Ultimate magazine theme for WordPress.

JINOYAT OQIBATIDA SHAXSGA ETKAZILGAN ZARARNI UNDIRISHNING O‘ZIGA XOS JIHATLARI

45

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida huquqiy muhofazaning alohida ob’ekti sifatida fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati belgilab qo‘yilgan. Bunday himoyaning huquqiy usullaridan biri esa, fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga etkazilgan zararni to‘lashdir.

Fuqarolik huquqida jinoyat oqibatida etkazilgan zarar deganda, ziyon etkazuvchining g‘ayriqonuniy fe’l-atvori sababli yuzaga kelgan jismoniy shikastlanish hamda har qanday kasallanish tushuniladi.

Odatda, zarar etkazish hollarida zarar etkazgan shaxs bilan jabrlanuvchi shartnomaviy munosabatda bo‘lmaydi.

Zarar etkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar fuqarolik huquqining muhim institutlaridan biridir. Bu majburiyatlar shartnomaviy munosabatlardan tashqari, shaxsga yoki mol-mulkka g‘ayriqonuniy xatti-harakat natijasida etkazilgan zararlarni qoplashga qaratilgan.

Zarar etkazganlik yuzasidan fuqarolik-huquqiy javobgarlikka tortish uchun bir vaqtning o‘zida quyidagi huquqbuzarlik tarkibi mavjud bo‘lishi shart:

  1. – zarar etkazilganligi (mavjudligi);
  2. – zarar etkazuvchi shaxs harakatlari (harakatsizligi)ning huquqqa xilofligi;
  3. – etkazilgan zarar bilan huquqqa xilof qilmish o‘rtasida sababiy bog‘lanish;
  4. – zarar etkazuvchi shaxsning aybi yoki zarar etkazuvchi shaxs xatti-harakatlarini nazorat qilish majburiyati yuklangan shaxsning aybi.

Zarar deganda, huquqbuzarlik natijasida jabrlanuvchiga tegishli mol-mulk, mulkiy huquq hajmining kamayishida yoki yo‘qotilishida namoyon bo‘ladigan moddiy zarar yoki nomoddiy ne’matning (jismoniy shaxsning hayoti yoki sog‘lig‘i) shikastlanishi yoinki undan mahrum bo‘linishi tushuniladi. Shu sababli, zarar moddiy yoxud jismoniy xarakter kasb etadi. Moddiy zarar ko‘rgan jabrlanuvchi jismoniy shaxs ham, yuridik shaxs ham bo‘lishi mumkin. Jismoniy zarar bo‘yicha jabrlanuvchi faqat fuqaro bo‘ladi.

Fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga etkazilgan zarar, shuningdek ma’naviy zarar o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Etkazilgan zarar to‘liq hajmda, boy berilgan foydani ham qo‘shib hisobga olgan holda undiriladi.

Shaxsning buzilgan huquqini, nobud bo‘lgan yoki shikastlangan mol-mulkini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan harakatlari haqiqiy (real) zarar hisoblanadi. Qonunda etkazilgan zararni to‘liq hajmda qoplash umumiy qoidasidan istisno nazarda tutilishi mumkin.

Umumiy qoidaga ko‘ra, zararni to‘lash majburiyati bevosita zarar etkazuvchiga yuklanadi. Ayni paytda qonunda etkazilgan zararni to‘lash majburiyati zarar etkazgan shaxsgagina emas, balki uning xatti-harakatlari uchun mas’ul yoxud xatti-harakatlarini nazorat qilishi shart bo‘lgan shaxslarga ham yuklanishi mumkin.

Odatda, fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga etkazilgan zarar oqibatlarini yumshatish uchun qonun hujjatlarida yoxud shartnomada tovon to‘lovlari ham nazarda tutiladi. Ushbu choralar fuqarolik-huquqiy, ijtimoiy himoya vositasi hisoblanadi.

Zarar etkazganlik uchun javobgarlikni qo‘llash asosi sifatida zarar etkazuvchining aybi mavjud bo‘lishi kerak. Ayb zarar etkazuvchining o‘z qilmishi va uning oqibatlariga ruhiy-psixik munosabati hisoblanadi.

Zarar etkazuvchi aybining shakli qonun hujjatlarida bevosita belgilab qo‘yilgan hollardagina huquqiy oqibatlarga ega bo‘ladi. Qolgan holatlarda qasd yoki ehtiyotsizlikdan qat’i nazar, qilmish to‘laqonli ayb asosida sodir qilingan hisoblanadi, ya’ni aybning har qanday shaklida etkazilgan zarar to‘liq hajmda undiriladi.

Zarar etkazgan shaxs, agarda bunda o‘zining aybi yo‘qligini isbotlab bersa, ya’ni fors-major holatlar ro‘y bergan yoxud uchinchi shaxslarning aybi mavjud bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (FK) ning 333-moddasida (majburiyatni buzganlik uchun javobgarlik) ham aybsizlikni isbotlash burchi zarar etkazgan shaxs zimmasiga yuklanadi.

Jinoyat oqibatida shaxsga etkazilgan zararni undirish_2

Ushbu holatda aybsizlik prezumpsiyasi namoyon bo‘ladi, ya’ni zarar etkazgan shaxs qonunda belgilangan tartibda o‘zining aybsizligini isbotlab bermagunicha, aybdor hisoblanadi.

Qayd etish lozimki, ayb delikt bo‘yicha javobgarlikni belgilashda qat’iy, ya’ni mutlaq zaruriy asos emas. Qonunda zarar etkazuvchining aybi bo‘lmaganda ham zararni to‘lashi nazarda tutilishi mumkin.

FKning 993, 996, 999-moddalarida zararni to‘lash majburiyati ayb kategoriyasini qo‘llash mumkin bo‘lmagan shaxslarga (muomalaga layoqatsizligi sababli) yoki zarar etkazishda aybi bo‘lmagan shaxslarga yuklanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Fuqarolik qonunchiligida javobgarlik sharti sifatida zarar etkazuvchi xatti-harakati (harakatsizligi)ning huquqqa xilofligi zarar etkazuvchi xatti-harakatining g‘ayriqonuniyligini, ya’ni boshqa shaxsning sub’ektiv huquqi biror tarzda buzilishini anglatadi.

FK 9-moddasining beshinchi qismiga ko‘ra, fuqarolar va yuridik shaxslar boshqa shaxslarga zarar etkazishga qaratilgan harakatlarni sodir etmasliklari shart. Zarar etkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar bosh delikt tamoyiliga asoslanadi, ya’ni agar qonun hujjatlarida belgilangan bo‘lmasa, har qanday zarar etkazish huquqqa xilof hisoblanadi.

Huquqqa xiloflikni qonun hujjatlarida belgilangan taqiqni buzishga qaratilgan harakatlarni sodir etish bilangina bog‘lamaslik kerak.

Huquqqa xiloflik doirasi faqat bu bilan cheklanmaydi, balki boshqa shaxslarning sub’ektiv huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiluvchi har qanday zarar etkazishdan iborat.

Huquqqa muvofiq (qonuniy) harakatlar oqibatida yetkazilgan zarar qonunda nazarda tutilgan hollardagina to‘lanishi lozim.

Bir vaqtning o‘zida quyidagi ikki holat mavjud bo‘lganida zararni to‘lash rad etilishi mumkin:

  • zarar jabrlanuvchining iltimosi yoki roziligi bilan etkazilgan bo‘lsa;
  • zarar yetkazuvchining harakatlari jamiyatning axloqiy tamoyillariga putur etkazmasa.

Birinchi holatda jabrlanuvchining iltimosi yoki roziligi yaqqol ifodalangan bo‘lishi shart. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsning, voyaga etmaganlarning, o‘z harakati oqibatlarini anglab etmaydigan holatda bo‘lgan (alkogol, giyohvand yoki psixotrop moddalar iste’mol qilish oqibatida) shaxslarning (aqli norosolik holida bo‘lganlar) iltimosi yoki roziligi hisobga olinmaydi.

Ikkinchi holatda esa, jamiyatning axloqiy tamoyillari sud tomonidan har bir aniq holatdan kelib chiqib hisobga olinadi. Bunday tamoyillar doirasiga umuminsoniy (insonparvarlik, adolat, bag‘rikenglik, achinish va hokazo) va milliy-diniy qadriyatlar (saxiylik, mehmondo‘stlik, sadoqat, vafodorlik, iffat-hayo, kattalarga hurmat, itoatkorlik va hokazo) kiritilishi mumkin.

Shu o‘rinda bir misolga e’tibor qaratamiz. 2019 yil 13 avgust kuni taxminan soat 18.30 larda I. Sh. «VAZ-21011» rusumli avtomashinasida Toshkent-Chimyon avtomobil yo‘lining 47-chaqirimida Chirchiq shahridan G‘azalkent shahri tomon harakatlanib kelayotib, yo‘l harakati qoidalarini buzib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, o‘z yo‘nalishida kelayotgan haydovchi K. O. boshqaruvidagi «Matiz» rusumli avtomashina bilan to‘qnashuv sodir qilgan va oqibatda yo‘lovchi S. M. hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati olib, Bo‘stonliq tumani markaziy kasalxonasiga yotqizilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudining 2019 yil 11 dekabrdagi ajrimi bilan I. Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (JK) 266-moddasining birinchi qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Oliy Majlis Senatining 2012 yil 5 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligini yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi Qarorining 6-bandiga asosan tugatilgan va manfaatdor shaxs S. M.ga etkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik sudiga murojaat qilishi mumkinligi tushuntirilgan.

FKning 75-moddasiga ko‘ra, sud hammaga ma’lum deb topgan holatlar isbotlashga muhtoj emas. Jinoyat ishi bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan sud hukmi sud tomonidan hukm etilgan shaxs harakatlarining fuqarolik-huquqiy oqibatlari to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqayotgan sud uchun faqat shu harakatlar sodir etilgan yoki sodir etilmaganligi va ular mazkur shaxs tomonidan sodir etilgan yoki sodir etilmaganligi masalalari yuzasidan majburiydir.

Shundan so‘ng, da’vogar – Bo‘stonliq tumani prokurori fuqaro S. M.ning manfaatida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar I. Sh.dan jabrlanuvchi foydasiga jinoyat oqibatida etkazilgan 30.000.000 so‘m moddiy va 30.000.000 so‘m ma’naviy zararni undirib berishni so‘ragan.

Ishdagi sud-tibbiy ekspertizasining 2019 yil 14 noyabrdagi xulosasiga ko‘ra, S. M.ga hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikast etkazilgan.

FK 985-moddasining birinchi qismiga binoan, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga, shuningdek yuridik shaxsga etkazilgan zarar, jumladan, boy berilgan foyda zararni etkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

Mazkur talabga asosan sudning hal qiluv qarori bilan Bo‘stonliq tumani prokurorining fuqaro S. M. manfaatida kiritgan da’vosining moddiy zararni undirish qismi qisman qanoatlantirilib, javobgardan 4.500.000 so‘m undirilgan.

Shuningdek, jabrlanuvchilarning biri, ularning yaqin qarindoshlari yoki boquvchisi vafot etgan taqdirda fuqarolik qonunchiligiga asosan zararlar to‘liq qoplanadi.

FK 100-moddasining sakkizinchi qismida fuqaroga etkazilgan ma’naviy zararni qoplash borasida umumiy me’yor belgilangan. Ma’naviy zararni qoplash masalasiga oid normalar mazkur Kodeksning 1021, 1022-moddalarida va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000 yil 28 aprelda qabul qilingan «Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi 7-sonli qarorida keng bayon etilgan.

Umumiy qoidaga muvofiq, ma’naviy zarar uni etkazuvchining aybi bo‘lgan taqdirda, zarar etkazuvchi tomonidan qoplanadi.

Ma’naviy zararni qoplashga asos bo‘luvchi holatlardan eng muhimi noqonuniy harakat (harakatsizlik) sodir etgan shaxsning aybi mavjudligidir.

FKning 100-moddasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ma’naviy zarar faqat fuqaroning shaxsiy nomulkiy ne’matlari (huquqlari) buzilishi yoki tajovuz qilinishi oqibatida qoplanadi, degan xulosaga kelish mumkin. Shunday ekan, fuqaroning moddiy huquqlari buzilishi oqibatida etkaziladigan ma’naviy zarar qoplanadimi, degan savol tug‘ilishi tabiiydir.

Bizning fikrimizcha, bunday zarar qoplanadi. Chunki, ma’naviy zarar etkazilishiga sabab bo‘lgan g‘ayriqonuniy harakatlar yoki harakatsizlikning ob’ektlaridan biri fuqaroning moddiy huquqlari, ya’ni uy-joy daxlsizligi, mulk huquqi kabilardir. Ma’naviy zararni qoplash imkoniyati uning muddati bilan bog‘liq.

FKning 149-moddasiga ko‘ra, da’vo muddati fuqaro o‘zining buzilgan huquqini da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘lgan muddatdir. Umumiy da’vo muddati mazkur Kodeksning 150-moddasiga asosan uch yil qilib belgilangan. FKning 163-moddasida da’vo muddati joriy qilinmaydigan talablar belgilangan bo‘lib, ulardan biri – shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy ne’matlarni himoya qilish haqidagi talablardir.

Jinoyat oqibatida shaxsga etkazilgan zararni undirish_3

Ma’naviy zarar fuqaroning shaxsiy nomulkiy huquqlari va boshqa nomoddiy boyliklari buzilishi oqibatida etkaziladi. Demak, ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi talablarga da’vo muddati joriy qilinmaydi. Fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga moddiy zarar etkazilishi bilan unga ma’naviy zarar ham etkazilishi tabiiydir.

FKning 1021-moddasiga muvofiq, ma’naviy zararni etkazuvchi shaxsning aybi bo‘lgan taqdirda, zarar etkazuvchi tomonidan to‘lanishi lozim, ma’naviy zarar uni etkazuvchining aybidan qat’i nazar, zarar fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga oshiqcha xavf manbai tomonidan etkazilgan bo‘lsa qoplanadi, 1022-moddasiga ko‘ra, ma’naviy zarar pul bilan qoplanadi, ma’naviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga etkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyati, ma’naviy zarar etkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi, ma’naviy zarar to‘lanishi lozim bo‘lgan mulkiy zarardan qat’i nazar, qoplanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000 yil 28 apreldagi «Ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, ma’naviy zarar deganda, jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan (o‘tkazgan) ma’naviy va jismoniy (kamsitish, jismoniy og‘riq, zarar ko‘rish, noqulaylik va boshqa) azoblar tushuniladi.

Ma’naviy zarar, jumladan, yaqin qarindoshini yo‘qotish (o‘limi) sababli ma’naviy qayg‘urish, ijtimoiy hayotdagi faoliyatini davom ettira olmaslik, ishini yo‘qotish, oilaviy, tibbiy sirlarni oshkor qilish, fuqarolarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish, har qanday boshqa huquqlarini vaqtincha cheklash yoki ulardan mahrum qilish, etkazilgan zarar yoki sog‘liqqa boshqacha ziyon etkazish tufayli, jismoniy og‘riq yoxud etkazilgan ma’naviy azoblar natijasida boshidan o‘tkazilgan boshqa kasalliklarda namoyon bo‘lishi mumkin.

Sud qayd etilgan huquqiy normalarga asosan da’voning ma’naviy zararni undirish haqidagi qismini muhokama qilib, yo‘l-transport hodisasi oqibatida S. M. 2-guruh nogironi bo‘lib qolganligini, 2019 yildan buyon tez-tez shifoxonada davolanib kelishini, oyoq va qo‘llariga tibbiy apparatlar qo‘yilganligini, bularning oqibatida uning turmush o‘rtog‘i tashlab ketganligi ma’naviy azoblanishiga olib kelganligini inobatga olib, manfaatdor shaxsga ma’naviy zarar yetkazilgan deb hisoblagan va javobgardan uning foydasiga 15.000.000 so‘m ma’naviy zarar undirishni lozim topib, adolatli va qonuniy to‘xtamga kelgan.

G‘olibjon VOHIDOV, fuqarolik ishlari bo‘yicha
Toshkent viloyat sudi raisining o‘rinbosari

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Комментарии закрыты.