Ultimate magazine theme for WordPress.

JINOIY QILMISH MUQARRAR JAZOGA SABAB BO‘LDI

40

Bebaho sanalgan hayot insonga faqat bir marta beriladi. Hayoti davomida kimdir — xayrli, ezgu amallari bilan odamlar orasida yaxshi nom qoldiradi. Yana kimdir qonunga xilof qilmishi yoki man etilgan faoliyati bilan jamiyatga zarar yetkazadi.

Odam sog‘lom turmush tarziga qat’iy rioya etib, halol yashasa, umrini ezgu amallar bilan bezasa, oilada tinch-totuvlikni ta’minlab, mehr-oqibatli, salohiyatli, sog‘lom farzandlarni tarbiyalasa, hech shubhasiz, uning hayoti farog‘atli kechadi.

To‘g‘ri, odamlarning taqdiri turlicha. Lekin har kim ham halol va zahmatli mehnati, yaxshi xulqi tufayli ega bo‘lgan obro‘-e’tibori, oilada o‘g‘il-qizlariga bergan munosib tarbiyasi tufayligina rohat ko‘radi.

Hayot hamisha ham silliq kechavermaydi. Odamning irodasi sustligi, ba’zan esa, oqibatni o‘ylamasligi uni turli nojoiz harakatlardan tiyib qolmasligi ham mumkin.

Shu o‘rinda maqsadga o‘tadigan bo‘lsak, insonning yuqori asab tizimini izdan chiqaruvchi, ruhiy va jismoniy salomatligiga putur yetkazuvchi giyohvandlik balosi yer yuzida allaqachon global muammoga aylangan.

Dunyoning barcha davlatlari insoniyat uchun o‘ta xavfli va xatarli illat — giyohvandlikning payini qirqish yo‘lida keskin kurash olib bormoqda.

Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, giyohvandlikka ruju qo‘ygan odam o‘zicha istalgan paytda undan voz kechaman deb o‘ylarkan. Ammo bu balodan qutulish oson emas. Buning uchun insonda mustahkam iroda, metindek kuch-quvvat bo‘lishi kerak.

Jinoiy qilmish muqarrar jazoga sabab bo‘ldi-2

Aks holda, giyohvandlik o‘z domiga tushganlarning shirin hayotini zahar-zaqqumga aylantiradi. Sog‘lig‘ini kemiradi, aqliy va jismoniy quvvatini zaiflashtiradi. Bir paytlar hamma havas bilan qaragan oila giyohvandlik balosi tufayli barbod bo‘ladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jinoyatchilik va giyohvand moddalar ustidan nazorat boshqarmasi ma’lumotlariga qaraganda, bugun giyohvandlikka ruju qo‘yganlar soni dunyo bo‘yicha 300 milliondan oshgan. Dunyo miqyosida har yili giyohvandlikka chalingan 200 ming nafardan ortiq kishi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda.

Dunyoda, odatda, inson o‘limining 43 ta sababi qayd etiladi va bu ro‘yxatda giyohvandlik oqibatida sodir bo‘ladigan o‘lim o‘n to‘qqizinchi o‘rinda turadi. Yovuz niyatli guruhlarning narkobiznes savdosidan topayotgan daromadi miqdori esa, yil sayin oshib bormoqda.

Giyohvandlik balosi insoniyat uchun o‘ta xatarli bo‘lib, dunyo mamlakatlarida sodir etilayotgan jinoyatlarning qariyb 60 foizi giyohvandlikka qaram shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Eng yomoni, giyohvandlik og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda. Yana bir nihoyatda xavfli jihati shundaki, giyohvandlik oilalar va millat genofondining buzilishiga olib keladi.

Jinoiy qilmish muqarrar jazoga sabab bo‘ldi-3

Tarixiy manbalarda yozilishicha, giyohvandlikka qarshi kurashish borasida davlatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish sa’y-harakatlariga yuz yildan oshgan. 1909 yil fevral oyida o‘n uchta davlat vakillari Osiyoda giyohvand moddalar yetishtirilishiga qarshi kurashish maqsadida Shanxayda yig‘ilganlar. O‘shanda ilk marotaba giyohvandlikka qarshi kurashish komissiyasi tashkil etilgan.

Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini ta’minlash, xalqimizning hayoti xavfsizligiga erishish, salomatligini asrashga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Bu borada barcha zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar izchillik bilan amalga joriy etilmoqda.

Xususan, salkam chorak asrdan buyon Vazirlar Mahkamasi huzurida Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi faoliyat yuritib kelmoqda. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvandlik vositalari to‘g‘risidagi yagona konvensiyasi, Psixotrop moddalar to‘g‘risidagi hamda Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiyalar ratifikatsiya qilindi.

O‘tgan davrda «Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash to‘g‘risida», «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi qonunlar amalga kiritildi.

Bundan tashqari Jinoyat kodeksining 270-276-moddalarida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlarga nisbatan jazo choralari belgilab qo‘yilgan.

Ushbu turdagi jinoyat ishlarini sudlarda ko‘rishda qonunlarning to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash, odil sudlov sifatini oshirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlari qabul qilingan. Oliy sud Plenumining 2017 yil 28 aprelda qabul qilingan «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori shular jumlasiga kiradi.

Jinoiy qilmish muqarrar jazoga sabab bo‘ldi-4

Mazkur Plenum qarorining 3-bandiga ko‘ra, mamlakat qonunlarida belgilangan shart va tartibni buzgan holda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (olib chiqish), tranzit tarzida o‘tkazish, saqlash, berish, realizatsiya qilish, taqsimlash, olish, tashish, jo‘natish, ishlab chiqish, ishlab chiqarish, tayyorlash, ulardan foydalanish va ularni yo‘q qilish, shuningdek, tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish qonunga xilof muomala sanaladi.

Shunisi aniqki, har bir qonunbuzilish holati o‘z navbatida, tegishli huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Sudlar tomonidan esa, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq har qanday jinoiy qilmish uchun jazoning muqarrarligi ta’minlanadi.

Yaqinda tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan Asliddin Javlonovga (ism-shariflar o‘zgartirilgan) nisbatan jinoyat ishi sudda mazmunan ko‘rib chiqilgani bunga yana bir hayotiy misoldir.

Sud A. Javlonovni yuqoridagi moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan ayblangan har bir modda bo‘yicha alohida-alohida jazo tayinlab, Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan sudlanuvchini uzil-kesil to‘rt yil olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Jinoiy qilmish muqarrar jazoga sabab bo‘ldi-5

Mulohaza qilib qaralsa, bu dunyoda boriga qanoat qilgan, tinch yashashni maqsad bilgan, o‘z salomatligini asrashni odatga aylantirgan odamdan nojoiz ishlar chiqmaydi. Bu — birinchidan.

Ikkinchidan, oramizda giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish jinoyat ekanligini bilmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Yana kim deng, bir paytlar tuman ichki ishlar bo‘limi Qo‘riqlash xizmatida ishlab, nafaqaga chiqqan sobiq xodim bunday qilmishni sodir etsa?!

Tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud ekinni ekish va yetishtirish, uni ko‘p miqdorda o‘tkazishga suiqasd qilish jinoyatiga qo‘l urgan shaxsning jinoiy kirdikorini oqlab yoki kechirib bo‘ladimi?!. Yo‘q, albatta.

Asliddin nafaqaga chiqqanidan keyin bekor qolmagan. Uyi yaqinidagi fermer xo‘jaligi bilan o‘zaro kelishuv asosida o‘n gektar yer maydonidagi g‘o‘zalarga suv tarab, ularni sug‘orish bilan shug‘ullangan. Xizmati evaziga ana shu yer maydonining bir chetidagi ikki qator tut plantatsiyasi orasiga ekin ekib, foydalanib kelgan.

Har oyda olayotgan nafaqasi, dala-dehqonchilikdan ko‘rilayotgan foyda bilan A. Javlonov hech kimdan kam yashamayotgandi. Bundan tashqari u yaqin atrofdagi mahallalarda xalqning to‘y-hashamlari va ma’rakalarida oshpazlik qilardi, xizmati ortidan el orasida hurmat-e’tibori ham baland edi.

Asliddinning qonunga tamomila zid qilmishi fosh bo‘lgandagina uni tanigan, bilgan odamlar hayratlanishdi, unga achinishdi.

Shu o‘rinda voqea tafsilotlaridan o‘quvchini xabardor etadigan bo‘lsak, o‘tgan yilning 29 sentabr kuni ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tuman hududida «Qoradori — 2019» tezkor profilaktik tadbiri o‘tkazilgan. Tadbir chog‘ida A. Javlonovning tomorqasi ko‘zdan kechirilganda, 35 tup «kannabis» giyohvandlik o‘simligi parvarish qilinayotgani aniqlangan.

Ekish va yetishtirish taqiqlangan ana shu o‘simliklar sug‘urib olinib, toroziga tortilganida uning nam holatdagi og‘irligi 460 grammni tashkil etgan.

Tomorqasiga ekkanidan qanoatlanmagan Asliddin fermer xo‘jaligi tutzorlari orasida ham 6 tup «kannabis»ni parvarishlagan ekan. O‘lchab ko‘rilganda, ularning og‘irligi 194 gramm tosh bosgan.

Giyohvandlik vositalarini nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat komissiyasining 2018 yil 27 oktyabrdagi 878-sonli qarorida «kannabis» giyohvandlik vositalari turkumiga kirishi ko‘rsatilgan. Demak, «kannabis» bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish qat’iyan ta’qiqlanadi.

Jinoyat ishini sudda ko‘rish chog‘ida sudlanuvchi giyohvandlik vositalarini o‘zi iste’mol qilishi uchun ekkanini aytdi. Uni biron-bir shaxsga o‘tkazish yoki sotish maqsadi bo‘lmagani haqidagi vajlarni keltirdi.

Sudda ushbu vajlar muhokama qilindi. Sud aniqlangan holatlardan kelib chiqib, bu vajlarni jinoiy javobgarlikni yengillashtirish maqsadida sudlanuvchi tomonidan berilgan yolg‘on ko‘rsatmalar, ya’ni o‘rinsiz bahona, deb hisobladi.

Albatta, sud sudlanuvchi A. Javlonovga nisbatan jazo tayinlashda jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga oldi va jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar yo‘q deb baholadi.

Uning aybiga iqrorligi va chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, muqaddam sudlanmaganligi, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganligi va mahalla aholisi tomonidan berilgan iltimosnomani, yolg‘iz oila boquvchiligini jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb topdi.

Shu bois sud A. Javlonovga nisbatan jazo tayinlashda ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam qismidan ham kamroq jazo belgiladi.

Xulosa qilib aytganda, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishning har qanday ko‘rinishi bilan ham murosa qilib bo‘lmaydi. Guvohi bo‘lganingizdek, bunda o‘rinsiz bahonalar o‘tmaydi, jinoiy qilmish uchun albatta, jazo muqarrardir.

Avazjon IBODOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Navbahor tumani sudining raisi

Mazkur mavzuga mazmunan aloqador bo’lgan va avvalgi nashrlarimizning birida chop etilgan “Qilmishimdan pushaymonman” nomli maqolamizni etiboringizga havola qilgan edik.

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Комментарии закрыты.