardi. Bugun ularning yoshiga 10 yildan ortiq vaqt qo‘shildi! Ular ish faoliyatini allaqachon boshlashgan, oilali, muayyan daromadga ega va eng faol haridorlar auditoriyasi sanaladi.

Ommabop tarmoqlar

Mamlakatimizda quyidagi ijtimoiy tarmoqlar eng ommabop sanaladi:

  • “Facebook” — keyingi yillarda eng ommabop tarmoqlardan biriga aylandi;
  • “Odnoklassniki” — eng dastlabki ijtimoiy tarmoqlardan biri. Ammo so‘nggi paytlarda ommaboplik bo‘yicha o‘rnini “Facebook”ka bo‘shatib bermoqda;
  • “Instagram” — butun dunyoda juda tez rivojlanayotgan tarmoqlardan biri. Auditoriyasi asosan yoshlarni tashkil etadi;
  • Bundan tashqari, “Twitter” va “Youtube”dan foydalanadiganlar ham bor;
  • Aytish kerakki, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardan tashqari biznes olami vakillari “Telegram” messenjeridan unumli foydalanmoqdalar.

Biznesni-ijtimoiy-tarmoqlarda-targ‘ib-etish-kerakmi-2

Biznes ijtimoiy tarmoqda nima ishi bor?

Ijtimoiy tarmoqlar auditoriyasi yosh bolalar emasligi, mehnatga, demakki, haridga qodir ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, ijtimoiy tarmoqdan foydalanish yoki foydalanmaslik masalasi tadbirkorlar oldida endi turmayapti. Ularning oldida boshqa masala ko‘ndalang: uni qanday amalga oshirish zarur? Bunday maydonlarda reklama qanday amalga oshiriladi va buning uchun nima kerak?

Ijtimoiy tarmoqlar yordamida savdo xajmini oshirish mumkin – bu aniq. Ammo bitta post yozib, surat bilan joylashtirib, mahsulotingizni yoki xizmatingizni darhol harid qilish uchun bir talay mijozlarini kelishini kutib o‘tirmang. Ijtimoiy tarmoqlardagi targ‘ibot – jiddiy va tizimli yondoshuvni talab etuvchi jarayondir.

Ijtimoiy tarmoqlar — “like”lar qo‘yish uchun

Bir narsani yoddan chiqarmaslik kerak. Ijtimoiy tarmoqlarga odamlar ko‘ngil ochish, muloqot qilish, “like”lar qo‘yish uchun kirishadi. Sizning mahsulotingizni sotib olish uchun emas.

Buni zinhor e’tibordan qochirib bo‘lmaydi. “To‘g‘ridan-to‘g‘ri” sotish usuli ijtimoiy tarmoqlarda yaxshi ish bermaydi. Misol keltiradigan bo‘lsak, yangiliklar lentasini tekshirib o‘tirgan foydalanuvchining hech narsa sotib olish niyati yo‘q. Sizning mahsulotingiz haqida-ku hech qanday tasavvurga ham ega emas.

Reklamangizni ko‘rganidan keyin mijozingizga aylanishi haqiqatdan ancha yiroq. Shu bois u “sovuq” mijoz sanaladi. To‘g‘ri, haqiqatan ham sovuq auditoriyaga sotiladigan tovarlar ham bor, odatda ular uncha qimmat bo‘lmaydi. Ammo tovaringiz murakkabroq bo‘lsa, assortimentingiz ko‘p bo‘lsa, qimmat bo‘lsa, Sizga boshqacharoq yondoshuv talab etiladi.

Biznesni-ijtimoiy-tarmoqlarda-targ‘ib-etish-kerakmi-3

Qo‘l keluvchi usullar

Bu yerda bir nechta variant bor: birinchisi – saytga kiruvchilar uchun bir sahifalik sayt yaratish (boshqacharoq aytganda “lending” deyiladi). Unda faqat bitta tovar yoki bitta xizmat turi taklif etiladi. Ikkinchisi – ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarga kiruvchilarni taklif etish.

Agar ijtimoiy tarmoqlardagi targ‘ibotni tanlaydigan bo‘lsangiz, ularda tovar – xizmatlariningiz haqidagi ma’lumotlarni, qiziqarli matnlarni, mahsulotingizdan foydalanishning namunalarini va boshqa foydali ma’lumotlarni uzluksiz berib borishingiz zarur. Aynan internet foydalanuvchilarga mo‘ljallangan tanlovlar ham juda qo‘l keladi (fototanlovlar, turli aksiyalar, sahifaga do‘stlarni jalb etish bilan bog‘liq va boshqa tanlovlar).

Yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun amaliyotdan ushbu ikki usulni qo‘llash bo‘yicha misol keltirib o‘tamiz:

1-misol.

Klining kompaniyasiga ijtimoiy tarmoqlardan yangi arizalar olish zarur, ammo murakkabligidan kelib chiqib tozalash ishlari uchun bir nechta tarif ishlab chiqilgan. Agar ushbu tariflarning barchasi saytda joylashtirilsa, foydalanuvchi chalkashib ketishi tayin.

Shundan keyin yaxshi lending tayyorlash, unga o‘ziga tortadigan “sotiladigan” matn yozish va haridorga bog‘lanish uchun telefonlari va ismini yozib qoldirish tavsiya etilgan. Shundan keyin qiziqqan foydalanuvchilar bilan bog‘lanib, unga qanday turdagi xizmat kerakligini bilib, narxlar aytilgan. Ushbu usulning afzalligi shundaki, savdo-sotiq “sovuq” haridorga emas, balki “iliq” va sotib olishga moyil haridor bilan amalga oshirilgan.

2-misol.

Avtomobil amortizatorlari ishlab chiqaruvchi kompaniya kelajakda onlayn-sotuvlar xajmini oshirishni maqsad qilgan. Mavzu ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilish uchun oson emasligi ma’lum. Natijada hamjamiyat tuzib, avtomobillar ta’miri bo‘yicha mavzularni joylashtirishga qaror qilindi.

Bulardan tashqari, so‘rovnomalar, sovrinli tanlovlar, ko‘ngilochar postlar (avtomobillar bilan bog‘liq) e’lon qilina boshlandi. Hamjamiyat ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinadi, unga manfaatdorlar a’zo bo‘la boshlaydi. Ular kompaniya mutaxassislariga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishlari, kerakli amortizatorlarni tanlashlari mumkin. Vaqt o‘tishi bilan ular harid uchun “pishishadi”.

Demak, guruhlarda mijozlarni “qizdiramiz”, tovarimiz bilan tanishishi uchun imkon yaratamiz, u haqida postlar qo‘yamiz, vaqti-vaqti bilan asosiy mavzu atrofidagi mavzularni muhokama qilamiz. Shu tariqa hamjamiyatning asosiy maqsadi – Siznging mahsulotingizdan xabardor va kerak bo‘lsa, uni sotib oladigan auditoriyani to‘plashdir.

Faqatgina qanday materiallarni qanday berishingiz rejasini tuzib olsangiz bo‘lgani. Jadval bo‘yicha ularni birma-bir berib boraverasiz. To‘g‘ri bu oson yo‘l emas. Ammo to‘g‘ri yo‘l ekanligi aniq.

Biznesni-ijtimoiy-tarmoqlarda-targ‘ib-etish-kerakmi-4

Ijtimoiy tarmoqlarda nima “eydi-yu“, nima “emaydi”?

Odatda ommaviy ehtiyoj katta bo‘lgan tovar va xizmatlar ijtimoyi tarmoqlarda yaxshi “ketadi”:

  • go‘zallik sanoati biznesi: go‘zallik salonlari, uqalash muolajalari, tirnoq, kiprig qo‘yish, SPA – salonlar va boshqalar;
  • sport: basseynlar, fitnes-markazlar va boshqalar;
  • kiyim va poyabzal: ayollar, erkaklar va bolalar;
  • umumovqatlanish: oziq-ovqatlar, restoranlar, tort va pishiriqlar;
  • axborot beruvchi va bilim beruvchi biznes: turli treninglar, vebinarlar va seminarlar va hokazo.

Umuman olganda esa, ijtimoiy tarmoqlar konsepsiyasiga har qanday biznesni moslasa bo‘ladi. Gap uni qanday moslashda qolgan. Xattoki santexnika, isitish uskunalari, ortopedik mahsulotlar deysizmi – bularning barini muvaffaqiyat bilan targ‘ib qilishning imkoni mavjud. Asosiysi – masalaga nostandart va ijodkorona yondoshuv.

Xo‘sh, ijtimoiy tarmoqda har qanday biznesni targ‘ib etish kerak ekan, ishni nimadan boshlash va qanday qilib amalga oshirish kerak, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Bu haqda esa keyingi materiallarimizda suhbatlashamiz.

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Комментарии закрыты.