Ultimate magazine theme for WordPress.

HECH QANDAY JINOYAT QILMAGANNI O‘ZBEKISTONDA 10 YILGA QAMASHADIMI?

78

«Bo‘ldi ajib qiziq  hangomalar…» sarlavhali maqola «Himoya.uz» saytida e’lon qilindi. Ushbu material muallifi Usmon Qalandarov. Uning yozganlarini o‘zgartirmay e’tiboringizga havola qilmoqdamiz…

Adolatli sud va haqiqat bo‘lmagan joyda davlat qaroqchilar to‘dasiga aylanadi” (Avgustin Avreliy eramizning IV asrida yashab o‘tgan atoqli Rim senatori va davlat arbobi) degan.

Bo‘ldi  ajib qiziq  xangomalar… Latifa.

Turma kamerasiga yangi maxkum kirib keldi. Kamerada zerikib o‘tirgan ashaddiy retsidivist jinoyatchilar ancha jonlanib qolishdi. Kimdir choy qo‘ygan, kimdir hol-ahvol so‘ragan: kimsan, qayerdansan, nima ish qilgansan.

  • Qancha srok berishdi? – so‘radi “uglovoy”da o‘tirgan maxkum –“smotryashiy”.
  • O‘n besh yil.
  • Iye, nima ish qilgansan, bunaqa katta srok beradigan.
  • Hech narsa qilmaganman.
  • Yolg‘on gapirayapsan, hech narsa qilmagan bo‘lsang O‘zbekistonda o‘n yil berishadi. Nimadir qilgansanki, senga o‘n besh yil berishgan.

Bu aslida latifa emas, xayotimizda kunda-kunora uchrab turadigan voqealardan biri, aniqrog‘i, o‘zimni boshimdan o‘tgan voqea. Bu voqeaga ham o‘n yildan ko‘proq vaqt o‘tdi, lekin xozirgi kunda O‘zbekistondagi sud-tergov jarayonlarida bundanda tragikomik voqealar hali-hanuz uchrab turibdi. Buning uchun kimdir qandaydir jinoyat qilishi shart emas.

Avvallari mexnatkashlarning halol mexnati hisobidan kun ko‘radigan “поганный» nushalar, ya’ni pogonlilar “prinsessa Gugusha”ning nafsini qondirish uchungina yuzlab, minglab aybsiz insonlardan sun’iy ravishda aybdor yasab, qonini ichar edilar. Avvallari aybsiz odamlarga o‘n yil berishgan bo‘lsa, xozirgi kunda xotirjamlik bilan 14 yil, xattoki 17 yil ham berib yuboryapti. Agar ibtidosi shunaqa bo‘lsa, intihosidan Alloh o‘zi asrasin, 25 yil yoki umrbod qamoq jazosi hech narsa bo‘lmay qoladi.

Bolalar ertak-topishmog‘ida aytilganidek, korol i koroleva sideli na trone, korol pal, koroleva propala, kto ostalsya na trone. (A i B sideli na trube, A upala, V propala – kto ostalsya na trube? Endilikda, etu zadachu reshayet seychas daje trete-klassniki – konechno, “i” ostalsya). Albatta, maktabda yaxshi o‘qigan bolajonlar “i” soni mavhum, betayin narsa ekanligini yaxshi biladilar.

Men asosiy mavzudan anchayin chetlashib ketdim, lekin gap bunda emas. Kuni kecha jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shaxar Olmazor tuman sudida Toshkent shaxar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi tezkor hodimlari tomonidan loyihalashtirilgan navbatdagi soxtalashtirilgan buyurtma jinoyat ishi muxokamasi tugadi va taraflarning muzokarasi boshlandi.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra muzokara so‘zi jinoyat ishlarida qonunlarni to‘g‘ri ishlatilishini hamda qonun ustivorligini ta’minlash vazifasi yuklatilgan Olmazor tuman prokurori o‘rinbosari D.Abdullayev ma’ruzasi bilan boshlandi.

Uning ma’ruzasi o‘tgan 28 yil davomida sud jarayonlarida ishtirok etgan prokurorlarning ma’ruzasidan aytarli farqli jixati yo‘q – bu ham dastlabki tergovda tergovchi Sh.Sattarov tomonidan qo‘lbola usulida tayyorlangan ayblov hulosasini so‘zma so‘z ko‘chirib olib, o‘qib berishdan iborat bo‘ldi.

Bechora prokuror xattoki shu vazifani ham qoyil qilolmadi – undan nafaqat bir ma’no-mazmunli gapni, balki bironta bir so‘zni ham anglash mumkin bo‘lmadi. Faqatgina qorni og‘riyotgan odamni ichidan chiqadigan g‘uldirash tovushi eshitildi, holos. Lekin gap bunda ham emas.

Hamma gap shundaki, ushbu buyurtma ishini soxtalashtirgan Toshkent shaxar IIBBdagi masharaboz – marionetkalar ana shu “i”ni hurmat – e’tiborini qozonish uchungina o‘zbekcha “qilpillama” qo‘shig‘iga moslab kubaliklarning “lambada” raqsiga monand likkilamoqdalar.

Bu “qo‘g‘irchoq”larning ismiyu familiyasi jinoyat sudlov jarayonida barchamizga ma’lum va mashhur bo‘ldi, bular Toshkent shaxar IIBB JQB 9-bo‘lim tezkor vakili H.A.Haydarov, shu bo‘lim hodimlari Yusuf Nurmuhamedov, Fatxiddin Nuriddinov, Avaz Xolmatov, Islom Nigmatov, Xojimurod Haydarov, Mirziyod Abdullayev, Azlan Sidikov, Muzaffar Yaxshiyev, Olmazor TIIB JQB xodimi O‘.Ergashev, uchastka noziri K.A.To‘laganov, EKB ekspertlari I.Haydarov, R.Gulmirzayev, A.A.Abdukarimov, Q.S.Ergashev, XPB bo‘limi xodimasi N.Sh.Matniyazova, TB tergovchisi Sh.E.Sattarov, Shayxontohur TIIB boshlig‘i 1-o‘rinbosari Shoyusupov, Olmazor tumani prokurori o‘rinbosari D.Abdullayev va boshqalardir.

Xozircha bittagina savol ochiq qoldi, u ham bo‘lsa – ikkita aybsiz fuqaroni qamash uchun yuqorida ismi familiyalari ko‘rsatilgan “qo‘g‘irchoq”larni o‘ynatayotgan kim? Uning maqsadi nima?

Xodjayev va M.Qurbonovlar jinoyat sodir etmagan bo‘lsalarda (bu sud jarayonida to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi), ammo ba’zi Ommaviy Axborot Vositalari ta’kidlaganidek “avtoritet yoki smotryashiy” bo‘lganligi uchun ham qamalishi “SHART” bo‘lsa, u holda Rashitjon Qodirov o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan bo‘lsada Bosh prokuror bo‘lganligi uchun ham qamamaslik lozim bo‘ladimi?

U holda ertaga o‘qituvchini o‘qituvchi bo‘lganligi uchun, vrachni vrach bo‘lganligi uchun qamamaydi, deb kim kafolat beradi. Axir, kapitan Sh.Sattarov ham, podpolkovnik Shoyusupov ham surbetlik bilan “ biz faqat buyruqni bajaramiz”, deb tursa, unda O‘zbekiston prezidenti islohotlarni kimlar bilan amalga oshiradi, huquqiy demokratik davlatni kimlar bilan qurmoqchi bo‘layapti.

Fransuzlar “teatr marionetok” deyishadi, ruslarda buni “kukolniy teatr”, o‘zbeklarda esa “qo‘g‘irchoq teatri” deyishadi. Ana shu qo‘g‘irchoqlarni parda ortida turgan akter – kuklovod barmoqlari atrofida turli maqomga o‘ynata boshlaydi va zalda o‘tirgan tomoshabin – bolakaylar ana shu sahnadagi voqealarni haqiqat deb biladilar. Ammo, sahnadagi ko‘rinish tugagandan so‘ng, o‘sha qo‘g‘irchoqlarni bir martalik ishlatiladigan rezina buyum singari bironta yashik yoki korobkaga uloqtirib yuborishlarini qalbi pok bolakaylar xozircha bilmaydilar.

Mazkur buyurtma ishini sahnalashtirgan va ijro etgan va yuqorida ismi-familiyasi ko‘rsatilgan “qo‘g‘irchoq”lar ham o‘zlarini o‘ta aqlli deb bilib, boshqalarni befahm bolakay deb hisoblagan ko‘rinadi, chamasi, “janob i ”ga yoqish maqsadida hech qanday qonun-qoidalarga rioya qilmasdan, turli maqomga yo‘rg‘alay boshlagan. Tirikchilikning aybi yo‘q deyishadi o‘zbeklarda, lekin o‘zining junini davlat juni bilan aralashtirib yubormaslik kerakligini, ya’ni tirikchilikni o‘zbekcha tirriqchilikka aylantirib yubormaslik zarurligini Toshkent shaxar IIBB JQB tezkor xodimlari unutgan ko‘rinadi. Ammo, gap bunda ham emas.

Bizning “janob i”ga aytar so‘zimiz, “kimligingiz ma’lum bo‘ldi, ammo hurmat yuzasidan xozircha oshkor qilmadik, lekin ushbu sud jarayoni qanday tugashidan qat’iy nazar siz yutqazdingiz, “janob i “. Har qanday o‘yinda ham g‘irromlik shu paytgacha hech kimga hech qachon obro‘ keltirmagan. Mard bo‘ling, haqiqiy “igrok” bo‘ling, ana o‘shanda hech qachon yutqazmaysiz, “janob i”, aks holda polkovnik bo‘lmoq tugul general-polkovnik bo‘lgan taqdiringizda ham “prinsessa Gugusha”ning ibtidosi qanday boshlanib, intihosi qanday tugagan bo‘lsa, sizniki ham xuddi shunday yakun topadi. Agar bunga ham qanoat qilmasangiz, buyuk dohiy I.Stalinning o‘g‘li Vasiliy va qizi Svetlananing, L.Brejnevning qizi Galinaning, Yu.Andropovning o‘g‘li Igorning taqdiri sizga saboq bo‘lishi kerak. Boshqalar qoqilgan yo‘ldan yurmang demoqchimiz holos. Va, bunchalik past ketmang.”

Lekin, gap bunda ham emas. Advokat Yoqut Xudoyorovaning prokurorning ma’ruzasi yuzasidan bergan replikasi diqqatga sazovor. “… Biz nima uchun 4 oydan beri dastlabki tergovda yig‘ilgan jinoyat ishi materiallarini har bir epizodini sinchkovlik bilan, har tomonlama muhokama qildik, holatlarga aniqlik kiritish maqsadida guvohlardan tortib, holislar, ekspertlar, tergovchiyu tuman IIBB boshlig‘i o‘rinbosarigacha sud tergoviga tortdik, haqiqatni aniqlashga harakat qildik. Natijada, jinoyat ishi yuzasidan aniqlangan haqiqat shundan iborat bo‘ldiki, ish materialiga tikilgan hujjatlar qalbakilashtirilgan, jinoyat ishi soxtalashtirilgan.

Sudda guvohlik bergan jabrlanuvchilar, holislar, guvohlar dastlabki tergovdagi ko‘rgazmalarini rad etdilar, bunday ko‘rgazmalarni tergovchi ularni aldab, qo‘rqitib, ruhiy va jismoniy qiynoqlarni qo‘llash yo‘li bilan, o‘zi aytib turib yozdirib olganligini aytgan bo‘lsa, ekspertlar va tergovchi advokatlar tomonidan berilgan bironta ham savolga qonunda belgilangan tartibda javob berolmagan. Ikkita ekspertning gapi ikki hil bo‘lgan, tergovchi esa advokatlarning savollariga javob berishda 117 marta “bilmayman, esimda yo‘q”, degan so‘zni ishlatgan.

Xattoki, ish yuzasidan qonunbuzilishi holatlarida surbetlik shu darajada bo‘lganki, holatlarga aniqlik kiritish bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish yuzasidan advokatlarning IIVga bergan iltimosnomasini IIV o‘zi tekshirmasdan, yana o‘sha Toshkent shaxar IIBBga uzatgan, XPBning xodimasi N.Sh.Matniyazova birgina uchastka noziri bilan o‘tkazilgan yuzaki suxbatidan iborat hulosasi bilan cheklanib qo‘ya qolgan.

Bularning barchasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, o‘z qulog‘i bilan eshitib o‘tirgan prokuror biron marta, nomiga bo‘lsa ham nima uchun bunday qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygansan, nima uchun aybini isbotlamagansan, nima uchun jinoyat tarkibini shakllantirmagansan, nima uchun Qonunga rioya qilmagansan deb, savol bermagan.

Bunga biz ham, prokuror ham, hurmatli sud va uning maslahatchilari va sud zaliga tashrif buyurgan jurnalistlar va boshqa kuzatuvchilar ham shohid bo‘lishdi. Ammo, mana bugun o‘ta surbetlik bilan sudlanuvchilarning aybi o‘z tasdig‘ini topdi degan ta’kid bilan, ayblov hulosasini so‘zma-so‘z o‘qib berib, sudlanuvchilarga nisbatan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berishlikni so‘radi.

Shunday ekan, unda biz advokatlar 4 oydan beri bu yerda nima uchun o‘tirdik. Bizni harakatlarimizni prokuror inobatga olmas ekan, Qonun degan narsani mutloqo tan olmas ekan, dastlabki tergovdayoq ayblanuvchilarga srok berib yuboraversa bo‘lmasmidi!?

Prokuror hozir nimalarga asosan aybi isbotlanganligini ko‘rsatib bersin, axir sud jarayonining boshidan oxirigacha dastlabki tergovda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlari holatlari aniqlanganligi va ularning har biri jinoyat ishini bekor qilishga sabab bo‘lishini prokurorning o‘zi ham ko‘rdiku“, degan replikasiga prokuror mutloqo javob berolmadi.

Boshqa advokatlarning ham shu taxlitdagi asosli replikasiga ham prokuror faqat surbetlarcha matonat namunasini namoyish etib, xuddi ishtoniga “kaka” qilib qo‘ygan bog‘cha bolasi kabi, sukut saqlash bilan javob berdi.

Darhaqiqat, ish yuzasidan qo‘pol qonunbuzilishlari holatlariga yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, ular quyidagi holatlarda namoyon bo‘lgan:

Birinchidan: Jinoyat ishidagi birinchi epizod bo‘yicha:  A.Xodjayevni giyohvand moddasini o‘zi bilan saqlab yurganligi haqida Toshkent shaxar IIBB JQB 9-bo‘lim tezkor vakili mayor H.A.Haydarov ma’lumot olganligi va ushbu ma’lumoti yuzasidan bildirgi berib, tezkor tadbir o‘tkazishga ruxsat olganligi to‘g‘risida faqatgina bildirgi mavjud, holos. Qonunchilik normalarida esa, rahbariyat tomonidan ruxsat berilganidan so‘ng farmoyish chiqarilishi va unda nechta xodim qatnashishi kerakligi ko‘rstilishi lozim bo‘lsada, bunday farmoyish ish xujjatlarida mavjud emas.

Ikkinchidan: A.Xodjayevni Toshkent shahar IIBB JQB xodimlari Yusuf Nurmuhamedov hamda Fathiddin Nuriddinovlar 2017 yil 10 sentyabr kuni soat 15:00 dan 2017 yil 11 sentyabr kuni soat 11:00 gacha, ya’ni 20 soat davomida o‘zlarining xonasida noqonuniy ushlab turgan. Ammo, voqea-hodisalarni qayd qilish kitobida bu haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas.

Uchinchidan: 2017 yil 13 sentabr kuni soat 14:00 larda JQB xodimlaridan biri A.Xodjayevning mobilnigiga telefon qilib, uni Yakkasaroy tumanida joylashgan “Tezikova dacha” kafesiga taklif qilgan, A.Xodjayev u yerga soat 15:00 larda kelgan, u yerda JQB xodimlari F.Nuriddinov va Yu.Nurmuhamedovlar bilan bir soatdan ko‘proq o‘tirishgan, shu vaqtda aynan tadbirni o‘tkazishga ma’sul bo‘lgan hamda shu haqida ma’lumot to‘plagan xodim H.A.Haydarov ularning oldiga borib, ular bilan so‘rashib, gaplashib, bir necha minut o‘tirib chiqib ketgan.

Shu uchta holat yuzasidan hulosa: Jinoyat sudlov tergovida ma’lum bo‘lgan va aniqlangan ma’lumotlarga qaraganda, JQB xodimlari A.Xodjayevning yaqin do‘sti M.Qurbonovni qandaydir bezorilar vahshiylarcha pichoqlab ketgandan so‘ng kelgusida kutilayotgan “razborka”ning oldini olish maqsadida A.Xodjayevni vaqtincha izolyatsiya qilish uchun u bilan kelishishgan, ya’ni bitim tuzgan. Unga ko‘ra, ular A.Xodjayevni cho‘ntagidan “nasha” giyohvandlik moddasi topib olishligini va uni qisqa muddatga qamoqqa olishlikka kelishishgan. Shundan keyin 2017 yil 13 sentabr kuni soat 14:00 larda ular A.Xodjayevga aynan o‘sha kelishilgan nashani berish uchun chaqirishgan va A.Xodjayev o‘sha yerga soat 15:00 larda borgan.

To‘rtinchidan: IIBB xodimlari A.Xodjayev bilan dastlabki kelishuvga ko‘ra uni cho‘ntagiga “nasha” giyohvand moddasini solib qo‘yishlari kerak edi. Ammo ular geroin moddasini solib qo‘yishgan. Shuningdek, A.Xodjayevning cho‘ntagidan chiqqan moddani ekspertiza hulosasini avvaldan tayyorlab qo‘yishgan.

Beshinchidan: Tintuv o‘tkazish epizodi bo‘yicha: Toshkent shaxar IIBB TB katta tergovchisi Sh.E.Sattarovning 2017 yil 13 sentabr kunidagi “Kechiktirib bo‘lmas tintuv o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori asosida avval A.Xodjayevning ota-onasi yashaydigan Olmazor tumani Sag‘bon ko‘chasi 11-proyezd 12–uyda, so‘ngra Olmazor tumani Uzumbog‘ ko‘chasi 2-uyda tintuv o‘tkazilganda holis Tal’at Irmuhamedov faqat 2-uyga borgan, lekin tintuv harakatlarida ishtirok etmasdan, ko‘chada kutib turgan, tintuv tugagandan so‘ng uni uyga olib kirib faqat tayyor faktlarga ro‘para qilib qo‘yishgan. Ertasi kuni ertalab Toshkent shaxar IIBB JQBning ikkita xodimi kelib, holis T.Irmuhamedovni majburan IIBBga olib ketishgan, tashrif buyuruvchilar kitobiga ro‘yxatdan o‘tkazib qayd qilmasdan, unga ruhiy va jismoniy taziyiq o‘tkazib, o‘zlari aytib turib, tintuv o‘tkazish bayonnomasi va tushuntirish xati yozdirib olishgan.

Oltinchidan: Tintuv o‘tkazilgan vaqtda ishtirok etgan holislardan tushuntirish xati olinmagan, balki ertasi kuni, ya’ni, 2017 yil 14 sentabr kuni IIBB binosida o‘zlari aytib turib, diktovka qilib yozdirib olishgan, ammo, ish materiallariga tikilgan hujjatda 13 sentyabr kuni ko‘rsatilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, tintuv epizodi bo‘yicha ish materiallari butkul qalbakilashtirilgan.

Yettinchidan: A.Xodjayevni cho‘ntagidan va uyidan olingan geroin moddasi o‘ralgan yaltiroq qog‘ozdagi barmoq izlarini aniqlash yuzasidan daktilaskopik ekspertizasi o‘tkazilmagan.

Sakkizinchidan: Shuningdek, katta tergovchi Sh.E.Sattarov dastlabki tergovning ilk stadiyasidayoq qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan – u 2017 yil 13 sentyabr kuni jinoyat ishini qo‘zg‘atish va o‘z ish yurituviga olish to‘g‘risida Qaror qabul qilgan (F-1 kitobida № 690 –raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan). Ushbu Qarorda jinoyat ishiga tikilmagan ma’lumotnomaga asoslanib “Toshkent shaxar IIBB EKMning 2017 yil 13 sentabr kunidagi № 2/800- sonli ma’lumotnomasiga ko‘ra, fuqaro A.Xodjayevdan olingan moddalar (№ 1,2,3,4-ob’ektlar) geroin deb atalishi va umumiy og‘irligi 0,34 grammni tashkil etishi aniqlangan” deb ko‘rsatgan, ya’ni, hali ekspertiza hulosasi chiqmasdan turib, upakovka ichidagi narsaning turi va qiymatini aniqlab bergan.

To‘qqizinchidan: A.Xodjayevni geroin moddasini sotishda ayblash mantiqan ham aqlga sig‘maydi, sababi, u o‘ziga to‘q va muvafaqiyatli biznesga ega bo‘lib, 0,34 gramm geroindan keladigan foydaga muxtoj emas. Bundan tashqari, u cho‘ntagidagi geroin moddasi bilan JQB xodimining taklifi bilan uchrashuvga boradigan axmoqlardan ham emas.

Bundan tashqari, jinoyat ishi materiallarida JQB xodimlari, tergovchi va ekspertlar tomonidan bir necha o‘nlab qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishiga qaramasdan mazkur jinoyat ishi yuzasidan qonun ustivorligini ta’minlash, qonunlarni aniq va to‘g‘ri ishlatilishini nazorat qilish ma’suliyatini o‘z zimmasiga olgan Toshkent shaxar prokurori o‘rinbosari, adliya maslahatchisi A.T.Abdullayev o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonligi, davlatimiz rahbari tomonidan o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni suiiste’mol qilishi, insonlar taqdiriga beparvoligi, loqaydligi, amaldagi qonunlarimizni mensimasligi yoki bilmasligi oqibatida ayblov xulosasi bilan kelgan jinoyat ishi materiallarini sinchkovlik bilan o‘rganmagan, har tomonlama tekshirmagan, holisona huquqiy baho bermagan, hattoki, uni ochib o‘qib ham ko‘rmagan. Chunki, Toshturmaga yuborilgan ayblov xulosasi TK-4173 raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan, prokuror o‘rinbosari A.T.Abdullayevning familiyasi bor, ammo unda na imzo va na muxr bor, xattoki sanasi ham qo‘yilmagan.

JPKning 384-moddasi, ayblov xulosasi bilan kelgan jinoyat ishi yuzasidan prokuror hal etishi lozim bo‘lgan masalalarni hal etmasdan, tergovchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf qilmasdan, qo‘pol qonunbuzilishi holatlariga barham bermasdan, o‘ta ma’suliyatsizlik bilan pala-partish tayyorlangan jinoyat ishi materiallarini shoshma-shosharlik bilan barvaqt mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shaxar Olmazor tuman sudi sudyasi M.Abidov tomonidan JPKning 395-moddasi asosida ish yurituviga qabul qilinib, jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayyorlash chog‘ida aniqlanishi va hal qilinishi lozim bo‘lgan holatlarni, jumladan, JPKning 396-moddasi talablari:

  • Ishni tugatish yoki to‘xtatishga sabab bo‘ladigan holatlar yo‘qmi;
  • Ishni sud majlisida ko‘rilishi uchun asoslar yetarlimi;
  • Surishtiruv va dastlabki tergov o‘tkazish chog‘ida JPK talablari bajarilganmi;
  • Sudlanuvchi haqiqatdan ham JKning ayblov xulosasida ko‘rsatilgan moddalari bilan malakalanadigan jinoyat alomatlarini sodir etganmi;
  • Agar sodir etgan bo‘lsa, uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan jinoyat tarkibi ish materiallarida yetarli va ishonchli dalillar bilan shakllantirib berilganmi shu va shu kabi boshqa holatlar sudya tomonidan jinoyat sudlov tergovi boshlangunga qadar hal etilishi lozim bo‘lgan qonun talabi bo‘lib, bajarilishi shart edi.

Aks holda, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qo‘pol qonunbuzilishlari holatlariga holisona huquqiy baho bermasdan turib, jinoyat ishini sud tomonidan ish yurituviga olinishi mutloqo noqonuniydir.

Yuqoridagilardan yaqqol ko‘rinib turibdiki, dastlabki tergovda tergovchilar tomonidan Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi, inson huquqlari va asosiy erkinliklari himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa Konvensiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Pakt, qiynoqlarga qarshi Konvensiya va boshqa hujjatlarda belgilab berilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan talablari mutloqo bajarilmagan.

Shuningdek, dastlabki tergovda tergovchilar tomonidan JK va JPK normalarini hamda Oliy sud Plenumi qarorlarida belgilab qo‘yilgan rahbariy ko‘rsatmalarini o‘z hohishlaricha talqin qilib, amldagi qonunlarimizni mensimasliklari yoki bilmasliklari, davlatimiz rahbari tomonidan o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonchni suiiste’mol qilishi, insonlar taqdiriga loqaydligi, beparvoligi oqibatida qonun to‘liq qo‘llanilishi lozim bo‘lgan dispozitsiyani noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilib, mutloqo aybsiz fuqaroga nisbatan asossiz ayb e’lon qilib, qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortgan.

Tergovchilar tomonidan jinoyat ishi materiallari o‘ta sifatsiz va pala-partish tayyorlangan, qo‘pol qonunbuzilishlari holatlariga yo‘l qo‘yilgan, tergov jarayonida ruhiy azoblash va jismoniy qiynoq usullari qo‘llanilgan, buyurtma asosida qalbaki hujjatlar bilan jinoyat ishi soxtalashtirilgan.

Ushbu jinoyat ishi buyurtmachilari, tashkilotchilari va ijrochilari o‘zlarining bu qilmishlari uchun jazosiz qolishlarini aniq bilganlari holda o‘ta surbetlik va pastkashlik bilan harakat qilganliklari ishdagi holatlarda yaqqol o‘z ifodasini topgan.

Dastlabki tergovda tergovchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qo‘pol protsessual xatoliklar, “jabrlanuvchi” va guvohlardan yolg‘on ko‘rgazmalar olinganligi, bu ko‘rgazmalarni tergovchilar o‘zlari diktovka qilib, yozdirib olganligi, ayblanuvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi qiynoqlar qo‘llanilib, unga ruhiy va jismoniy azob –uqubat, iztiroblar yetkazilganligi aniq va yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsada, qalbaki hujjatlar bilan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida ayb e’lon qilinib, jinoiy javobgarlikka tortilgan va bir qator Konstitutsiyaviy va protsessual huquq normalari qo‘pol ravishda buzilgan bo‘lishiga qaramasdan, sud tomonidan asossiz ravishda ish yurituviga olingan.

Mazkur jinoyat ishini dastlabki tergovda yuritishda hamda sudda ko‘rilishida qonunlarni to‘g‘ri ishlatilishini nazorat qilish va qonun ustivorligini ta’minlash vazifasi yuklatilgan hamda bevosita ma’sul bo‘lgan Toshkent shaxar prokurori o‘rinbosari, adliya maslahatchisi A.T.Abdullayev va Olmazor tuman prokurori o‘rinbosari D.Abdullaev yuqoridagi holatlarga mutloqo e’tiborsiz bo‘lganlar.

Bunday holat nafaqat sudlanuvchining, balki uning oilasi sha’niga qaratilgan og‘ir xaqorat, qolaversa O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan oqilona va odilona davlat siyosatiga qarshi qaratilgan fitna hamda odil sudlovga qarshi sodir etilgan jinoyat deb e’tirof etilishi lozim bo‘ladi. Bu, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “toqat qilib bo‘lmaydigan mantiqsizlik” dan boshqa narsa emas.

Voqelikning yanada achinarli va daxshatli tomoni shundaki, ana shu sodir etilayotgan o‘zboshimchalik, zo‘rovonlik, ta’magirlik, poraxo‘rlik kabi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar aynan huquqni muhofaza qiluvchi (IIV, MXH, prokuratura va sud) organlari tomonidan tashkil etilayotganligi va sodir etilayotganligidir.

Masalaning yana bir muhim jixati, xozirgi kunda A.Xodjayevning qamoqqa olinishini ko‘pgina OAVlarida uni “avtoritet” ekanligi, Toshkent shaxrining “smotryashiy”si ekanligi bilan bog‘lashmoqda. Aslida, huquqiy demokratik davlatlarda shaxarning rasmiy smotryashiylari shaxar meri, prokurori va sudyasi  hisoblanadi. Agar ushbu vakolatli mansabdor shaxslar o‘z vazifalarini vijdonan va qonun doirasida adolatli bajarmas ekan, albatta, fuqarolar najot izlab norasmiy “smotryashiy”larga murojaat qilishga majbur bo‘ladilar.

Shunday ekan, advokat Yoqut Xudoyorovaning ta’kidicha, A.Xodjayevni jinoyatchi sifatida emas, balki qandaydir o‘ylab topilgan “avtoritet, smotryashiy” degan mavhum qo‘lbola ayblar bilan, xuddi qatag‘on yillarida bo‘lgani kabi “qamalishi shart” degan jirkanch aqidaga rioya qilgan holda qamab, odamlarni ovorayu sarson qilmasdan, dastlabki tergovdayoq “hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q” (prigovor okonchatelniy, objalovaniyu ne podlejit) deb, uzil-kesil hukm chiqarib yuboraversa ham bo‘laverardi-ku!

Yoki buning uchun O‘zbekistonda kimdir ularni g‘ayriqonuniy harakatlarda ayblarmidi!? Yoki kimdir e’tiroz bildirarmidi!?

Qonuniylikka rioya qilish majburiyligi O‘zbekiston Konstitutsiyasining:

14-moddasi: Qonuniylik prinsipi davlat faoliyatining asosiy prinsipi hisoblanadi;

15-moddasi: Konstitutsiya va qonunlar ustunligi so‘zsiz ta’minlanadi;

16-moddasi: O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qonunlar, farmonlar, farmoyishlar, qarorlar, buyruqlar va davlat organlarining boshqa me’yoriy hujjatlari Konstitutsiya, qonun normalari va prinsiplariga zid bo‘lmasligi kerak, deb mustahkamlab qo‘yilgan hamda Konstitutsiyaning 93-moddasi 1-qismida, mamlakat Prezidenti Konstitutsiya va qonunlar ustivorligi kafilidir, deb ta’kidlangan.

Demak, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatda qonun ustivorligini ta’minlash va qonunlarni to‘g‘ri ishlatilishini nazorat qilish vakolati berilgan huquqni muhofaza qiluvchi (IIV, MXH, prokuratura va sud) organlari mutasaddi ma’sul mansabdor shaxslari JK va JPK normalarini o‘zboshimchalik bilan talqin qilmasdan, Konstitutsiya va Oliy sud Plenumi qarorlarida belgilab berilgan rahbariy tushuntirishlari bilan hamohang olib borishlari lozim bo‘ladi.

Axir, JPKning 1-moddasidayoq, O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoyat ishlarini yuritish tartibi faqat JPK bilan belgilanadi va jinoyat ishlarini yuritishning ushbu Kodeksda belgilangan tartibi barcha surishtiruv-tergov, prokuratura, sud organlari, advokatura, shuningdek, barcha fuqarolar uchun  YAGONA va MAJBURIYligi qat’iy belgilab qo‘yilgan-ku!!!

Unda nima uchun “muhtaram janob I”ning kaprizini qondirish va shu maqsadda ikkita aybsiz fuqaroni qamoqqa olish operatsiyasini amalga oshirish uchun mamlakat poytaxti hisoblanmish Toshment shaxri IIBBning 20 dan ortiq xodimi Qonun bilan ishlamagan, Qonun deb gapirmagan.

Faqat qandaydir kuklovodning buyrug‘ini bajargan, holos. Nima, bularning shundan boshqa qiladigan ishi yo‘qmi???

Xuddi shu kabi “qonundagi o‘zboshimchalik” ya’ni “pravoviy bespredel” holati Yevropada yoki Amerikada sodir etilsa nima ro‘y berishini faraz qiling…

Xabaringiz bor, bundan bir necha yil avval Fransiya oliy o‘quv yurtlarida xijobni taqiqlash haqida hukumat qarori chiqqan edi. Haqiqiy tomosha ertasi kuni boshlandi… Parij aholisi ko‘chaga chiqib piketlar, namoyishlar uyushtira boshladi. Dalneboyshik furalardan tortib, fohishalargacha, talabalardan tortib pensionerlargacha ko‘chaga chiqib Konstitutsiyaga xilof bo‘lgan qarorni bekor qilishni hukumatdan talab qilishgan edi. Xattoki, tog‘dagi cho‘ponlar ham poda-poda qo‘ylarini haydab, shaxarga kirib kelgan edi,o‘shanda… O‘zbek yanayam sabrli ekan…

Qonun ustivorligini ta’minlash yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuksak baho berar ekan, O‘zbekiston prezidenti o‘z ma’ruzalarida ularning faoliyatiga tanqidiy baho berib:

“…odamlar ochlikka, muxtojlikka chidashi mumkin, odamlar yozning jazirama issig‘iga, qishning qahraton sovug‘iga chidashi mumkin, lekin ular adolatsizlikka aslo chiday olmaydilar. Ayniqsa, adolat o‘rnatishi lozim bo‘lgan mutasaddi ma’sul mansabdor shaxslar o‘zlari adolatsizlikka yo‘l qo‘ysalar, bunday holaatni aslo kechirib bo‘lmaydi.

Eng xavflisi  shundaki, odamlar taqdiriga beparvolik, loqaydlik, nomaqbul ish usullari oqibatida biz oddiy, umuman olganda qonunlarga itoat etuvchi fuqarolarni noto‘g‘ri jazolab, ulardan hukumatga ham, qonunlarga ham ishonmaydigan norozi odamlar toifasini o‘z qo‘limiz bilan yaratamiz. Bu esa, ko‘p hollarda tuzatib bo‘lmaydigan vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini aslo esdan chiqarmasligimiz kerak.

Yana shuni afsus bilan tan olishimiz kerakki, hali – beri qonunchiligimizda ham, qonunlarni qo‘llash faoliyatimizda ham ko‘rinib turibdiki, sud-tergov tajribamizda ba’zan umuman toqat qilib bo‘lmaydigan mantiqsizliklarga yo‘l qo‘yilmoqda”, deb ogohlantirib aytgan gaplari bejiz-behuda emas.

Prezident Sh.Mirziyoyevning 2017 yil may-iyun oylarida ichki ishlar xodimlari, prokuratura organlari va sudyalar korpusi bilan bo‘lgan uchrashuvlarda so‘zlagan ma’ruzalarida sud-huquq tizimida yuqorida sanab o‘tilgan nohush illatlar, korrupsiya holatlari bugungi kunda ham keng ildiz otganligi ta’kidlangan.

Bizning diyorimizda ham XXI asr hukm surmoqda. Olimu ulamolar, shunchaki halol insonlar quvg‘in qilinadigan yoki o‘zgacha fikrlovchi haqiqatgo‘y va adolatparvar insonlarga taziyiq o‘tkaziladigan o‘rta asrlar emas yoxud butun boshli millatlar, xalqlar qatag‘on qilingan 37-53 yillar ham emas.

Mana, 28 yildirki xalqimiz ozod, davlatimiz mustaqil, kimlargadir qaram emas. Qandaydir Beriya yoki Gdlyanlar izmida yoxud Gaydanov, Didorenko, Buturlinlar qo‘lida ham emas. Shunday ekan, yuqorida nomlari ko‘rsatilgan va Konstitutsiyamizni, qonunlarimizni ochiqdan-ochiq surbetlarcha poymol qilib, aybsiz insonlarga nisbatan repressiya mashinasini yurgazayotgan “janob i” kim?  Ularning maqsadi nima o‘zi?

Sud muhokamasi jarayonida mana shu savol bilan sudlanuvchi A.Xodjayev bir necha marta sudya va prokurorga murojaat qildi: – “…maqsadinglar nima o‘zi, ikkoving ham juda yaxshi bilib turibsan, men jinoyatchi emasman. Lekin, nima uchun sakkiz oydan beri meni qiynab, bu yerda teatr tomosha ko‘rsatyapsan, undan ko‘ra o‘qiydigan hukmingni o‘qi yoki otib tashla”.

O‘zbekiston prezidenti Sh.Mirziyoyev IIV, prokuratura va sud organlari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda “sudlarni aholi ongida faqatgina jazolash va qatag‘on quroli sifatida emas, balki ularning huquq va erkinliklarini ishonchli va sifatli himoya qila oladigan davlat mahkamasiga aylantirish xozirgi davrning xal qiluvchi vazifasi bo‘lib qolmoqda” deb ta’kidlagan edi.

Ammo, afsuslar bo‘lsinki, men O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari va yuqorida nomlari ko‘rsatilgan ma’sul mansabdor shaxslari timsolida qonun ustivorligini ta’minlanishini, odil sudlovni amalga oshirilishini, fuqarolarning poymol qilingan huquq va erkinliklarini tiklanishini va ishonchli himoya qilinishini emas, balki aksincha, adolatsizlikni, xo‘rlik va xorlikni, qonunlarni qo‘pol ravishda buzilayotganligini, fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqlari militsiya, prokuratura va sud tomonidan surbetlarcha poymol qilinayotganligini guvohi bo‘lib turibman.

E’tiborga molik tomoni shundaki, sud majlisiga guvoh sifatida chaqirilgan tergovchi Sh.Sattarov ham, ekspertlar ham, Shayxontoxur IIB boshlig‘i 1-o‘rinbosari Shoyusupov ham advokatlarning “nega qonunga xilof ish qildinglar” degan savoliga “biz buyruqni bajardik” deb javob bergan.

Advokatning “vazir yoki yuqori turuvchi boshliqning buyrug‘i Konstitutsiya yoki qonunlardan ustun bo‘lolmaydi-ku”, degan e’tirozi javobsiz qolgan. Buni prokuror D.Abdullayev “bular to‘g‘ri ishlagan” degan replikasi bilan xaspo‘shlab qo‘yaqolgan.

2017 yil O‘zbekiston prezidenti tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinganligi va shu asosda dastur ishlab chiqilib, olib borilayotgan ishlar mamlakatimizda turli jabhalarida, shu jumladan, sud-huquq tizimida ham tub islohotlar boshlanganidan darak beradi.

Ammo, Prezident Portaliga, Bosh prokuratura va Oliy sudga kelayotgan shikoyatchilar oqimi borgan sari ko‘payib borayotganligi hali-hamon huquqni muhofaza qiluvchi organlarida eski usulda ishlab kelayotgan, “qonun qonun emas, mana men qonun” deb, o‘ziga ortiqcha baho berib yuborayotgan pogonniy kimsalar ko‘pligidan dalolat beradi.

“Adolatli sud va haqiqat bo‘lmagan joyda davlat qaroqchilar to‘dasiga aylanadi” (V otsutstvii spravedlivosti i pravosudiya gosudarstvo prevrashayetsya v shayku razboynikov) degan edi eramizning IV asrida yashagan buyuk davlat arbobi Avgustin Avreliy.

Davlat rahbari men yuqorida ismi-familiyasini keltirgan poganniy kimsalarga keng vakolatlar bilan birga qo‘liga qurol ham berib, o‘zi qonun ustivorligini ta’minlay olmas ekan, unda o‘shalarning qo‘lidan nohaq jabrlangan fuqarolar ham najot istab A.Xodjayevga o‘xshagan “avtoritet”larga murojaat qilishi kerakmi yoki ular ham qo‘liga qurol olishi kerakmi???

Darhaqiqat adolat mezonlari qo‘pol ravishda buzilayotgan, inson haq-huquqlari toptalayotgan yurtda ijtimoiy himoya barbod bo‘ladi, mehnat va ne’mat taqsimoti buziladi. Korrupsiya rivojlanadi, davlat va xalq mulkini ochiqdan-ochiq talon-taroj qilish avj oladi. Bu esa o‘z navbatida ma’naviyatni tubanlashuviga, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, xalq xo‘jaligini butkul parokandalikka olib keladi… Bularning barchasi esa, yuqorida ko‘rganingizdek, oddiygina, elementar qonunlarga rioya qilmaslikdan boshlanadi.

Meni ham o‘ylantirayotgan, ham havotirga solayotgan holat – yuqorida nomlari sanab o‘tilgan tezkor xodimlar, tergovchi – prokurorlar, ekspertu sudyalar qonun normalarini yo bilmaydilar yoki bo‘lmasa, shunchaki mensimaydilar. Bundaylar bilan qanday qilib huquqiy demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyatini qurish mumkin?

Bundaylar shu holatida fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qila oladi deb kim ham kafolat bera oladi. Axir, zulm zulmni paydo qilishini, zo‘rovonlikka qarshi zo‘rovonlik kelib chiqishini hammamiz yaxshi bilamiz-ku!

Ushbu buyurtma jinoyat ishiga daxldor bo‘lgan va men yuqorida nomlarini sanab o‘tgan huquqni muhofaza qiluvchi (IIV, prokuratura va sud) organlari ma’sul mansabdor shaxslari mazkur qilmishlari uchun jazosiz qolishlariga aniq ishonganlari holda vijdonsizlarcha o‘ta surbetlik bilan harakat qilgan va mutloqo aybsiz fuqarolarni qalbaki hujjatlar bilan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida jinoiy javobgarlikka tortib, qonunga xilof ravishda uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilagan.

Vaqti kelib haqiqat yuzaga chiqadi, adolat qaror topadi, lekin nohaq sudlanganlar A.Xodjayev va M.Qurbonovlarning o‘ziga va oilasiga yetkazilgan ruhiy iztiroblarni, ma’naviy zararni hech kim hech qachon va hech narsa bilan qoplab berolmaydi. Ammo, sud xatoligini bartaraf qilishga, sudlanuvchilarga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi (IIV, prokuratura va sud) organlari tomonidan sodir etilayotgan huquqiy o‘zboshimchalik (pravoviy ili sudebniy bespredel)ga barham berish uchun hali ham kech emas.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida sud-tergov amaliyotida dalillarni  to‘plash va baholashda qonuniylik va holislikni ta’minlashga to‘sqinlik qiladigan holatlar to‘liq bartaraf etilmaganligini, sud idoralari esa xalq xayotidan, uning dardu tashvishlaridan uzoqlashib ketganligini alohida ta’kidlab, “Sud-tergov faoldiyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilinganligini ma’lum qilgan edi.

Ushbu Farmonga ko‘ra, qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa zo‘rovonlik holatlariga mutloqo yo‘l qo‘yilmasligi, bunday jinoiy qilmishlarni sodir etgan shaxs, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar muqarrar ravishda javobgarlikka tortilishi, shuningdek, dalillarni soxtalashtirganligi uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy qilinganligi, eng muhimi, noqonuniy usullar qo‘llanganligi to‘g‘risidagi bironta ham xabar e’tiborsiz qolmasligi shartligi, prokuratura organlari har bir holat bo‘yicha chuqur tekshiruv o‘tkazib, aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini ta’minlash belgilab berilgan.

Sudlanuvchilar A.Xodjayev va M.Qurbonovlar ishida muzokara nutqi so‘zlandi, oxirgi so‘zlar aytildi. Endigi navbat sudga… Har holda sudlanuvchilarning har biri odil sudga ishonamiz, adolatli hukm o‘qilishiga umid qilamiz deyishdi. Agar sudya M.Abidov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyev olib borayotgan davlat siyosatini hamda o‘zgarishlarni to‘g‘ri anglab yetgan bo‘lsa, sud-huquq tizimidagi islohotlar mohiyatini to‘g‘ri tushunib, haqiqatdan ham odilona va oqilona qaror qilishiga biz ham umid qilamiz. Bu bilan O‘zbekistonning yangi tarixida Sh.Mirziyoyev haqiqiy demokratik-reformator prezident sifatida o‘rin olgani kabi, u ham sudya Z.Nurmatov kabi ilk odil sud sifatida joy olishi mumkin. Aks holda…

Usmon Qalandarov
19.05.2018 yil

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.