Ultimate magazine theme for WordPress.

“BOYSUN BAHORI” HAYRATLARI

101

O‘zining boy madaniy va folklor merosi bilan insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonalari sifatida tan olingan Boysun yana mehmonlarga o‘z bag‘rini ochdi. Betakror tabiat qo‘ynida tashkil etilgan milliy etno shaharcha har yili minglab xorijiy va mahalliy sayyohlarni o‘zining bebaho madaniy muhitidan bahramand bo‘lishga chaqiradi.

Ma’lumki, Surxondaryo – noyob qadriyatlari, hudud tabiatiga mos turli liboslari, lapar va dostonlari, do‘mbira va chanqovuzning sehrli ohanglari bilan azaldan mashhur bo‘lib kelgan.

“Boysun bahori” esa – inson qalbida milliy qadriyatlarga, nafis san’at va serjilo tabiatga mehr uyg‘otib, ularni ardoqlashdek ezgu tuyg‘ularni tarannum etadigan shodiyona. Boy madaniy merosga ega Boysun – 2001 yilda YUNESKO tomonidan “Boysun madaniy muhiti” nomi ostida “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonalari” sifatida e’tirof etildi. 2008 yildan boshlab esa YUNESKOning umumjahon ro‘yxatiga kiritildi.

AQSh va yaponiyalik do‘stlarim bilan “Boysun bahori” festivaliga yo‘l olarkanmiz, to festival o‘tkaziladigan Padang qishlog‘iga borgunimizcha hamroxlarimni mahalliy xalqning mehmonlarga bo‘lgan ehtiromi biroz hayratlantirdi. Xalqimizdagi “Mehmon – otangdek aziz” naqlini ularga tushuntirishga to‘g‘ri keldi.

To‘rt tomoni tog‘lar bilan o‘ralgan Padang qishlog‘ida tumonat odam to‘plangan. Bir tomonda kuy-qo‘shiq avjida. O‘rnatilgan saunalarda folklor-etnografik xalq ansambllari va boshqa jamoalar mamlakatimizning turli hududlariga xos liboslar va qadimiy kuy-qo‘shiqlar asosida tayyorlangan noyob san’atini namoyish etishmoqda. Bir tomonda tayyorlanayotgan milliy taomlar ifori o‘zgacha huzur beradi va beixtiyor yutinib ko‘yasan kishi.

Kichik sayohatimizni milliy taomlar tanovulidan boshladik. Musaffo tog‘ bag‘ridan sizib chiqayotgan buloq suviga chanqog‘ini qondirgan mehmonlar Boysunning tog‘ archalaridan ko‘shib tayyorlangan tandir go‘shtidan totib ko‘rishdi va bundayin ta’m dunyoning hech bir mamlakatida pishiriladigan go‘shtning ta’miga o‘xshamagan beqiyos totli ekanligiga iqror bo‘lishdi.

Nafaqat xorijlik mehmonlar, balki yurtdoshlarimiz tomonidan ham sevib iste’mol qilinadigan bu taom viloyat oshpazlarining tashrif kog‘oziga aylanib ulgurgan. Tandir go‘shtining o‘zgacha ta’mi sirini so‘raganimizda esa, yosh, mohir oshpaz Qudrat Abrayev taomning go‘sht tanlanishidan tortib pishirish jarayonigacha gapirib berdi: “Tandir kabob tayyorlanishida ishlatiladigan qo‘y-qo‘zilar erta tongdan to qosh qoraygunga qadar vohamizning 100 dan ortiq turdagi o‘t-o‘lanlaridan oziqlanadi, daryo o‘zani va buloqlardan suv ichadi.

Shuningdek, ularning har kuni 10-15 km masofada harakatlanib o‘tlashi ham ulardan tayyorlanadigan tandir go‘shtining beqiyos mazali bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Uni tayyorlashda qo‘y, echki yoki tovuq go‘shtiga ziravorlar bilan ishlov berilib, vazniga qarab odatda 1 soatdan ko‘proq vaqt davomida tandirda pishiriladi.

“Boysun-bahori”-hayratlari-1

Bundan tashqari, tandir kabob tayyorlanishida tabiiylikka ko‘proq e’tibor qaratiladi. Hech qanday zamonaviy ta’m beruvchi vositalarsiz, sous, mayonezlarsiz faqatgina tog‘ archasi-yu, tog‘ zirasidan foydalaniladi”.

Xaqiqatan ham taomning aslidek mazali bo‘lishi uchun o‘z muhitining tabiati, suvi, tayyorlash usuli va eng muhimi — kerakli masalliqlarning to‘g‘ri tanlanishi kabi boshqa yerda topib bo‘lmas shart-sharoitlar ahamiyatga ega.

Shuningdek, mahalliy sotuvchilarning xorijlik mehmonlarga tatib ko‘rish uchun ilingan tog‘ rovochi, ko‘ksultonu tut mazasini chet ellik do‘stlarim Amerika yoki Yaponiyadagi mevalar ta’miga o‘xshatishga xarchand urinishmasin, bo‘lmadi. O‘zlari uchun yangicha xushta’m kashf etganliklarini e’tirof etishdi.

“Boysun-bahori”-hayratlari-2

Xalq o‘yinlari va milliy sport turlari

Xalq o‘yinlari azaldan ajdodlarimiz madaniy hayotining ajralmas qismi sifatida e’zozlanadi. Milliy o‘yinlarimizda elning turmush tarzi, mehnati, yutuqlari o‘z aksini topgan. Shu bois ular yosh avlodlarni tarbiyalashda “hayot maktabi” vazifasini o‘tagan. Aytishlaricha, yurtimizda xalq o‘yinlarining mingga yaqin turi mavjud. Ba’zi milliy o‘yinlarimiz zamonaviy sport turi maqomini olib, jahon miqyosida ommalashmoqda.

Xalq o‘yinlarimizning ham o‘z siri bor. Har bir o‘yin mag‘zi xalq ohanglari, milliylik, insoniylik, jasorat, fidoyilik kabi tuyg‘ularga boy.

Festivalda mana shunday o‘yinlarimizning jozibali ijrosiga guvoh bo‘ldik. Adirlarda qiyqirib varrak uchirayotgan bolalar quvonchi, tosh ko‘tarib yosh yigitlarni kuchli va baquvvat bo‘lishga undayotgan pahlavonlar xarakatlari, milliy liboslarda hazil-xuzul aytishuvlar aytib, arqon tortish o‘ynayotgan yosh navnixollar kulgisi, dovyurak dorbozlarning qiziqarli tomoshalari xalqimiz boqiy va go‘zal milliy o‘yinlarga naqadar boy ekanligini ko‘rsatdi.

Betakror tabiat qo‘ynida tashkil etilgan milliy kurash musobaqalari esa yaponiyalik sayyohda ayniqsa ko‘proq qiziqish uyg‘otdi. O‘z mamlakatidagi sport turlariga o‘xshash o‘zbek milliy kurash texnikasi haqida festivalda ishtirok etayotgan sport ustalaridan qiziqarli ma’lumotlarni so‘rab oldi.

Baxshili el

Surxon elida baxshisiz tadbir o‘tkazilmasa kerak. Tadbir sahnalaridan birida el suygan baxshilar xalq dostonlari va termalaridan kuylab, uzoq o‘tmish bag‘riga ohanglar og‘ushida sayohat qilishga chorlamoqda. Xorijlik sayyohlarda baxshilar ijrosi ham o‘zgacha qiziqish uyg‘otdi va bu san’at to‘g‘risida bilishga qiziqishdi. Surxon vohasining baxshichilik san’ati haqida baxshilarning o‘zlaridan eshitdik.

“Baxshichilik bizga bobomeros, deydi, O‘zbekiston xalq baxshisi Xushboq baxshi Mardonqulov. – Yoshim saksondandan oshgan bo‘lsa-da hamon “Alpomish”, “Kuntug‘mish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon” kabi dostonlarni kuylaganimda, butun vujudimda zavqu shavq jo‘sh urayotganini sezaman.”

Baxshi so‘zi “ma’rifat, ziyo ulashuvchi” ma’nolarini anglatadi. Soddaroq qilib aytganda, u qo‘shiq va dostonlarni yoddan kuylovchi, aytuvchi va o‘z ma’naviy merosini avloddan avlodga yetkazuvchi san’atkordir.

“Boysun-bahori”-hayratlari-3

Shuni his qildimki, “Boysun bahori”da el suygan baxshilar mushoirasi, bir shingil askiyasi ko‘ngillarga xush yoqib, insonning o‘zligini, qadimiy ildizlarini anglashga da’vat etdi. Unda do‘mbiralar tilga kirib, ovoz sozga, soz ovozga moyil bo‘lganda qalblar ohanglar asiriga aylandi. Boysunning moviy osmoni, bepoyon kengliklari baxshilar do‘mbirasiga jo‘r bo‘lib dillarga zavq-shavq ulashdi.

O‘tov-mehmonxonalardagi mehmondorchilik

Festival maydoni uzra yastangan, xalq amaliy san’ati namunalari bilan mohirona bezatilgan o‘tovlar quyosh tikkaga kelib kun qizigan pallada jonga oro kirishini xis qildik. O‘tovlardan birida mehmon bo‘ldik. O‘ziga xos, ko‘zni quvontiradigan serjilo kashtachilik ishlari, so‘zana, gajari gilamlaru shoyi bilan yasatilgan o‘tovda xorijlik do‘stlarim boshqa olamga tushib qolganday his qildi o‘zini.

“Boysun-bahori”-hayratlari-4

Ayniqsa, tashqarida kun qizigandan qizib turgan choshgoh mahali o‘tov ichkarisi shunchalar salqin va xushhavo ekanligi yanada hayratlantirdi. O‘tov egalari tog‘ ko‘katlaridan solib tayyorlangan yozning salqin ichimligi – ayron ichishni taklif qilishganda mehmonlar dastlab biroz ikkilanib tatib ko‘rishdi. Issiq kunda jonga rohat bag‘ishlaydigan bunday ichimlik mazasini bilgandan keyin esa qayta-qayta qilingan takliflarni bajonidil qabul qilishdi.

O‘tov egalari shunchalar mehmondust va samimiy ediki, tillar emas, dillar so‘zladi. Mehmon va mezbonlar uchun tabassum haqiqiy muloqot vositasi bo‘ldi. O‘tov egasi – Boysun tumanidagi “Ko‘chkak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bayrat Tursunov tushlikka bizni milliy taomlarimiz shoxi – osh bilan mehmon qildi.

“Boysun-bahori”-hayratlari-5

O‘zbek palovining dovrug‘ini eshitgan ammo mazasini hali tatib ko‘rmagan xorijlik do‘stlarim uchun bu voqea ham hayratlanarli edi. Ular dunyoning yana boshqa ko‘plab yurtlarida bo‘lib, u yerlarda ham tayyorlanadigan oshlardan iste’mol qilishgan edi. Ammo o‘zbek palovining mazasi o‘zgacha, eng zo‘ri, deya e’tirof etishdi.

Sayyoh sifatida milliy qadriyat, urf-odat, an’analarmizni yaqindan bilishga qiziqqan do‘stlarim uchun ko‘rsatilgan bunday izzat-ikromdan benihoya mamnun bo‘lib, “bu yerda ko‘rgan-kechirganlarim, Boysunda meni baxtiyor qilgan ajoyibotlarim haqida albatta hamyurtlarimga yetkazaman va ular ham O‘zbekistonga, ayniqsa, Boysunga kelishlari, “Boysun bahori” festivalida qatnashishlari kerak, deb o‘ylayman” – deydi yaponiyalik do‘stim Chiza Kameyama.

O‘tovda xordiq chiqarib, kechki gala konsertga borishdan oldin mahalliy xalqqa xos bo‘lgan bir qancha urf-odatlar, milliy hunarmandchilik namunalari bilan tanishdik. Chanqovuzning sehrli ohanglaridan bahramand bo‘ldik va o‘zimiz ham chalishga urinib ko‘rdik.

“Boysun-bahori”-hayratlari-6

“Chanqovuzdan soxir kuy taratish oson emas”, deydi boysunlik “Ko‘chkak” mahalla ayollari. – Chanqovuz – Surxon vohasining qadimiy va an’anaviy musiqa asbobi bo‘lib, u miloddan avvalgi I asrda paydo bo‘lgan. Unda ajdodlarimiz, asosan momolarimiz betakror kuylar yaratishgan. Azaldan chanqovuzni ko‘p ayollar nag‘ma qilib kelishgan. Suhbat-gurunglarda ham jo‘rlikda jonlantirishgan.

Yurtimizda ayni paytgacha chanqovuzning ikki turi bo‘lgan. Suyakdan chanqovuz yasashda asosan echki suyagidan foydalanishgan. Hozirgi kunda chanqovuzlar asosan temirdan yasalmoqda. Bundan tashqari, Surxon vohasida an’anaviy musiqa cholg‘ularidan sivizg‘a, qo‘shnay, g‘ajir nay, baxshilarga jo‘r bo‘lgan do‘mbira, qo‘biz keng tarqalgan”. Festivalda ilk marotaba xalqaro aeronavtika assotsiatsiyasi delegatsiyasi ishtirok etdi. Boysun uzra havo sharlari ko‘tarilib, samoga parvoz qilish sururini berdi.

“Boysun-bahori”-hayratlari-7

Xalq ruhining ko‘zgusi bo‘lgan folklor san’ati, mohiyatiga ko‘ra inson qalbida mehr-shafqat, muhabbat va do‘stlik, hamjixatlik kabi ezgu tuyg‘ularni uyg‘otadi. Folklor shuning uchun ham o‘z mavqei va go‘zalligini yo‘qotmay, xalq orasida hamon yashayapti. Bu yilgi tantanalarning asosiy qismini aynan har bir hududning o‘ziga xos milliy san’ati, liboslari, xalq og‘zaki ijodi namunalarining dasturlashtirilgan namoyishi tashkil qildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning badiiy jamoalari ishtirok etdi. Shuningdek, Tojikiston Respublikasining “Padida” teatr jamoasi, Afg‘oniston Islom Respublikasining taniqli hofiz-xonandalari Abdumajid va Abdurauf Adlxuiylar ham qo‘shni davlatlarning milliy liboslari, qadimiy kuy-qo‘shiqlari asosida tayyorlangan o‘z badiiy chiqishlarini namoyish qildilar.

“Boysun-bahori”-hayratlari-8

Yurtimizning har bir folklor jamoasi a’zosi sahnaga chiqib, u yoki bu xalq qo‘shiqlari, laparlarni ijro etganda, marosim raqslariga tushganda o‘sha davr ruhi va etnik qiyofasini tomoshabinlar yanada aniq his etishi uchun muzeylardagi nusxalari orqali tiklangan qadimiy liboslarda edilar. Ayniqsa, janda chopon, alak yaktak, bosma chakmon, mo‘ji, chork, to‘qima boysuncha do‘ppi bilan sahnaga chiqqan “Shalola” dastasi a’zolarining chiqishlari tadbirga o‘zgacha zavqu shavq berdi.

“Boysun-bahori”-hayratlari-9

Qisqasi, so‘lim tog‘ bag‘rida go‘zal tabiat manzaralariga uyg‘un milliy qadriyatlar tarannumi barchani mahliyo etdi. Aytish mumkinki, Boysun bahori xalqimizning boy tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati, moddiy va ma’naviy merosi boqiyligini ta’minlovchi va uni butun dunyoga targ‘ib qiluvchi tarixiy va boy manba bo‘lib qolishi shubhasizdir.

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.