Ultimate magazine theme for WordPress.

MENING XOTIRAMGA AYLANDING SEN HAM…

42

Hali ijoddan qo‘l uzmagan esa-da, so‘nggi yillar yozgan she’rlari to‘plamlarda ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, shoiraning ancha paytdan beri ovozi eshitilmayotgandi. Sababi buning bizga noayon, bilganimiz: bu jimlikni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Negaki, Anna Axmatova degan shoira yaratganning tortig‘i, u she’r yaratadi, yaratgandayam poetik durdonasidan. Shularni to‘xtatib bo‘larkanmi, uning ijodini chop etishga qiynalib bo‘larkanmi…

Uning ilk she’ri, “Tol” to‘plamidagisi 1940 yili dunyoga kelgan. Odamning insoniyatga bog‘lanib qolishi, odatda bolaligidan kechroq keladi. Bolalikda onangni sevasan, lekin bu hali ulg‘aygan odamdagi insonparvarlik emas; bolalikda jonsiz narsalarga mehr qo‘yasan – allaqanday gazanda o‘tmi-ey, qariqiz, tolmi yoki yana boshqa bir nimalar. Biroq hammasini birvarakayigamas, yaratgan bilan bir butun deb emas, alohida, boshqasiga alishtirmay qabul qilasan: u ham o‘zga tolnimas, bittasini, faqat o‘zining tolginasini sevgan, almashtirolmagan.

O‘sha bittasi, suyukligi – tolining o‘limi jigarining o‘limiday kuydirgan shoirani. Bu bola qalbining beg‘ubor, tabiatning o‘ziday sof qiyofasi shoirada haddan ortiq aniq ifodalangan; buning ustiga, balog‘at tajribalarini singdirgan-u, bolaligini yo‘qotib ulgurmagan va ana shu oppoq davr rishtalarini unutmagan o‘ziga xos shoirona fazilat ham shundoq ko‘rinib turibdi. Chin shoir donishmand kabi, bor umrida orttirgan tajribasini o‘zida ushlab qoladi – mavjudlik haqidagi eng birinchi tasavvurdan tortib, oxirgi nafasgachasini, uni ishlata oladi ham.

Mening xotiramga aylanding sen ham…-1

“Ilhom” she’rida odamning ijodiy qobiliyati qolgan hayotidagi boshqa barcha insoniy qimmatiga solishtiriladi, albatta birinchisining hisobiga. Va bu – haqiqatning o‘zginasi. Yolg‘iz shu qobiliyatning o‘zigina, yoki nasrda aytganda, uning mashaqqati, mehnati, qurbonli kurashi shuhratiniyam, erkiniyam ta’minlab qo‘yadi. Yana bir muhim jihatiki, shuhrat va erk inson ijodiy qobiliyatining samarasi, xolos, ammo hech biri ilhom deya ataluvchi tortiqdan ustun emas.

Va yana u keldi. Barini otib,
Yana boshdan oyoq tashladi nigoh!

Dantega aytdingmi, do‘zaxning otin…
Sen jim tur, men uni etaman ogoh…

Shoira qalamiga mansub “Dilbar mehmonim” “joni kiritilgan” she’r. Unda shoira qulog‘iga shivirlayotgan sofdil ilhom nafasini eshitasiz. “Menman!” deb turadi. Ayni shu ilhom kiriboq, “diqqat-la boqib menga”, – o‘sha senginami, senmi o‘sha keragim manim, – deydi; bir paytlar Dantening-da mehmoni bo‘lgan, o‘shanda u o‘z tanlaganini aldamagan, hozir-da aldashi mumkinmas.

To‘plamda ilhomga bag‘ishlangan yana bitta she’r bor.

Davom etar yo‘lida ilhom,
Kuz yo‘lakda turar tippa-tik!

Tim oyoqlar bilmasdi orom –
Tomchiladi umidvor shudring.

Unga boqdim. U so‘zsiz! U jim!
His qilardim uni… u – yig‘i!

U tong edi… Shafaq… Va yoki,
Mamlakatga kirish eshigi…

O‘ziga xos ichki samimiyat va tashqi olamdagi bezovtalik shoirani ilhomdan ayro yashashiga xalal beradi. Uning boshqa holatlarida, borliqqa munosabatlarida – xuddi Mayakovskiyda bo‘lgani kabi – shoira uchun ilhom shunchaki mehmongina emas, doimiy hamkoridir. Anna Axmatova, albatta, o‘z poetik mehnatining Mayakovskiynikidan farq qilishini yaxshi biladi.

Ijodiy ehtiyoji va shaxsiy insoniy musibati to‘qnashmagan shoirlar sanoqligina bo‘lsa kerak. Buni Pushkinu Dante ham boshidan o‘tkazgan, Mayakovskiy shu sinovda o‘tgan va Axmatovada ana shu fojia yashayapti.

Odamlik shoirlikni ezib qo‘yadi. O‘zi ijodu shaxsiy qismat bir-biriga “dushman”ligi soxtamasmikin, ishqilib? Soxta emasga o‘xshaydi, unaqada buyuk shoirlarning bari bu ikki o‘t orasida doim yengilmagan bo‘lardi. Mayakovskiy buni yengish uchun o‘zgacharoq, biroz mardonavor yo‘l qidirgan; shoirona tadbir bilan insoniy ojizlikdan baland kelish uchun, o‘tmishini sir tutgan. Ehtimol, bunday dramatik vaziyatning yechimi uchun iqtidorning o‘zi kamlik qilar, shoir iste’dodi qanchalik yuqori bo‘lmasin, muammoning hukmi tarixda bo‘lgani kabi, jamiyat taraqqiyotida kechgani kabi xotimalangan, qachonki “yangi dunyo” ilhom didiga mos qurilarkan, ana unda insonlik bus-butun she’rga aylanadi yoki aksi.

Ba’zida Axmatova ijodida insoniylik eng so‘nggi o‘lchamgacha, ayollik imkonigacha siqib borganday o‘zini ko‘rsatadi, ana shunday payt unda poeziya yo‘qoladi. Masalan:

Savaladi-da meni rosa juftim,

Qo‘lida ikki qat guldor kamar-la.

Yashirolmam sizdan, ingrog‘im baland!

Qalbda siyoligu, dimiqqan kulgu.

Keyingi ikki qatorni Axmatovaning qo‘llari bitganiga ishonmay qolasan kishi – shunchalik bo‘sh bo‘lsa-ya. Unaqada, davomidagi she’riy durdonalarni kim qoyillatib qo‘yibdi ekan:

Quduq tubidagi oq toshdek besas
Ko‘ksimda yotibdi xotiram manim.

Uni unutmayman, unutgim kelmas,
U mening quvonchim, u mening g‘amim.

Yaratgan dillarda qolsin deya g‘am,
O‘ldirolmay odam tafakkurini,

Ularni buyumga aylantirgan dam
Mening xotiramga aylanding sen ham.

Adabiy tanqidchilik doim biroz kufrona ishligiga boradi-da: u tuyg‘uning poetik ifodasini siniq so‘zga buradi: oddiy hayotni ko‘rsatish uchun balandparvoz qarash, begona iste’dod, deb. Axmatovaning ko‘plab bitiklari talqiniga nisbatan biz ortiqcha ratsional yondashuv yo‘lidan bormaymiz. Mukammallik belgisi bo‘lgan narsalar ko‘makka muhtoj emas, sababki, kamolotning o‘zi mutlaq qudratning o‘zidir.

Ammo ko‘p hollarda tanqid muhokama o‘rnida ayb qidirish yoki maqtov emas, shoirni chuqurroq tushunish uchun kerak. Yuqorida biz muallif poeziyadan sal uzilgan satrlarni keltirdik, xolos. Mana, boshqa, sevgi haqidagi she’rlardan satrlar, bular endi mutlaqo o‘zgacha ruhda, nega bunchalar go‘zalligini tushunamiz:

Faryod urdim: – Oh, hazil edi!
Sen ketsang, men o‘laman, axir!

Qayrilarkan beomon dedi:
– Shamollaysan, ichkariga kir!..

Muhabbatga giriftor ayol chinqirig‘ini odamgarchilikdan yiroq yaramas oshiqning ovozi bosib tushgan; o‘ldira turib, qayg‘urmoqda: “ichkari kir, shamolda turma”. Mana insoniylik sirining soddagina mazmuni timsoli, qayg‘uni she’riy haqiqatga aylantirishini ko‘ring.

She’rdagi qahramon qiyofasida ayol qalbini o‘zining erkakcha shafqatsizligi, shunga qaramay boadab mulohazasi bilan sinayotgan “oshiq” timsoli bo‘rttirilgan. Maqsadimiz Axmatova ijodini to‘liq yo qisqacha muhokama etish emasdi, shu bois o‘zimiz ahamiyatga molik hisoblaganlarimiz bilan cheklanib qo‘yaqoldik.

Bir muhim mulohazada yanglishishdan ehtiyot lozim. Ayrim zamondoshlarimiz – adabiyotshunoslar hamda adabiyot o‘qiydigan birodarlar – Axmatovani zamona ijodkori deb bilmaydilar; u mavzuda eski, o‘ta sirli va hokazo. Shuning uchun shoira sifatida uning qiymati unchamas, sho‘roviy inqilobchi zamona yosh avlodini o‘ziga ergashtirolmaydi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri qarash, bu gumrohona fikr.

Mening xotiramga aylanding sen ham…-2

Mayli, masalaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu manfaat nuqtai nazaridan ham yondashib ko‘ramiz endi. O‘quvchi qalbiga aniq zamon ifodalangan san’at asari samarali ta’sir o‘tkazadimi, yoki zamonaga aloqasi bo‘lmagan, bo‘lgandayam bilvosita aloqador boshqa san’at asarlari chuqurroq kirib boradimi, ta’sir qiladimi?

Mana, javob. Iqtidorli ijodkorning zamonga mos katta mavzuda yozgan asari o‘quvchiga ko‘proq ta’sir etadi, shunday mavzuga bevosita aloqasi bo‘lmagan, xuddi shunday yozuvchinikiga nisbatan.

Ayni shunday, biroq bu yuqoridagi savolning akademik javobida baribir. Boshqachasiga, akademizmdan sal chekinib turib hal qilish ham mumkin, masalani: Axmatova she’rlari odamga etik qiziqish, estetik zavq bera oladimi yoki yo‘q? Uning she’rlari birovni buzadimi, tushkunlikka soladimi?

Javob tushunarli. Zamonaviy mavzuda yozadigan hamma shoirni ham Axmatova she’rlari mohiyati bilan solishtirib bo‘lmaydi. U inson tabiatiga fayz kiritadi, har qanday odatiy duolardan ko‘ra kuchliroq, ta’sirliroq fayz kiritadi. Buning ustiga hech qanday duosiz. Axmatova hammani birday qiziqtiradigan kundalik turmush tashvishlari tajribasidan she’riy musiqa yaratishga usta. Ayrim shoirlar ulkan poetik hodisalarni ohangdor talqin qilishni eplar balki, misoli nasihatomuz nasrdagiday. Ularda ham birovni avrash yo‘q, zamonaviy dunyo timsoli, belgilaridan yiroqlashish yo‘q, afsuski, zo‘-o‘o‘r, qoyilmaqom, go‘zalmas-da.

Umuman aytganda, eng zamonaviy she’riyat bu zamona odami tarixiy taraqqiyotida mavjud mazmunni yuksaltiroladigan, uning ongiga, qalbiga chuqurroq singadigan she’riyatdir, o‘z kuchini zamonaviy mavzu axtarishga sarflab ham, uni poeziya darajasiga ko‘tara olmaydigan so‘zbozlik emas; zamondoshlarimiz hali o‘zlarining tengqur shoiralari kuchini anglab yetadilar, taassufki, u yaratgan poetik olam ular uchunam diltortar, jozibali (ko‘plab sabablarga asosan), lekin kelajak o‘quvchisi bu she’riyatning qadriga yetmasligiyam mumkin.

Albatta, tushunamiz, baland shoir bu voqelikni o‘z vaqtida poetik shaklga sololgan, uni ifodalay olgan, aniqrog‘i, zamonaviy mavzular shoiridir.

Keling, zamonaviylikni yot, qo‘pol qabul qilmaylik, biz o‘zimiz, hammamiz ham har doim faqat shunday mavzuda yozamiz deb kafolat berolmaymiz-ku. Bizni Pushkin, Balzak, Tolstoy, Shedrin, Gogol, Geyne, Morsart, Betxovendek ustoz va rassomlar tarbiyalagan, axir.

Shoirani betakror, jozibali so‘zlari uchun ham qadrlasak arziydi. Bu so‘zlarni ifodalarkan, bizga borini baxshida etmayaptimikin, shunday ekan, buning uchun undan cheksiz minnatdor bo‘lmog‘imiz kerak.

Andrey PLATONOV, rus adibi

Rus tilidan Zuhriddin QUDRATOV tarjimasi

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.