Ultimate magazine theme for WordPress.

QATLNOMA. Ikkinchi qism.

69

So‘salistik Sho‘ro Jumhuriyatlari Ittifoqining Bosh prokuroriga
Toshkent shahar, Stalin deparasi,
Samarqand darvozasi mavzei, Termiz kuchasidagi
19-uyda 
istiqomat qiluvchi

Mas’ud ABDULLAYEVdan

Nazorat tartibi bo‘yicha shikoyat

Mening otam Abdulla Qodiriy, Abdulla QODIROV ham o‘sha kishi (adabiy taxallusi JULQUNBOY) O‘zbekiston Sho‘ro So‘salistchi Jumhuriyati Jinoyat Majmuasining 57-moddasi, 66-moddasining 1-bandi bo‘yicha O‘rta Osiyo Harbiy o‘lkasining Harbiy tribunali yoki Sho‘ro So‘salistchi Jumhuriyatlari Ittifoqi Oliy sudi Harbiy Hay’atining hukmi bilan o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Hozir men otamning taqdiri to‘g‘risida hech nima bilmayman. Chunki mana shu o‘tgan yillar mobaynida biz biror marta ham xat berishib-xat olishganimiz yo‘q.

Otamning hayotidan bilganlarim, tanish-bilishlaridan eshitganlarim asosida ushbu ariza bilan Sizga murojaat etishni lozim topdim.

Men otamga qanday ayb qo‘yilganini, unga qanday jazo berilganini aniq bilmayman. Shuning uchun uning hayoti, jamoatchilik faoliyati haqida bilganlarimni bayon etish bilan cheklanaman.

Otam 1897 yil (yoki 1895 yilda) Toshkent shahrida (sobiq chakana savdogar) bog‘bon oilasida tug‘ilgan. Oilasi nihoyatda kambag‘al edi. Mahalliy o‘ris maktabini bitirish imkoniyati bo‘lmagani tufayli, otam o‘n uch yoshida ro‘zg‘or tirikchiligiga ko‘maklashish maqsadida xizmatga yollanadi.

Qobiliyatli bo‘lgan Abdulla Qodiriy yoshligidan adabiy asarlar yozishni mashq qila boshlaydi.

O‘ktabr inqilobi g‘alaba qozongach, otam hech ikkilanmasdan Sho‘ro hokimiyatini kutib oladi. Kasaba uyushmasida, shuningdek, «Mushtum» jaridasida ishlaydi. Ma’lumoti kamligi uchun otam inqilobdan so‘ng o‘z bilimini oshirish maqsadida mustaqil o‘qiydi. O‘sha davrda ruhoniylarga qarshi yo‘naltirilgan «Kalvak maxzumning xotira daftaridan» hajviy asari, «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari nashr etiladi. Otam adabiy asarlarida ruhoniylar ustidan kuladi, xotin-qizlar jabrlanishiga qarshi chiqadi, feodal xonlikni savalaydi.

Otamning butun jamoatchilik faoliyati oddiy mehnatkashni himoya qilishga qaratilgan edi.

U 1926 yilda «Mushtum» jaridasida Ikromovga qarshi hajviy maqola e’lon qilgani sababli xalq dushmani Akmal Ikromovning topshirig‘iga ko‘ra qamoqqa olinadi. Ana shu voqeadan so‘ng otam to 1932 yilga qadar adabiy faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatidan mahrum etiladi, oilani boqish uchun xo‘jalik ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi.

1933—34 yillarda jamoa xo‘jaliklari qurilishi xaqida Abdulla Qodiriy «Obid ketmon» degan katta qissa yozadi.

Asarlarining ma’lum qismi o‘ris tiliga tarjima qilingan edi.

Davomi bor.

 

oldingi sahifa                                                                           keyingi sahifa