Ultimate magazine theme for WordPress.

ERKINJON TURDIMOVDAN MAHORAT DARSI

47

Mamlakatimizda 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan “LIDERLAR ONLAYN MAKTABI” tashkil etildi.

Mazkur loyiha partiya safidagi a’zolarning 52 foizini tashkil etuvchi yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy bilimlarini mustahkamlashga, shuningdek partiyaning kadrlar va deputatlikka nomzodlar zahirasini yoshlar hisobidan shakllantirishga hamda mamlakat siyosiy elitasining yangi avlodini tarbiyalashga qaratilgan.

Siyosiy ta’lim berishga ixtisoslashgan loyiha ikki yo‘nalishda: mansabdor shaxslarning rahbarlik tajribasini keng ommalashtirish, davlat homiyati faoliyatini ochiqligini ta’minlash va vakillik organlari bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yishga qaratilgan onlayn ochiq muloqotlar hamda video darslar asosidagi siyosiy o‘quvlar shaklida partiya tarixida birinchi marotaba tashkil etilmoqda.

E’tiborga molik jihati shundaki, unda nafaqat mamlakatimiz davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari, balki xorijda faoliyat yuritayotgan rahbarlik lavozimidagi vatandoshlarimiz bilan ham onlayn ochiq muloqotlar o‘tkaziladi.

Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 12 iyuldagi videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek: “Biz partiyalar safini bilimli, tashkilotchi va vatanparvar yosh kadrlar bilan to‘ldirishimiz lozim. Siyosiy partiyalar xodimlari partiya ishida toblanishi, shundan so‘ng davlat organlari va hokimliklar tizimidagi turli lavozimlarga, jumladan, deputatlik lavozimlariga asosiy zahira bo‘lishlari darkor. Bu partiyada ishlash uchun asosiy omil va rag‘bat bo‘lib xizmat qilishi kerak”.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Mamlakatimizda hokimlar maktabi bormi? Deputatlar aynan qaysi dargohdan yetishib chiqadi?

Bu savollarning nazariy asosini qonun tashkil etsada, biroq mazkur savol o‘rinli. Sababi, kundalik hayot saylovchining talablarini qonun doirasida qondirishda demokratiyaning noziri bo‘lgan partiya oldiga munosib nomzodlarni tarbiyalash borasida bir qator vazifalarni qo‘yadi. Bugun 150 nafar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 8 mingdan ziyod mahalliy Kengash deputatlari yoki 200 dan ziyod tuman-shahar hokimlarining ish samaradorligi aynan shu omillarga bog‘liq ekanidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yosh depututlarning soni atigi 2 foizni tashkil etadi. Partiyadan saylangan mahalliy kengashlardagi deputatlarning 2.8 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar tashkil etmoqda.

Erkinjon-Turdimovdan-mahorat-darsi-2

Xo‘sh, nima uchun partiya a’zolarida yoshlar qatlami yetakchilik qiladi-yu, ularning soni yosh deputatlar safida kam?

Mamlakatimizda siyosiy islohotlar shiddat bilan olib borilayotgan ayni paytda “Yoshlar parlamenti”ning tashkil etilishi ham ayni muddao bo‘ldi. Bu borada partiyaning “Yoshlar qanoti” imkoniyatidan foydalanish siyosiy islohotlarning mag‘zini chiqadigan, yangi avlod kadrlarini tarbiyalash borasidagi muhim tashabbusdir.

Chunki bu masala yillar davomida paysalga solib kelingani, yoshlarning qonunchilikni takomillashtirish borasidagi tashabbuslariga e’tibor xaminqadar bo‘lgani, bu vaqtda esa dunyo siyosiy tizimida siyosiy kuchlarning “Yoshlar qanotlar”ini rivojlantirish bo‘yicha sa’yi harakatlari avj olgani bor gap. Qolaversa, parlamentga yo‘l – parlament binosidan emas, balki maktab partasidan boshlanishini dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribasi ko‘rsatib turibdi.

Shu bois, kadrlarning yetakchilik qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan “Liderlar onlayn maktabi” loyihasini tashkil etish O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham alohida belgilab qo‘yilgani bejiz emas. Shundan kelib chiqib, partiya “Yoshlar qanoti” tomonidan yoshlar orasida liderlarni tarbiyalash maqsadida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida namunali faoliyat ko‘rsatgan yetakchilar tajribasiga tayangan holda chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

“Liderlar onlayn maktabi” loyihasining ilk ishtirokchisi Samarqand viloyati hokimi, Senator, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zosi Erkin Turdimov bo‘ldi.

Mazkur onlayn uchrashuvda yoshlarning: “Dastlabki, uchta viloyat hokimi bo‘lgan rahbar sifatida ilk qadamlaringizni nimadan boshlagansiz?”, – degan savoliga hokim E.Turdimov quyidagicha javob berdi:

Erkinjon-Turdimovdan-mahorat-darsi-3

DOLZARB MASALANING ECHIMINI DONO XALQ VA AMALIYOT BERADI!

E.Turdimov: Mutaxassisligim banklarda hisob-kitob yuritish, bank ishi bo‘lgani bois, Guliston sanoat qurilish bankida oddiy mutaxassis sifatida dastlabki faoliyatimni boshlaganman. Keyin Zarafshon shahrida “Sanoatqurilishbank” rahbari bo‘ldim. Zarafshon shahar hokimiyatida Iqtisod masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimida bir yil ishladim. Undan so‘ng Navoiy viloyati “Milliy bankka” rahbar etib tayinlandim. 2000 yilda Xatirchi tuman hokimi bo‘ldim. Hokimlik faoliyatim aynan shu yildan boshlandi. Faoliyatimni to‘g‘ri tashkil etishda xalq dardini tinglash va unga munosib yechim topish eng asosiy mezon bo‘ldi.

Bugun davlatimiz siyosatining eng katta maqsadi ham shu. “Xalqimiz yaqin kelajakda emas, ertaga emas, balki bugun yaxshi yashashi kerak”, – degan ezgu g‘oya bilan ish olib boryapman. Xuddi shu masala hokimlikni ham bosh maqsadiga aylanishi kerak.

Ochig‘i ilk hokim bo‘lganimda, “…ishni nimadan boshlash kerak?, Hokimlik nima ekan?”, – deb o‘ylaganman. Lekin xalqning o‘zi muammolarini ko‘tarib, talablarni qo‘yadi. O‘zini hurmat qilgan rahbar shu muammo qayerdan paydo bo‘layapti, yechimi qanaqa, deb izlanadi. Tajriba shu tariqa o‘z-o‘zidan shakllanib boradi. Ma’lum vaqt o‘tgandan keyin o‘sha hududni rahbari o‘zini nima ish qilishi kerakligi borasida o‘z yo‘nalishlarini asta-sekin belgilab oladi.

Albatta, faoliyat yo‘nalishlarini aniqlashda rahbar uchun bosh mezon bu eng avvalo, Konstitutsiya va mahalliy hokimiyat to‘g‘risidagi qonun va boshqa bir qator normativ hujjatlardir.

AYOL RAHBAR ALDAMAYDI

L.Muhitdinova, O‘zMTDP Toshkent shahar kengashi “Ayollar qanoti” yetakchisi: “Rahbarning jinsi bormi, ya’ni Sizningcha, rahbar erkak kishi bo‘lishi kerakmi yoki ayol, ayollarni hokim lavozimida faoliyat yuritishiga qanday qaraysiz?”

E.Turdimov: Avvalo, qo‘lidan kelgan odam rahbar bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Rahbarlikda jinsga qaramaslik kerak. Agar eplasa, ayol kishi ham rahbar bo‘la oladi. Agar biz ayol kishi, erkak kishi, deb ajratsak, jamiyatda adolatsizlik yuzaga keladi. Qolaversa, bugun davlat siyosati gender tengligini ta’minlash masalasini kun tartibiga qo‘ygan. O‘ylashimcha, ayol rahbar bo‘lsa, yaxshi. Amaliyotdan ma’lumki, ayol aldamaydi, to‘g‘risini aytadi qo‘yadi. Ayol rahbarlarni men qadrlayman.

A.Akbarov, O‘zMTDP Namangan viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Zamonaviy rahbarda qanday xususiyatlarni qadrlaysiz?”

E.Turdimov: Umuman olganda, keyingi paytlarda “zamonaviy rahbar” tushunchasi urfga aylanayapti. Ammo, rahbarlar doimo bir xil bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Zamonga qarab hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun hamma rahbarlar zamon talablarini seza olishi kerak. “Zamonaviy” degani o‘zi nima?

Hamma zamonda quyidagi sifatlar rahbar uchun muhim:

  • birinchidan, yetakchi bo‘lishi shart;
  • ikkinchidan, tashkilotchi va adolatli bo‘lishi shart.

Agar yetakchilik va tashkilotchilik bo‘lmasa, bu ham qiyin. Rahbar hamma sohada chuqur mutaxassis bo‘lmasligi mumkin, buning imkoni ham yo‘q, ammo u tashkilotchi bo‘lsa, adolatli bo‘lsa, uning yetakchilik qobiliyati yetarli bo‘lsa, o‘sha tashkilotda, hududda ish yaxshi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuning uchun ana shu kabi shaxsiy fzilatlari borlarni rahbar etib tayinlash kerak. Rahbar aqlli bo‘lishi bilan birga farosatli bo‘lishi darkor. Chunki, aql bilan farosatda gap ko‘p. Farosatli odamlarni ko‘proq rahbar qilish kerak.

Erkinjon-Turdimovdan-mahorat-darsi-4

HOKIMLARNI SAYLASH BORASIDAGI FIKRIM IJOBIY

M.Xolbekov, O‘zMTDP Jizzax viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Ba’zi bir rahbarlarning partiyaga a’zoligi tez-tez almashib turadi. Siz tuman hokimi bo‘lgandan buyon “Milliy tiklanish” partiyasidasiz. Aynan nega siz “Milliy tiklanish” partiyasini tanlagansiz, shu bilan birga, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan hokimlarni saylash masalasiga qanday qaraysiz?”

E.Turdimov: Men O‘zbekiston “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasiga a’zo bo‘lganman. Keyinchalik “Fidokorlar” partiyasi “Milliy tiklanish” bilan birlashdi. Lekin hozirgacha partiyani almashtirish masalasini o‘ylamaganman. Bunaqa fikr hayolimga ham kelmagan.

Men uchun partiya o‘z yo‘liga, ish o‘z yo‘liga. Hokimlikka saylangandan keyin, albatta betaraf pozitsiyada bo‘lish kerak. Shuning uchun ham iloji boricha mana shu ikkita mas’uliyatli ishni bir-biriga aralashtirib yubormaslikka harakat qilaman.

Hokimlarni saylash kerak. Bir kun kelib shunga erishamiz ham. Lekin ayni vaqtda: “Saylovchilar shunga tayyormi?”, degan masala ham bor. Bugungi saylovlarimiz shuni ko‘rsatib turibdiki, ayrim hollarda aholi mahalliychilik, urug‘-aymoqchilikka berilib ish tutishadi. Shu nuqtai nazardan, biz bu masalani ikki tomonlama obdon o‘rganib, keyin bir qarorga kelishimiz kerak. Mening hokimlarni saylash borasidagi fikrim ijobiy.

O‘zimga ham bu to‘g‘risida savollar kelib tushgan, men hech qachon bunga qarshi chiqmaganman. O‘ylaymanki, bu vaqt ham keladi. Hokimlarni xalq saylasa, hokimlarni o‘ziga ham yaxshi: unda mustaqil qaror qabul qilish uchun imkoniyatlar kengayadi va xalqning oldida ma’suliyati oshadi. Chunki, u ijro hokimiyati oldida emas, balki ko‘proq o‘zini saylagan hududiga hisobdor bo‘ladi. Biror qaror qabul qilishdan oldin u o‘zini saylagan aholi fikrini o‘rganadi va unga tayanadi.

OTA-ONAM – BIRINCHI USTOZIM

M.Ahmedov, O‘zMTDP Toshkent viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Siz bugunga qadar uchta viloyatda hokim bo‘ldingiz, shu darajaga erishishingizda Sizga kimlar ustozlik qilgan. Milliy an’anamiz bo‘lgan “ustoz-shogird” maktabiga qanday munosabatdasiz. Sizning ham shogirdlaringiz bormi, bor bo‘lsa, sanab o‘tsangiz?”

E.Turdimov: Ikkinchi savoldan boshlasam. Ustoz-shogird an’anasini qo‘llab-quvvatlayman. Mana hozirgi “Liderlar onlayn maktabi” ham qaysidir ma’noda ustoz-shogird an’anasini yodga soladi. Kimdir o‘ziga saboq olib, kimnidir ustoz deb bilib, o‘sha insonga taqlid qilib o‘rganishga harakat qiladi.

Umuman, o‘z-o‘zidan bir mutaxassis yoki yetuk bir shaxs shakllanmaydi. Unga kimdir ustozlik qiladi. Nafaqat bir kishi balki, o‘nlab, balki yuzlab insonlar unga ustozlik qiladi. Kimlardir ko‘rishmasdan o‘shanday insonlarning kitoblarini o‘qib, fikrlarini o‘ziga jamlashi mumkin. Shu nuqtai nazardan, ustoz-shogird an’anasi juda ham yaxshi. Ustoz-shogird bo‘lmaydigan bo‘lsa, jamiyat rivojlanmaydi.

Jamiyat nima uchun rivojlanayapti? Ustoz-shogird an’analariga sodiq bo‘lgani uchun rivojlanayapti. Zero, ustoz ilmning elchisi, ulashuvchisi. Ilm esa tarraqiyotning asosi. Qayerda ilmga asoslangan ishlab chiqarish bo‘ladigan bo‘lsa, o‘shalarni bugungi kunda mahsuloti o‘tayapti, o‘shalar rivojlanayapti.

Ilmga asoslangan davlatlar ham xalqini rozi qilib, katta ishlar qilayapti. Shuning uchun ham ustoz-shogird an’analari ham juda kerakli yo‘nalish, uni rivojlantirish zarur. Shu bilan birga, meni shakllanishimga birinchi navbatda, ota-onam sababchi bo‘lgan, deb baralla aytishim kerak.

Men shogirdlarimni nomma-nom aytib o‘tsam, bu to‘g‘ri bo‘lmaydi. Agar faoliyatim davomida men bilan birga ishlagan insonlar o‘zlari meni ustoz, deb bilishsa, men ham juda xursand bo‘laman.

Jamshidbek Aliyev, O‘zMTDP Surxondaryo viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Ijtimoiy tarmoqlardan ma’lumki, Siz, faoliyatingiz davomida ma’naviyat va ma’rifat masalasiga alohida e’tibor berasiz. Misol uchun kitobxonlik haqidagi videorolikda ishtirok etgansiz. Hokimlarning shu kabi ijtimoiy loyihalarda ishtirok etishiga, yoshlar bilan, aholi bilan yaqin bo‘lishiga nima xalaqit beradi?”

Erkinjon-Turdimovdan-mahorat-darsi-5

E.Turdimov: Hech narsa halaqit bermaydi. Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Ko‘pchilik rahbarlar shakllanib bo‘lgan. Sobiq ittifoq tarbiyasini olgan, o‘tish jarayonida tarbiya olgan odamlarni mana shu qolipdan chiqib keta olmaydigan holatlari bor. Ko‘pchilik rahbarlarda qo‘rquv bor. Ularni ham fikrlari bor. Ko‘rishib gaplashganda yaxshi fikrlar aytadi. Lekin shunaqa holat bor, o‘z fikrini to‘laqonli bayon eta olmaydi.

Ammo bu ham vaqtinchalik. Mana o‘tgan yilgi holat bilan bu yilgi holatni teng, deb solishtirib bo‘lmaydi. Ishonamanki, bu jarayonlarda yildan yilga katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Mana hozir davlatimiz rahbari tomonlaridan yetarlicha sharoit yaratib berilmoqda. Masala rahbarlarning o‘zida. Ammo eski tizimni ko‘rgan rahbarlar ko‘p o‘tirmayapti. Ularning o‘rniga yoshlar kirib kelyapti. Uzoq kelajak emas, yaqin orada bu masalalarning hammasi o‘z joyiga tushib ketadi.

BIZNI OSMONGA KO‘TARADIGAN HAM YOSHLAR VA AKSINCHA…

I.Tursunov, O‘zMTDP Navoiy viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Har bir hokimning kun tartibi bo‘ladi. Sizning kun tartibingiz qanday? Unda yoshlar masalalari qanchalik o‘rin tutadi?”

E.Turdimov: Ish faoliyatimning ko‘p qismi Navoiy viloyatida o‘tgan. Navoiy viloyati yoshlari bilan ham ko‘p uchrashganmiz o‘sha paytlari. U paytlari Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev Bosh vazir edilar. Ularning tashabbuslari bilan Navoiy shahrida yoshlar markazi qurilgan. Yonida hiyobonlar, hovuzli bog‘lar barpo etilgan. Juda ko‘p uchrashuvlar bo‘lardi. Tashabbuskor yoshlar ko‘p, yana Navoiyda raqamli texnologiyaga qiziqadigan yoshlar juda faol bo‘lgan, hozir ham juda faol.

Men kun tartibimni hamma tuman hokimlariga ularning tadbirlariga to‘g‘ri kelib qolmasligi uchun bir hafta oldin yozib, jo‘natib qo‘yaman. Kun tartibim, ish rejam bir hafta oldin, umumiy konsepsiyamiz olti oylik reja bor, uni hokimlik soatida ko‘rib boramiz va olti oy oldin joylarga tashlab qo‘yamiz. Barcha hokimlarning ish tartibida yoshlar masalalari bo‘yicha albatta alohida band bo‘ladi. Sababi, bu masala bo‘yicha doim so‘rov bo‘ladi.

Zero, bugunning talabi ham shu. Eng katta qatlam yoshlar, eng katta muammo ham yoshlar, borni bor qiladigan ham yoshlar, borni yo‘q qiladigan ham yoshlar. Bizni osmonga ko‘taradigan ham yoshlar, va aksincha. Ular bilan bugun hisoblashmasak, noto‘g‘ri bo‘ladi, shuning uchun ham davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi yoshlar masalasi.

Men har chorshanba kuni viloyat yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazaman, shuningdek tuman hokimlari joylarda muloqotlarni tashkil etmoqdalar. Ishga joylashtirish masalalari, yoshlarga yerlar bo‘lib berish masalalari, yoshlar bog‘lari barpo etish masalalari bo‘yicha juda katta ish olib borilyapti. Bu ishlar albatta, o‘z natijasini ko‘rsatishi kerak, real misollar ham bor bu bo‘yicha. Shuning uchun yoshlar bilan ishlash va yoshlar masalalari doimiy kun tartibimizda bo‘ladi.

Erkinjon-Turdimovdan-mahorat-darsi-6

PARTIYA O‘TKIR MASALALARNI HOKIMNING OLDIGA QO‘YISHI KERAK!

A.Sultanov, O‘zMTDP Xorazm viloyat kengashi “Yoshlar qanoti” faoli: “Viloyat rahbari sifatida partiyaga mansublikni qanday his qilasiz? Ya’ni hokim sifatida betaraf bo‘lish va bir vaqtning o‘zida partiya pozitsiyasini qanday himoya qilish mumkin?”

E.Turdimov: Hokim ko‘proq betaraf bo‘lgani ma’qul. Lekin partiya yo‘nalishlari bor, Ustavi bor, mana shu yo‘nalishlari bo‘yicha ish tutib, saylovchilar bilan ham uchrashayotganimizda va boshqa masalalarda o‘zimizni yordamimizni beramiz, albatta. Lekin bir narsani tan olishimiz kerak, partiyaning o‘rni va roli talab darajasida emas. Odamlarimiz uchrashuvlarda partiyalar nega jim bo‘lib ketdi, nega ishlamayapti, saylov payti bong urgan partiyalar qani, degan savollarni qo‘yadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘qib qolamiz, lekin bularning hammasini asosli, deb bilamiz.

Partiyaning rolini o‘zim ham aytadigan bo‘lsam, mana O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi misolida oldingi bir yoki ikki yil oldingi partiyaga nisbatan ancha jonlanish yuqori, ikki, uch karra jonlandi. Lekin, bu jonlanish yetarli emas. Partiyaning qonuniy asoslar mustahkamlandi, endi partiyaning ishlarini zamon talabiga mos tashkil etish kerak. Shu nuqtai nazardan barcha partiyalar nazarimda bir xil, teng ketayati, lekin odamlar talab qilayotgan darajaga yetib borganimiz yo‘q. Bizlarning ham bu yerda sustkashligimiz bor albatta, bizlar ham shu partiya a’zosimiz.

Harakat qilishimiz kerak, partiyalar ham o‘zining nomzodiga keskin talablar, keskin tanqidiy fikrlar bildira olishi kerak, o‘tkir masalalarni hokimning oldiga qo‘yishi kerak, partiya tashabbusi bilan shu masala hal bo‘ldi, degan yangilik ko‘payaversa, odamlar shu partiyaga intila boshlaydi, shunda partiyani obro‘si osha boshlaydi. Agar partiya masalani ko‘tarib chiqsa-yu, masala hal bo‘lmasa unda partiyaning obro‘si kamroq bo‘ladi.

Shuning uchun, mening taklifim – partiya ko‘proq masalani ko‘tarib chiqishi kerak va masalani hal bo‘lganini xalqqa ko‘proq ko‘rsatib berishi kerak, shunda partiyaga ham reklama bo‘ladi. Shu ishlarni kuchaytirsak, partiya ham ancha rivojlanadi, eng asosiysi mana shu Ustavda yozib qo‘yilgan maqsadimizga erishamiz. Xalqni rozi qilish bo‘yicha, demokratik jamiyat qurish bo‘yicha, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari degan shiorga sobit qadamlik bilan borayotganimiz shu tariqa amalda isbot bo‘ladi.

Farhod Tursunov, O‘zMTDP Qashqadaryo viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Bizningcha, Yoshlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlarining partiya tashkilotlari “Yoshlar qanoti” bilan hamkorligi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan nazarimizda. Yoki bunga zarurat yo‘q, deb hisoblaysizmi?”

E.Turdimov: Menimcha, bu noto‘g‘ri tushuncha. Partiyalar hokimlikdan mustaqil tashkilot. Hokimlikni “tergaydigan” tashkilot, o‘ylab qarasak. Shuning uchun partiya ularni chaqirib hisobot berishini so‘rasa, bu to‘g‘ri. Biroq, partiya va ijro hokimiyati alohida-alohida yo‘nalishda vakolat bo‘yicha yursa ham ular albatta, hamkorlik qilishi kerak. Davlat boshqaruvi organlari bilan partiyaning hamkorligi bo‘lishi shart. Agar hamkorlik bo‘lmasa, ish yurishmaydi. Buning fikri nima, buyoqni fikri nima, bilib bo‘lmaydi.

Hammamizning maqsadimiz bitta, boradigan yo‘limiz turlicha xolos. Shu nuqtai nazardan partiya “Yoshlar qanoti” bilan hamkorlikni kuchaytirsak yaxshi bo‘ladi. Qachon kuchayadi? Qachonki, partiyalar o‘zi ko‘proq tanqid qilib, oldiga masala qo‘yib, so‘rayversa hokimlik ham bunga javoban jonlanib hamkorlik kuchayadi, fikrini bilishga harakat qiladi. Talab qilinsa, shunga javoban reaksiya bo‘ladi. Indamasa, bu indamayapti deb ishi bo‘lmasligi ham mumkin. “Yoshlar qanoti” bilan hamkorlik bo‘lmayotgan bo‘lsa, demak, bu partiyaning ham aybi yo‘q emas.

Erkinjon-Turdimovdan-mahorat-darsi-7

ISHSIZLIK MASALASIDA XO‘ROZ HAMMA ERDA BIR XIL QICHQIRADI

Z.Allanov, O‘zMTDP Samarqand viloyati kengashi faoli: “Ma’lumki, partiya tashabbusi bilan Samarqandda va boshqa hududlarda tarbiyasi og‘ir, alohida sharoitlarda ta’minlash va tarbilashga ixtissoslashgan maxsus maktablar faoliyati o‘rganilgan edi. Shulardan biri Samarqand shahrida joylashgan maktab. Bu bo‘yicha Siz va partiyamizdan saylangan deputatlar tomonidan ham o‘rganish tashkil etilgandi. Keyinchalik bu borada Prezident qarori qabul qilinishga erishildi. Hozirgi kunda mazkur maktab va ularda tarbiyalanayotgan bolalarning ahvoli haqida qisqacha ma’lumot bersangiz”.

E.Turdimov: 2018 yil avgust oylarida Samarqand shahridagi tarbiyasi og‘ir bolalar o‘qiydigan 64-maxsus maktab internati, u yerdagi maktab direktori va tarbiyachilarni o‘quvchilarga nisbatan mehnat qonunini buzayotganligi, boz ustiga jismoniy va ruhiy tomondan tazyiq o‘tkazayotganligi to‘g‘risida masalalar bo‘lgandi.

Shu masalalar o‘rganilib, hammasi joy-joyiga qo‘yildi. Umuman 64-sonli maxsus maktab internati faoliyati to‘xtatildi. Bolalarning hammasi ota-onalar qaramog‘iga qaytarildi, shu bilan bir qatorda joylardagi profilaktika xodimlari va mahallalarning bu borada mas’uliyati oshirildi. Hokimlikdagi voyaga yetmaganlar komissiyasiga ham zarur topshiriqlar berildi.

Hozir doimiy ravishda ular bilan muloqot olib borilyapti. Doimiy ravishda nazorat, ota-onasi hamda jamoatchilik ta’siri bilan ijobiy tarafga o‘zgarish boshlandi. Bu masala doim mas’ullar nazoratida.

Bundan tashqari, mehribonlik uylarida ham bitiruvchilarni uy-joy bilan ta’minlashda masalalar bor, biz bu borada Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritdik. Ijtimoiy himoyalanmaganligi sababli mehribonlik uylari bitiruvchilari ko‘chada qolib ketyapti, uy-joyi yo‘q, hech kimi yo‘q. Ularni uy bilan ta’minlash, budjet parametrlariga ular uchun alohida mablag‘ kiritish masalasini kiritganmiz va o‘zimiz qarab turmasdan joriy yilda 20 ta uy-joyi yo‘q yoshlarimizga uy uchun boshlang‘ich badalini o‘zimiz to‘lab, bir milliard 254 million so‘m pulni to‘lab, Samarqand shahar Qorasuv massivida ajratilgan uylardan joy berdik. Hozirda ularni ish bilan ta’minlash choralarni ko‘rayapmiz. Axir uyning qolgan to‘lovi foizi ham bu borada chora-tadbirini belgilashni taqozo etadi.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati dasturi doirasida ularni alohida nazoratga olganmiz. Bundan tashqari, ko‘zi ojizlar bor, ular bilan ishlashda Yaponiyadan Brayl alifbosini 260 million so‘mga sotib olib kelib berildi. Kattaqo‘rg‘on shahrida ularga alohida kutubxona qurib berish masalasi bo‘yicha ish olib borilyapti, buni ham 6 oy ichida to‘liq bitirish bo‘yicha yakuniy yechimini topadi. Bu yo‘nalish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ko‘p, imkoniyati cheklangan va tarbiyasi og‘ir bo‘lgan yoshlar bilan shug‘ullanish ustuvor vazifa, deb qarash kerak. Fursatdan foydalanib viloyatimizdagi barcha rahbarlardan bu borada mas’uliyatli bo‘lishini so‘rab qolardim.

Erkinjon-Turdimovdan-mahorat-darsi-8

D.Yaxyayeva, O‘zMTDP Buxoro viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Sizning nazdingizda samarqandlik yoshlarni nima muammolar qiynamoqda?”

E.Turdimov: Hamma joyda bir muammo bo‘ladi, deb bilaman. Ishsizlik masalasi, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lish, degan masala barcha yoshlarimizni qiynaydi. Agar yoshlarimizni biz ish bilan ta’minlasak ya’ni ular doimiy daromad manbaiga ega bo‘lsa, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishamiz. Agar ish bo‘lmaydigan bo‘lsa, doimiy daromad manbai bo‘lmaydigan bo‘lsa, bizning gaplarimiz faqat qog‘ozda qolib ketadi va oldimizga qo‘ygan maqsadga to‘laqonli erisha olmaymiz. Shuning uchun hamma joyda bitta katta masala bu – ishsizlik masalasi nazarimda.

Nurbek Yesemuratov, O‘zMTDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Partiyamiz saylovoldi dasturida belgilangan qaysi vazifalarini alohida e’tirof etasiz?”

E.Turdimov: “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”. Odamlarimiz kelajakda emas, ertaga emas, hozir yaxshi yashashi kerak. Shuningdek, odamlarimiz davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan yo‘nalishlarga, vazifalarga alohida e’tibor berishimiz kerak. Shuni birgalikda amalda ko‘rsatishimiz kerak.

YOSHLAR SIYOSATIDA BIRINCHI MASALA BU – TA’LIM-TARBIYA, BANDLIK VA VATANPARVARLIK

A.Saydullayev, O‘zMTDP Farg‘ona viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Shu o‘rinda yoshlarga oid davlat siyosatining eng muhim ustunlari nimalardan iborat bo‘lishi kerak?”

E.Turdimov: Yoshlarda birinchi masala bu – ta’lim-tarbiya. Mana shu tarbiya bilan birga ta’lim olish, fanlar bo‘yicha ham chuqur bilimga ega bo‘lish muhim masala, deb hisoblayman. Ikkinchisi, yoshlarni ishga joylashtirish, ularni o‘z mutaxassiligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash masalasi ustuvor bo‘lishi kerak. Shuningdek, yoshlarimizga vatanparvarlik, bag‘rikenglik masalalarini amaliy ishlar va targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan singdirishni eng katta ustuvor yo‘nalish, deb bilaman.

SAMARQANDNI SUV BOSGANDA …

E.G‘aybullayev, O‘zMTDP Sirdaryo viloyati kengashi faoli: “Mehnat faoliyatingiz davomida Siz tushib qolgan eng qiyin vaziyat. Ushbu vaziyatdan qanday chiqib ketgansiz? Mazkur savolga amaliyotdan aniq misol bilan javob bersangiz”

E.Turdimov: Qiyin vaziyatlar hammada ham bo‘ladi. Misol ayta olmayman. Ammo shunday vaziyatda bor haqiqatni yuziga qarab, to‘g‘risini tan olib, qila oladigan ishni aytadigan bo‘lsak, odamlar biz bilan murosa qiladi. Agar aldaydigan bo‘lsak, o‘sha yerdan ketish mumkin. Ammo baribir orqadan gap bo‘ladi. Shuning uchun ham muammoni o‘zimiz hal qiladigan bo‘lsak yaxshi, ammo bu masala respublika darajasida bo‘lsa unda shunga qarab ishni tashkil qilish lozim. Shuning uchun ham har qanday muammoli masala bo‘yicha joyida haqiqatni tan olinsa yengil ko‘chadi.

Shu o‘rinda bir misol hammaning xabari bor, Samarqand shahrini har bahorda, kuzda suv bosadi. Bu holat eskidan bor edi. Ob-havo (ayniqsa bahorda) injiqliklari, joyning relefi masalaga ta’siri ko‘rsatadi. Joriy yilda ham ko‘p yog‘ingarchilik bo‘ldi. May oyida yog‘ingarchilik me’yoridan qariyb uch barobar ko‘p bo‘ldi. Internet tarmoqlarida Samarqandni suv bosganligi, hattoki qayiqda suzish mumkinligi haqida xabarlar tarqatildi. Shundan so‘ng bir uchrashuvimizda menga aniq savol berishdi. “Biz qachongacha suv ostida qolamiz? Bizga aniq javob bering?”

Shunda qanday aniq javob berish mumkin, suvda qolmaymiz desak noto‘g‘ri bo‘ladi va bunga juda katta mablag‘ sarflanadi. Shunda men aytdim birinchidan, bu muammoga biz ham aybdormiz, chora-tadbir ko‘rmaganimiz uchun ikkinchidan, aholi ham aybdor. Chunki, chiqindini suvga tashlagan, natijada tiqilib qolib, shu vaziyatga sababchi bo‘lgan. Uylarini ham noqonuniy qurib olgan.

Davlat ko‘pchiligiga hujjatlari noqonuniy bo‘lsa ham uylarini qonuniylashtirib berdi. Ayrimlar kanalning ustiga uy qurib olgan, birinchidan uy qurganlar buni noqonuniy ekanligini bilmagandir, ikkinchidan mahalliy hokimiyat vakillari ya’ni kadastrlar ularga kadastr hujjatlarini tayyorlab bergan. Endi bu uylarni buzaylik desak, kompensatsiya puli to‘lash kerak. Buzmaylik desak, suv ostida qolib ketadi.

Shuning uchun juda katta murakkab vaziyatni odamlarga aytdik va biz va’da berdik. Kelgusi yili albatta natijasini sezasizlar, deb. Bu albatta birinchi navbatda bizning aybimiz, ikkinchi navbatda sizlardan ham yordam so‘raymiz, dedik va shundan keyin Siyob hamda Chashma kanalini, shahardagi 82 km. uzunlikdagi kanal va ariqlarni tozalash ishlarini boshlab yuborganmiz.

Shuningdek, ko‘plab noqonuniy qurilmalarni olishga, yangi-yangi tarmoqlarni tortishga katta dastur qilganmiz va shu bo‘yicha ish olib boriladi. Shu masala bo‘yicha bizga qo‘shilib yordam beruvchilar ko‘paydi, shu bilan vaziyatdan chiqdik va o‘zimizga katta mas’uliyat oldik. Mana shu ish uchun juda katta bel bog‘ladik, mana xudo xohlasa kuzda Samarqand shahrida toshqinlar bo‘lmasligiga kafolat bermaymizu, lekin ancha vaziyat barqarorlashadi va ancha yaxshilanadi.

Elyorbek Keldiyorov, Samarqand viloyati, Payariq tumanidan. Talaba: “Bilamizki, Yurtboshimiz tomonlaridan turizm sohasida juda ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu sohaning rivojiga hissa qo‘shish maqsadida biz yoshlar surdo turizm loyihasini taqdim etmoqchimiz, ya’ni eshitishi va gapirishida nuqsoni borlar uchun turizm sohasini rivojlantirish va ushbu loyihada o‘z maslahatingiz hamda yordamingizni ayamaysiz, degan umiddamiz”

E.Turdimov: Taklif uchun rahmat. Samarqandda turizmni rivojlantirish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi, turizm bizni iqtisodiyotimizning drayveri bo‘lishi kerak. Shuning uchun men taklifingizni qo‘llab-quvvatlayman. Turizm bo‘yicha o‘rinbosarimga yo‘naltiraman va siz bilan bog‘lanadi. Boshqa takliflaringiz bo‘lsa ham qo‘llab-quvvatlaymiz.

OILAMGA RAHMAT!

Moderator: Mas’uliyatli lavozimda oila masalalariga qanday vaqt ajratasiz?

Hokim: Umuman olganda, ishlash kerak. Lekin oilani ham o‘ylash kerak. Birinchi o‘rinda oila turishi kerak. Oila yaxshi bo‘lsa, uyga kirganingizda kayfiyat ko‘tariladi, uydan chiqqanda ham kun bo‘yi ishingiz baroridan keladi. Oila muqaddas degani bejiz emas, ishingizda yutuq bo‘ladi. Har qanday rahbarni ham yaxshi ishlashi uchun oilasi birinchi o‘rinda bo‘lishi darkor. Men o‘ylaymanki, kim yaxshi lavozimda ishlayotgan bo‘lsa, obro‘si yaxshi bo‘lsa, oilasi zo‘r, oilasini orqasidan shu darajaga yetgan. Fursatdan foydalanib, o‘z oilamga minnatdorchilik bildiraman.

Shundan so‘ng onlayn ochiq muloqotning eng qizg‘in pallasi boshlandi. Ya’ni moderator tomonidan viloyat hokimiga respublika yoshlaridan taqdim qilingan umumlashtirilgan savollar asosida tayyorlangan qisqa savollar yo‘llandi.

Moderator: Yoshligingizda o‘qigan ilk kitobingiz va hozirda eng so‘nggi o‘qigan kitobingiz qaysi?

Hokim: Ilk o‘qigan kitobimni eslashim qiyin. Eng avvalo, ertak kitob o‘qiganman. Hozir o‘qigan kitobim yozuvchi Yuval Noa Hararining “XXI asr uchun 21 ta saboq” nomli kitobi. Uni boshqalarga ham tavsiya qilaman, bugungi kundagi real holatlar va faktlar bilan yozilgan asar.

Moderator: Siz havas qiladigan eng yaxshi lider?

Hokim: Eng havas qiladigan lider. Bizni hokimlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbari bu – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hisoblanadi. Men ularni albatta, o‘zim xavas qiladigan lider deb bilaman. Chunki, muhtaram Shavkat Miromonovich rahbarligida juda katta, keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Buni butun dunyo tan olyapti. Shuning uchun ham bunaqa rahbar bilan, bunday sharoitda ishlash bu balandparvoz gap emas! Bu haqiqat. Faqat ishlash kerak, charchamaslik kerak. Odam havas qilib ishlaydigan zamon keldi. To‘g‘ri kamchiliklar ko‘p, eski yo‘nalishda qolib ketgan narsalarimiz bor. Bularning hammasini zo‘r qila olganimiz yo‘q. Lekin biz tasavvur qilaolmaydigan darajada o‘zgarishlar bo‘layotgani ham haqiqat. Buni keyingi uch, uch yarim yil ichida islohotlar ichida yurgan odam biladi.

Moderator: Yaxshi ko‘rgan milliy musiqangiz?

Hokim: Dilxiroj.

Moderator: Agar imkoniyat bo‘lsa, qaysi tarixiy shaxs bilan suhbatlashgan bo‘lardingiz?

Hokim: Buning imkoniyati yo‘q.

Moderator: Qaysi sport turiga qiziqasiz?

Hokim: Men o‘zim futbolga qiziqaman.

Moderator: O‘zbekistondagi qaysi madaniy meros ob’ektiga oilaviy borishni taklif etasiz?

Hokim: Samarqandga, samarqandlik bo‘lganim uchun Shohizinda majmuasiga kelsa, odam ruhan yengil bo‘ladi. Juda ulug‘vor joy, deb hisoblayman. Yana menga yoqadigan joy Xorazm, Xiva, Ichan qal’a. Menga juda yoqadi, ko‘pchilikni shu ikki ob’ektga borishni tavsiya qilaman.

Moderator: Siz yaxshi ko‘rgan eng yaxshi milliy va jahon kinosi?

Hokim: Milliy kinolardan “Mahallada duv-duv gap”. Necha marta ko‘rsangiz ham ko‘rgingiz keladi. Jahon kinosidan “Kavkaz asirasi”, “Shurikning sarguzashtlari”. Bu kinolar ham o‘lmas asarlar hisoblanadi.

Moderator: Muhabbatga ishonasizmi?

Hokim: Ishonaman.

Respublika yoshlariga tilaklaringiz.

Hurmatli yoshlar, Sizlarni “Yoshlar kuni” bilan chin qalbdan tabriklayman. Ilohim, Sizni yaxshi ko‘rgan insonlar baxtiga omon bo‘linglar. Sizni hech qachon omad tark etmasin. Doimo vaqtdan unumli foydalanib, ertaga “eh, attang”, degan so‘zni ishlatmasligingizga tilakdoshmiz. Ota-onangiz, yaqinlaringiz baxtiga omon bo‘ling!

Ochiq muloqot so‘ngida Erkinjon Turdimov partiyaning “Yoshlar qanoti” yetakchilari tomonidan berilgan eng yaxshi savol mualliflariga smartfonlar sovg‘a qildi.

Doniyor Toshboyev,
O‘zMTDP Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i tayyorladi

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.