Ultimate magazine theme for WordPress.

MOLIYAVIY INSTRUMENTLARNING XALQARO MOLIYAVIY VOSITALAR OQIMINI TASHKIL ETISHDAGI O‘RNI

32

So‘nggi o‘n yil mobaynida dunyoning rivojlangan hamda rivojlanayotgan mamlakatlarida iqtisodiyotning keskin o‘zgarishi va moliya – kredit sektorining juda tez sur’atlarda o‘sishi ro‘y bermoqda, bunda kredit va moliya bozorlari jahon iqtisodiyotiga qaraganda jadalroq rivojlanmoqda. Moliyaviy bozorlar, odatda, iqtisodiy munosabatlar ishtirokchilari o‘rtasida pul vositalarining taqsimlanish masalasini hal qiladi, bunda moliyaviy bozor bir vaqtning o‘zida kapitalni investitsiya qilish vositasi hamda moliyalashtirish manbai hisoblanadi.

Ilmiy adabiyotlarda «moliya bozori» tushunchasi, ham qimmatli qog‘ozlar bozorini, ham bank kreditlari bozorini, shu bilan birga, moliyaviy vositalarni davlat fondlari orqali qayta taqsimlanishini o‘z ichiga oladi. Xususan, B.I. Alexin va M.Yu. Alekseyev kabi iqtisodchilar moliya bozorini bank ssudalari va qimmatli qog‘ozlar bozorining majmui deb hisoblashadi.

Ya.M. Mirkin esa boshqa fikrga asoslanadi, ya’ni u moliya bozori tushunchasini pul bozori va kapital bozori tizimi bilan bir xil deb hisoblaydi. Bundan shu narsa kelib chiqadiki, qimmatli qog‘ozlar bozori nafaqat pul bozorining, balki kapital bozorining ham segmenti sanaladi.

Odatda, pul bozori qisqa muddatli operatsiyalarni qamrab oladi, ammo kapital bozori sifatida o‘rta muddatli va uzoq muddatli bitimlarni o‘z ichiga oladi. Moliya bozori keng miqyosda qimmatli qog‘ozlar bozoriga asoslanadi va undagi turli xil moliyaviy instrumentlarning o‘z funktsiyasini bajarishini ta’minlaydi.

An’anaviy ko‘rinishdagi qimmatli qog‘ozlar bozori – qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va ularni o‘zining ishtirokchilari o‘rtasida muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq iqtisodiy munosabatlar majmuini ifodalaydi. Shu bilan birga, fond bozorlarining zamonaviy holati hosilaviy moliyaviy instrumentlar ko‘rinishidagi qimmatli qog‘ozlar bilan to‘ldirilishini talab qiladi. Shunday qilib, fond bozori bu – sarmoyaviy daromad olish maqsadida o‘z ishtirokchilari orasida qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va muomalada bo‘lishi hamda hosilaviy moliyaviy instrumentlardan foydalanish asosidagi iqtisodiy munosabatlar majmuidir.

Moliyaviy instrumentlar_2

O‘zbekistonda bozor munosabatlarining rivojlanishi bilan jahon ssuda kapitali bozoriga chiqish uchun ichki moliya bozorini tashkil etishga zaruriyat tug‘ildi. Jahon iqtisodiyotining globallashuvi ichki moliya bozorining jahon standartlariga muvofiq bo‘lishi zarurligini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan, moliya bozorini kengaytirish va rivojlantirish – chet el investitsiyalarini jalb etish, hamda fond bozorlarida moliyaviy instrumentlarning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida infrastrukturani yaratishni talab qiladi. Chet el sarmoyalari va ularni iqtisodiyotga jalb etish muammolari zamonaviy davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

«Qimmatli qog‘ozlar» tushunchasiga nisbatan yondashuvlarning turli xilda bo‘lishiga sabab shundaki, ular o‘z ichiga hosilaviy instrumentlarni olish yoki olmasligidadir. Muddatli instrumentlar, xedjirlash (riskni sug‘urtalash) maqsadida ko‘pgina davlatlar tomonidan yetarlicha keng ko‘lamda foydalanilsa-da, hali sinovdan to‘laligicha o‘tib tasdiqlanmagan.

Bugungi kunda moliyaviy instrumentlar bozorida yangi ishtirokchilarning sezilarli darajada kirib kelishining uzoq muddatli o‘zgarishi kuzatilmoqda, ular orasida yirik banklar hamda moliyaviy va investitsion kompaniyalar mavjud. Jahon iqtisodiy ahvolining yaxshilanishi natijasida nafaqat an’anaviy, balki yetarlicha murakkab shakldagi moliyaviy instrumentlarning ham jadal rivojlanishi uchun zarurat tug‘ilmoqda, deb ta’kidlash mumkin.

O‘zbekistonda bozor munosabatlarining rivojlanishi va uning jahon iqtisodiy hamjamiyatiga integrallashuvi bilan milliy fond bozoridagi qimmatli qog‘ozlarga sarmoya qilish muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, sarmoyaviy faoliyat mamlakatdagi amaliy faollikni butkul rag‘batlantiradi, sarmoyaviy kapital hajmining oshishi bilan bog‘liq iqtisodiy o‘sish sur’atlarining jadallashuvini ta’minlaydi.

Hozirgi kunda, ishlatiladigan instrumentlarning turlari ham kengaymoqda, yangi muddatli bozorlar paydo bo‘lmoqda, hamda moliya bozorlarining internatsionallashuvi sodir bo‘lmoqda va ularning bir-biriga ta’siri ham kuchaymoqda. Boshqa bir instrumentga bog‘langan moliyaviy instrumentlar hosilaviy moliyaviy instrumentlar kategoriyasiga tegishli bo‘ladi. Ularning yordami bilan savdo-sotiq jarayoni, tayanch instrumentga bog‘liq bo‘lmagan holda, moliyaviy risklar bilan amalga oshirilishi mumkin.

Hosilaviy moliyaviy instrumentlar kapitalni qo‘yish yo‘nalishi bo‘yicha tasniflanishi aktivlar va majburiyatlarga bo‘linadi. Moliyaviy instrumentlarning forvard kontraktlar, fyuchers, svop va opsionlar kabi ko‘rinishlari mavjud.

Jahon iqtisodiyotida moliyaviy instrumentlar zamonaviy jahon bozor xo‘jaliklari talablariga javob beradigan ulkan xususiyatlarga ega: ular o‘rta qiymatga ega, turli xildagi risklarni xedjirlash (sug‘urtalash) imkonini beradi, o‘zida ulkan sarmoyaviy imkoniyatlarni namoyon qiladi, aktivlarni korporativ, milliy va xalqaro darajada yanada tezroq almashtirishning yangi imkoniyatlari mavjudligi sababli, yuqori darajada daromadga molikdir.

Ta’kidlash joizki, sarmoya, moliyaviy instrumentlar hamda qimmatli qog‘ozlar bozorining o‘zaro aloqadorlik modelini yaratish mumkin. Har bir ochiq iqtisodiyot ishlab chiqarish jarayonini yaxshilash hamda iqtisodiyotni butkul rivojlantirish maqsadida mamlakatga chet el kapitalini jalb qilish siyosatini olib boradi. Sarmoyalarni jalb qilish, o‘z navbatida, xalqaro kapital oqimini olib keladi.

Iqtisodiyotga jalb qilingan kapital turli xil yo‘nalishlarga ishlatiladi va amalga oshiriladi. Eng asosiy va yuqori daromadli yo‘nalishlardan biri fond bozori hisoblanadi va aynan moliyaviy instrumentlar asosiy taraqqiyot omili sifatida ishtirok etadi. Hozirgi kunda aylanmalarning aksariyat qismini ikkilamchi bozor, ya’ni hosilaviy instrumentlar (derivativlar) bozori egallamoqda, chunki ular qisqa muddatli, likvidli va yuqori daromadli hisoblanadi. Fond bozorining rivojlanishi, kapitalning dinamik harakatini ta’minlagan holda, mamlakatga chet el sarmoyalarini jalb qilishning o‘sishini yuzaga keltiradi.

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Комментарии закрыты.