Ultimate magazine theme for WordPress.

QILMISHIMDAN PUSHAYMONMAN

117

Odatda aksariyat jinoyatchilar o‘z qilmishlarining jinoyat ekanligini, uning huquqiy oqibatlarini bilsalar-da, noqonuniy xatti-harakatdan tiyilmaydilar. Buning uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan tegishli jazoga tortilganlarida esa qilmishidan pushaymonligini bildirib, yengillik berishni so‘rashadi. Hatto sud og‘ir jazo tayinlaganini vaj qilib, apellyatsiya shikoyati ham yozishadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rilgan quyidagi jinoyat ishi ham fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Qo‘qon shahrida yashovchi Dinora Mulikova ko‘pdan buyon shaharning Furqat ko‘chasida joylashgan Dehqon bozori yaqinida giyohvandlik vositasi sanalgan dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelardi. Garchi Dinora bunday dorilarni sotish qonunan taqiqlanganini bilsa-da, g‘ayriqonuniy daromad ilinjida “ishi”ni to‘xtatmadi.

2019 yil 3 iyul kuni ham xuddi shunday bo‘ldi. Ya’ni ko‘pdan buyon kuzatuvda bo‘lgan D.Mulikova Qo‘qon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga olib kelinib, so‘ralganda u cho‘ntagidagi 25 dona “Tramadol Lannaxer” giyohvandlik vositalarini o‘z ixtiyori bilan taqdim etadi.

Biroq holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda ko‘ylagining ichki qismida yana 30 dona shunday dori mavjudligi aniqlanadi. Shu bois unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Lekin shunda ham uning so‘qir ko‘zi ochilmay, jinoiy harakatlarini davom ettiradi.

Qilmishimdan-pushaymonman-2

Aniqrog‘i, Dinora 2019 yil 15 iyul kuni shaharning Avg‘onbog‘ ko‘chasida jinoiy sherigi R.Abdullayev (jinoyat ishidan unga oid qismi alohida ish yurituviga ajratilgan)ning avtomashinasida maxsus xaridor L.Madrahimov va J.Abdullayevlarga jami 500 dona “Tramadol Lannaxer” dorisini 300 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlangan. Buning uchun esa unga ikkinchi marotaba jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan. Ammo…

Ammo tergov-surishtiruv jarayonlarida D.Mulikova bir guruh shaxslar bilan birga uchinchi marotaba og‘ir jinoyatga — bosqinchilikka qo‘l uradi. Ya’ni Dinora Qo‘qon shahrida yashovchi Murtazo Akramov, Nazokat Boymirzayeva, Husan Muhitdinov va Abduvali Sattarovlardan iborat jinoiy guruhga qo‘shiladi. Mazkur guruh 2500 AQSh dollari evaziga fuqaro Rahmatjon Masodiqov va Ahror Zununovlarning katta miqdordagi mablag‘ini boqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishga kelishib oladi.

Avvaldan 500.000 so‘m  “avans” olgan holda 2019 yil 19 iyul kuni soat 20:30 larda ishga kirishishadi. Gap shundaki, o‘sha paytda ular pichoq va tayoq bilan qurollanib, Murtazoning Qo‘qon shahar Shoir ko‘chasida joylashgan yashash xonadonida yashirinib, qulay fursat kelishini poylab o‘tirishadi. Shundan keyin M.Akramov Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 26 quti “Milano” nomli tamaki mahsulotlari borligini hamda har bir qutisini 5100 so‘mdan sotishini aytib, Rahmatjon, Ahror va Botir ismli yigitlarni xonadonga boshlab keladi.

— Shoshmanglar, uyda ayollar bor, — deydi Akramov ularni darvozaxonada to‘xtatib. — Men ularni ichkariga kiritib yuboray. Keyin sizlar kiraverasizlar.

Albatta, Murtazo bu gapni bejiz aytmagandi. Negaki u R.Masodiqov, A.Zununov va B.Karimovlarni to‘xtatib, o‘zi jinoiy sheriklarining hujumga tayyorligini bilib chiqqandi. Shunga qaramay, xaridorlarni ishontirish maqsadida mahsulot haqi — 4000 AQSh dollarini oldindan sanab oladi. So‘ngra uchchalasini ichkariga taklif qiladi. Avvaldan payt poylab o‘tirgan N.Baymirzayeva, D.Mulikova, H.Muhitdinov va A.Sattarovlar esa shu zahotiyoq darvozani ichkaridan berkitib olishadi. Keyin asl maqsadga o‘tishadi.

— Sizlar Murtazoga zo‘rlik ishlatib, bozorda ko‘ziga gaz sepib, bir yuz oltmish sakkiz million so‘m pulini tortib olgansiz, — deyishadi Rahmatjonga dag‘dag‘a qilib.

Biroq R.Masodiqov bunday holat yuz bermaganligi aytib, jiddiy e’tiroz bildiradi. Bunga javoban esa hamtovoqlar so‘ridagi to‘shak tagiga yashirib qo‘yilgan pichoq va tayoq bilan Ahror va Rahmatjonni urib, tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazishadi. Shunda Rahmatjon Masodiqov tushunadiki, ular bilan adi-badi aytishish, bahslashish befoyda.

Shu bois bergan 4000 AQSh dollarini qaytarib berishlarini, so‘ng urishmasdan jimgina ketishlarini aytadi. Lekin, Nazokat bilan Husan uning boshi va yelkasiga dam qo‘llari, dam tayoq bilan urib, shimi cho‘ntagidan 50.000 so‘m pulini, Botir Karimovga ham zo‘rlik ishlatib, ko‘rqitib hamyonidagi 20 AQSh dollari hamda 100.000 so‘m pulini tortib olishadi. Bu ham yetmagandek zo‘ravonlar jabrlanuvchilarning tashqarida turgan avtomashinasini ko‘zdan kechirib, undan hech qanday pul yoki boshqa qimmatbaho buyum topa olmaganlaridan so‘ng ularni qo‘yib yuborishgan.

Shundan so‘ng Nazokat Boymirzayeva, Dinora Mulikova, Husan Muhitdinov va Abduvali Sattarovlar rejalashtirilgan vazifani bajarganliklarini aytib, Murtazo Akramovdan 2500 AQSh dollarini olib, har kimning “xizmatiga yarasha” taqsimlab olishadi. Ya’ni Nazokat Dinoraga 800 AQSh dollari, Husanga 200 AQSh dollari, Abduvaliga 100 AQSh dollarini berib, qolgan 1400 AQSh dollarini esa kissasiga uradi.

Ertasi kuni Rahmatjon Masodiqov, Ahror Zununov va Botir Karimovlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishadi. Oqibatda jinoiy guruhning barcha a’zolariga jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi ularni tegishli muddatlarga ozodlikdan mahrum etadi. Shuningdek, aybdorlardan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar solidar tartibda undirilishi ham belgilanadi.

Ammo Dinora Mulikova va Husan Muhitdinovlar sud hukmidan norozi bo‘lib, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati berishdi. Buni qarangki, o‘z shikoyatida D.Mulikova qaramog‘ida nogiron va voyaga yetmagan farzandlari borligini, H.Muxitdinov esa qaramog‘ida nogiron otasi hamda voyaga yetmagan farzandlari borligini, oilasining yagona boquvchisi ekanligini inobatga olib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘rashdi. Endi haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, nima uchun ular oilasidagi ana shu vaziyatni jinoyat sodir etmasdan avval o‘ylashmadi?

Qilmishimdan-pushaymonman-3

Shu o‘rinda birinchi bosqich sudi tomonidan har ikkisiga tayinlangan jazoga e’tibor qaratsak. Xususan, Dinora Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi, Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi va 164-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlari bilan ayblangan. Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga binoan sudlanuvchiga o‘n yildan yigirma yilgacha, 164-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlariga muvofiq esa sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Biroq sud uni kodeksning 57-moddasi tartibida yuqorida nazarda tutilgan eng kam jazolardan ham kam — 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etgan. Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlari bilan aybdor deb topilgan Husan Muhitdinovga ham modda sanksiyasidagi eng kam — 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Binobarin, sud ularning apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Kezi kelganda yana bir mulohaza. Agar jinoyat ishi materiallariga nazar tashlansa, “qahramon”larimizning hammasi muqaddam sudlanganligini ko‘rish mumkin. Lekin ularning hech biri avvalgi qilmishidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmay, takroran jinoyatga qo‘l urishgan. Sud tomonidan o‘zlariga so‘z berilganda esa “Qilmishimdan pushaymonman, yengillik berishingizni so‘rayman”, deya ta’kidlashgan. Aslida aksariyat jinoyatchilarning sudda aytar so‘zi shu. Ammo ozodlikka chiqqach, o‘tmishini esdan chiqarishiga nima deysiz?

Boboxon VAHOBOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining sudyasi

Mazkur mavzuga mazmunan aloqador bo’lgan va kelgusi nashrlarimizning birida chop etilishi rejalashtirilgan “Jinoiy qilmish muqarrar jazoga sabab bo‘ldi” nomli maqolamizda ham atroflicha suhbatlashamiz.

Ushbu sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.