Ultimate magazine theme for WordPress.

QATLNOMA. Birinchi qism.

69

Nabijon BOQIY

QATLNOMA

Hujjatli qissa

ABDULLA QODIRIYNI

kimlar, qanday yo‘sinda, qayerda, qachon va nima uchun

QATL QILGAN EDILAR?..

QATLNOMA-Nabijon BOQIY_2

Toshkent

G‘afur G‘ulom nomidagi

Nashriyot-matbaa birlashmasi

1992

Nabijon Boqiy «QATLNOMA» hujjatli qissasida «mavzuni moziydan, yaqin o‘tkan kunlardan, tariximizning eng kir, qora kunlari bo‘lgan keyingi «xon zamonlari»dan (A. Qodiriy iborasi), ya’ni 37-yillardagi qatliom yillaridan — er yuzining oltidan bir qismida, jumladan, O‘zbekistonda Iosif Stalin va uning kallakesarlari tomonidan amalga oshirilgan «qizil qirg‘in» davridan belgilagan.

Davlat Xavfsizligi Qo‘mitasida saqlanayotgan hujjatlar asosida «Abdulla Qodiriyni kimlar, qanday yo‘sinda, qayerda, qachon va nima uchun qatl qilgan edilar?..» kabi savollarga tarixiy manbalardan javob izlanadi; oshkoralik bahori boshlanganiga qaramasdan hamon ilondek «kulcha» bo‘lib yotgan maxfiy hujjatlar — «tilsiz guvohlar» jamoatchilik hukmiga havola etiladi.

ESKARTISH

O‘zbek Nozirlar Kengashi huzuridagi Davlat Xavfsizligi qo‘mitasi, xususan, uning Matbuot guruhi (boshligi A.I.Blagorodov) oshkoralik sharofati tufayli bizga hujjatgohda saqlanayotgan «mutlaqo maxfiy» jinoyatnomalar bilan bevosita tanishishga ijozat berdi. Jumladan, dilbar adibimiz Abdulla Qodiriyning achchiq qismati aks ettirilgan 976525-sonli «Qatlnoma»ni ko‘zimiz bilan ko‘rdik, o‘z qo‘limiz bilan undan bir nechta umumiy daftarga nusxa ko‘chirdik va diqqatga loyiq ba’zi sahifalaridan fotonusxa olindi.

Tergov, sudga oid barcha rasmiy qogozlar o‘ris tilida to‘ldirilgan ekan. Ba’zi bir «ashyoviy dalil»lar asl nusxada — arab imlosida (o‘zbekcha) ilova qilingan, xolos. Qatli om davrida sudlanuvchi na tarjimon bilan, na oqlovchi bilan ta’minlangan. Shuning uchun kamina hujjatlarga «tilmoch» bo‘ldim; oqlovchi esa — o‘zingiz, aziz o‘quvchi. Lekin, qilichini yalangochlab turgan «hakam» misoli beto‘xtov hukm chiqarshiga shoshilmang: avvalambor, yetti marta o‘lchab ko‘ring; birni ko‘rib fikr qiling, birni ko‘rib — zikr…

Muallif

Bu hayot o‘rmon ekan,
Jon borki, qasdi jon ekan,
Bunda qatl oson ekan,
Sirtlon o‘zing, jayron o‘zing. 

Erkin Vohidov

Osmondan ofat yog‘di — qahraton fasl boshlandi. Tuflash uchun og‘iz ochilsa — bas, til ham to‘ngib qoladi. Qoshlaru kipriklarni, mo‘ylovlaru soqollarni oppoq qirov bosadi. Qaboqlaru dudoqlar, saqoqlaru buqoqlar muzladi. Burunlaru yonoqlarni ushuk uradi.

Odamlar umumiy yotoqxonalarda, kazarmalarda g‘uj-g‘uj bo‘lishib yashar edilar, umumiy qozondan ovqat erdilar va xuddi qizil karvondek, umumiy hojatxonalarga turnaqator navbat kutib turishardi; ora-orada «sabr kosasi» to‘lib-toshgan kimsalar dala-tuz tomon chopardilar, so‘ng «Qo‘mmunistcha firqa mapifesti»ni mutolaa qilar edilar… G‘usl ne — unutildi, tayay-yum ne — unutildi; odamlar betahorat yurishardi, ular umumiy hammomga poklanish uchun kirishardi-yu, ammo u yoqdan harom bo‘lib chiqishardi. Chunki xodimlar qo‘shmachi edi: tariximizning eng kir, qora kunlari bo‘lgan keyingi «xon zamonlari»dagi jamiki qo‘shmachilar Sho‘ro hammomlariga xodim etib tayinlangan edilar.

Kazarmani beso‘roq tark etgan kimsalar bedarak yo‘qolardi (oradan o‘ttiz yilmi, qirq yilmi, ellik yilmi o‘tgach, bedarak ketgan kimsalarning oila a’zolariga yoki qarindosh-urug‘lariga bir parcha oqlov qog‘ozi—«qoraxat» kelardi va g‘amxo‘r Hukumat tomonidan «30, 40, 50-yillarda nohaq qatl etilgan shaxslarni oqlash» to‘g‘risida maxsus qaror chiqarilardi). Odamlar bedarak yo‘qolib ketishni aslo istamasdilar, shuning uchun bir- birining qo‘llaridan ushlashib, to‘dalashib yurishardi, kechalari ham bitta ko‘rpaning ostida to‘dalashib yotishardi; xurrak otayotgan kimsaning burniga paytava yoki patak yopib qo‘yishardi — hazil-mutoyiba qilishardi, bir-biriga tegishardi. Tongda boshlari xumdek shishib uyg‘onishardiyu kazarma to‘rida osig‘liq turgan bir juft sersoqol, yana bir juft kamsoqol SHAXSlarning suratlariga yuzlanishgancha cho‘qinib olishardi. Cho‘qinishni bilmaydiganlarga biladigan kishilar o‘rgatishardi va o‘rgatganlari uchun maosh ham olishardi. Keyin «Baynalmilal»ni baralla aytishgancha «o‘qishga, ishga, zo‘r qurilishga» otlanishardi: qo‘shiq aytishib ta’lim olardilar, qo‘shiq aytishib ishlardilar, qo‘shiq aytishib yashardilar. Qo‘shiq — tarbiya vositasi edi. Ba’zan o‘qishdan, ishdan, zo‘r qurilishdan saflari xiyla siyraklashib qaytishardi — kimlarnidir kimlardir qayoqqadir oyog‘ini yerga tekkizmasdan olib ketishardi. Nega? «P-s-s!» Nima uchun? «Ps-s-s! So‘z — kumush, sukunat esa oltin, o‘rtoq!» Oradan birmuncha vaqt o‘tgach: «Xalq dushmanlari qo‘lga tushibdi! Xalq dushmanlari otilibdi!» degan «xushxabar» tarqalardiyu hamma birdan yengil tin olardi.

Jumhuriyat OQSOQOLIning tashabbusi bilan olomon poytaxtdagi eng ulkan o‘yingohga — «o‘ris adabiyotining otasi» nomidagi maydonga yig‘ilardi. Namoyish bo‘lardi, namoyish tantanali miting bilan yakunlanardi: dunyodagi eng adolatli SHO‘RO sudi hukmi yakdillik bilan ma’qullanardi, «la’nati Akmal Ikromov bilan la’nati Fayzulla Xo‘jayevning dumlarini ham zudlik bilan fosh etish va to‘xtovsiz otib o‘ldirish jonajon ishchi-dehqon Hukumatidan, jonajon leninchi-stalinchi Firqadan» iltimos qilinardi. Milyon-milyon ishchi-xizmatchilar, kalxo‘zchi-dehqonlar, jamiki O‘zbekiston mehnatkashlari imzo chekkan iltimosnoma Maskovga, butun dunyo yo‘qsullarining najot qal’asi bo‘lmish Kremlga, «shaxsan ulug‘ yo‘lboshchimiz, doxiymiz, padari buzrukvorimiz o‘rtoq I. Stalinga» jo‘natilardi… Shoshilinch «dilgirom» qo‘liga tekkan dohiy teran o‘yga tolardi va shu holatda, ya’na teran o‘yga tolgan holatda mo‘ylovini qimirlatib, suratkashni huzuriga chorlardi: suratga tushardi, Siyosiy Byuro bu suratni jamiki ro‘znomayu oynomalarda e’lon qildirardi. «Ana, dohiymiz yashin tezligida KOMMUNIZM qurish haqida bosh qotiryapti», deb bir-biridan suyunchi olardi fuqaro. Yangilikni kechikib eshitgan kishi ham quruq qolmasdi; o‘z navbatida u ham o‘lim to‘shagida yotgan bitta «xudobexabar»dan suyunchi olardi… Va o‘lim to‘shagida yotgan firqasiz chaqimchini hazillashib «xudobexabar» degani uchun uni kimlardir yarim kechasi qayoqqadir olib ketishardi. Boyaqish qaytib kelmasdi. Shunday qilib, o‘lim bilan olishib yotgan firqasiz ham bitta xalq dushmanini fosh etardi…

Bolshovoylar kahkashonida qahraton fasl hukm surardi. Fasl hukmdor edi, xonu xoqonu qog‘onu qoplon edi, og‘zi qonu ko‘lankasi QATL MAYDONI edi.

Qahraton qachon boshlandi? Turnalar janub tomon uchib ketgandan keyinmi? Balki, faylasuflar kemasi mamlaqat sarhadini tark etgach boshlangandir? Suomi ko‘rfaziga omonat chayla tikilgan kundan boshlangan: bo‘lsa-chi?

Xalq sehrlandiyu g‘aflat bosib uxladi-qoldi. Uyg‘onib, mundoq atrofiga qarasa… murdalar o‘roq va bolg‘a ushlab turishardi: boshini ko‘targan kimsaning bo‘yni uzib olinardi yo miyasiga chunonam tushirilardiki, sho‘rlik beligacha yerga kirib ketardi. Uyg‘oq kishilar darhol ko‘zlarini chirt yumishardi, jo‘rttaga o‘zlarini uyquga solishardi, xurrak otishardi. Anavilar esa…

Nihoyat, qahratonning qahri kesildi. Ammo uning zahri qoldi.

«Ulug‘ yo‘lboshchimiz, dohiymiz, padari buzrukvorimiz, lashkarboshimiz… baloyu battarimiz, qonxo‘rimiz va hokazo o‘rtog‘imiz» ayni bahor ayyomida: «Dadajo-on!» dediyu shilq etib tushdi. O‘ldi. Harom o‘ldi, itvachcha!

Bog‘danmi, tog‘danmi, iliq shabada esa boshladi: shabadaki, olislardan qon hidini olib kelardi, ko‘ngillarni ag‘dar-to‘ntar qilardi…

* * *

So‘salistik Sho‘ro Jumhuriyatlari Ittifoqining Bosh prokuroriga
Toshkent shahar, Stalin deparasi,
Samarqand darvozasi mavzei,
Termiz kuchasidagi 19-uyda
istiqomat qiluvchi
Mas’ud ABDULLAYEVdan

Nazorat tartibi bo‘yicha shikoyat

Mening otam Abdulla Qodiriy, Abdulla QODIROV ham o‘sha kishi (adabiy taxallusi JULQUNBOY) O‘zbekiston Sho‘ro So‘salistchi Jumhuriyati Jinoyat Majmuasining 57-moddasi, 66-moddasining 1-bandi bo‘yicha O‘rta Osiyo Harbiy o‘lkasining Harbiy tribunali yoki Sho‘ro So‘salistchi Jumhuriyatlari Ittifoqi Oliy sudi Harbiy Hay’atining hukmi bilan o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Hozir men otamning taqdiri to‘g‘risida hech nima bilmayman. Chunki mana shu o‘tgan yillar mobaynida biz biror marta ham xat berishib-xat olishganimiz yo‘q.

Otamning hayotidan bilganlarim, tanish-bilishlaridan eshitganlarim asosida ushbu ariza bilan Sizga murojaat etishni lozim topdim.

Men otamga qanday ayb qo‘yilganini, unga qanday jazo berilganini aniq bilmayman. Shuning uchun uning hayoti, jamoatchilik faoliyati haqida bilganlarimni bayon etish bilan cheklanaman.

Otam 1897 yil (yoki 1895 yilda) Toshkent shahrida (sobiq chakana savdogar) bog‘bon oilasida tug‘ilgan. Oilasi nihoyatda kambag‘al edi. Mahalliy o‘ris maktabini bitirish imkoniyati bo‘lmagani tufayli, otam o‘n uch yoshida ro‘zg‘or tirikchiligiga ko‘maklashish maqsadida xizmatga yollanadi.

Qobiliyatli bo‘lgan Abdulla Qodiriy yoshligidan adabiy asarlar yozishni mashq qila boshlaydi.

O‘ktabr inqilobi g‘alaba qozongach, otam hech ikkilanmasdan Sho‘ro hokimiyatini kutib oladi. Kasaba uyushmasida, shuningdek, «Mushtum» jaridasida ishlaydi. Ma’lumoti kamligi uchun otam inqilobdan so‘ng o‘z bilimini oshirish maqsadida mustaqil o‘qiydi. O‘sha davrda ruhoniylarga qarshi yo‘naltirilgan «Kalvak maxzumning xotira daftaridan» hajviy asari, «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari nashr etiladi. Otam adabiy asarlarida ruhoniylar ustidan kuladi, xotin-qizlar jabrlanishiga qarshi chiqadi, feodal xonlikni savalaydi.

Otamning butun jamoatchilik faoliyati oddiy mehnatkashni himoya qilishga qaratilgan edi.

U 1926 yilda «Mushtum» jaridasida Ikromovga qarshi hajviy maqola e’lon qilgani sababli xalq dushmani Akmal Ikromovning topshirig‘iga ko‘ra qamoqqa olinadi. Ana shu voqeadan so‘ng otam to 1932 yilga qadar adabiy faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatidan mahrum etiladi, oilani boqish uchun xo‘jalik ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi.

1933—34 yillarda jamoa xo‘jaliklari qurilishi xaqida Abdulla Qodiriy «Obid ketmon» degan katta qissa yozadi.

Asarlarining ma’lum qismi o‘ris tiliga tarjima qilingan edi.

Kezi kelganda e’tirof etish lozimki, otamning asarlari adabiy qusurdan xoli emasdi, ayrim o‘rinlarda u xato qilgan, adashgan. Biroq, shak-shubhasiz, otam Sho‘ro hokimiyatiga sodiq edi. Men otamning xalq dushmani bo‘lganiga mutlaqo ishonmayman.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining o‘sha paytlardagi sobiq rahbarlari otamni shikastlantirdilar, uni ta’qib qildilar: menimcha, o‘shalarning kasofati tufayli oxir-oqibat otam qamaldi. Otam qamoqqa olinishidan avval uzoq vaqt betob bo‘lib yotgan edi: shunday fursatdan foydalangan g‘alamis kimsalar otam haqida bo‘lmag‘ur mish-mishlar tarqatishdi, fitna tayyorlashdi.

Abdulla Qodiriy Sho‘ro hokimiyatiga hamisha xayrixoh bo‘lgan, uni yaxshi ko‘rardi. Qolaversa, u o‘z tabiatiga ko‘ra, hech qachon Vataniga qarshi siyosiy jinoyat qilolmasdi. U nihoyatda halol, to‘g‘ri so‘z inson edi. Shuning uchun Ikromov va boshqa xalq dushmanlarining g‘azabiga uchradi.

Ayni paytda men bir narsani diqqat markazida tutishingizni iltimos qilaman: to‘g‘ri, otam hayotda ro‘y berayotgan barcha hodisalarni birdek qabul qilolmasdi, ularni baholashda yanglishardi. Biz—Sho‘ro hokimiyati tarbiyalagan kishilar barcha yangilikni to‘g‘ri baholaymiz. Eski zamon odamlarida esa ma’lumot, tajriba, madaniyat yetishmasdi.

Mening bilishimcha, otam bilan birgalikda — bitta ish bo‘yicha Sulaymonov, Siddiqov, G‘ozi Yunusovlar jinoiy javobgarlikka tortilganlar. Ammo ular otamdan ancha ilgari hibsga olinganlar. Otam esa oradan besh-olti oy o‘tgach, 1937 yil 31 dekabr kuni qamaladi va uning ishi ham sun’iy ravishda yuqorida nomlari zikr etilgan shaxslar bilan bog‘liq holda ko‘riladi.

Abdulla Qodiriyning rafiqasi — onam 1943 yilda vafot etgan. Biz ota-onadan ikki o‘g‘il va uch qiz qolganmiz. Qizlarining ikkitasi turmushga chiqqanlar; kuyovlarimizdan bittasi o‘qituvchi, boshqasi temir yo‘lda ishlaydi. Qatta qizlarida beshta, o‘rtanchasida ikkita farzand bor.

O‘zim Toshkent shahrining Aris bekatidagi Temir yo‘l kasalxonasida do‘xtir bo‘lib ishlayman.

Faqat otam uchun emas, biz — uning farzandlari uchun ham Abdulla Qodiriyniig nohaq qamalishi sha’nimizga dog‘ tushirdi; otamning oqlanishi — ayni paytda, bizning oqlanishimizdir.

Bu ishni nazorat tartibi bo‘yicha tekshirib ko‘rishingizni, SHJSY Oliy sudi Harbiy Hay’atiga e’tiroz bilan murojaat etishnngizni, nohaq hukmni bekor qildirib, jinoiy ishni harakatdan to‘xtatishingizni so‘rayman.

Qaroringiz to‘g‘risida yuqorida ko‘rsatilgan unvon bo‘yicha kaminani xabardor etishni iltimos qilaman.

Abdullayev (imzo) 

ANGLATMA

Men otamning kim tomonidan javobgarlikka tortilganini, uning jinoyatnomasi hozir qayerda saqlanayotganini aniq bilmaganim uchun Sizdan ana shularni aniqlab berishingizni so‘rayman.

Abdullayev (imzo) 1956 y. 9 yanvar.

(A. Qodiriyning jinoyatnomasi, «Taftish ashyolari» bo‘limi, 1—3-betlar).

 

Kitobning davomini kelgusi sahifalarimizda o‘qishingiz mumkin.

 

Davomi bor

 

razdelitelnaya_liniya_9

 

keyingi sahifa