Ultimate magazine theme for WordPress.

BUNI HAYOT DEBDILAR YOKI O‘G‘LIM ULUG‘BEKNING KUNDALIGI. Ikkinchi bob.

43

Ikkinchi bob

Buni hayot debdilar yoki o‘g‘lim Ulutbekning kundaligi_2

MENING BUVIJONIM

Uyimizda bugun allaqanday marosim borga o‘xshaydi. Mo‘ylovi endigina sabza urgan amakim, ammalar-u xolalarim ham shu yerda.

Nihoyat yangi beshikni erinmay, hafsala bilan jihozlagach, buvim pichirlab uzoq duo o‘qidilar, so‘ng kaminani uning oppoq choyshabi ustiga ag‘anatdilar. Indamay yotaverardim-u ammo oyoqlarimni zichlab bog‘lagandan keyin ovozim boricha chinqirib yig‘lay boshladim. Hademay qo‘llarimni ham bog‘lashdi. Naqadar zolimlik! Axir, men qo‘l-oyoqlarimni tipirchilatib yotishni xush ko‘rardimku! Ozodlik deb ataladigan huzurbaxsh tuyg‘uga, erkka kishan solish jaholat emasmi, axir?! Sitamkorlar beshikning yopinchig‘ini ham berkitishdi va men zulmat qo‘ynida qoldim. Shu payt kimdir beshik ustiga bir hovuch tanga sochib yubordi: bolakaylar qiqirlab kulishganicha pul terishga kirishishdi. Alam qiladida: sen zulmatda kishanband bo‘lib, qaqshab yotsang-u bu xumparlar pul to‘plash payida bo‘lishsa. Yig‘layveraychi, ehtimol shafqat tomirchalari ham tepib qolar bu berahmlarning?! Ancha-muncha to‘polon qilardimu ammo buvim shunday yoqimli alla boshlab yubordilarki, quloq solmay ilojim yo‘q edi.

Alla aytay, sho‘xlik qilmay quloq solgin, charog‘im,
Ko‘zmunchoqday ko‘zlaringni yuma qolgin, charog‘im.
Qo‘zichoqday shiringina uxlab olgin, charog‘im —
Momongni sen quvonchi bo‘l,
Qarog‘i bo‘l, charog‘im!
Charog‘im-o
Charog‘im-o
Charog‘im…

Alla elitib, uxlab qolibman.

Ertasi ham, indini ham bu hol takrorlanishini hali bilmasdim. Ha, aynan takror edi: ertalab apil-tapil ishga jo‘nashadi-yu, kechqurun ostona xatlash bilan men tomon intilib, dag‘al, gohida badbo‘y qo‘llari bilan nozik yuzlarim, qo‘llarimni silab-siypamoqchi bo‘lishadi, duch kelgan joyimdan o‘pib, ozor berishadi. Harqalay buvim ularni koyib haydaydilar-u jonim orom topadi.

Mening buvijonim! Uyimizda u kishi bilan hisoblashishadi, gaplarini ikki qilishmaydi. Buning ustiga u kishi juda ziyrak: qornim andak ochqasa oyimdan ham avvalroq sezadilar. Keyin buyruq ohangida qornimni to‘yg‘azishni tayinlaydilar. Oyijonim ham itoatkorona ko‘kraklarini tutadilar: qornim to‘ygach, olam munavvar bo‘lib ketadi. Ko‘zlarimga uyqu tiqilganini ham bayon etolmayman, ammo buvim yuzimga yengilgina nigoh tashlashlari bilan barini ilg‘ab oladilar, bunga ham qanoat qilmay, yengilgina alla boshlab yuboradilar. Bu xirgoyilar shu qadar dilkashki, ta’rifga so‘z ojiz. Satrlar qatida iltijo-yu sehr, hazinligu, yupanch, kinoya-yu sarxushliklar jamuljamu jo-bajo bo‘ladi. Olis-olislardan miltiq ovozi eshitilsa, yig‘i tovushi kuloqa chalinsa, boyqush uzib-uzib nola qilsa, mana bu allani aytadilar:

Balolardan, qazolardan alhazar,
Noxush-noxush sazolardan alhazar!
Ostonamni omon saqla, O‘zginang
Nogoh tuhmat,
Jazolardan alhazar!
Alhazar-o
Alhazar-o
Alhazar…

Gohi-gohida esa yurakni o‘rtantiradigan, hatto kattalarni ham xomush qilib qo‘yadigan mahzun alla yangrab qoladi. «Qaylarda qolding kechqurun», degan so‘roq takrorlanib turadigan bu qo‘shiqda qo‘shnining cho‘loq o‘gli sandal atrofida o‘tirgani, podachi oshhalol aytib ketgani, saman tikka turganicha mizg‘iyotgani, ammo hamon chavandoz yigitdan darak bo‘lmayotgani og‘ir dard bilan kuylanar, savol bot-bot takrorlanardi:

Qaylarda qolding kechqurun,
Qaylarda qolding kechqurun?

* * *

Amakim meni ko‘chaga olib chiqdilar. Turfa tovushlar va bo‘yoqlardan ko‘zim qamashib ketdi. Rango-rang mashinalar g‘izillab o‘tar va men ular ortidan hayrat bilan tikilib qolardim.

Diqqatimni darvozamiz oldidagi ariq va uning sohiliga bog‘lab qo‘yilgan qo‘zichoq tortdi. Ariqchada zilol suv shildirab oqar, uning qo‘shig‘i rohatbaxsh edi. Sohilda ayqashib yotgan giyoxdar ham bir-biriga o‘xshamasdi. Qo‘zichoq bilan nigohlarimiz to‘qnashdi: menga o‘xshab uning ham dunyoga kelganiga ko‘p vaqt bo‘lmagani bilinib turardi. Mehrim jo‘sh urib unga qo‘l cho‘zdim — amakim muddaomni tushundi, shekilli, unga yaqinroq olib bordi. Lekin nodon qo‘zi bizdan cho‘chib qochmoqchi bo‘lganda, bo‘ynidagi arqon uni zarb bilan tortdi. G‘alati. Nechun uning nozik bo‘yniga chilvir bog‘lashdiykin?! Bu o‘ta battollik, zolimlik emasmi?! Xaloskor buvisimi, amakisimi yo‘qmikin boyaqishning?! Azbaroyi achinganimdan uning jingalak po‘stinini silab qo‘ymoqchi bo‘ldim-u buni uddalolmadim.

Shu payt e’tiborimni bir novcha amaki tortdi: u dag‘al ovoz bilan menga murojaat qildi:

Ha, rijiy! Ko‘chaga chiqdingmi? Iya, tishing ham yo‘q-ku, san kemshikning?!

U shunday dedi-yu qah-qah otib kuldi. Menga alam qildi: baralla yig‘lab yubordim. Nega kamsitadi bu novcha, naynov?! Sariq bo‘lsam nima qilibdi? Dadam bilan ammamning ham sochlari sariq-ku!Qolaversa, ariq bo‘yidagi gullar ham… Tishing yo‘q emish. Buvimning tishlari bo‘lmasa xamki hammadan yaxshilar-ku! Men suyak g‘ajirmidimki, kurakday-kurakday tish kerak bo‘lsa?! Kallavaram! Vaysaqi!

Ovozimni eshitib, buvim yugurib chiqdilar. Meni xavotirona ichkariga olib kirdilar-u, amakimni rosa urishdilar.

— Chillasi chiqmagan go‘dakni ko‘chaga olib chiqasanmi, nodon?! Halol bor, harom bor, nas bor…
So‘ng amakimni qo‘yib, o‘sha qaltiragan kuyi oyimga o‘girildilar:

— Qanaqa lakalov, landavur ayolsiz?! Bolani bozorga olib borsa ham lallayib o‘tiraverasizmi?! Ayol ham shunaqa lattachaynar bo‘ladimi?! Agar shunga ko‘z-po‘z tegsa…

U kishi uzoq javradilar. Amakim bilan oyim o‘zlarini oqlash uchun bir nimalar deb duduqlanishdi. Buvim zudlik bilan isiriq tutatdilar: achimsiq tutun tomog‘imga tiqildi, ko‘zimni achishtirdi, ammo yig‘lamadim.

Shu bo‘ldi-yu ko‘cha mening orzu-armonim, maqsad-muddaomga aylanib qoldi. Darvozadan chiqib, sershiddat mashinalarni, ariqdagi zilol suvni, ko‘zlari osmonrang qo‘zichoqni qo‘msaydigan bo‘lib qoldim. Buvim bo‘lsa muddaomni fahmlab, yengilgina koyib qo‘yardilar.

— Bekorlarni aytibsiz! Ha, noma’qul qilibsiz! Sizga hali erta!

* * *

Oyim ishga chiqqanlaridan beri huvillagan hovlida buvim ikkalamiz qolyapmiz. Endi qornim ochqaguday bo‘lsa, u kishi so‘rgich kiydirilgan shishani ilitadilar-u avval o‘zlari tatib ko‘radilar, so‘ng og‘zimga suqadilar. Bu taom gohida andak issiqroq yoki sovuqroq bo‘lishi ustiga chuchmal ham. Shunga qaramay sarkashlik qilmayman — shosha-pisha oshqozonimni do‘ppaytirib olaman. Chunki busiz ham momojonimning tashvishlari oz emas: mollarga yem solish, ovqat pishirish, kir yuvish.. Eh-he! U kishining oldilariga gohi-gohida Jamila momo degan, bukchayib qolgan dugonalari keladi. Salom-alikdan keyin kelinidan hasrat qiladi. Buvijonim ham ma’qullaganday bo‘lib turadilar.

— Hozir siz aytgan u kelinlar yo‘q.

— Hammasi notavon, injiq, — jon kiradi Jamila momoga, — o‘g‘limga aytaman: bunday zarbingni o‘tkaz, deyman.

— E, hozirgilar xotinidan qo‘rqadi. Buzoqning o‘zi…

Nihoyat giybat poyoniga yetadi. Keyin Jamila momo buvimga yalingannamo qilib, kitob o‘qib berishni so‘raydilar. Buvijonim ko‘zlari yaxshi o‘tmasligini vaj qilib tursalar hamki, erinmay ko‘zoynaklarini topadilar, so‘ng ustiga urinib ketgan duxoba o‘ralgan kitobni olib, duch kelgan sahifadan o‘ngdan chapga qarab, hijjalab o‘qiy boshlaydilar.

«…alqissa, Ibroyim Ahtam sarbondan so‘radi: «Ey sarbon, Balxda ne kechmishdur?» Ul javob ayladi: «Balxda qiyomat qoyimdur – shahanshohi olampanohning yakkayu yagona ojizalari Malikai Xo‘bon olamdan ko‘z yummishdur». Ibroyim Ahtam zor-zor, chun abri navbahor yig‘lab, aytgoni buturur…».

Bu yog‘ini alla aytganday xirgoyi qilib ketadilar. Jamila momo piq-piq yig‘lay boshlaydi. U kishining ko‘z yoshlaridan ta’sirlangan buvim yana ham cho‘zibroq nola qiladilar.

Davomi bor.

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa