Ultimate magazine theme for WordPress.

MUALLIMA – (HIKOYA)

30

Muallima (hikoya)

Rey BREDBERI, Amerika yozuvchisi

Anna Teylor Yashil shahar markazidagi yozgi maktabga dars berish uchun keldi. Xuddi o‘sha kuni u roppa-rosa yigirma to‘rt yoshga kirgandi. Anna Teylor bilan bir kunda esa kichkina Bob Spaulding ham o‘zining o‘n to‘rt bahorini qarshi oldi.

Yosh muallimani hozirgacha hamma sog‘inch bilan eslaydi. Negaki u hali yosh bo‘lsa-da, birdaniga barcha o‘quvchilarning mehrini qozona olgan, ularning tilini topib, yaqindan muomala qila olgan eng birinchi ustoz edi. Anna Teylor sinf xonasiga ilk qadam qo‘ygan kundanoq go‘yo hammayoq yashnab ketgandek bo‘ldi, bolalar yangi o‘qituvchilariga deb katta-katta, mazali apelsinlar, nimpushti, qiyg‘och gullar, ularga hech kim tayinlamagan bo‘lsa ham, yashil va sariq rang aralash dunyo xaritasini o‘ramlab darsga olib kelishgandi.

Anna Teylor bu eski shahar ko‘chalari bo‘ylab o‘tganida ulkan eman daraxtining sershox novdalari uning boshi tomon asta egilar, hovuch-hovuch nur o‘sha novdalar oralab muallimaning yuziga to‘kilib qolardi. Anna bolalar uchun misoli izg‘irin qishdagi mazali shaftoliday yoki bo‘lmasam issiq saraton chog‘idagi to‘yimli boshoqli ekindek juda kerakli bo‘lib ko‘rindi.

Chindanam aynan shunday edi. Zotan Anna Teylor yordam va daldaga muhtoj har bir o‘quvchisi uchun hammavaqt shay, jonsarak bo‘lib turardi. Shuning uchun ham bolalar uni bir zumda yaxshi ko‘rib qolishgandi. Ammo o‘sha kunlar negadir juda tez o‘tib borardi. Balkim Anna bilan bolalarga shunday bo‘lib tuyulardi dars paytlari. Ularning hech biri vaqtning bu qadar shoshib o‘tishini aslo-aslo istamas edi.

Biroq kichkina to‘polonchi Bob Spaulding uchun dunyo tep-tekis, u oktyabrning salqin tonglaridan biridagina qo‘liga darsxaltasini olib, erinchoqlik bilan endi maktab tomon yo‘lga tushgandi. U uchun darslar endigina boshlangandek edi. Yo‘l bo‘yi bu sho‘x bolakay saxovatli kuzning bor manzarasini, ariq to‘la oqib ketayotgan zilol va muzdek suvni, daraxt tanalari bo‘ylab o‘rmalab yuqoriga tirmashayotgan bir gala chumolilar karvonini, bayramlar arafasida bezatilayotgan ko‘chalar va bog‘larni astoydil, miriqib kuzatib bordi.

Hatto u bir o‘rindiqqa o‘tirib olib, atrof-tevaragiga yana bir-bir ko‘z tashlab chiqdi. Yolg‘iz bir o‘zi o‘tirarkan, dimog‘ida qandaydir bayram kuyini ming‘illagancha xirgoyi qilib, buvisining dashnomli so‘zlarini esladi: “Bob, sandiroqlab yuravermasdan, to‘g‘ri maktabingga borgin!”

Obbo, buvijonim-ey! Bob shundan keyingina sekin o‘rnidan turdi, o‘rindiq chetida turgan darcxaltasini bo‘yniga ildi-da, endi biroz jadallik bilan maktabga qarab yurib ketdi. Bob hech qachon biron bola bilan yaqin bo‘lmagan, har doim yolg‘iz yurardi.

U xonaga kirib kelganida, o‘quvchilar o‘zlarining ikkinchi darslari uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda edilar. Bob asta sirg‘alib eshikdan kira soldi-yu, eng oxirgi qatordagi joyiga borib o‘tirib oldi. Oradan hech qancha o‘tmasdan yangi muallima Anna Teylor ham sinfxonasiga kirib keldi. U hali bolalarning yodidan chiqib ketgandir, degan ehtiyot shart bilan doskaga kattaroq harflar bilan qaytadan o‘zining ismini yozib qo‘ydi.

“Mening ismim Anna Teylor”, – dedi u yozib bo‘lgach, bolalarga dona-dona qilib so‘zlarkan, “men sizlarning yangi o‘qituvchingiz bo‘laman”.

O‘quvchilar xursand bo‘lib chapak chalib yuborishdi. Bob esa hayron bo‘lgancha, dam doskaga, dam to‘g‘risida turgan notanish muallimaga qarab, lom-mim demay jim o‘tiraverdi. Ammo ichida uning shaytoni qo‘zib, bu o‘qituvchini bir balo qilib bo‘lsa ham, tezroq ketkizish kerak, degan o‘y o‘tdi xayolimdan.

Muallima_2

O‘sha kuni u darsdan so‘ng bir chelak suv bilan tozalagich lattani botirib, doskaga yozilgan keyingi mavzuga oid barcha ma’lumotlarni bitta qo‘ymay, hammasini artib chiqdi. Doska top-toza bo‘ldi. Bob xotirjam nafas olib, yengil holda uyiga jo‘nadi.

– Bu nimasi? – Ertasi kuni ertalab sinf xonasiga kirib kelgan Anna Teylorning ilk savoli shu bo‘ldi. U hayron bo‘lgancha tozalab artilgan doskaga alam bilan tikilib turar, hech narsadan xabari yo‘q bolalar ham begunohlarcha yelkalarini qisib, xomush turishar edi. Faqat birgina Bob Spaulding qilgan ishidan zavqlangancha kekkayib o‘tirar, u hamma bolalarga ko‘rib qo‘ylaring, mana bunday bo‘ladi, degandek faxrlanib qarardi.

Shu payt birdan yosh muallimaning Bobga ko‘zi tushdi-yu, bo‘lgan voqeaning barini anglab oldi. Ammo qiz bolaga hech qanaqa koyish aytmadi, aksincha u Bobni muloyimlik bilan doskaga chaqirdi-da, uni tozalashni buyurdi.

– Axir top-toza-ku? Nimasini tozalayman buni? – dedi hayron bo‘lgan Bob ensasi qotib.

– Yo‘q, sen uni yaxshilab tozala, qara, haliyam toza emas axir, – dedi Anna Teylor unga xotirjam va mehribonlik bilan boqarkan.

Nima qilishini bilolmay turgan Bobga qolgan bolalar ham hayrat ichida qarab qolishgandi.

– Nega turibsan? Men nima dedim senga? – dedi muallima Bobning yoniga kelib, – qani, doskani tozalab qo‘y-chi, bolakay!

Shunday derkan, Anna Teylor Bobning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.

– Essizgina! Kecha bu darsni ataylab sen uchun yozib qo‘ygandim. Axir sen maktabga kechagina kelding-ku! Qancha-qancha darslardan qolib ketding. Biroq men buni senga kecha tayyorlab qo‘ya olmagandim. Shu uchun bugun kelib ko‘chirib olsin, deb doskaga sen uchun yozib ketgandim. Buni qara-ya, qaysidir ahmoq uni o‘chirib tashlabdi-ya, essiz!

Shu payt Bob Spaulding ko‘zlariga yosh to‘lib qoldi. U yangi muallimasiga qarab nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, biroq gapira olmay, xonadan yugurgancha tashqariga otilib chiqib ketdi.

Ertasi kuni ertalab darsga kelgan o‘quvchilar doskaga katta-katta harflar bilan yozilgan so‘zlarni ko‘rib, kechagidan ham battar ajablanib qolishdi. Qop-qora, tekis doskaga oppoq bo‘rda aniq-aniq qilib shu so‘zlar yozib qo‘yilgandi:

“Meni kechiring, mis Teylor! Siz mening eng yangi va eng yaxshi o‘qituvchimsiz!”

Bolalar sinf xonasining eng oxirgi qatorida o‘tirgan Bob Spauldingni ko‘rib, yanayam hayratlanishdi. Negaki, u oppoqqina o‘quvchilik kiyimida, hech kimga qaramay, oldiga hamma kitoblarini ochib olgancha o‘zi qatnasholmagan darslarini o‘qib o‘tirardi. Uning bir tomonida esa Anna Teylor uchun keltirgan nimpushti va qiyg‘och dala gullari yal-yal yashnab turardi.

Ingliz tilidan SHAHNOZ tarjimasi

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.