Ultimate magazine theme for WordPress.

KANAREYKALARNI UY SHAROITIDA KO‘PAYTIRISHNING ASOSIY XUSUSIYATLARI

65

Kanareykalar – uy sharoitida saqlanadigan eng mashhur qushlardir. Ular oddiy va ko‘rimsizgina (rangdor emas) bo‘lishlariga qaramay, doimo egalarini chiroyli sayroqi qo‘shiqlari bilan mamnun qiladilar.

Ko‘pchilik odamlar bir nechta qushlarga ega bo‘lib, ulardan nasl olish maqsadida birlashtiradilar va kelajakda ulardan nasl oladilar. Ammo kanareykalarni ko‘paytirish muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun Sizdan qushlarni juftlash maqsadida ularni bir-birlariga mos kelishi bo‘yicha to‘g‘ri tanlash va ular yashaydigan qafasni shu jarayonga tayyorlashingiz talab etiladi.

Shuningdek, bu jarayonni odatiy tarzda kechishini nazarda tutuvchi bir qator jihatlar mavjud: qanday ularni to‘g‘ri boqish va parvarishlash kerak, kanareykalar qancha muddat davomida necha dona tuxum qo‘yadi va ularni necha kun mobaynida bosib yotadilar hamda necha kundan so‘ng poloponlar tuxumni ochib chiqadilar va h.k.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_2

Agar Siz qushlar uchun barcha yetarli shart-sharoitlarni yaratib qo‘ysangiz, ulardan sog‘lom jo‘jalarni olishingiz mumkin, shunda ota-onalarning o‘zlari ham bundan zarar ko‘rishmaydi.

Yangi boshlovchilar uchun uy sharoitida kanareykalarni boqish, parvarishlash va ko‘paytirish imkoniyatsiz ishdek tuyulishi mumkin. Axir, bu qushlar ijtimoiy moslashuvchan emas, ular ko‘pincha bir-birlari bilan yomon munosabatda bo‘lishadi. Ularning egalari odatda yakka holda qafaslarda saqlaydilar.

Agar kanareykalar juda ko‘p bo‘lsa, Siz ularning orasidan nasl ko‘paytirish uchun bir-biriga mos keluvchi juftlikni tanlab ajratib olishingiz kerak bo‘ladi. Lekin, bir oiladan ko‘paygan qushlarni bir-birlari bilan zinhor juftlash mumkin emas, aks holda ulardan dunyoga kelgan poloponlar jismonan nosog‘lom bo‘ladi va ular tez orada nobud bo‘ladilar.

Kanareykalarni ko‘paytirish va parvarish qilishda yuzaga keladigan xatolarni oldini olish va qushlarni sog‘lom saqlashga yordam beradigan bir nechta qoidalari mavjud: kanareyka qafasda erkin harakatlanishi uchun qafasning hajmi kamida 20 X 30 sm bo‘lishi kerak; qushlar sayrashi uchun ular alohida-alohida tarzda kichik bir qafasda saqlanadi, juftlashishdan oldin ularni ma’lum bir muddatga mustaqil ravishda parvoz qilishlari uchun xonaga chiqarib yuborish yoki kattaroq hajmdagi qafas (voler)da saqlab turilishi kerak; kanareyka saqlanadigan qafasni bir-biriga qarama qarshi tomondan ochiq bo‘lgan joyda shamol urishi (skvoznyak) vujudga kelishi mumkin bo‘lgan joydan va isitish moslamalaridan uzoqroq joyga qo‘yish kerak; qafas joylashgan joy issiq, yaxshi havo aylanadigan joy bo‘lishi kerak, ular saqlanadigan qafasni mutlaqo oshxonada saqlash mumkin emas, chunki oshxonada tez-tez yuqorida darajada issiqlik va keyinchalik haroratni tezda tushib ketish holatlari yuzaga kelib turadi, bunday holat qushlar uchun o‘ta mumkin bo‘lmagan sharoitdir; qushlarni turli xil ozuqalar bilan boqish uchun kamida 3 tadan kam bo‘lmagan turli xil oziqlantiruvchi idishlardan foydalanish tavsiya etiladi.

Nasl olish maqsadida yetishtirilayotgan urg‘ochi – “moda” qushlar juftlashish uchun erkak – “nar” qushlardan bir qancha muddat ilgari juftlashishga tayyor bo‘lib yetishadi. Shu sababli ularni dunyoga kelgan vaqtidan boshlab taxminan 10 oy o‘tganidan so‘ng juftlashish uchun tayyorlash va nasl olishda foydalanish mumkin. Erkak qushlarni esa nasldorlik yo‘lida foydalanishda, ularni yoshlari muhim o‘rin tutadi, bunda qushlarning yoshi kamida bir yil bo‘lishi lozim.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_3

Nasl olishda qushlardan bir necha yil mobaynida foydalanish mumkin, ammo ularning yoshi 4 yildan oshmagani ma’qul, bunday yoshdan o‘tgan qushlar nosog‘lom nasl keltirishlari mumkin. Bu qoidaga rioya qilinmaganligi natijasida, aksariyat hollarda urg‘ochi qushlar nobud bo‘ladi. Bunday noxush holatni yuzaga kelmasligini oldini olish maqsadida, imkon qadar qushlarni bir-birlarining yoshlariga moslarini tanlab, ajratib olish zarur.

Erkak qushni jismoniy tavsiflari juda yaxshi darajada bo‘lgan taqdirda ham undan nasl olish maqsadida yosh urg‘ochi kanareyka bilan juftlashish uchun birga saqlamaganligingiz ma’qul, bunga zid bo‘lgan harakatlar kelgusida nosog‘lom naslni dunyoga kelishiga sabab bo‘ladi.

Ma’lumki, yilning bahor faslida barcha jonzotlarda nasl qoldirish mavsumi avj pallaga chiqadi, bu vaqtda barcha qushlar ham tabiiy ravishda tuxum qo‘yishni boshlaydilar. Shu munosabat bilan kanareykalarni ham aynan bahor oyida nasl olish uchun juftlashtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Qushlardagi bunday o‘zgarishlar kunduzi yorug‘lik vaqtining uzayishi, isishi va tabiyatda yangi ko‘katlar, o‘t-o‘lanlarning paydo bo‘lishi bilan uzviy bog‘liqdir. Ammo uy sharoitida saqlanadigan kanareykalar uchun uning egalari tomonidan har doim ham xuddi shunday shart-sharoit yaratib berilgan bo‘ladi.

Shuning uchun tajribali selektsioner (zavodchik)lar yiliga 2-3 marta bitta qushdan bir necha nasl olishlari mumkin. Ko‘pincha, bunday holatlar qushlar organizmiga zarar keltirish bilan bir qatorda, ularni sog‘lig‘ining zaiflashiga olib keladi.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_4

Qushlarning naslchiligi bilan shug‘ullanadigan professional bo‘lmagan kishilar umumiy qabul qilingan shart-sharoitlar hamda qoidalarga rioya qilmoqlari yaxshiroqdir.

Siz kanareyka qushlaridan nasl olishni mart-aprel oylariga mo‘ljallab juftlatishni boshlaganingiz ma’qul. Uy sharoitida kanareykalarni ko‘paytirish maqsadida nasl olinishida juft qushlarni yuqori diqqat va e’tibor bilan tanlab olinishiga ahamiyat qaratilishiga bog‘liqdir. Eng asosiysi ularni har ikkalasi ham sog‘lom bo‘lishlari shart.

Uzoq vaqt davomida bir joyda doim o‘tiradigan, yomon ovqatlanadigan yoki aksincha haddan tashqari ko‘p ozuqlanadigan, o‘zini xaddan tashqari hayajonlangan tarzda tutadigan kanareykalar naslchilik uchun mos emas deb hisoblanadi.

Kasalmand qushlar nasl qoldirish maqsadida foydalanilmaydi, buni quyidagi belgilar orqali bilib olishingiz mumkin: xolsizlanish, patlari xurpayib beo‘xshov ko‘rinishga ega, patlari va tuklari to‘kilib terisi ochilib qolgan, tez-tez terisini qichidigan qushlarni juftlashish uchun qo‘shmagan maqsadga muvofiq.

Shuningdek, professional tarzda shug‘ullanuvchi kanareyka egalari, qushlarning tashqi qusurlari bo‘lsa, ularni juftlashtirishni tavsiya etmaydilar. Chunki qushlarning tashqi ko‘rinishidagi nuqsonlar kelajak avloddagi poloponlarga meros sifatida o‘tishi ham mumkin.

Odatda, to‘yinib yaxshi ozuqlanadigan, patlari silliq taralgan va yaxshi ko‘rinishga ega, teri osti yog‘i bo‘lmagan mutlaqo sog‘lom qushlar nasl olish uchun juftlashtirilishiga qo‘shish maqsadida tavsiya qilinadi.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_5

Urg‘ochi qush o‘zining tashqi ko‘rinishiga ko‘p e’tibor qaratishi va patlarining toza hamda ozoda saqlanishi uchun g‘amxo‘rlik qilishi ijobiy ko‘rsatgichlardan asosiysi bo‘lib, ko‘pincha patlarini tozalashi va tez-tez cho‘milishi kerak.

Nar qushlarni esa tashqi ko‘rinishi raso bo‘lishi bilan bir qatorda, uni chiroyli sayrashiga qarab ham ajratib olinadi. Uy sharoitida kanareykalarni ko‘paytirish uchun ularni nasl qoldirishlari yo‘lida to‘g‘ri tayyorlash juda muhim bosqichdir.

Qushlarni juftlashtirish uchun tayyorlash davrda ularni to‘g‘ri va turli xil ratsionda ovqatlanishiga alohida e’tibor berish lozim. Ayrim hollarda alohida ratsiondan foydalangan tarzda parhezli ozuqalar ham berish tavsiya etiladi.

Shuning bilan birga, qushlar agar doimiy ravishda qafasda saqlangan hollarda, ularni juftlashishlaridan ikki hafta oldin bemalol uchib, parvoz qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan kattaroq qafasda saqlash lozim. Bu qushlarning tana muskullarini yaxshi rivojlanishi uchun yordam beribgina qolmay, balki ularning teri osti yog‘larini yo‘qolishiga ham xizmat qiladi.

Bunday sharoit ayniqsa nar qushlar uchun juda ham foydalidir, aks holda ularning teri osti yog‘lari yetarli tarzda yo‘qolmasa, juftlashish jarayonida bir qator muammolar kelib chiqishi mumkin.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_6

Uy sharoitida kanareykalarni ko‘paytirishning o‘ziga xos xususiyatlari

Qushlarning juftlashishga qachon tayyor bo‘lishlarini aniqlash uchun ularning harakatlarini va o‘zini tutishlarini alohida e’tibor bilan kuzatib borish zarur. Odatda ular o‘zlarini xotirjam tutmay, besaronjom bo‘lib qoladilar va o‘zlarini har tomonga urib, bir joydan ikkinchi joyga sakrab uchadilar hamda o‘zlarini chaqqon va serharakat holatda tutadilar.

Nar qush esa o‘z sayrog‘ini kuchaytiradi va baland ovozda kuchli hamda to‘xtovsiz ravishda sayraydi. Ayniqsa bu davrda urg‘ochi qushni juftlashish uchun tayyor yoki yo‘qligini aniqlash osonroq kechadi, chunki ular qafas ichidagi to‘kilgan patlar, iplar va qog‘oz parchalarini yig‘ib in qurishga harakat qila boshlaydi. Bundan tashqari, uning qorin qismini pastida tuxum bosish uchun patlari bo‘lmagan joy paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, oyoqlaridagi panjalarini orasini yirib o‘tirishga harakat qiladi va dum qismini yuqoriga ko‘taradi.

Qushlardan nasl olishning eng afzal usuli, bu urg‘ochi qush bilan nar qushni bir qafasga joylashtirib, poloponlar yetilib chiqqunga qadarli butun davr oralig‘ida ularni bir qafasda saqlashdir. Bu tabiiy sharoitlarga eng yaqin muhit hisoblanadi. Lekin, professional tarzda kanareyka qushlarini ko‘paytirish va parvarishlash bilan shug‘ullanuvchi kishilar bir vaqtning o‘zida nar qushni bir necha modalarga navbatma-navbat juftlashish uchun qo‘shib nasl olishda foydalanadilar.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_7

Moda qush tuxumlarni embrion rivojlanish davrida muntazam tarzda ularni bosib yotishni boshlaganidan so‘ng, nar qushni boshqa xonaga olib chiqib, navbatdagi moda bilan juftlashish uchun qo‘shib qo‘yiladi. Odatda tabiatan faqat bir zotli qush vakillarini juftlashtirib nasl olish tavsiya etilishiga qaramay, ayrimlar boshqa zot qushlar bilan ham kanareykalarni juftlashtirib gibrid (duragay) naslli qushlarni ko‘paytirishga harakat qiladilar. Duragay qushlarni ko‘paytirish juda qiyin jarayon hisoblanib, buning uchun kishidan ayniqsa katta tajriba talab etiladi.

Turli xil zotli yoki turlarga taalluqli qushlarni juftlashtirish istalmagan natijalarga olib kelishi mumkin. Kanareykadan nasl tariqasda olingan duragay qushlar aksariyat hollarda uzoq yashamaydi va o‘z turiga mos sayroqilik xususiyatini va tashqi ko‘rinishini tabiiy saqlab qololmaydi. Ba’zida tajribali selektsionerlar yovvoyi qushlar bilan kanareykalarning duragaylarini ko‘paytirish bilan shug‘ullanishadi. Bunday holda, qafasda saqlashga odatlangan bir oilaga mansub bo‘lgan yovvoyi nar qush bilan moda kanareykalarni juftlashish uchun foydalanishadi.

Shu bilan birga, bunday juftlashish natijasida g‘ayrioddiy rangdor va chiroyli ovozli sayroqi duragay qush poloponlarini olish mumkin. Qushlarni bahorda yoki yoz oylarida juftlashish uchun birlashtirish masadga muvofiq bo‘lib, bu davrda nasl qoldirish uchun tabiatan juda qulay shart-sharoitlar mavjud davr hisoblanadi. Ammo tajribali qush parvarishi bilan shug‘ullanuvchi kishilar yilning boshqa fasllarida ham tavsiya etilmagan bo‘lishiga qaramay nasl olishni davom ettiradilar. Buning noqulayligi shundaki, bu davrlarda qushlarning ozuqalari tarkibida poloponlarni boqish uchun yetarli darajada vitaminlar tarkibini yetishmasligidir.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_8

Bundan tashqari, kunning uzun yorug‘lik davrining qisqaligi ham ta’sirida dunyoga kelgan poloponlar juda ham nozik va kasalmand bo‘lishi mumkin, natijada esa o‘sib borayotgan organizmga zarur bo‘lgan vitaminlarning yetishmasligi oqibatida ular nobud bo‘lishlari ham kuzatiladi. Qish oyining oxiridan boshlab qushlarning alohida ozuqalanishiga e’tibor bilan yondashish lozim. Ularga har doimdagidek iste’mol qilinadigan ozuqalaridan tashqari, quyidagi ozuqalarni qo‘shimcha tarzda berish tavsiya etiladi: tariq, arpa, bug‘doy, kungaboqarning unib chiqqan donalari, ko‘katlar, yog‘siz tvorog, qaynatilgan tuxum, bo‘tqa (kasha), sabzi va ho‘l mevalar, suvga esa 2 tomchi asal qo‘shish juda muhimdir.

Bundan tashqari, maxsus vitaminlar va mineral qo‘shimchalar, baliq yog‘i ham me’yorga qarab qushlarning ozuqalariga qo‘shib berilishi foydali hisoblanadi. Juftlashish uchun ajratib olingan qushlarni qo‘shib saqlash uchun qafasni tayyorlab olish lozim, buning uchun eni 40 sm., uzunligi 70 sm. va balandligi 40 sm.dan iborat bo‘lgan toza va ozoda saqlangan qafas tanlab olinadi. Uni xonaning quyosh yorug‘ligi tushadigan va doim bir xildagi harorat ta’minlanib turiladigan joyga joylashtiriladi. Xonaning harorati doim 18°C dan past bo‘lishi mumkin emas, namlik darajasi esa 60% ni tashkil etishi lozim.

Agar xonada kunduzgi kunning yorug‘lik davomiyligi 14 soatdan kam bo‘lgan taqdirda, qo‘shimcha ravishda yorug‘lik berib turuvchi lampa bilan ta’minlash talab qilinadi. Xonaga qafasni o‘rnatib bo‘linganidan keyin uni qayta boshqa joyga o‘rnatish tavsiya etilmaydi. Qafas o‘rnatib bo‘linganidan so‘ng, uni zarur jihozlar bilan ta’minlash zarur bo‘ladi. Qafas ichiga kanareyka tuxum qo‘yib, poloponlarini boqib o‘stirishi uchun ipdan to‘qilgan inni ushlab turish maqsadida sun’iy ravishda ishlab chiqilgan moslamani o‘rnatib, uni ichiga ipdan to‘qilgan inni joylashtiramiz.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_9

Kanareykalarni juftlash har doim ham yaxshi bir maromda kechavermaydi. Dastlab, qushlar bezovtalanishi yoki hatto bir-biri bilan jang qilishi mumkin. Agar bunda holat sodir bo‘lsa, ularni alohida ajratib boshqa qafasda biroz vaqt saqlashga to‘g‘ri keladi, oradan bir qancha vaqt o‘tgach yana ularni juftlash uchun urinib ko‘rish kerak. Buning uchun eng ma’qul vaqt kechqurun hisoblanadi. Nar qushni qafasga joylaganingizdan so‘ng qush biroz vaqt qafasga moslashguncha kutib, uni yog‘och yoki platmassa o‘tirgichga joylashib o‘tirib olganidan keyin tez orada chiroqni o‘chirib qo‘yish zarur.

Bu orada qushlar ertalab tong otgunga qadarli bir-birlariga o‘rganib, moslashib olishlari mumkin bo‘ladi. Bunda holat yuz bergan taqdirda nar qush modaga nisbatan mehribonlik qilishni boshlab, uni oziqlantirishga urinadi. Demak bundan xulosa qilish mumkinki, juftlik bir-biriga mos kelgan. Shu orada nar tez-tez baland tovush bilan goh u oyoqda, goh bu oyoqda turib sayrashga o‘tadi, bu sayroq shuni anglatadiki, nar qush modani juftlashish uchun chorlaydi. Orada nar qush bir necha marta tinimsiz ravishda modani ketidan qafas ichida quvlashga tushadi.

Shu orada moda qush in uchun maxsus ajratilgan joyni bir necha bor ko‘zdan kechiradi va ushbu joy tuxum bosish uchun qulay deb xulosa qilganidan so‘ng uni ichiga qafasdagi tushib qolgan patlar, ip va qog‘oz bo‘laklarini terib olib joylashtira boshlaydi. Qushlar uchun inni qurishlarida zarur bo‘ladigan materiallar, ya’ni 3-4 mm. englikda 3-4 sm. uzunlikdagi qog‘oz parchalarini qirqib berilishi, ip bo‘laklari, bint materialini qiytimlarini berib turilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ushbu materiallar yordamida moda qush inni tabiatan o‘z instinktiga asosan qurib nihoyasiga etkazadi.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_10

Shuni e’tiborda tutish lozimki, qushlarga in qurish materiali sifatida gigroskopik paxta hamda uzun iplarning qirqmalarini berish mumkin emas, chunki qushlar panjalari bilan ularga o‘ralashib qolishlari va buning natijasida o‘zlarini to‘rga tushib qolgandek his qilib, ulardan qutilish maqsadida o‘zlarini qafas ichida qo‘rquv aralash u yoqdan bu yoqqa urishlari, hattoki qafasning panjaralariga borib urilishlari oqibatidan tan jarohati olishlari mumkin. Olingan tan jarohatlarining og‘irlik darajasiga ko‘ra, ba’zida ular qushning nobud bo‘lishiga olib keladi.

Moda qush bir necha kun oralig‘ida inni qurib tugatadi, bunda nar qush ham o‘zini hissasini qo‘shishi mumkin, u in qurish uchun yaroqli bo‘lgan materiallarni topib modaga keltirib beradi, moda esa o‘z navbatida ularni nardan qabul qilib olib inga joylashtiradi. Inni qurib bitkazish uchun taxminan 3-7 kun vaqt sarf bo‘lishi mumkin, in tayyor bo‘lgan kunning ertasiga birinchi tuxum qo‘yiladi.

Tuxum qo‘yish jarayoni moda kanareyka qushi uchun qiyin kechadi, ayniqsa bu holat kunning ertalabki vaqtiga to‘g‘ri keladi. Qush har kuni yoki kun ora bir donadan tuxum qo‘yadi va jami bo‘lib tuxumlar soni 4-7 tani tashkil etishi mumkin. Qushni tuxum qo‘yish vaqtini sinchiklab kuzatilsa, tuxum qo‘yishdan oldin qush tez-tez va og‘ir nafas olishni boshlaydi, ayrim paytda dum qismini yuqoriga ko‘tarib tuxum chiqishini osonlashtirishga harakat qiladi.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_11

Ayrim moda qushlarda tuxum chiqishi juda og‘ir kechadi yoki mutlaqo chiqmasligi ham mumkin. Bunday paytda moda qush qafasning past qismiga tushib, hurpayib o‘tirib olib, tez-tez og‘ir nafas ola boshlaydi va bunday paytda qushga yordam ko‘rsatish zarur bo‘ladi. Bunda issiq suv bilan to‘ldirilgan tibbiy grelkani qafasning aynan qush o‘tirgan joyini mo‘ljallab, pol tagidan grelkani qo‘yish lozim. Bu ham yordam bermagan taqdirda, qushning orqa chiqaruv teshigi og‘ziga bir-ikki tomchi xona haroratiga teng bo‘lgan darajadagi o‘simlik yog‘i tomizish zarur.

Kanareyka tuxumlari dog‘lar bilan o‘ralgan kulrang-ko‘k rangga ega bo‘ladi, so‘nggi tuxum esa ancha yorqinroq va ko‘kimtir havo rang tusda bo‘ladi. Moda qush tuxum qo‘yishni boshlaganda, barcha proteinli ozuqalar uning ratsionidan chiqarib tashlanishi kerak. Agar bu tadbir bajarilmasa, tuxumlar lozim bo‘lgan hajmdan katta bo‘ladi va qushning tuxumni qo‘yish jarayoni og‘ir kechishi yoki tuxumni mutlaqo qo‘yaolmay halok bo‘lishi ham mumkin.

Seleksionerlik bilan shug‘ullanuvchi kishilar uchun kanareykalar tuxum ustida necha kun o‘tirishlarini bilishlari juda muhim hisoblanadi, chunki yosh qushlar ko‘pincha bo‘sh tuxum qo‘yishadi va oradan ikki hafta vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay poloponlar tuxumni yorib chiqmaydilar, lekin yosh qushlar hali poloponlarni dunyoga kelmaganlari sababli tuxumni bosib o‘tirishni davom ettiradilar.

Kanareykaning modasi uch dona tuxum qo‘ganidan so‘ng ularni ustiga muntazam va to‘laqonli bosib o‘tirishni boshlaydi, shu kundan e’tiboran oradan ikki hafta vaqt o‘tishi bilan poloponlar birin-ketin tuxumni yorib chiqa boshlaydilar. Moda qush tuxumlarni bosib o‘tirgan vaqtda uni nar qush oziqlantirib turadi.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_13

Tuxumlarni moda qush tomonidan doimiy bosib o‘tirish boshlangan kundan oradan bir hafta vaqt o‘tgach, tuxumlarni olib ko‘zdan kechirish lozim. Bunda yoqilgan lampa nuriga tuxumni ohista yaqinlashtirib qaralganda, uni ichi to‘qimtir tusga kirganligi aniqlansa, demak tuxumda embirion rivojlanayotgan bo‘ladi. Embirion rivojlanishi kuzatilmaydigan tuxum shaffof tusga ega bo‘ladi. Tuxumlarni tekshirish uchun olishda juda ehtiyotkor bo‘lish talab etiladi, chunki bezovtalangan moda qush ayrim hollarda tekshiruv o‘tkazib bo‘linganidan so‘ng inga qaytarib qo‘yilgan tuxumlarni bosish uchun qaytib o‘tirmasligi mumkin, bunday holda o‘zingiz yaxshi anglab turganingizdek hodisa yuz beradi.

Tuxumlarni barchasidan poloponlar ochilib chiqmagunga qadarli bo‘sh bo‘lgan, ya’ni embirionlari rivojlanmagan tuxumlarni indan zinhor olib tashlamagan ma’qul. Aks holda bu moda qushning stress holatga tushurib qo‘yishi mumkin. Poloponlar ko‘zlari yumuq, juda ham zaif va kuchsiz holda dunyoga kelishadi va o‘z onalarining g‘amho‘rligisiz sira ham rivojlana olmaydilar. Ularni dunyoga kelganlaridan so‘ng ona qush yana o‘n kun davomida ustilaridan bosib yotib, o‘z harorati bilan isitib turadi. Ona qush tuxumlarni bir-ikki kun oralig‘ida qo‘yishiga mutanosib ravishda, poloponlar ham shu tartibdagi farq bilan dunyoga keladilar.

Bu shundan dalolat beradiki, birinchi va ikkinchi bo‘lib dunyoga kelgan poloponlarning rivojlanishi qolganlariga qaraganda tez malga oshadi, chunki eng so‘nggi vaqtda dunyoga kelgan poloponlarga ona qush to‘laqonli ozuqa yetkazib berishga ulgurmaydi va ular kam miqdorda ozuqalanganliklari sababli rivojlanishlari ham shu tariqa zaif bo‘ladi. Ayrimlari esa ozuqa yetishmasligi oqibatida nobud bo‘ladi.

Bunday holatlarni oldini olish maqsadida tajribali kanareyka parvarishi bilan shug‘ullanuvchi kishilar avallgi qo‘yilgan 1-3 tuxumlarni olib, ularning o‘rniga tuxumga aynan o‘xshash bo‘lgan soxta tuxumlarni joylab qo‘yadilar. Shundan so‘ng, oxirgi tuxum qo‘yilganidan keyin yana ularni o‘z joylariga qaytaradilar. Shunda barcha tuxumlardan bir vaqtning o‘zida poloponlar ketma-ket ochilib chiqadi va ularni barchasini kelajakda hayotini saqlab qolish imkoni yuzaga keladi.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_14

Dunyoga kelgan yangi poloponlarning 5 kundan keyin ko‘zlari ochila boshlaydi va shu paytdan boshlab tuk va patlari o‘sib chiqishni boshlaydi. Har kuni doimiy ravishda qush uyasini ko‘zdan kechrib turish lozim, mobodo poloponlardan birortasi nobud bo‘lganligi aniqlangan taqdirda, darhol uni uyadan tashqariga olib tashlash zarur. Aks holda nobud bo‘lgan poloponni ota-ona qushlar oziqlantirishga harakat qiladilar, so‘ngra uni nobud bo‘lganligini anglaganlaridan so‘ng stress holatiga tushib qolishlari mumkin.

Oradan 18-kun o‘tib, poloponlar odatda uyalaridan birin-ketin chiqishni boshlashadi. Bu vaqtda, ota-ona qushlar hali ham ularni boqishda davom etadilar. Shu orada, birinchi poloponlar dunyoga kelganidan so‘ng, oradan ikki hafta vaqt o‘tgach moda qush ikkinchi marta tuxum qo‘yish uchun hozirlana boshlaydi. Buning uchun qafasga ikkinchi uya qurish uchun zarur jihozlar o‘rnatilishi hamda qurilish ashyolari bilan ta’minlanishi zarur.

Agar bunday choralar ko‘rilmagan taqdirda, ona qush poloponlarning patlarini yulib olishni boshlaydi va eski uyani ichiga keyingi tuxumlarni qo‘ya boshlaydi. Ona qush tomonidan ikkinchi uyani qurish ishlari boshlanganidan so‘ng, poloponlarni oziqlantirishni ota qush o‘z zimmasiga oladi. Poloponlar dunyoga kelgach, birinchi kunlari ona qushning jig‘ildon qopchasida xosil bo‘ladigan bo‘tqa suti bilan oziqlanadilar. Keyinchalik urg‘ochi ona qush o‘z poloponlarini yarim hazm qilingan urug‘lardan xosil bo‘lgan bo‘tqa bilan oziqlantirishni davom ettiradi.

Kanareykalarni uy sharoitida ko‘paytirish_12

Poloponlar uyani tark eta boshlagandan so‘ng, ularni oziqlantirish asosan erkak qush tomonidan amalga oshiriladi. Ota-ona kanareykalar poloponlarni taxminan 40 kungacha boqishadi, shu muddat o‘tgach ularni boshqa qafaslarga o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Odatda bir juft kanareykalar 4-6 ta poloponlarni boqish imkoniga egalar, ammo shunga qaramay, 7 kundan keyin ota-ona qushlarga ko‘maklashish hamda poloponlarni sog‘lom va baquvat bo‘lib rivojlanishlari maqsadida, ularni inson tomonidan qo‘shimcha tarzda boqish tavsiya etiladi.

Mazkur mavzuga mazmunan aloqador bolgan va kelgusi nashrlarimizning birida chop etilishi rejalashtirilgan “Kanareykalarning kasallik belgilari va ularni eng samarali davolash usullari” nomli maqolamizda ham atroflicha suhbatlashamiz.

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.