Ultimate magazine theme for WordPress.

BUNI HAYOT DEBDILAR YOKI O‘G‘LIM ULUG‘BEKNING KUNDALIGI. Birinchi bob.

49

Muallif yigirma olti yillik mehnat mahsulini o‘quvchi hukmiga havola etmoqda. Kitobni qo‘lga olib, orqa-oldiga nazar tashlaysiz-u salmoqlab ko‘rib, beixtiyor o‘qishga tutinasiz. Keyin-chi? Chalg‘ib ketmaysizmi? Sahifalar qatidan o‘zingiz izlagan shohista va zarif sehrni, darddosh og‘riqlarni topsangiz chalg‘imaysiz. O‘qib, o‘rtoqlaringizga ham berishni taklif qilamiz.

NUSRAT RAHMAT

Hikoyalardan iborat roman

DEBOCHA

Yosh suxandonning ilk bor ekranda paydo bo‘lishi yoxud aktyorning birinchi marta sahnaga ko‘tarilishi arafasidagi hayajonini kuzatganmisiz? Bir necha daqiqalik muloqotning zohiriy salobati bosadi, boyaqishlarni.

Mening ayni lahzalardagi hayajonim ularnikidan chandon ustun. Chunki tanaffuslari bilan qo‘shib hisoblaganda naq yigirma olti yillik mehnatim mahsulini ilk bor hukmingizga havola etyapman. Shu tobda sizni bir necha soniya zimdan kuzatishni istardim. Tasavvurimcha, kitobni qo‘lga olib, orqa oldiga nazar tashlaysiz-u salmoqlab ko‘rib, beixtiyor o‘qish ga tutinasiz. Keyinchi? Chalg‘ib ketmaysizmi?! Sahifalar qatidan o‘zingiz izlagan shohista va zarif sehrni, darddosh og‘riqni topa olasizmi?!

Hozirgi kitobxon o‘ta talabchan, zukko, deyishadi. Lekin u andak sertashvish, loqayd, xudbin ham. Uning ixtiyorida televizorning qator kanallaridan tashqari, kompyuter, qiziqarli gazeta, jurnallar, disketlar, kassetalar, ulfatlar… Buning ustiga kitobxonimiz tinch, xotirjam emas: siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muammolar uni, oilasini chetlab o‘tmay di.

Fikr-mulohazalaringizni so‘ramoqchi emasman. Kitobxon, adabiyotshunoslarning tanqid yoki hamdu sanolariga ancha loqayd qaraydigan bo‘lib qolganman. Chunki qanday asar yaratilganini ijodkorning qalbi bularning baridan teranroq his etadi. Fikrimni kalondimoqlikka yo‘ymasligingizni o‘tinib so‘rardim.

Ostonangizga osoyishtalik bersin!

BIRINCHI KITOB

Buni hayot debdilar yoki o‘g‘lim Ulutbekning kundaligi_2

BUNI HAYOT DEBDILAR YOKI O‘G‘LIM ULUG‘BEKNING KUNDALIGI

Birinchi bob

SALOM, XAYOT!

Nihoyat, bugun — 1970 yilning 1 iyun kuni, naq tush mahali dunyoga keldim. Qani, hayot deganlarini ham bir ko‘raylik-chi, qanaqa bo‘larkan?!

Ilk bor his etganim, vujudimdagi zirqiroq og‘riq va men hali ko‘nikmagan sovuq muhit edi. Ovozim boricha chinqirib yig‘lay boshladim. Kimdir meni dast ko‘tarib oldi va iliqqina suvda cho‘miltirdi. Faryodimga esa hamon quloq solishmasdi.

— Uch yarim kilo, — dedi meni taroziga qo‘ygan hamshira sherigiga.

Aslida men sal kam to‘rt kilo edim. Ko‘ra-bila turib, tarozidan urib qolishdi-ya! Dunyoga kelganim zahoti og‘riq, sovuq va qalloblikka duch kelaman, deb o‘ylamagandim. Bunday paytda yig‘lamay kulasanmi kishi?!

— Namuncha baqiradi bu, — dedi javoban doya opa jerkigannamo qilib — istasang shu…

— Buni hayot debdilar — chidash kerak, — davom etdi ikkinchisi. So‘ng meni oppoq choyshabga o‘rashdi. Mazza qilib uxladim.

Uyg‘onsam, bir talay chaqaloqlar orasida yotibman. Ularni sizga tanishtirardim-u ammo nomlarini bilmaymanda. Zotan nomlarini bu nodon churvaqalarning o‘zlari ham bilishmaydi. Chunki ularga hali nom qo‘yilgan emasda! Mening ismim ham bahsliroq. Uyimizdagilar hanuz bir to‘xtamga kelolmay halak. Agar haqiqatdan ham o‘g‘il bo‘lib tug‘ilsam, buvim Ibrohim bo‘lishimni, dadam Zarafshon, oyim Ulug‘bek deb atalishimni istashadi. Menga esa baribir.

Ajabo! Yonimdagi qizaloq nega chinqirib yig‘layapti ekan-a? Yig‘loqi. Bu yonimdagisi ham boshladi… Demak men ham ko‘pchiliqdan chetda qolmasligim kerak!

Hammamiz jo‘r bo‘lib yig‘layotgan edik, doya opalar kelishdi-yu, bizni ko‘p kishilik aravachalarga yuklashdi. So‘ng nomerlarimizga qarab, onalarimizga ulashib chiqishdi…

Bemajolgina bo‘lib yotgan oyim meni avaylab bag‘riga bosdi. Entikib ketdi, quvonchdan bo‘lsa kerak, ko‘zlariga yosh oldi. Men mazza qilib sut ichdim.

Ona suti. Bu haroratli ne’mat ilk bor bo‘m-bo‘sh ichaklarim, huvillab yotgan oshqozonimni to‘ldirdi. Nazarimda olam munavvar bo‘lib ketdi. Yana uxladim.

* * *

Bugun uyga ketarmishmiz! Eh, naqadar soz! Hammadan ham oyimning shodligi behudud.

Kaminaga ruxsat berishdan oldin vrach allaqanday hujjatlarni to‘ldirdi. Kecha dadam olib kelgan tug‘ilish guvohnomamni ochib, eshitilar-eshitilmas o‘qidi va daftariga qayd eta boshladi.

— Rahmatov Ulug‘bek Nusratovich. Jinsi – er. Tug‘ilgan joyi — Samarqand rayon, Dashtaki bolo qishloq yig‘ini. Ha, tuzuk.

Tuzuk emish. G‘alatiku bu — kattalar. «Er» deb yozishganini ham kechirish mumkin. Ammo tug‘ilgan joyim masalasi ham chalkash. Kamina Samarqand shahridagi birinchi tug‘uruqxonada dunyoga kelganimni barilari baloday bilishadi-ku! Nega endi ko‘ra-bila turib noto‘g‘ri yozishadi?

Mayli, sadqai asab!

Mayli, xayr, kindik qonim to‘kilgan dargoh!

Xayr, oq xalatli mehribonlar!

Meni hamshira opa ko‘tarib olib, xuddi o‘zi tuqqanday tantanavor yo‘l boshladi. Oyim ichki bir hayajon, cheksiz bir entikish bilan bizga ergashdilar.

Eh-he, tashqari naqadar keng, yorug‘, sarhadsiz… Bo‘sag‘ada bizni anchayin kishi kutib o‘tirgan ekan. Eng avval odmigina kiyingan kampir (buvim bo‘lsalar kerak) biz tomon intilib, oyimning peshanasidan o‘pdilar, keyin kaminaning. Hamshira opaning cho‘ntagiga bo‘lsa allaqanday uvada qog‘ozni solib qo‘ydilar. Dadam andak kalovlanib turgach, qo‘llaridagi gulni oyimga tutqazdilar. Uning hidi dilkash, bo‘yoqlari serjilo edi. Shofyor amaki mashinasini bizga yaqinroq tislab, eshikni ochdi. Meni avaylabgina ko‘tarib olgan buvim oldingi o‘rindiqqa, qolganlar esa orqaga o‘tirishdi. Mashina katta yo‘lga tushdi. Ko‘cha keng, gavjum edi. Sertashvish odamlar, g‘izillagan mashinalar bir-birlariga gal bermay sarosimalanishardi.

Kabinadagilar nuqul kulishadi. Xazil-mutoyiba qilib, oyim bilan kaminaga hamdu sanolar o‘qishadi? Nazarimda, hayot deb atalgan bu dunyo juda xushchaqchaq qurilganday. Omon bo‘lsak, ko‘raveramiz.

Men uzun yo‘l haqida o‘ylayman: u olismikin, qiyinmikin?! Shu xushfe’l va sertabassum odamlar menga hamisha hamrohmikinlar?!

Uyimizda ancha-muncha kishi kutib o‘tirgan ekan. Ular ham xurramlik va hayajon bilan bizni qurshab olishdi, oyimni qayta-qayta muborakbod etishdi, kaminaga ham shirinzabonliklar qilishdi. Men esa o‘zimni uyquga urib yotaverdim. Shunisi ma’qul. Tantanalardan taltayib ketish erkakning ishi emas.

Xonadonimizda chinakamiga bayram bo‘lib ketdi.

Davomi bor.

 

keyingi sahifa