Ultimate magazine theme for WordPress.

OQIBATGA DARZ KETSA…

49

Xalqimiz mehr-oqibat, o‘zaro ishonch, olijanoblik, qadr-qimmat kabi sof insoniy tuyg‘ularni hamisha e’zozlab kelgan. Negaki, bu fazilatlar insonlarni bir-biriga yaqinlashtiribgina qolmay, ularni yaxshi yomon-kunlarda elkadosh, ko‘makdosh bo‘lishga undaydi. Aslida hayotning mazmun-mohiyati ham shunda.

Biroq oramizda shundaylar ham uchraydiki, ularning xulq-atvorida, odamlarga bo‘lgan munosabatida yuqorida zikr etilgan fazilatlarni ko‘rmaysiz. Bunday dilozor kimsalarning nojoiz gap-so‘zlari va xatti-harakatlaridan boshqalar aziyat chekadi. Biz quyida bayon qiladigan voqealar tafsilotlari aynan shunday kimsalar xususidadir.

Qamashi tumanining Balandchayla qishlog‘ida yashovchi Botir Salomov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) hamqishlog‘i Shokir Tursunovga tegishli dala maydonida mollarini boqib yurgan paytda Shokir kutilmaganda kelib qoladi. U Botirga bu ishi noto‘g‘ri ekanini yotig‘i bilan tushuntirish o‘rniga, birdaniga jahl otiga minadi va uni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlaydi.

Oqibatga darz ketsa_2

Shundan so‘ng o‘rtadagi nojoiz gap-so‘zlar katta mojaroga aylanib, Shokir Botirning duch kelgan joyiga urib-tepkilaydi. Tayoq zarbidan tan jarohati olgan Botir hushini yo‘qotadi. Xayriyatki, yaqin atrofdagi odamlarning yordami bilan u zudlik bilan shifoxonaga etkaziladi.

Oqibatda Botir bir necha kun shifoxonada yotib davolandi. Shokir esa, qilmishi uchun surishtiruv idoralariga javob beradigan bo‘ldi…

Yana bir hayotiy misol ushbu tumanning «Oqguzar» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Sobir Ergashevning o‘zaro oilaviy kelishmovchiliklari bilan bog‘liq. Bundan ikki yil muqaddam S.Ergashev bilan turmush o‘rtog‘i Nargiza Eshmurodova o‘rtasidagi qonuniy nikoh sudning ajrimiga ko‘ra, bekor qilinadi.

Voyaga etmagan 2 nafar farzand, ayrim sabablarga ko‘ra, otaning qaramog‘ida qoladi.

Tomonlarning o‘zaro kelishuviga asosan, ona ma’lum vaqtlarda farzandlarini ko‘rgani kelib turadi. Shunday kunlarning birida Sobir farzandlaridan xabar olgani kelgan sobiq turmush o‘rtog‘i Nargizani sovuq qarshi oladi. Oralarida bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlarni qayta qo‘zg‘ab, uni yozg‘ira boshlaydi.

So‘ng esa, o‘zaro be’mani aytishuvlardan jazavaga tushgan Sobir ayolni do‘pposlashgacha borib etadi. Natijada Nargiza Eshmurodova og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga tushib, uzoq vaqt davolanishga majbur bo‘ladi.

Oqibatga darz ketsa_3

Sud har ikki holat bo‘yicha huquqbuzarlar Sh. Tursunov hamda S. Ergashevning ma’muriy huquqbuzarlik harakatlarini ko‘rib chiqdi.

Sud hay’ati ularning o‘zlari va jabrlanuvchilarning suddagi tushuntirishlaridan tashqari arizalar, dastlabki tushuntirish xatlari sud-tibbiy ekspirtiza xulosasi, ma’muriy bayonnomalar va ishda to‘plangan boshqa hujjatlar hamda ishni qayta sudda ko‘rishda aniqlangan holatlarga binoan mazkur holatlarga huquqiy baho berdi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga ko‘ra, aybdorlarga jazo tayinlandi. Shu bilan birga, sud qarorida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish vajidan kelgusida nizo kelib chiqsa, fuqarolik ishlarini sudda ish yuritish tartibida murojaat qilish huquqlari ochiq qoldirilgani qayd etildi.

Muxtasar aytganda, har qanday qaltis qadam, nojo‘ya xatti-harakat izsiz ketmaydi. Shu bois bu hayotda o‘z sha’ni va qadr-qimmatini o‘ylagan odam noo‘rin ishlardan tiyiladi. Aksincha, yomon illatlardan yiroq yurmagan kimsalarning el oldida yuzi shuvut bo‘ladi.

Bu hayotiy haqiqatni vaqtida anglagan holda, umr mazmuni faqatgina to‘g‘ri yashash, atrofdagilarga aziyat emas, naf keltirishda ekanligini hech qachon unutmaslik darkor.

Bekzod O‘RALOV, Qamashi tumani
ma’muriy sudining raisi

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.